Bosh vrach Fathullaning basharasiga mug‘ombirlik bilan tikilib turdi-da:
— To‘yga bizni aytmaysanmi? — dedi barmoqlarini qo‘ng‘iz mo‘yloviga bosib-bosib.
— Xo‘jayin, sizsiz ma’rakamiz o‘tmaydi-ku, o‘zingiz bilasiz. Siz bormasangiz to‘yda fayz bo‘larmidi, — dedi Fathulla o‘ziga yarashmagan alpozda qilpanglab.
— Ja opqochasan-da, Fathulla. Bugun bo‘ladigan to‘yga hozir aytasanmi? Bir hafta oldin ayt, kecha ayt. Bizdayam oriyat degan narsalar bor. To‘rtta odamga boshliqmiz, uka.
— Hurmatingizga gap yo‘q, xo‘jayin! O‘zimizgayam kechroq aytishdi-da, shunga oldingizda noqulay bo‘lib o‘tiribmiz.
— Xo‘-o‘-sh, sening navbatchiligingni ertaga ko‘chirish kerakmi?.. Bo‘pti, to‘ydan to‘biqcha, degan gap bor-a, bilasanmi? Ataganingni hozir tashlab ketaver, har qalay, G‘anisherni navbatchilikka ko‘ndirishim kerak, bundoq chiqib ozgina-ozgina… Ichimiz mikrobga to‘lib ketdi o‘ziyam. Dezinfeksiya qilib olaylik, nima deding?
“Padaringga la’nat, shu safar xarajatsiz chiqib ketamanmi, deb o‘ylagandim. Hech to‘ymading-to‘ymading-da, meshqorin… Bugungi dolyaniyam tagiga suv quyding”, — xayolidan o‘tkazdi Fathulla va birov zo‘rlaganday og‘rinib cho‘ntagiga qo‘lini tiqdi va barmoqlari bilan chamalab, undirganining yarmini chiqardi.
— Ish boshlagan payting dangal eding, kundan-kun quruqlashib ketayapsan-a, — bosh vrach stol ustidagi pulga qarab peshonasi tirishdi, — chiqar, buning nima bo‘ladi? Mening o‘zimgayam yetmaydi-ku.
Fathulla boshliqning xonasidan peshonasi terlab chiqdi.
* * *
Ukasi gapirganidan keyin Nargizaning biroz chiroyi ochildi-yu, Anbar opa esa hali-hanuz parishon edi. Ora-sira yig‘idan to‘xtab, o‘yga tolar, keyin: “Agar adang tirik bo‘lganida sen bunday ahvolga tushmasding”, deya yana yig‘lay boshlardi.
— Oyijon, — dedi yuragi siqilib Nargiza, — har narsani esingizga olavermang, falokat-da. Bunga adajonimning nima aloqasi bor? Tinchgina yotsinlar, ruhlarini bezovta qilmang. Xudo xohlasa, ukajonim ko‘rmaganday bo‘p ketadi.
Ayol ko‘zlarini artdi. Qizining oldida yig‘layverganidan o‘zi ham iymandi. Doka ro‘molining bir uchi bilan burnini siqib olib dedi:
— Nargiz, qizim, mayli, sen uyga boraver. Ovqat-povqat qilib yersan.
— Bu yoqqayam ovqat olib kelaymi? — so‘radi Nargiza.
— Meni qo‘yaveringlar. Tomog‘imdan hech narsa o‘tmaydi, — dedi Anbar opa hazin tovushda.
Onasining gapidan Nargizaning ko‘ngli buzildi-yu, biroq sezdirmadi, pushtirang sumkachasini yelkasiga ilib tashqariga chiqdi.
Fathulla yana bir marta Nargizaning husnu jamoliga to‘ymoqchi bo‘lib hovliqqancha palataga kirganida o‘g‘lining yonida Anbar opaning bir o‘zi o‘tirardi.
— Yaxshi o‘tiribsizmi, xola? — dedi u ko‘zlari olazarak boqib.
— O‘tiribman… Peshonamda shu sho‘rish ham bor ekan, ilojim qancha…
— Xavotir olmang, hammasi yaxshi bo‘p ketadi. Bir o‘zingiz o‘tiribsiz…
— Qizimni uyga jo‘natdim. Ertaga keladi, — dedi soddadil ayol ko‘zlarini Fathullaga najot tilaganday tikib, — o‘tirmoqchiydi, men qo‘ymadim. Hozirgina chiqib ketdi.
Fathulla yana ozgina bu yerda turib qolsa, Nargizani bugun ko‘rishdan mosuvo bo‘lishini angladi.
— Mayli, mayli, — dedi u iljayib va shoshib eshikka yo‘naldi. Yo‘lakka chiqib, rostmana yugurishga tushdi. Nargizaning darvozadan chiqayotganini ko‘rdi. Tezroq yugursa hansirab qoladi. Keyin atay uning orqasidan chopgani oshkor bo‘lishi mumkin. U to‘xtab, boshini qashlab biroz o‘ylanib turdi-da, mashinasi tomon ketdi.
— Nargizaxon, — dedi u mashinasini qizning yonginasida to‘xtatib, — o‘tiring, oborib qo‘yaman.
— E, sizmisiz? — qiz hayron bo‘lganini yashirmadi, — Yo‘q, o‘zim yetvolaman. Sizni ovora qilib…
— Ovoragarchiligi bormi, o‘tiring, — Fathulla iljayib Nargizaning gapini bo‘ldi.
