date
views 102

Pul yetishmovchiligi ruhiyatni qanday izdan chiqaradi?

Pul yetishmovchiligi ruhiyatni qanday izdan chiqaradi?
Pul – bu shunchaki almashinuv vositasi emas, balki inson ongi va ruhiyatiga juda kuchli ta’sir o‘tkazuvchi psixologik omil hisoblanadi. U odamning o‘zini qanday qabul qilishi, atrofdagilarga bo‘lgan munosabati va kundalik qarorlariga bevosita ta’sir qiladi. Ayrimlar pul yetarli bo‘lganda ham, ba’zilar esa undan mahrum bo‘lganda ham doim xavotirli, tushkun, hatto iztirobli holda yashaydi. Nega? Chunki pul moddiy jihatdan imkoniyat berishi mumkin, lekin u insonning ichki bo‘shliqlarini to‘ldirmaydi, aksincha, ularni yuzaga chiqaradi.

Yetishmovchilikning ongga bo‘lgan ta’siri

Pul kamayganda yoki umuman yo‘q bo‘lganda, inson ongi "omon qolish" rejimini ishga tushiradi. Miya uzoq muddatli maqsadlar o‘rniga faqat kundalik ehtiyojlarga e’tibor qaratadi: taom topish, uy ijarasi, shifokorga borish. Bu vaqtda miyada stress gormoni — kortizol darajasi keskin oshib, insonning fikrlash qobiliyati susayadi, diqqati tarqoqlashadi.

Aynan shunday sharoitda insonda surunkali xavotir, apatiya va hatto klinik depressiya belgilari paydo bo‘lishi mumkin. Pul muammosi kun tartibini egallab, barcha hayotiy yo‘nalishlarda to‘siqka aylanadi.

Erkaklar bu holatda o‘zini “noqobil” deb his qila boshlaydi. Ular jamiyatdan chetlashadi, bayramlar, to‘ylar, yig‘inlardan uzoqlashadi, chunki o‘zini kamsitilgandek his qiladi. Sovg‘a olish, boshqalar oldida o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotish — bularning bari ruhiy holatni yanada yomonlashtiradi.

Shu bilan birga, moliyaviy muammolar oilaviy munosabatlarga ham qattiq zarba beradi. Pul yetishmasligi ko‘pincha janjallar, tushunmovchiliklar va hatto ajrimlarga olib keladi. Tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida qilinmaydi, og‘riqlarga e’tibor berilmaydi. Natijada, bosh og‘rig‘i, uyqu muammolari, ovqat hazm qilishdagi qiyinchiliklar kabi salomatlik bilan bog‘liq muammolar kuchayadi.

Qo‘rquvlar va ishonchsizlik ortidagi sabablar

Buning asl sababi insonning bolalikda shakllangan ishonch tizimiga borib taqaladi. “Men boy bo‘lishga loyiq emasman”, “Pul — yomonlik manbai”, “Boylar har doim yomon bo‘ladi” kabi cheklovchi e’tiqodlar ong ostida yotadi. Bunday odamlar shunchaki boy bo‘lishni emas, balki pulni ushlab turishni ham qiyin deb bilishadi.

Bunday salbiy qarashlar ko‘pincha ota-ona, maktab muhiti yoki jamiyat ta’siri ostida shakllanadi. Aynan shu e’tiqodlar insonni katta imkoniyatlardan uzoqlashtiradi, o‘zini past baholashga olib keladi.

Boylikning "intizomsiz" ta’siri

Pul ko‘p bo‘lsa, muammolar tugamaydi, balki boshqacha shaklda namoyon bo‘ladi. Odatda, ko‘p pulni orzu qilgan odam uni qo‘lga kiritgach, o‘z qadriyatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi. Agar u barqaror ruhiy asosga ega bo‘lmasa, boylik tashvishga aylanadi.

“Men bu pulga arzimayman”, “Men faqat omadim tufayli boy bo‘ldim” kabi fikrlar “samozvanlik sindromi”ni keltirib chiqaradi. Bunday insonlar pulini yo‘qotishdan, yoki atrofdagilar uni faqat moddiy manba deb ko‘rayotganidan xavotirga tushadi. U o‘zini doimiy ravishda boshqalar bilan solishtiradi, o‘z obro‘sini saqlab qolish uchun ortiqcha xarajatlar qilishga majbur bo‘ladi.

Moliyaviy sog‘lom fikrlash sari qadam

Pul bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun faqat daromadni ko‘paytirishning o‘zi yetarli emas. Aslida, ruhiy bloklar, ichki e’tiqodlar ustida ham ish olib borish zarur. Ijobiy moliyaviy psixologik holat uchun quyidagilar muhim:
– real va erishiladigan maqsad qo‘yish,
– stressni boshqarishni o‘rganish,
– resurslarni to‘g‘ri taqsimlash,
– o‘ziga va muvaffaqiyatga ishonchni shakllantirish.

Boylikka intiluvchilar esa o‘ziga savol berishlari kerak: “Nima uchun men pul to‘plamoqdaman?” Agar bu ortida qo‘rquv yoki tan olinish ehtiyoji tursa, unda boylik xotirjamlik emas, aksincha, ruhiy charchoq manbaiga aylanadi.

Pul inson hayotidagi eng muhim omillardan biri, biroq u baxt va xotirjamlikning kafolati emas. Moliyaviy barqarorlik ruhiy barqarorlik bilan uyg‘un bo‘lsa, inson o‘zini haqiqatan erkin va baxtli his qilishi mumkin. Yetishmovchilik ham, ortiqchalik ham muqarrar emas — ularni boshqarish insonning ichki dunyosiga bog‘liq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Pul yetishmovchiligi ruhiyatni qanday izdan chiqaradi?