Jeyn Broun Bressenden — nemis qizi.
Bundan ikki yil burun u bilan tanishgandim. Labbay? Yo‘q! Internetda emas. Shu yerda, Vatanimizda. ..
Biz Jeyn bilan Samarqanddagi Imom al-Buxoriy ziyoratgohida uchrashganmiz. Dastlab uni ko‘rganimda, e’tibor bermabman. Boshqa sayyohlar qatori sayohatga kelgandir-da, deb o‘yladim. Birozdan keyin boshqa tilda qizning tovushi eshitildi. U tarafga qaradim. Ilk marotaba ko‘rganim uchun uni ingliz deb o‘ylagandim o‘shanda. Negaki qizgina mendan besh-olti qadam narida turib, ingliz tilida gapirardi-da. U menga boyagidan ham yaqinroq kelib, yana nimalardir dedi. Gaplarini unchalik yaxshi eshitmadi-mu, har tugul menga gapirgani aniq edi. O‘rta maktabda, kollejda, keyinroq universitetda ham ingliz tilidan saboq olganim uchun bu tilni durustgina tushunardim. Ammo buni qarangki, haqiqiy chet ellik bilan hech muloqotda bo‘lmaganim sabab, uning tezlikda bergan savolini yaxshi anglolmadim.
Men qizning savoliga unchalik ravon bo‘lmasa ham tutilib-tutilib javob berdim. O‘zi nemis bo‘lishiga qaramay ingliz tilida so‘zlaganini va bir nechta tilni bilishi e’tiborimni tortdi.
O‘sha kuni aftidan unga yoqib qoldim, shekilli, mendan telefon raqamimni so‘radi. Men esa unikini… Men uni yoqtirib qoldim. Yo‘q, bu siz o‘ylagan narsa emas. Bu shunchaki…
Uyga keliboq, ingliz tilini o‘zimdan ko‘ra yaxshiroq biladigan tarjimon topishga kirishdim. Chet tilini biladigan tanishlarimni xayolimdan o‘tkazdim. Keyin miyamga yarq etib, bir fikr keldi: «Inglizcha-o‘zbekcha» so‘zlashgich olaman». Kechki tamaddi paytida Jeyn haqidagi taassurotlarimni oila a’zolarim bilan baham ko‘rdim. Oqshomda yotishga shaylanib, yana uni o‘yladim.
Ertalab nonushtadan keyin ko‘chaga oshiqdim. Bo‘sag‘aga yetganimda oyim:
— Ertalabdan qayerga otlanding? — deb so‘radi.
— So‘zlashgich olgani, — javob qaytardim.
Oyim indamadi. Negaki kechqurun kerakli narsani tezda olishim zarurligini aytgandim-da. Ko‘chaga chiqib, to‘g‘ri kitob do‘koniga bordim va o‘zimga kerakli narsani olib, uyga qaytdim. Xonamga kirib, kechagina tanishgan nemis qiziga qo‘ng‘iroq qildim. Bu so‘zlashgich degani ajoyib narsa ekan. Qiynalib tuzadigan jumlalarni o‘n soniyada varaqlab topib o‘qiyverarkansan. Xullas, qo‘ng‘iroqlashib, qiz bilan uchrashdim.
— To‘liq ismim Jeyn Broun Bressenden, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha mutaxassisman, yaqinda fan doktori bo‘laman, — dedi mehmon qiz suhbatimiz avvalida. — Otam angliyalik, onam Berlinda tug‘ilgan. Ular sevishib turmush qurishgan. Keyin dadam ham Berlinda yashab qolgan, — dedi Jeyn stol ustidagi qahvadan ho‘plab.
— Yoshing nechada? — so‘radim xijolat bo‘lib.
— Yigirma to‘qqizdaman, — dedi u hech ikkilanmay.
Qizning javobini eshitib, o‘ylanib qoldim. Axir Jeyn mendan olti yosh katta-ku. Men bo‘lsam, ko‘rinishidan o‘zim tengi yoki bir-ikki yosh kichik bo‘lsa kerak, deb o‘tiribman. Lekin Jeyn bunga parvo qilmasdi. Suhbatlasharkanmiz, u aytayotgan gaplardagi tushunmagan jumlalarimni so‘zlashgichdan qidirib qolardim. Jeyn bo‘lsa, so‘zlashgichni qo‘limdan tortib olib, tushuntirishning boshqa yo‘llariga o‘tar, goh imo-ishoralar, goh yuz mimikalari orqali nima demoqchiligini anglatardi.
