Italiya futbolida navbatdagi shok voqea sodir bo‘ldi. B Seriyada ishtirok etayotgan «Yuve Stabia» klubi mafiya bilan bog‘liqlikda ayblanib, Italiya mafiyaga qarshi prokuraturasi tomonidan musodara qilindi. Tergov natijalariga ko‘ra, jamoa rahbariyati «Kamorra»ning ikki mashhur klan — D’Alesandro va Imparato guruhlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Shu bois, klub faoliyati sud nazorati ostiga olindi.
Bu Italiya futboli tarixida uchinchi, ammo eng og‘ir va keskin holat sifatida qayd etilmoqda. Ilgari shunday holatlar «Fodja» va «Krotone» jamoalarida ham sodir bo‘lgandi, ammo bu galgi holatning ko‘lami va ta’siri ancha katta.
Tergov xulosalariga ko‘ra, mafiya klub hayotining deyarli barcha jabhasiga aralashgan — xavfsizlik tizimi, chipta sotuvi, safarlar va hatto ovqatlanish jarayonlarigacha nazorat qilgan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, stadion xavfsizligini ham Imparato klanining odamlaridan biri boshqargan. Shu bilan birga, ayrim klan a’zolari soxta ismlar bilan o‘yinlarga kirib, bepul chiptalar orqali tribunalarda joy olgan.
Milliy mafiyaga qarshi prokuror Jovanni Melillo «Yuve Stabia»ni “Kamorraga to‘liq bo‘ysunadigan tuzilma” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klub faoliyatidagi qarorlar mafiyaviy tarmoq tomonidan qabul qilingan:
— Futbolchilar faqat o‘ynashardi, qolgan barcha narsani Kamorra hal qilardi, — dedi prokuror.
Bu fosh etilgan tizimning qanchalik chuqur ildiz otganini ko‘rsatdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan mavsumda 38 nafar muxlisga stadionga kirish taqiqlangan bo‘lsa-da, ularning yarmidan ko‘pi klan bilan bog‘liq bo‘lib, ichki yordam orqali taqiqni aylanib o‘tgan.
Aynan shu sababli, prokurorlar klubni “to‘liq mafiyaviy nazoratdagi tashkilot” sifatida baholagan. Bu holat Italiya futboli obro‘siga katta zarba berdi.
Italiya futbol federatsiyasi hozirda vaziyatni chuqur o‘rganmoqda. Jumladan, 29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Bari”ga qarshi bahsni ham bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.
Qizig‘i shundaki, jamoa yaqinda “Avellino”ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, turnir jadvalida yettinchi o‘ringa ko‘tarilgan edi. Hatto A Seriga chiqish haqidagi orzular ham haqiqatga yaqin ko‘rinardi. Biroq mafiyaga oid ayblovlardan so‘ng bu orzular bir zumda yo‘q bo‘lib ketdi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil iyun oyida “Yuve Stabia” klubi irlandiyalik “Brera Xoldings” investitsiya kompaniyasi tomonidan 52 foiz ulush bilan sotib olingandi. Ammo tergovchilarga ko‘ra, yangi egalari klubdagi ilgaridan mavjud mafiyaviy zanjirni uzishga muvaffaq bo‘lmagan va korrupsion tizim amalda saqlanib qolgan.
Italiyada bu voqea keng jamoatchilikning katta muhokamasiga sabab bo‘ldi. Mahalliy nashrlar yozishicha, “Yuve Stabia” atrofidagi inqiroz faqat bir jamoaning emas, balki butun italiya futbolidagi nazorat va shaffoflik tizimidagi muammolarni yana bir bor ochib berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!