Qizning o‘tirgisi yo‘q, o‘z xayollari bilan bo‘lib piyoda ketmoqchi edi. Lekin ukasining taqdiri shu odamning qo‘lida. Uni ranjitib qo‘ymasligi kerak. Shu o‘y bilan Nargiza orqa eshikni ochib, mashinaga chiqdi.
— Nargizaxon, — dedi Fathulla oynadan qizga qarab olib, — sizni ko‘rib men ham xafa bo‘lib ketayapman. Ochilibroq o‘tiring.
— Menga e’tibor qilmang, o‘zim shunday, o‘tib ketadi, — dedi qiz boshqa gap topolmay.
— Men sizga va’da beraman. Ukangiz otday bo‘p ketadi, mana ko‘rasiz.
— Aytganingiz kelsin… O‘zingiz qayoqqa ketayotgandingiz? — so‘radi to‘satdan Nargiza.
Shu joyda Fathulla befarosatlik qilib, “Chilonzorga”, deb qo‘ydi.
— Men Yunusobodga ketaman-ku, — dedi qiz bezovtalanib.
— Iya, shunaqami… Hechqisi yo‘q. Avval sizni tashlab kelaman. Keyin…
— Xalatingiz egningizda, biror zarur ishingiz bo‘lsa kerak. Balki bemoringiz sizni kutib turgandir. Yaxshisi, meni shu yerda qoldiring. Vaqtingizni o‘g‘irlamay.
Fathullaning yuzi qizardi. Shoshganidan xalatini ham yechishni unutibdi.
— Sizni shu ahvolda yolg‘iz jo‘natgim kelmadi. Yo‘lda mashina ko‘p. Kasbiy burchimiz. Chilonzorda shunchaki bitta aptekaga kirib o‘tishim kerak, xolos. Boshqa tashvishim yo‘q… Sal parishonxotirman, aybga yo‘ymaysiz, ba’zida bemorlarni o‘ylab, ish kiyimida uygayam ketib qolaman, — dedi Fathulla zo‘rma-zo‘raki iljayib.
Nargiza uning gaplariga ishondi. To‘g‘rirog‘i, ishonishga o‘zini majbur etdi. Shu boisdan:
— Mayli, unda, — deb qo‘ya qoldi.
Fathulla terisiga sig‘may quvondi. O‘zini ko‘rsatib qo‘ygisi kelib, “Jiguli”sini rulidan bir qo‘llab ushlab, keskin orqaga burib yubordi. Nargizaning yuragi “shig‘” etib ketdi. Orqadan kelayotgan mashina chiyillab tormoz bergancha, “bib-bib”latib signalini bosdi. Fathullaning rangi oqardi. Biroq cho‘chib ketganini bildirmaslikka urinib, oynadan qizga qarab iljayib qo‘ydi.
— Shoshilmasak ham bo‘ladi, — dedi Nargiza yuragi “duk-duk” urib, — sal bo‘lmasa ukamning yoniga borib qolay dedik.
— Ey, siz xavotir olmang. Men to‘g‘ri qildim. Orqadagi mashina tezlikni oshirmasligi kerak edi, — deya Fathulla gapni aylantirib o‘zining kasbiga bog‘ladi. Shu bilan uning jag‘i ochildi-ketdi. Nargiza hech narsaga tushunmasa-da, tasdiqlaganday bosh irg‘ar, u o‘zining o‘ylari bilan band edi. Shu bois, uyidan o‘tib ketganini payqamay qoldi va shoshib Fathullani to‘xtatdi.
— Kasalxonaga hali qaytib kelishim mumkin, telefon nomeringizni bersangiz, qo‘ng‘iroq qilib ukangizning ahvolidan xabardor qilib qo‘yardim, — dedi Fathulla qizga suqlanib qarab.
Uning so‘zlari Nargizaning bo‘g‘ziga kelgandi. Yana jag‘i ochilib ketmasin, degan o‘yda telefon raqamini aytdi-yu mashina eshigini yopdi.
Kechqurun Nargiza onasiga ovqat olib bordi, ukasining holidan xabar oldi. Ketar chog‘i hamshiradan Fathullani so‘radi. “U kishi bugungi navbatchiligini ertaga qoldirdi”, dedi hamshira. Bu javobdan Nargiza miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Soat to‘qqizga bong urayotgan mahal u kasalxonadan chiqdi. Havo ancha salqin, bunday havoda yurgan sayin yurgisi keladi odamning. Biroq onasining egilgan qaddi o‘g‘liga kuyib battar bukchayib qolgani ko‘z oldiga kelib, Nargiza xo‘rsindi. U mashinalar serqatnov yo‘l bo‘ylab yurib bekatdan ham o‘tib ketganini payqamadi. Bir payt yonginasida “g‘iyq-q” etib mashina to‘xtadi. Qiz cho‘chib yoniga qaradi. Oppoq “Neksiya”dan ikkita barvasta yigit sakrab tushdi-da, he yo‘q-be yo‘q qizga tashlandi. Nima bo‘layotganiga aqli yetmagan Nargiza qo‘rqqanidan baqirib yubordi. Atrofda hech kim yo‘q edi, qizning ovozi bo‘m-bo‘sh havoga singib ketdi…
Ikki yigit orasida burgut changalidagi polaponday titrab o‘tirgan Nargiza tipirchilayverib holdan toygach, yalinishga o‘tdi:
— Akajonlar, iltimos, qo‘yib yuboringlar, ukam og‘ir kasal.
— Jonidan, bir kecha ming kecha bo‘lmaydi, o‘zing ham, biz ham maishat qilamiz, tamom. Ukang ertalabgacha o‘lmay kutib turadi, — dedi o‘ng tarafdagi yigit hiringlab.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas