15:00 / 17.01.2018
5 983

"Ijaraga olingan oshiq..."

"Ижарага олинган ошиқ..."
Eshik taqilladi. Bu paytda Orziqulov domlaning imtihoniga tayyorlanaverib holdan toygan, kunduzgi issiq tufayli lohas bo‘lgan O‘ktam va Zayniddin endigina uyquga ketishgandi. Turib eshikni ochishga erinishdi. Eshik yana taqilladi. Taqillayverdi.

— Tur, qara, — dedi O‘ktam ming‘irlab. — Eshitmayapsanmi?

— Nega men qarar ekanman? — to‘ng‘illadi Zayniddin.

— Chunki senga kelishgan. Sevinch bo‘lsa kerak.

— Sevinch qishlog‘iga ketgan. Demak, sen uchun kelishgan. Tur o‘zing!

— Obbo! — O‘ktam bir ko‘zini ochib, qaddini rostladi. Zayniddinga norozi qaradi-yu, eshikka bordi.

Zayniddin eshik orqasidan kelayotgan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlarni eshitmaslik uchun qulog‘ini yopib, ko‘zlarini mahkam yumdi. Chala qolgan uyqusini endigina davom ettirmoqchi edi, O‘ktam uning yelkasidan turtdi:

— Senga kelishibdi.

— Kim? — dedi Zayniddin ko‘zlarini ochmay.

— Hilola, bir qiz bilan.

— Meni yo‘q deb ayt.

— Bu gapingni katta joyda ishlaganingda kotibangga aytasan!

Hilola — ularning kursdoshi. Xohlagan paytda kelib eshikni taqillataveradi. Kursboshi bo‘lgani uchunmi, o‘zini bemalol tutadi. Stipendiya olib kelsa qani edi! Stipendiya uchun o‘zing borishing kerak!

Malollanib o‘rnidan turgan Zayniddin O‘ktamga savol alomati bilan qaradi:

— Bir qiz bilan deysanmi?

— Ha, rosa ofatijon...

Zayniddin borib eshikni ochib, Hilolaga yuzma-yuz bo‘ldi. Undan sal narida turgan qizning yuzini ko‘ra olmadi — “ofatijon” teskari qarab olgan edi.

— Namuncha uxlamasang! — kuldi Hilola. — Oldingga bir iltimos bilan keldik.

— Nima iltimos ekan, gapir, — dedi Zayniddin.

— Sal g‘alati iltimos, — Hilola shunday deb boyagi qizga o‘girildi: — Mo‘’tabar, bu yoqqa qara.

Qiz o‘girildi va yaqinlashib salom berdi. Qizarib-bo‘zarib kulimsiradi.

“Ha, ofatijon ekan, jingalak sochlari Sevinchnikiga o‘xsharkan”, — deb qo‘ydi Zayniddin ichida.

— Bu qiz hamqishlog‘im bo‘ladi, ismi Mo‘’tabar, — dedi Hilola.

Zayniddin xijolat chekib, bosh irg‘ab qo‘ydi:

— Ha... Yaxshi... Xursandman.

Hilola Mo‘’tabarga “boraver” ishorasini qildi-da, u ketgach, muddaoga o‘tdi:

— Zayni, bu qizni erga berishmoqchi.

— Xo‘sh, men nima qilishim kerak, nikohlab qo‘yaymi? — dedi Zayniddin.

— Senga undan ham zo‘r ish bor. Eshit, Zayni. Bu qizni majburlab erga berishmoqchi, u esa o‘qiyman deyapti. Shunga sening yordaming kerak.

— O‘qisa o‘qiyversin.

— Erga tegsa, o‘qiy olmaydi-da!

— Ota-onasi bilan gaplashib, qizingiz o‘zini osmoqchi deyinmi?

— Yo‘q! Nima desam ekan?.. Faqat noto‘g‘ri tushunma... Birozdan keyin bo‘lajak kuyov keladi. Sen... sen Mo‘’tabarning yigiti bo‘lib turasan... Vaqtincha!

Zayniddin Hilolaga baqrayib qaradi:

— Nima? Yigiti bo‘lib turaman?

— Ha... Kuyov bo‘lmish qaytib ketadi, shu bilan olam guliston! Sovchi yuborib qo‘ymayapti-da!

— Kechirasan, Hilola, bu rolga boshqa yigitni topishni maslahat bera...

— Menga qara, Orziqulov domlaning imtihonidan besh oldim deb hisoblayver!

— Orziqulov domladan?

— Ha... Tog‘amning bojasi bo‘ladi u kishi.

Orziqulov domla — domla emas, pulemyotchi! Talabalardan imtihon olmaydi, balki ularni tutday to‘kadi. Tarillatib yiqitaveradi, yiqitaveradi. Shunday ekan, Hilolaning taklifiga ko‘nish kerak. Ammo “vaqtincha yigit bo‘lib turish...” Bu haqda Sevinch eshitib qolsa nima bo‘ladi? Eshitmasa kerak. Qayoqdan ham eshitardi?

— Aniq besh olib berasanmi?

— Voy, men biror marta aldaganmidim, Zayni?

— Xo‘sh, nima qilishim kerak?

— Kuyov bo‘lmish yotoqxona hovlisiga kelganida sen Mo‘’tabar bilan qo‘ltiqlashib ko‘chaga chiqib ketish...

— Qo‘ltiqlashib?.. E, yo‘q, to‘g‘ri kelmaydi. Talabalar derazadan ko‘zini lo‘q qilib qarab turganida...

— Sevinchni o‘ylayapsanmi? Unga o‘zim tushuntiraman.

— Unga tushuntirolmaysan. Bu iltimosingni, yaxshisi, boshqa birovga ayta qol.

— Voy, Sevinchdan shunchalik qo‘rqasanmi? — ayyorlikka o‘tdi Hilola. — Hech kim aytmaydi unga!

— Hech kim aytmasmish! O‘n sakkizta agentga tayinlab ketgan u.

— Xo‘p degin, Zayni. Savob bo‘ladi. Sendan boshqa kimga aytaman?

— Mana, O‘ktamni ko‘ndirib beraman, ammo ko‘ndirganim evaziga Orziqulov domlaning imtihonidan baribir meni o‘tkazib berasan. To‘rt baho bo‘lsayam mayli.

Hilola ovozini paysaytirib dedi:

— O‘ktam to‘g‘ri kelmaydi, Zayni! Xo‘ppa semiz...

— Semizmi, oriqmi, nima farqi bor? Kuyov bola ko‘rib qaytib ketsa bo‘ldi-da!

— Yo‘q, yigit bo‘lganga yarasha yigit bo‘lsin! Mana, sen kelishgan, istarang ham issiq. Mo‘’tabar sen bilan yurib chiqsa, ishonarli bo‘ladi. Qolaversa, O‘ktamning sevgan qizi yo‘q, Mo‘’tabarga yopishadi-oladi. U esa o‘qishi kerak. Faqat sen to‘g‘ri kelasan, Zayni. To‘g‘riso‘z, vijdonlisan, ichingda kiring yo‘q. Ko‘rinishing ham chakkimas, Arjun Rampalga o‘xshaysan.

Bu maqtov so‘zlari Zayniddinga yoqib tushdi, o‘zi bilan faxrlanib, oynaga qaragisi kelib ketdi. Biroq ko‘ngli sal xijil: Sevinchni, aniqrog‘i, uning rashk qilishini o‘yladi. Ammo o‘rtada imtihon ham bor! Orziqulov domlaniki! Balki Sevinchga obdon aytilsa, to‘g‘ri tushunar? Axir Zayniddin faqat imtihon uchun bu shartni bajargan bo‘ladi-ku! Savob yo‘liga!

Yo‘-o‘-q, Sevinch baribir tushunmaydi. Qovog‘ini uyib oladi, arazlab Zayniddinning ko‘nglini xufton qiladi. Bevafo, xiyonatkorga chiqaradi.

— Ja uzoq o‘ylading-da! — dedi Hilola. — Xo‘sh, nima deysan?

— Menga qara, qo‘ltiqlashib yurish shartmi? O‘sha Mo‘’tabar hamqishlog‘ing orqamdan yursa bo‘lmaydimi? O‘zbek qiziga yetti yot begona yigitni qo‘ltiqlashib yurish to‘g‘ri keladimi?

Hilola qoshlarini chimirdi.

— Gapni ko‘paytirma, — dedi u. — Aslida Orziqulovning imtihoni uchun sen Mo‘’tabarni ko‘tarib yurishing kerak. Bas, yetar. Sen Mo‘’tabar bilan yotoqxona hovlisidan chiqib ketasan, men dushanba kuni imtihondan besh baho olib beraman. Aytganday, kuyov bo‘lmish yigitga bir-ikki marta o‘qrayib qarab qo‘yishni unutma.

Zayniddin yana biroz o‘ylanib turdi-da, dedi:

— Yotoqxona hovlisidan chiqib ketgach, tezda qaytamizmi? Mo‘’tabaring meni u yoq-bu yoqqa sudramaydimi?

— Voy, ja senga ko‘zi uchib turgani yo‘q. Qo‘rqma! Biroz aylanib qaytib kelasizlar.

— Nima? Qaytishda ham qo‘ltiqlashib...

— Agar kuyov bola bo‘lmasa qo‘ltiqlashish shart emas. Yotoqxonaga oldinma-keyin kirasizlar.

— Yaxshi, roziman, ammo menga kafolat kerak, Hilola!

— Qanaqa kafolat?

— Men Mo‘’tabar bilan ketayotib yotoqxona derazalaridan qizlar qaramasin!

Hilola bu gapni eshitib avvaliga kuldi, keyin jahli chiqdi.

— Qiziqsan-a, Zayni, ularning derazaga qaramasligini taqiqlab bo‘larmidi?!

— O‘sha kuyov bola bilan telefonda gaplashsam-chi? Raqamini ber, buyog‘ini o‘zim qotirib tashlayman.

— Gapni ko‘paytirma, dedim, Zayni! Bo‘ldi, vassalom! Kuyov bola pastda ko‘rinishi bilan oldingga kelamiz. Egningda chiroyli kiyimlar bo‘lsin.

— Shoshma... Men ko‘zimga qora ko‘zoynak taqib chiqaman, maylimi?

Hilolaning ensasi qotdi:

— Qora ko‘zoynak taqasanmi, oqmi, shu ishni bajarsang bo‘ldi.

— Yana... mabodo aniqlashtirish uchun kimdir “voy, pastda ketayotgan Zayniddinmi?” deb so‘rasa, “u emas”, degin.

— Xo‘p, x-o‘-o‘-o‘-p.

— Aytganday, parik yo‘qmi?

— Bo‘ldi, bas, tayyorlanib tur.

Hilola ketgach, Zayniddin xonaga kirib, rosa o‘ylandi. O‘ktamdan maslahat so‘ragisi keldi, biroq sir boy bermadi. Xuddiki aytsa, bu gap tarqalib ketadigandek tuyuldi.

— Nima gap? — so‘radi O‘ktam.

— E, haligi... — chaynaldi Zayniddin. — Hilolani bilasan-ku, qiziq, haligi...

— Uyquni ham o‘chirdi. Endi davom ettiramiz... Mazza — mazza, domlalarga mazza! Ular faqat o‘zining fanini biladi, biz — sho‘ring qurg‘urlar esa hamma fanni o‘qib yodlashimiz kerak. Hali Orziqulovdan keyin Obloqulovning imtihoni turibdi.

— O‘ktam, qora ko‘zoynagingni berib tur.

Talaba xalqi qiziquvchan bo‘ladi. Bir gapning tagiga yetmasa qo‘ymaydi. O‘ktam ham bundan mustasno emas: u hayron bo‘lib ko‘zoynak nega kerakligini so‘radi.

— Ko‘zim og‘riyapti, — dedi Zayniddin ko‘zlarini olib qochib. — Kitob o‘qiyverib teshilib ketdi. Anovi... oq ko‘ylagingniyam berasan-da.

O‘ktam oshnasiga sinchiklab qaradi:

— Yo‘l bo‘lsin?

— Yo‘l... Ha, do‘xtirga! Ko‘zimni ko‘rsatib kelay, qara, qizarib ketibdi.

— Hali mendan sir yashiradigan bo‘ldingmi? Sevinch qishlog‘iga yetib bormay turib boshqasi bilan kinoga bormoqchimisan?

— E, senga nima?! — dedi Zayniddin, keyin o‘zini bosib tushuntirdi. — Kinoga emas. Boshqa yoqqa. Hilolaning bir iltimosini bajarmoqchiman. Agar Sevinchga bildirmayman desang, senga aytaman.

O‘ktam hech nima demadi. U tumtayib oldi. Ko‘zoynagi va ko‘ylagini berdi-da, kitob o‘qishga tutindi. Unga qarab Zayniddinning vijdoni qiynalib ketdi. Ammo nima qilsin?..

