date

Xabi Alonso: «Qiyin o‘yindagi g‘alaba bizga kuch baxsh etdi»

Xabi Alonso: «Qiyin o‘yindagi g‘alaba bizga kuch baxsh etdi»

Yevropa Chempionlar Ligasining uchinchi turidan o‘rin olgan bahsda Madridning «Real» jamoasi o‘z maydonida «Yuventus»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdan so‘ng «qaymoqrangliklar» bosh murabbiyi Xabi Alonso jamoasi o‘yini va natija haqida fikr bildirdi.

Murabbiyning ta’kidlashicha, bu bellashuv oson kechmagan, ammo futbolchilar intizom va iroda bilan kurashib, muhim g‘alabaga erishishgan.

— Biz bu bahs yengil bo‘lmasligini oldindan bilardik. Birinchi bo‘limda raqibning bosimi sezildi, o‘yinga kirishishda ozgina qiynaldik. Lekin vaqt o‘tishi bilan jamoa o‘z ritmini topdi, to‘p ustidan nazoratni qo‘lga oldi va ishonch bilan harakat qila boshladi, — dedi Alonso.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa ikkinchi bo‘limda ancha erkin harakat qilgan va goldan so‘ng o‘yin zavqli tus olgan.

— Bellinghemning golidan keyin futbolchilarimiz o‘yindan zavq ola boshladi. Yaxshi kombinatsiyalar yaratdik, bir necha marta hisobni oshirish imkoniyati ham bo‘ldi. Ammo muhim jihat — golni saqlab qoldik, — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.

Alonso aytishicha, jamoa bugun nafaqat maydonda, balki ruhiy jihatdan ham o‘sganini namoyish etdi.

— Bizda ishonch bag‘ishlaydigan ajoyib darvozabon bor. U hal qiluvchi lahzalarda yana bir bor jamoani qutqardi. Bu g‘alaba butun jamoaning mehnati natijasi, — dedi u.

Xabi Alonso jamoa natijasi va Chempionlar Ligasidagi holatidan mamnunligini yashirmadi.

— Uch ochko, toza darvoza va 100 foiz natija — bu ayni damda biz uchun muhim. Yigitlar bunga munosib edi. Bunday o‘yinlar jamoaga kuch va ishonch beradi. Endi oldimizdagi bahslarga tayyorgarlikni yanada jiddiylashtiramiz, — deya ta’kidladi murabbiy.

Eslatib o‘tamiz, «Real» ushbu g‘alabadan so‘ng guruhda yetakchilikni mustahkamladi va Chempionlar Ligasidagi barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozongan yagona jamoalardan biri sifatida o‘z maqomini saqlab qoldi.

Bu g‘alaba madridliklar uchun navbatdagi muhim sinov bo‘ldi — nafaqat natija, balki jamoaning o‘yin uslubi va xarakterini ham ko‘rsatdi. Alonso va shogirdlari esa yana bir bor muxlislar oldida o‘zlariga xos jozibador futbol namoyish etishdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xabi Alonso: «Qiyin o‘yindagi g‘alaba bizga kuch baxsh etdi»