09:57 / 24.11.2016
8 237

To‘y kuni

To‘y kuni

RIAM-ENG, TAILAND ADIBI

Grong xonasiga irg‘ishlagancha kirib keldi-da, karavot ustida yotgan oq ko‘ylakni yulqib olib, ko‘ksiga bosgancha, tamanno bilan ko‘zgu qarshisida yura boshladi.

«Mening to‘y kunim, — o‘yladi u, — bir necha soatdan so‘ng Chitning rafiqasiga aylanaman, oppoq uyga ko‘chib o‘taman, hashamatli avtomobil sohibasiga aylanaman. Nihoyat, bu vayronani tark etib, darslardan va bolalarga qarashdan bir umrga qutulaman. Singillarim bilan bo‘ladigan janjallarga ham nuqta qo‘yiladi!»

Grong quvonch-la joyida aylanib, maroq bilan ko‘zguga boqdi. Bu ko‘ylak uning qomatini qanchalik bo‘rttirib ko‘rsatadi! U karovat chetiga o‘tirib, tezda ko‘ylakni kiydi va yana ko‘zgu yoniga shoshildi: «Panitlarda rostdan ham yomon tikishmaydi. Ko‘ylak huddi quyib qo‘ygandek».

Grong ko‘zgu oldidan nari ketolmay chir aylandi va behosdan titrab ketdi: «Voy Xudoyim-ey, axir bu behayolikning o‘zi-ku! U shunchalik tor…»

Ko‘ylak hecham tor emasdi, biroq yoqasi chuqur o‘yilgandi.

«Mehmonlar nima deb o‘ylaydi?» — bu narsa xayoliga kelganida Grong uyatdan loladay qizarib ketdi. U nikoh marosimida kuyov yonida o‘tirgani, ko‘plab nigohlar o‘ziga qaratilganini tasavvur qilib, mehmonlar chehrasida hozirdanoq ta’na alomatlarini ko‘rdi.

Boshqa tarafdan olinsa, ko‘ylakni tanlagan, bir necha soatdan so‘ng uning eri bo‘lmish Chit barchasini zimmasiga olgan ekan, u nima uchun xavotirlanishi kerak? Agar nikoh ko‘ylagi kimgadir ma’qul kelmasa, unga nima? Axir mehmonlarni deb turmushga chiqayotgani yo‘q-ku.

Yana bir necha vaqt Grong shu tarzda fikr yuritdi. So‘ng xayoliga, agar Chitga — millioner Chitga, pxuktedagi konlar sohibiga — turmushga chiqmay, o‘z qo‘shnisi, bolalikdagi do‘sti Dedga chiqqanimda ne bo‘lardi?

Ded, albatta, bunaqa ko‘ylak kiyishiga rozi bo‘lmasdi — axir u o‘z urf-odatlariga og‘ishmay amal qiladi. Bir necha marta: «Evropacha udumdan esi og‘ib qoluvchi, yarim yalang‘och yengiltabiatxonimchalarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q, ular ayolning asl latofati kamtarlik va oqilalikda, iffatini saqlashida, evropacha raqslarda qabul qilingandek, duch kelgan birinchi odamga o‘zini quchishga yo‘l qo‘ymaslikda ekanligini tushunmaydilar!» — degandi.

Grong udumga kirgan evropa raqslarini umumiy do‘stlari uyida qunt bilan o‘rganayotgan chog‘ida Ded bilan bo‘lgan so‘nggi suhbatini ikir-chikirigacha esladi. Axir o‘shanda bu narsa Dedni g‘azablantirishini, oralaridagi deyarli yigirma yil davom etgan do‘stlikni o‘ldirishini xayoliga ham keltira olmasdi u! Ortga-da yo‘l yo‘q — buning uchun har ikkisi ham keragidan ortiq g‘ururli!

So‘ng esa taqdir Grongni Chitga duch qildi. U deyarli yarim yil barcha urf-odatlarni maromiga keltirib, Gronga xushomad qilib yurdi va qizga Chitni sevib qolgandek tuyila boshlagach, oila qurishga kelishdilar.

Grong ko‘zguga orqa o‘girib, chuqur xo‘rsindi.

«Bugun to‘yim, men esa miyamni bo‘lmag‘ur narsalar bilan band qilib o‘tiribman. O‘tmish allaqachon ortda qolgan. Ded biron idorada elkasi bukchayib ishlab o‘tirgandir, men mayin charm qoplangan yumshoq o‘rindiqli, hashamatli avtomobilda kezib yuraman. Erim meni muhtojlik va qismatning barcha ko‘rguliklaridan himoya qiladi, oydin kechalari ikkimiz dengiz bo‘ylab yaxtada sayr etamiz, mashhur «o‘n mingtalikka»kiruvchi oliy tabaqaga qabul qilinaman». Grong ushbu manzarani barcha tafsiloti bilan ko‘z oldiga keltirib, yomg‘irdan qutulib qolgan parvonadek baxtli his etdi o‘zini.

U devor soatiga ko‘z tashladi: o‘zini tartibga solish payti kelibdi. Ko‘ylakni yana kiyayotganida — cho‘milishdan so‘ng hali atnasi ho‘lmidi yoki keskin qo‘l harakatidandir, balki ko‘ylak behosdan chap soni va qo‘ltig‘i tagidan so‘kilib ketdi va yuragi yorilgudek bo‘ldi: u shunchalik ishonch bilan o‘zini tayyorlagan narsalarning bari ro‘yobga chiqarmikin?

Grong nogahonda angladi: har qanday oilali ayolning hayoti ushbu ko‘ylakka o‘xshaydi. Yangiligida chiroyli, nima qilib bo‘lsa-da, avaylash kerak, biroq ertami-kechmi oxorini yo‘qotadi va barchasi istalgan paytda chippakka chiqishi mumkin. Chit unga aytgan nazokatli so‘zlar butun umr kafolat bo‘lishga ishonish qiyin. Yangi narsaga oshuftalik o‘tgach, ishq olovi so‘nsa, nima bo‘ladi? O‘shanda ham Chitning muhabbati va sadoqatiga suyansa bo‘ladimi?

Grongning xayollari yana Dedga qaytdi. Turmushga chiqqanini qanchalik og‘ir qabul qiladi, uni bu uyda boshqa ko‘rmay, qanchalar qayg‘uga botadi! Kim-kim, ammo u Dedga to‘liq ishonishi mumkin edi — u hammasini kechira olardi, har qanday, hatto eng bema’ni qilig‘ini ham!

Tushlikdan so‘ng nikoh marosimi o‘tadigan uyiga olib ketish uchun Chit uning ortidan kelishi kerak. Biroq, avtomobil signali yangraganida Grong har doimgidek deraza tomon otilmadi. U nikoh ko‘ylagini beparvogina egnidan echdi-da, xayoli parishon holda mayda-mayda parchalarga bo‘lib tashladi, so‘ng karavotga o‘zini tashlab, yuztuban yotgancha achchiq-achchiq yig‘ladi.

Ibrohim ChORIEV tarjimasi

Manba:mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » To‘y kuni