23:10 / 24.09.2017
6 757

Omonat g‘or siri (25-qism)

Omonat g‘or siri (25-qism)
Biroq u tashvish qilmasa ham bo‘lardi. Berdimurod uning juvonligini bilsa-da, uylanishga majbur, chunki Xalil boyvachchaning hukmi shunday. Faqat erta bir kun boyvachchaning ishi tersiga ketib yoki o‘ziga biron nima bo‘lsa, Berdimurod: “Sen mengacha juvon bo‘lgansan”, deya g‘avg‘o ko‘tarib yurmasligi uchun bu nayrang Lazokatga kerak edi, xolos.

Uyiga yetib bordi-yu, ammo darvoza yonida uzoq turib qoldi. Qo‘ng‘iroqni bosaverib qo‘llari toldi, biror zog‘ eshikni ochay demadi. Sumkachasini ag‘dar-to‘ntar qildi, aksiga olganday, kaliti yo‘q edi. Nihoyat Lazokatning sabr-bardoshi tugagan mahal uzoqdan sekin odimlab kelayotgan Nilufar ko‘rindi. Uning qadam bosishini ko‘rib Lazokatning qoni qaynadi. “O‘lib qoladimi ildamroq yursa?” dedi u o‘ziga-o‘zi.

— Opa-a! — dedi Nilufar yaqinlashganida jahl bilan. — Namuncha, oyog‘ingizga xina qo‘yganmisiz, kutaverib ko‘zlarim teshildi-yu!

— Qaysi go‘rda yurganding?! — Nilufar singlisiga nafrat bilan tikildi.

— Dugonamnikidaydim, namuncha qovoq-tumshuq qilmasangiz? O‘zi kalitim uyda qolganiga xunobim oshib ketdi. Kamiga siz ham…

— Nima men?.. Dugonangnikida kechasi pishirib qo‘yibdimi? Rasvo qiz bo‘lding-da o‘zi…

— Ni-ma?! Nima dedingiz?! — yutinib oldi Lazokat. — Nega meni haqorat qilasiz? Katta bo‘lsangiz… Hali shoshmay turing, oyijonim kelsinlar!.. Oching undan ko‘ra darvozani…

Nilufar singlisi ko‘ziga yosh olib lo‘lilik qilayotganini sezib turar, bundan battar g‘azabi toshardi. U ilkis harakat qilib bejirim sumkachasidan kalitini chiqardi va darvozani ochdi. Ichkariga kirguncha sabri chidamay, qo‘ni-qo‘shnining ko‘zidan, har xil gap-so‘zidan cho‘chib o‘tirmay, singlisining bilagidan changallab tortib, ichkariga itarib yubordi.

— Voy, qo‘lim! — Lazokat bo‘sag‘adan hatlab o‘tib ketdi.

— Bu yer ham bo‘lmaydi, — dedi Nilufar singlisidan anqiyotgan badbo‘y hiddan ko‘ngli behuzur bo‘lib, shubhasi ortgancha. — Uyda hozir sen bilan yaxshilab gaplashib qo‘yaman!

Lazokat yotoqqa kirgunicha uch-to‘rt marta Nilufarning turtkisini yeyishga ulgurdi.

— Endi gapir, singiljon, — sumkachasini divan ustiga otib yuborib, Lazokatning ustiga vajohat bilan bostirib kela boshladi Nilufar. — Qaysi dugonangnikida aroqqa cho‘milding?!

Lazokat dovdirab qoldi. Tili aylanmay orqasiga tisarila boshladi.

— Opajon!.. Gulilarnikida, tug‘ilgan kunda…

— Yolg‘on gapirma, qayerdayding?! Hozir so‘yib tashlayman, to‘g‘risini ayt!

— Aytdim-ku…

Nilufar sumkachasini olib ichidan qo‘l telefoni chiqardi-da:

— Nomerini ayt! — dedi qahrli qiyofasi o‘zgarmay.

Lazokat tutila-tutila raqamlarni aytar, Nilufar esa barmoqlari asabiy titrab terardi. “Ey Xudo, oyim tezroq kelib qolsaydi”, ichida iltijo qilardi Lazokat.

Telefonga hech kim javob bermadi.

— Aldadingmi? — ko‘zi g‘azabdan chaqnadi Nilufarning.

— Opajon, uylarida hech kim yo‘qdir. Chiqib ketishgandir biron joyga.

