Uning ingraganini tepasida turgan — peshonasini ajin bosgan, sochiga oq oralagan, boshiga oppoq doka ro‘mol o‘rab yuradigan ellik yoshlardagi Anbar opa, etagi tizzasidan biroz baland, oppoq yupqa sport kiyimini kiyib olgan, yelkasini qoplagan qop-qora, mayin sochlari to‘lg‘onib turgan Nargiza ham eshitdi. Shu zahoti ular baravariga doka bilan o‘rab-chirmab tashlangan Boburning qo‘llaridan ushlashdi.
— Bolam! — pichirladi ko‘zidan duvillab yosh oqayotgan Anbar opa, — o‘zingga kelib qoldingmi?
— Boshim! — ingradi Bobur.
— Do‘xtir! Do‘xtir! Ukam o‘ziga keldi! Tezroq qarang! — jon holatda baqirdi Nargiza.
Yo‘lakda allaqanday qo‘shiqni xirgoyi qilib, boshini salanglatib ketayotgan Fathulla do‘xtir Nargizaning ovozini eshitishi bilan joyida taqqa to‘xtadi. “Vah-vah, — yutinib oldi u, — odam bolasining ovozi ham shunaqa mayin, yoqimli bo‘ladimi-a, yuragim to‘kilib ketdi-ya. Jonimni sug‘urib olding-ku, qizgina!”
U zo‘r ishtiyoq bilan ortiga burilib, Bobur yotgan palata tomon yo‘rg‘alab ketdi.
— Aka! — dedi ko‘zidagi yoshini kafti bilan artgan Nargiza, — ukam o‘ziga keldi, hozirgina gapirdi. Boshim, dedi. Boshi og‘riyotgan bo‘lsa kerak. Bitta ukol qiling, qiynalmasin ukajonim!
“Meniki-chi?! — xayolidan o‘tkazdi do‘xtir qizning ko‘ziga hirs bilan tikilarkan, — meniki qiynalsa maylimi? Sening bir qarashing adoyi tamom qildi-ku meni”. Biroq u o‘ylaganini aytmadi. Boburning ustiga engashdi, boshini ushlab ko‘rgan bo‘ldi, so‘ng biroz o‘ylanib turdi-da, endigina kirib kelgan hamshiraga ukol qilishni buyurib, Anbar opaga yuzlandi:
— Og‘iri o‘tdi, xola, endi xavotir olmasangiz ham bo‘laveradi, o‘g‘lingiz tezda tuzalib ketadi.
— Xudoyo xudovanda, aytganingiz kelsin, iloyim, tuzalib ketsin, bular yashamasa mening yashashimga hojat yo‘q, shular uchun yer bosib yuribman-da, — dedi Anbar opa ko‘zida yosh bilan.
— Xola, kuyinmang, hali bir nevaralaringiz bo‘lsin, ko‘zingizni quvnatadi… Ha, aytgancha, hozircha bitta odam qolishi kerak.
— O‘zim qolaman, — dedi Anbar opa do‘xtirning gapiga javoban.
Fathullaning rangi gezardi. U qiz qolsa kerak, deb o‘ylagan edi. O‘ylagani chiqmagach, Anbar opaga biroz termilib turdi-da, chiqmagan jondan umid qilib:
— Kechasi uxlab qoladigan odatingiz yo‘qmi? — deb so‘radi qansharini qashlagancha.
— O‘libmanmi uxlab, bolam bir ahvolda yotadi-yu, mening ko‘zimga uyqu kelarkanmi?
Fathulla chuqur xo‘rsinib xonani tark etdi.
— Oyijon, menam siz bilan birga qolay, do‘xtir aytganiday, mabodo uxlab qolsangiz, ukam bechora…
— Qo‘y, qizim, — Nargizaning gapini bo‘ldi onasi, — bir kecha ming kechamidi! Yaxshisi, sen ertaga qolasan, navbat qilamiz.
«Bemor sal bezovtalansa, meni chaqirasizlar», deb aytish bahonasida, aslida Boburning go‘zal opasining shahlo ko‘zlariga yana bir karra boqib, rohatlanish maqsadida ortiga qaytgan Fathulla eshikka yaqinlashgan kez Anbar opaning gaplarini eshitdi va shirin entikib qo‘ydi-da, iziga qaytib, bosh vrachdan navbatchiligini ertaga qoldirishga ruxsat so‘rash uchun shoshdi.