Hilola eshikni taqillatganida Zayniddin oynaga qarash bilan ovora edi. Vaqt shomga yaqinlashgan.

Mo‘’tabar chiroyli kiyinib olibdi. Zayniddin u bilan zinalardan tushgunicha, xuddi qarshisidan Sevinch chiqib qoladigandek, hadikda bo‘ldi.

Yotoqxona eshigidan chiqishgach, Zayniddin ko‘zoynakni taqib oldi, xuddi shu asnoda mo‘’tabar uning bilagidan tutdi. O‘rindiqlardan birida o‘tirgan barvasta yigit ulardan ko‘z uzmasdi. “Kuyov shu yigit bo‘lsa kerak”, deb o‘yladi Zayniddin. Derazalardan esa o‘nlab nigohlar baqrayib turardi.

Mo‘’tabar pichirladi:

— Biz bir-birimizga kulib qarashimiz kerak. Hilola opam shunaqa dedi. Bo‘ling, kuling.

Odam xavotir va tashvish ichida kulsa beo‘xshov chiqadi. Xuddi shunday bo‘ldi. Zayniddin o‘lganining kunidan tirjayib Mo‘’tabarga qaragan edi, qiz bechora o‘zini tuta olmay xaxolab kulib yubordi.

“Tentak qiz, — dedi ichida Zayniddin, — ko‘rmagan odamlargayam reklama qilyapti”.

— G‘alati ekansiz, — kulgidan bo‘shamasdi Mo‘’tabar. — Umrimda bunaqa kuladigan kishini ko‘rmaganman.

— Tezroq yuring, — qistadi Zayniddin.

— Mister Binga o‘xshab ketarkansiz.

Ayni kuyovto‘raning yonidan o‘tayotganlarida Zayniddinning telefoni jiringlab qoldi. Toki o‘tib ketgunlaricha jiringladi. Biroz tindi-yu, yana jiringladi. Zayniddin cho‘ntagidan telefonini olishga majbur bo‘ldi. Ekranga qarab, omonat taqqan ko‘zoynagi tushib ketayozdi: Sevinch!

— Allo, Sevinch!

— Ha, yaxshimisiz? Nega qo‘ng‘iroqqa javob bermaysiz? Qayerdasiz?

— Menmi? Uxlab qolibman. Yotoqxonada.

— Aldamang, qayoqqa ketyapsiz? Yotoqxonadan chiqib ketayotgan emishsiz-ku!

— Yo‘g‘-yey, — Zayniddin shunday deb yonida hamon kulimsirab ketayotgan Mo‘’tabarga “jim” ishorasini qildi. — Dugonalaringiz hazillashgan. Xonadaman.

— Hozir qaytadan qo‘ng‘iroq qilaman, videoni yoqasiz.

— A?.. Ha... Bemalol!

So‘zlashuv tugagach, Zayniddin nima qilarini bilmay qoldi. U tez-tez yurib, darvoza tomonga shoshildi. Telefon yana jiringladi. Zayniddin orqa tomonga qaradi. Uzoqda qolgan kuyovto‘ra o‘rnidan turib shu tarafga kelardi. Zayniddin jig‘ibiyron bo‘ldi. Telefon tinib, yana jiringladi. Bu safar Hilola ekan.

— Zayni, nega anqayasan? Yuringlar yana. Anovi yigit orqalaringdan tushgan.

— Orqamizdan nima bor unga? Indamay o‘tirsin-da!

— Boplab tumshug‘ini ezib qo‘y shuni, Zayni!

Telefoni band bo‘lib turishi kerakligini o‘ylagan Zayniddin sotkani Mo‘’tabarga uzatdi:

— Mana, gaplashing, faqat uzib qo‘ymang.

— Hilola opammi? Voy, nimani gaplashaman hozir?

— Bilmadim, hayot haqida.

Zayniddin shu damda faqat Sevinchni o‘ylardi. Demak, dugonalari unga xabar qilishgan, balki suratga olib ham ulgurishgandir. Endi nima bo‘ladi? Qanday bahona topsa ishonarli chiqadi? O‘ylash, yaxshilab o‘ylash kerak. Sevinchni shoshirib qo‘yadigan gap o‘ylab topish kerak.

