date

Qondagi gemoglobinni oshirishning samarali 9 yo‘li

Qondagi gemoglobinni oshirishning samarali 9 yo‘li

Zaiflik, tez charchash, bosh aylanishi yoki soch to‘kilishi — bular ko‘p hollarda kamqonlikning ilk belgilari hisoblanadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlar qon tarkibidagi gemoglobin miqdori yetishmasligi bilan bevosita bog‘liq. Gemoglobin — inson hayoti uchun eng muhim oqsillardan biri bo‘lib, u tanaga kislorod yetkazib berishda asosiy rol o‘ynaydi.

Agar uning darajasi pasaysa, miya va mushaklar yetarli kislorod ololmaydi, natijada sustkashlik, xotira susayishi va umumiy xolsizlik kuzatiladi. Bunday holat ayniqsa ayollar, homiladorlar va katta yoshdagi kishilarda ko‘p uchraydi.

Shifokorlar gemoglobinni oshirish uchun dori vositalari bilan birga to‘g‘ri ovqatlanishni ham tavsiya etishadi. Temir va vitaminlarga boy mahsulotlar bu borada tabiiy yordamchi hisoblanadi. Quyida qon tarkibini yaxshilashga ko‘maklashuvchi to‘qqiz asosiy mahsulot bilan tanishing:

1. Qizil go‘sht va jigar

Mol yoki qo‘y go‘shtidagi temir gemoglobinni tabiiy ko‘tarishda eng samarali manba hisoblanadi. Jigar esa foliy kislotasi va V vitamini bilan boy bo‘lib, qon hosil bo‘lish jarayonini faollashtiradi.

2. Bargli sabzavotlar

Ismaloq, brokkoli, sholg‘om barglari — organizm uchun tabiiy “temir zaxirasi”. Ularni S vitaminiga boy mahsulotlar bilan birga yeyish temirning yaxshi so‘rilishiga yordam beradi.

3. Dukkakli mahsulotlar

Loviya, no‘xat va yasmiq temir, oqsil va kletchatkaga boy bo‘lib, qizil qon hujayralarini ko‘paytirishda yordamchi hisoblanadi.

4. Anor

Anor shunchaki meva emas, balki tabiiy “qon tozalovchi”. Undagi antioksidantlar va temir moddasi gemoglobin miqdorini oshirishga yordam beradi.

5. Lavlagi

Lavlagi va uning sharbati qon ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi. Uni salatlarga qo‘shish yoki tozalab ichish qon aylanishini faollashtiradi.

6. Quritilgan mevalar

Xurmo, mayiz, qoqi — tabiiy energiya manbai. Ular gemoglobinni oshirish bilan birga, organizmni vitamin va minerallar bilan ta’minlaydi. Biroq diabetga moyil kishilar ularni me’yorida yeyishi lozim.

7. Qovoq urug‘i

Magniy, temir va rux bilan boy bu mahsulot qon aylanishini faollashtiradi va charchoqni kamaytiradi.

8. Tarvuz

Yoz faslidagi eng foydali meva — tarvuz. Undagi temir va S vitamini organizmda temirning so‘rilishini tezlashtiradi.

9. S vitaminiga boy mahsulotlar

Apelsin, limon, greypfrut, pomidor va rezavor mevalar temirning organizmga yaxshi singishi uchun kerak.

Shu bilan birga, shifokorlar ogohlantiradi: gemoglobin pasayishi faqat temir tanqisligi bilan emas, balki boshqa ichki kasalliklar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu sabab, uzoq davom etuvchi xolsizlik yoki bosh aylanishi kuzatilsa, mutaxassisga murojaat qilish zarur.

To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi — gemoglobinni tabiiy oshirishning eng xavfsiz va samarali yo‘li hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Qondagi gemoglobinni oshirishning samarali 9 yo‘li