* * *
Yigitlarining sonini yigirmadan oshirib, xizmatlaridan ustalik bilan foydalanayotgan Xalil boyvachcha hashamatli hovlisining qoq o‘rtasidagi favvoraga taqab qo‘yilgan chorpoya ustida ko‘zini yumgancha shirin xayollar og‘ushida par yostiqqa yonboshlab yotardi.
— Adajon! — kichkina qizining baqirgan ovozidan uning xayoli to‘zg‘ib ketdi.
— Nima gap? — dedi boyvachcha past ovozda, o‘rnashibroq cho‘zilarkan.
— Va’dangizni esingizdan chiqarib qo‘ydingizmi? — dedi qizi qo‘ng‘iroqday ovozda.
Qizining ajnabiycha kiyinib olgani Xalil boyvachchaning asabini buzdi. Aslida o‘zi ko‘cha-ko‘yda ochiq-sochiq kiyinib yuradigan qizlarni ko‘rsa, ko‘zi o‘ynab suqlanib qarar edi. Ammo hozir qizining turish-turmushi unga mutlaqo yoqmadi. «Mening qizimga ham boshqalar shunaqa qarasa kerak», degan fikr kechdi xayolidan.
— Odamga o‘xshab kiyinsang bo‘lmaydimi, qizim? — dedi u norozilanib.
— Adajon, — Lazokat bilanglab uning yoniga yugurib keldi. — Siz zamonaviy odamsiz, katta biznesmen, boysiz. Sizning qizingiz “duranduletcha” kiyinib yursa boshqalar nima deydi? Shunday odamning qizi zamondan orqada qolib ketibdi, demaydimi? Keyin o‘zingiz uyalib qolasiz.
— Yuz marta, mayli, ming marta uyalay! Ko‘chaga chiqolmay qolay, agar sening odamga o‘xshab kiyinib yurishing uyat sanalsa… O‘n sakkizga kirding, hademay, eshigimizni sovchilar qoqishadi. Ular seni bu ahvolda ko‘rishsa…
— Voy adajonisi-yey, qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a, — Xalil boyvachchaning xotini Mo‘’tabarxon eshikni ochib tashqariga chiqib keldi. — yosh narsa, tenqurlariday o‘ynab-kulay deydi-da. Qo‘ying, mayli, sizning davlatingizning soyasida yayrab qolsin. Kuyovga berib yuborsak, keyin eri nima desa shuni qiladi.
— Ha, xonim, siz shunday deb turganingizdan keyin bular mening gapimni olarmidi, bilganidan qolmaydi-da. Qiz bola degani sal o‘zini tutib yurishi kerak, — tutaqib ketdi boyvachcha va o‘rnidan turib, otilib turgan favvora suvida yuzini yuvdi.
Lazokat norozi qiyofada onasiga yuzlandi. “Qo‘yaver, hali o‘zim aqlini kiritib qo‘yaman”, qabilida qo‘lini siltadi Mo‘’tabarxon. Uning bu harakatidan ruhlangan qiz battar tantiqlashdi:
— Adajon, va’dangizni esingizdan chiqarib qo‘ydingizmi?
— Nima va’da beruvdim, qizim? — dedi qiziga kinoya qilib nozli ohangda ota.
— Bugun mashina olib bermoqchiydingiz-ku!
— Obbo, — deya peshonasini ushladi Xalil boyvachcha, — hali bunisiyam bormidi? Qachon va’da bergan ekanman, qizim, nimagadir hech eslolmayapman!
— Oyijonim aytdilar, ertaga qizingga moshina olib beraman, deganmishsiz-ku. Pravam bo‘lsa, boshqalardan nimam kam, nuqul avtobusning sassiq salonida yuraverish jonimga tegib ketdi. Oberi-i-ing, xo‘pmi-i-i?! — Lazokat otasining yelkasiga osilib, sochini silay boshladi.