Lazokatning yolg‘on gapirayotganini Nilufar ich-ichidan sezib turar, ko‘nglida singlisining boshqa ishlar bilan shug‘ullanib yurganiga shubha qilmagandi. U alamiga chidolmay qo‘lidagi telefonni singlisiga qarata otdi. Mo‘ljal bexato olingandi — Lazokat boshini changallab:

— Voy, o‘ldi-im! — deya qichqirgancha o‘zini gilam ustiga tashladi.

Shu mahal Mo‘’tabarxon darvozani ochiq qoldirgan xizmatkorning go‘riga g‘isht qalab, uyga kirib kelgan, Lazokatning chinqirganini eshitib, joyida taqqa to‘xtagandi.

— Nilufar! Lazokat! — baqirdi u qizlarining yotoqxonasi tomon yugurib kelarkan.

Nilufar singlisining boshida:

— Aytasanmi-yo‘qmi?! — deya o‘dag‘aylab turardi.

— Nima gap?! — baqirdi Mo‘’tabarxon katta qizi Lazokatning tepasida mushtini do‘laytirib turganini ko‘rib ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib. — Nima qilayapsanlar?! Nega buni urayapsan, megajin?!

Nilufar qaddini rostlab, alamidan ko‘zlari yoshga to‘lib onasiga qaradi:

— Bu hayvon, hozir keldi, og‘zidan aroq sasib yotibdi!

— Unda o‘ldir! — dedi onasi og‘zidan ko‘pik sachratib. — Nima qilasan qayerda yurganini surishtirib? Pichoqni ol-da, qornini yor! Otang ikkovingga odat-ku bu! Birovlarning qonini oqizishni yaxshi ko‘rasanlar-ku!

Nilufar tarashaday qotdi. A’zoyi badani titrab, peshonasidan sovuq ter chiqdi. U onasining qandayligini yaxshi bilardi, biroq hozir bunchalikka boradi, deb o‘ylamagandi. “Qizingiz tuni bilan qayerlardadir sanqib, ichib, mast-alast bo‘lib yursayam sizga baribirmi?.. Kecha sumkasidan sigareta topib oldim. Qiz bola bo‘lib, uning shunday qiliqlar qilib yurgani sizni qiynamaydimi? Ertaga begona oilaga borganida, uyalib qolmaysizmi?” — demoqchi bo‘ldi, biroq shashtidan qaytdi. Onasi bu gaplarni qulog‘iga olsa koshki. Qaytanga: “O‘z singlingga shunaqangi bo‘htonlarni chaplashga qanday yuzing bordi?” — deya o‘zini aybdor qilib qo‘yishi hech gapmas.

Nilufar qo‘lidagi telefonni otib yuborib, ko‘zidan yoshi shashqator oqqancha chiqib ketdi.

— Ona qizim mening! — Mo‘’tabarxon Lazokatni quchoqladi. — Xafa bo‘lma. Nasib bo‘lsa, bu toshbag‘irlardan hademay qutulasan.

— Oyijon, men endi bu uyda yasholmayman! Menga tinchlik bermaydi bular. Berdimurod akamnikiga ketay. To‘yni keyinroq o‘tkazarmiz, — dedi Lazokat ko‘zyoshini oqizib onasining bag‘riga bosh qo‘yar ekan.

Berdimurodning ismini eshitib, Mo‘’tabarxonning yuzi yorishdi. Qizini erkalab, o‘pib qo‘ydi:

— Esim qursin, u yog‘i nima bo‘ldi? — dedi miyig‘ida kulib.

Lazokat bosh barmog‘ini mix qilib yuqoriga ko‘tardi:

— Vo! Oyijon! To‘yni tezlashtirarkanmiz. Lekin-chi, o‘ziyam menga yoqib qoldi.

— Hech narsani sezmadimi?

— Qatta? Tarashaday qotib uxladi-yu.

— Ishqilib, bu yog‘iyam silliqqina ko‘chsin-da. Lekin tilingga ehtiyot bo‘l. Erkak kishi bunaqangi ishlarni kechirmaydi.

* * *

Lazokat ketishi bilan Berdimurod o‘zini yumshoq karavotga tashladi. Uxlamoqchi bo‘lib ko‘zini yumdi. Qani uyqusi kelsa, u yonboshga, bu yonboshga ag‘darildi. Lazokatni o‘yladi: “Zo‘r narsa ekan”, xayolidan o‘tkazdi. Nima bo‘lganini o‘ylab ham ko‘rmadi. Faqat: “Nilufarni ko‘rsam, nima qilarkanman-a?” — deya o‘ziga-o‘zi pichirladi.