— Hilola opam siz bilan gaplashmoqchi, — dedi Mo‘’tabar telefonni uzatib.

— Allo, ha, nima deysan? — jahl qildi Zayniddin.

— Zayni, gaplash anovi ayiq bilan. Orziqulovning imtihonidan o‘tish oson emas, aytib qo‘yay.

— Bo‘pti, sen qo‘yib qo‘yma, — Zayniddin telefonni qaytarib Mo‘’tabarga berdi.

Yana ancha yurishdi. Kuyov bola ularga yaqinlashib qolgan edi.

— O‘v, dumg‘aza! — deb baqirdi Zayniddin unga burilib. — Nima, shpionmisan? Nega ortimizdan qolmayapsan? Agar seni mana bu qiz qiziqtirsa, menga tegishli bu! Senga esa, ana, katta ko‘cha! Biz bir-birimizni... haligi... sevamiz. Tushundingmi? Qani, tuyog‘ingni shiqillat-chi!

— Ha, bir-birimizni sevamiz, — deb qo‘ydi Mo‘’tabar ham.

Yigit biroz talmovsiradi, so‘ng yanada yaqin keldi.

— Aka, siz bilan alohida gaplashib olsak bo‘ladimi?

— Men bilan, alohida? — ko‘ksiga urdi Zayniddin. — Xohlagan joyingda gaplashaman. Qo‘rqadi deb o‘ylayapsanmi? Basharangni shaxmat taxtasi qilib tashlayman.

— Nimani gaplashasizlar? — oraga qo‘shildi Mo‘’tabar.

— Siz huv anovi joyga borib, muzqaymoq yalab o‘tiring, — dedi unga Zayniddin. — Xotirjam bo‘ling. Hammasi joyida.

Mo‘’tabar orqasiga qarab-qarab kafe tomonga ketdi. Zayniddin esa iyagini oldinga cho‘zib, ikki qo‘lini beliga tiradi.

Yigitcha xushmomala, odamoxun ekan. Ismi Yazdon ekanligini aytib, qo‘l cho‘zdi. Mo‘’tabarni anchadan buyon sevishi, usiz yashay olmasligini aytib dardi hol qildi. O‘zi ham poytaxtda o‘qir ekan. Mo‘’tabar bilan kelajagini bog‘lamoqchi bo‘lgani, kelgusida poytaxtda qolishni rejalashtirganini bayon qildi. Hammasi haqida qizga aytish uchun kelganida bugun shu holning ustidan chiqibdi.

Zayniddin dastlab kekkayib turdi, keyin unga rahmi keldi. Yazdon baxt tilayotganida sekin pichirladi:

— Og‘ayni, iltimos, ertagacha chidab turing. Men imtihondan o‘tib olay.

— Tushunmadim, aka.

— Keyin tushuntiraman. Men o‘zim sizni topaman. Hozir esa yolg‘ondakam yoqangizdan ushlab siltab yuboraman, siz indamay ketasiz. Ishonavering, hammasi yaxshi bo‘ladi.

— X-x-o‘-p, ishondim, aka...

Zayniddin Mo‘’tabarni ishontirish uchun Yazdonni qattiqroq siltagan edi, ko‘ylagini yoqa tugmasi uzilib, qo‘lida qolib ketdi...

— Zo‘r bo‘ldi, — dedi Zayniddin Mo‘’tabarning yoniga qaytib. — Endi ikki dunyoda ham oldingizga kelmaydi.

Mo‘’tabar xomush edi:

— Bekor qildingiz. Siltamasangiz ham bo‘lardi. Rosa xafa bo‘lgandir.

— Axir men... Hilola aytdi-ku! Siz...

— Mana, telefoningiz. Sevinch degani yuz marta qo‘ng‘iroq qildi... Namuncha tergovchi bo‘lmasa?!.

— Nim-ma?!.

Dushanba kuni imtihondan besh baho olgan bo‘lsa-da, Zayniddinning ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Shunga qaramay so‘zida turdi. Yazdon bilan telefonlashib, o‘tgan kungi muzqaymoq kafesi oldida uchrashishdi. Mo‘’tabar bilan Hilolani kutib o‘tirishdi.

Birozdan so‘ng ularning oldiga ikki qiz yaqinlashib kela boshladi: Mo‘’tabar va Sevinch...
Anvar Namozov

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Ijaraga olingan oshiq..."