Xalil boyvachcha esladi. Kecha tunda xotinini bag‘riga bosib, o‘tkir xushbo‘y atir hididan to‘yib-to‘yib hidlab: “Qizimga ham bitta moshina obersam, yayrab yuradi-da”, degandi. Kayf ustida aytgandi bu gapni. O‘shandayam Lazokatga emas, universitetda o‘qiyotgan, aqlli, o‘zi doim: «Ochiq-sochiq kiyinmaydi», deb maqtaydigan kamgap katta qizi Nilufarni nazarda tutgandi. Biroq farosati o‘ziga yarasha xotini Mo‘’tabarxon arzandasiga bu gapni oqizmay-tomizmay yetkazibdi-da. Katta qizi esa xayolining bir chekkasiga ham kelmabdi. Yo‘q, Nilufarni ham u tuqqan. Faqat katta qizini qaynonasi, arzandasini o‘zi tarbiyalagan. Katta qizi aqlli, gohida onasining gapidan, ishidan kamchilik topadi. Ellikni qoralab qolganiga qaramay, upa-elikni qalin qilib surib, bo‘y yetgan qizlar bilan tenglashishga urinadigan Mo‘’tabarxon katta qizini «aqli ko‘pligi» uchun ham uncha xushlamasdi. Shu bois, kiyimlarning eng oldi Lazokatniki bo‘lardi. Og‘ir-bosiq Nilufar esa, onasining qiliqlariga kulib qo‘ya qolardi. Ayni shuning uchun ham Nilufarni Xalil boyvachcha yaxshi ko‘rardi. Bu esa, bir oilaning ikkita «front»ga bo‘linib qolganini ko‘rsatib turardi.
— Pravani qayerdan olding? — so‘radi boyvachcha hayron bo‘lib qizidan.
— Adajon, hozir buning yo‘li juda oson, o‘zingiz biznesmensiz, yaxshi bilasiz. Ikki yuz ellik «ko‘k»idan tashlasangiz, xohlagan “uchebniy sentr” to‘g‘rilab beradi.
— Ha, shunga qolganda aqlim yetmabdi-da. Xo‘sh, qayerdan boshlamoqchisiz?
— Nimani?! — ajablandi Lazokat.
— Ag‘darishni-da, qizim. Uydanmi yoki stolbadanmi, nimadan? — dedi boyvachcha kinoya bilan.
— Adajon, haydashni bilaman. Anavi yugurdagingiz bor-u, Doniyor, o‘sha o‘rgatgan.
— Tushunarli, — dedi ota chuqur xo‘rsinib, — sen hozir uyga kiraver, keyin gaplashamiz.
— Aldamaysiz-a, oberasiz-a? — deya Lazokat joyidan jilmay erkalanib turaverdi.
— Hali yaxshilab o‘ylab ko‘ramiz. Undan keyin, avval opangga oberamiz, tag‘in bir-ikki yil o‘tsa, balki sengayam nasib qilib qolar.
Lazokatning qoshlari chimirilib, uzun kipriklari pirpiradi va ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Shu alpozda biroz otasiga chaqchayib qarab turdi. Keyin kaftlari bilan yuzini bekitgancha ho‘ngrab yig‘lab uyga kirib ketdi. Hammasini ko‘rib-kuzatib turgan Mo‘’tabarxon jig‘ibiyron bo‘lib eriga baqirdi:
— Nima balo bo‘lgan sizga?!
— O‘chir! — dedi boyvachcha xotiniga o‘shqirib, — hammasiga sen aybdorsan, erkalatib yuborgansan!
Xalil boyvachchaning vajohati tizginsiz edi, kimdir unga gap qaytarsa, tamom — quturib ketar, keyin ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qolardi. Mo‘’tabarxon tilini tiydi. Boshini egib biroz kalovlanib turdi-da:
— Choy damlab kelaymi? — dedi siniq ovozda.
— Yaxshisi, qorangni ko‘rsatma, — dedi boyvachcha va yostiqqa boshini qo‘yib, ko‘zini yumdi.
Mo‘’tabarxon eriga yeb qo‘ygudek bo‘lib qarab qo‘ydi-da, qayrilib uyi tomon ketdi. U zinalarni og‘ir bosib ko‘tarilayotganida:
— Hamro qani? — deya so‘rab qoldi Xalil boyvachcha.
— Bozorga jo‘natgandim. Hali-zamon kelib qolar, — javob qildi Mo‘’tabarxon ro‘yxush bermay.
Shu payt darvozaning kichik eshigi ochilib, hovliqqancha Berdimurod kirib keldi. U boyvachchaning o‘ng qo‘li hisoblanar, nimaiki nozik yumushlar bo‘lsa barisini bir o‘zi eplardi. Bo‘lar-bo‘lmasga xo‘jayinini bezovta qilmas, qaltis vaziyatlardagina: “Maslahatingiz kerak”, deb kelardi. Zarur paytda boyvachchaning o‘zi uni chaqirib olardi.
Berdimurodning tuyqusdan paydo bo‘lishi boyvachchani sergak torttirdi. Uning yuzidan allaqanday tashvish alomatlari sezilib turardi.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: www.hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas