date

Miya qarishiga ta’sir etuvchi yangi omil topildi

Miya qarishiga ta’sir etuvchi yangi omil topildi

Yaponiyalik olimlar miyaning tez qarishi sabablarini ilk bor ilmiy jihatdan asoslab berdi. Fudzita sog‘liqni saqlash universiteti hamda Tokio tibbiyot fanlari instituti tadqiqotchilari miyaning yoshga xos o‘zgarishlarini tezlashtiruvchi va turli ruhiy buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi biomarkerni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “Neuropsychopharmacology” jurnali yozdi.

Mutaxassislar sichqonlar ustidan o‘tkazilgan tadqiqotda 17 xil asab va psixik kasallik modellarini tahlil qilar ekan, gippokamp deb ataluvchi miya qismida “giperpishganlik” holati kuzatilgan. Gippokamp — hissiyotlar va xotira uchun mas’ul bo‘lgan markaz bo‘lib, undagi hujayralar haddan tashqari tez rivojlanganda yoki qarish jarayoni jadallashganda insonda xavotir darajasi oshishi va hissiyotni boshqarish qobiliyati susayishi aniqlangan.

Tadqiqot rahbari Xideo Xagixari ta’kidlashicha, gippokampdagi bunday tez yetilish jarayoni xavotir, depressiya va shizofreniya kabi kasalliklar uchun umumiy biologik asos bo‘lishi mumkin. Uning fikricha, bu topilma kelgusida miyaning “erta qarishi”ni aniqlovchi yangi diagnostik vositaga aylanishi mumkin. Shu orqali bu holat bilan bog‘liq ruhiy kasalliklarni oldindan aniqlash va samarali davolash imkoni paydo bo‘ladi.

Olimlar so‘zlariga ko‘ra, miya sog‘lig‘ini saqlash uchun muntazam jismoniy harakat — xususan, aerob mashqlar katta ahamiyatga ega. Ular neyronlar faoliyatini faollashtiradi, qon aylanishni yaxshilaydi va miya qarish jarayonini sekinlashtiradi. Shuningdek, ijtimoiy faol hayot tarzi, fikrlashni talab etuvchi faoliyatlar — masalan, boshqotirma yechish, yangi tillar o‘rganish yoki ijod bilan shug‘ullanish ham miyaning yoshligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi.

Agar tadqiqot natijalari keyingi bosqichda ham tasdiqlansa, bu insoniyat uchun yangi davr boshlanishini anglatadi. Chunki miyadagi molekulyar o‘zgarishlar va ularning ruhiy salomatlikka ta’siri haqidagi bilimlar ruhiy kasalliklarning oldini olishda yangi yo‘nalishlar ochishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul Federal universiteti olimlari Amerika rayhoni ekstrakti miya qarishini sekinlashtirishi, yallig‘lanishni kamaytirishi hamda asab tizimi faoliyatini barqarorlashtirishini isbotlagan edilar.

Yangi yaponiyalik tadqiqot esa inson miyasi qanday qilib vaqtdan oldin “charchashi” va uni qanday yo‘llar bilan saqlab qolish mumkinligini yanada aniqroq tushunishga yordam berishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Miya qarishiga ta’sir etuvchi yangi omil topildi