Shu zayl ancha vaqt yotdi, keyin yuvinish xonasiga kirib, sovuqroq suv tagida biroz turdi. Yengil tortib, chala artingancha (uning yoshligidan bir odati bor edi, chala artinardi, ayniqsa, yoz oylarida), kiyinib, Xalil boyvachchaning qo‘liga telefon qildi.

— Qayerlarda yuribsiz, o‘g‘lim? — dedi boyvachcha. Boyvachchaning «o‘g‘lim» deyishidan Berdimurod g‘alati bo‘lib ketdi. Boshqa payt: “Valak-salak, qaysi go‘rda sanqiyapsan?” — degan bo‘lardi.

— Ozgina ishlar chiqib qoldi, shunga…

— Bo‘pti, men konfet sexidaman, yetib kel, ish bor.

Berdimurod oyog‘ini qo‘liga oldi. Yigirma daqiqa o‘tar-o‘tmas, ustozining qoshida hozir bo‘ldi.

— O‘g‘lim, — dedi Xalil boyvachcha uning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, — biz Boburni umuman esimizdan chiqarib qo‘yibmiz. U hali bizga kerak. Sen bozorga tushib mayda-chuyda qilgin-da, borib ko‘rib kel. Bularda oqibat yo‘q ekan, deb yurmasin tag‘in.

— Xo‘p bo‘ladi, — konveyerdan oqib kelayotgan shokoladlardan bitta olib, og‘ziga solgancha Berdimurod eshikka yo‘naldi.

Boburning yoniga kelganligini eshitgan hamshiralar unga g‘alati qarashdi.

— Siz kimi bo‘lasiz? — dedi yo‘lak o‘rtasidagi stolda o‘tirgani.

— Og‘aynim bo‘ladi. Ukam desam ham bo‘lovradi. Nimaydi? — hayron bo‘ldi Berdimurod.

— Ishqilib, siz ham o‘zingizni tashlab yubormaysizmi?

— Nima deyapsiz?

— Bo‘pti, boravering, — hamshira ayol daftariga allanimalarni yozib qo‘ydi.

Berdimurod orqasiga qarab-qarab, Bobur yotgan palata eshigini ochdi-yu, hayron qoldi. Karavotda Doniyor yotar, yonida esa so‘nggi modada kiyingan, sochini kalta qirqtirib, yuziga bo‘yoq chaplab olgan do‘mboqqina bir ayol o‘tirardi.

— Assalomu alaykum! — dedi Berdimurod irjayib. “Yaxshiyam o‘zim kelganim, — xayolidan o‘tdi uning. — Doniyor qolib, Boburni o‘ldirib qo‘yishimizga sal qolibdi-ku”.

— E-y, oka, — dedi Doniyor uni ko‘rishi bilan.

Ayol o‘rnidan turib jilmaydi. Badaniga yopishib turgan kiyimi, yelkalari ochiq yupqa koftasi uning bo‘liq ko‘kragini ko‘z-ko‘z qilardi. Berdimurodning ko‘zlari o‘ynab ketdi, o‘zini tutolmay, ayolga qo‘lini uzatdi va tilla uzuklari yaltirab turgan oppoq barmoqlardan o‘pib, qaddini rostladi:

— Siz, adashmasam, Doniyorjonning oyilari bo‘lsangiz kerak, — dedi iljayib.

— Shunday, — dedi ayol tabassum hadya etib.

— Avvalroq oldingizga borishim kerak ekan. Bu bolalarning quloqsiz bo‘p ketayotganini aytib, birgalashib “maosh” berardik. Bu yerlarga kelib ovora bo‘p yurmasdingiz.

— Ukajon, nimasini aytasiz, rosa yuragimizni yordi. Ikki kun uxlamadim, — ayolning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.

— Xafa bo‘lmang, — dedi astoydil ko‘ngil berib Berdimurod, — hali otday bo‘p ketadi. Shundaymi, polvon?

U ayolning yonidan o‘tayotib, xushbo‘y atir hididan huzurlandi. Doniyorning tepasiga kelib, uning qo‘lini ushlab:

— Qalay, sog‘ayib ketdingmi? — deb so‘radi.

— Biroz yaxshi bo‘p qoldim, — dedi Doniyor.

— Tezroq ishga chiqmasang, qo‘ymaymizam, og‘ayni.

Hazil qilib aytilgan bu gapning tagidagi ma’noni Doniyor anglab yetmagan, boshi ustida turgan odamni samimiy gapirayapti, deb o‘ylayotgandi. Vaholanki, gap bemorning ertaroq boqiy dunyoga rixlat qilishi haqida ketayotgandi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (25-qism)