Qizning aytishicha, yurtimizga ilmiy tadqiqot ishlari, ya’ni qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va hosildorlikni oshirish, paxta, bug‘doylarning yangi navlarini yaratish bo‘yicha olimlarimizdan malaka oshirgani kelibdi. Xullas, shu tariqa ishoralar, mimika, so‘zlashgich hamda bilganlarimni ishga solib, u nima desa hammasini tushuna boshladim.
Bir necha kundan keyin tushlik payti Jeyn bilan yana ko‘rishdim. Shunda «Jeyn Bressendenga butun diyorimizni ko‘rsataman». degan o‘y keldi miyamga. So‘ng undan:
— Hozir qayerda turibsan? — deb so‘radim.
— Mehmonxonada!
— Mehmonxonada?
— Ha!
— E, yo‘q, — dedim men. — Bunaqasi ketmaydi.
Amallab Jeynni biznikida turishga ko‘ndirdim. Qiz ertaga ko‘chib o‘tishini aytdi va biz xayrlashdik.
Uyga keldim. Dadam bilan oyimga hammasini aytdim. Ular men chiqargan bu qarorga xayrixoh bo‘lishdi. Oqshom mahali qizning gaplarini o‘ylab, vujudimda misli ko‘rinmagan sevinchni tuydim va quvonch shu og‘ushida uyquga ketdim.
Ertasiga tushlik payti Jeyn biznikiga ko‘chib keldi. U biznikida chamasi olti oylar yashadi. Bu vaqt mobaynida uni shahrimizdagi, qo‘yingki, respublikamizdagi ko‘pgina ziyoratgohlaru, tomoshabop joylarga sayrga, to‘ylarga olib bordim. U joylardan qaytarkanmiz, berlinlik qadrdonim tassurotlari haqida, O‘zbekistonimiz haqida jo‘shib gapirardi. Men esa bundan zavqlanardim.
Bir kuni Jeyn bilan shahardan qaytayotgandik. Mahallamiz oqsoqoli meni chaqirib, qizning kimligini so‘radi. Men bor gapni aytdim. Shunda oqsoqol:
— Yasha, bolam, xo‘p yaxshi ish qilibsan. O‘zbek xalqi azaldan mehmondo‘st xalq, — dedi yuzidagi shodlikni yashirolmay. So‘ng mendan Jeynni chaqirishimni so‘radi. U keldi. Oqsoqol esa «Barakalla qizim, bizning yurtimizni tanlab adashmabsan. Zotan, o‘zbek diyoridagidek tilla tuproq, bunday musaffolik, mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik boshqa elatlarda yo‘q!» — dedi.
Oqsoqolning hayajonga to‘lib-shoshib, o‘z ona tilimizda aytayotgan gaplarini mehmonimiz tushunmagan bo‘lsa ham jim turib, itoatkorona eshitdi. Keyin oqsoqolga termilib:
— Rakmat, yurtingiz menga yokdi, iloji bulsa shu yerda kolardim, — dedi Jeyn.
Men garchi nutqimizni biroz buzib gapirgan bo‘lsa-da, uning ilk marta o‘zbek tilida aytgan so‘zlarini eshitib, benihoya hayajonlandim. Qiz olmosdek yonib turgan nigohi bilan menga termilib jilmaydi. Xolbuki biror so‘z aytishga zabonim ojiz edi. Yuragimda milliy g‘urur, iftihor tuyg‘usi mavj urardi. Axir men berlinlik qizga o‘z ona tilimni o‘rgata boshlagandim.
Shu kuni men hech kimga hech narsa demadim. Yuragimdagi shodlik hissi Jeyn sharofati bilan o‘n barobar oshdi. U endi nafaqat hayotimizni, balki tilimizni ham o‘rganayotgandi. Endi u men bilan o‘zbek tilida so‘zlashishi mumkin edi. «Ehtimol, u ham menday sevinayotgandir», deb o‘ylab, Jeynning xonasiga o‘tdim. U divanda o‘tirib, rasm tomosha qilayotgan ekan. Suratda malla rangdagi baland imorat, kichikkina hovli, hovlida esa nihoyatda chiroyli kuchukchaning tasviri bor edi (Bu suratni uning qo‘lida avvallari ham ko‘rganman, bu mening uyim degandi Jeyn). Qiz eshikdan mo‘ralaganimni sezmay, qo‘li bilan rasmning yuzini siypaladi. Tushundim, u shu lahzada his qilayotgan tuyg‘ularni tushundim. Jeyn Broun Bressendenni shu tobda sog‘inch hissi qiynayotgandi. Yurt sog‘inchi, tuproq sog‘inchi, ota-ona, uy sog‘inchi…
Biz unga qanchalik yaxshi munosabatda bo‘lmaylik, kishining tug‘ilib o‘sgan joyi, ota-onasi, muqaddas tuprog‘i bo‘lak ekan, o‘zga yurtda aslo mehrga qonmasligini o‘sha kuni ilk marta tushundim. Unga oltindan uy bering, mehrning zarrachasini bosa olmasligini angladim. Tug‘ilganda shu zaminga to‘kilgan kindik qoni evaziga, so‘nggi manzilga ham ana o‘sha zamindan ketishi kerakligini his etdim. Bularning bari sog‘inch edi, mehrli va qaynoq sog‘inch…
Jeyn nonushta vaqtida bizga ko‘zlagan maqsadlariga erishganini, endi ortga qaytish payti kelganini aytdi. Uning ketishi haqida eshitib, boshimdan muzdek suv quyilganday bo‘ldi. Qizga juda o‘rganib qolgandim. Qolaversa, juda yaxshi ko‘rardim uni…
Jeyn bilan samolyotga chipta olgani bordim. Uch kundan keyin uchadigan bo‘ldi. Biz qo‘shnilarni chaqirib, mehmonimiz Jeyn Broun Bressenden sharafiga xayrlashuv kechasi uyushtirdik. Hamma xursand edi. Faqatgina ko‘nglim zim-ziyo. Vaholangki buni hech kimga bildirmadim. O‘zimni qancha bardoshli qilib ko‘rsatishga urinmay, shuncha zaiflashib borardim. Berlinlik qadrdonim meni tashlab ketayotgandi… Endi qayta ko‘rishamizmi, yo‘qmi, yolg‘iz Xudoga ayon edi…
Aeroport…
Dadam, oyim, men va Jeyn…
Menda u bilan tushgan suratlar ko‘p edi. Suratlardan-da bisyor xotiralar qoldi. Lekin ketar chog‘i Jeyn menga shunday narsa qoldirdiki, uni umrim oxirigacha qorachig‘imdek avaylayman. Uning tuhfasi — malla rangdagi baland imorat, kichikkina hovli, hovlida esa nihoyatda chiroyli kuchukchaning tasviri…
Keyin u mening yuzimdan o‘pib, shunday dedi:
— Rahmat, seni yaxshi ko‘raman!..
Jeyn nutqni buzmasdan ta’kidlagan bu so‘zlarini xayrlashish oldidan menga aytish uchun olti oy, ha, olti oy tayyorlanganligi bilinib turardi. Jeyn olg‘a bir qadam bosdi, keyin to‘xtab, sumkachasini ochdi-da, undan kichikkina bankani oldi. Bankada ona yurtimning bir hovuch tuprog‘i bor edi. Shundoq ham namlanib turgan ko‘zimda yosh qalqdi.
Samolyot yerdan ko‘tarilgandan keyin Jeynning tuhfasiga uzoq termildim. Bir mahal oyim suratning ortiga nimadir yozilganini aytdi. Rasmni ters o‘girib qaradim va ko‘rganimni ovoz chiqarib o‘qidim:
— O‘zbekiston, onajon maskan,
Hech yerda yo‘q, qiyosi, tengi.
Sog‘inaman, sog‘inchli vatan,
Mendan ortiq sevding sen meni…
Xayr, qimmatli do‘stim, qayta ko‘rishish yoki ko‘rishmaslik Tangrining xohishida. Seni sog‘inib Jeyn Broun Bressenden!»
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
Farg‘onada noqonuniy valyuta savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi
Sharmandali mag‘lubiyatdan keyin murabbiy futbolchilarni qamab qo‘ydi
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi
Iroqda 37 yilda ilk bor aholi ro‘yxatga olinib, ularning soni ochiqlandi