Bir nafas barcha ishingizni chetga surib, kundalik hayotingizga nazar soling: baxtlimisiz?
Psixologlar insonning baxtli yo baxtsiz ekanini uning bir qarashidan ham payqab olish mumkin, deyishadi. Boisi, ko‘z azaldan qalb ko‘zgusi sanalgan. Donishmandlar: «Sen atrofda go‘zallikni ko‘ryapsanmi — bu qalbingdan, kirni ko‘rayotgan bo‘lsang — bu ham qalbingdan», — degani bejiz emas… Chunonchi, kun barcha uchun birdek boshlanadi, lekin uni hamma har xil o‘tkazadi, baholaydi va turlicha yakunlaydi. Siz ham ko‘zgu olib, ko‘zlaringizga, atrofingizdagilarga qadayotgan nigohingizga bir nazar soling-chi: siz baxtlimisiz?
Inson ulg‘aygani sayin, uning mas’uliyati ham, majburiyati ham «ulg‘ayadi». Bolaligida baxtni o‘zi yaratgan bo‘lsa, bora-bora negadir uning quliga aylanib boradi. Uning endi vaqti yo‘q… U doim band... Ishlari juda ko‘p... Mo‘l pul topishi zarur... Yashash esa juda og‘ir... Ishi o‘ta mas’uliyatli... Oxir-oqibat o‘z hayotiga egalik qilishdan to‘xtagan inson o‘zidagi eng katta xazina — ozod qalbini yo‘qotadi. Qalbi tutqunda bo‘lganlar esa doim o‘zgalarga jahl qiladi, zahrini sochadi, adovat bilan olamga qaraydi, har narsani tanqid qiladi, hamma narsadan kir qidiradigan bo‘lib qoladi. Negaki, ular o‘zlarida, o‘z ichki olamida halovat topa olmaydilar.
Bu hayotda hamma narsa nisbiy. Biz uchun foydali narsa boshqaga zarar keltirishi, bizning muvaffaqiyatimiz kimningdir mag‘lubiyati bo‘lishi turgan gap. Demak, baxt g‘alabada emas. Yutuqda ham emas. Zero, boshqaning baxtsizligi evaziga baxtli bo‘lishning iloji yo‘q.
Kishi qandaydir kunni kutib yashaydi. O‘ylaydiki, o‘sha kun keladi va u baxtli bo‘ladi. Asl baxt esa — so‘nggi manzilda emas, balki unga eltguvchi yo‘lda ekanini unutadi.
90 yoshli... o‘quvchi
Bir ertak o‘qigandim: Olimjon degan bola juda-juda baxtli bo‘lishni istardi. U bir kun kelib, albatta, bunga erishishini bilardi. Biroq u hali maktab o‘quvchisi edi, xolos. Bir kun g‘alati voqea sodir bo‘ladi: qayerdandir uning qo‘liga sehrli ip tushib qoladi. Agar bu ipni biroz tortsa, vaqt — daqiqalab, kuchliroq tortsa — haftalab, zarb bilan tortsa — oylab, bor kuchi bilan tortsa — yillab o‘tib ketardi. U darsda o‘tirganida ipni biroz tortadi va uyida bo‘lib qoladi. Tez orada maktab uning joniga tegadi va u tezroq ulg‘ayishni xohlaydi — ipni kuchliroq tortadi. Endi u talaba. Oldida Oydin — kursdoshi. U juda chiroyli, odobli, mehribon qiz. Lekin Olimjon hech nimadan qoniqmaydigan bola. Unga nimadir kerak, nimadir yetishmayapti. U haliyam baxtli kun kelishini kutyapti. U ipni yana tortadi. Bir onning o‘zida ancha yil o‘tib ketadi. U 30-35 yoshlar oralig‘ida. Oilasi, bolalari bor. Ishi yaxshi, ro‘zg‘orini tebratib turibdi. Ipni qattiqroq tortib, ko‘rdi: ota-onasining sochlariga oq, yuzlariga ajin tushgan, belidan mador ketgan edi. Biroq Olimjon hali ham baxtli emas edi, aksincha, endi uning butun hayoti tashvish-u muammolar bilan to‘lib-toshib yotardi. U jahlda ipni bor kuchi bilan tortdi: keksa bir mo‘ysafidga aylandi. Yolg‘iz. Bolalari o‘zlari bilan o‘zlari bo‘lib ketgan.
Shu on hayotida Olimjon ilk bor to‘qson yillik umrning har bir soniyasi mo‘’jizaviy kuchga ega ekanini his qilmay yashaganini anglaydi. U aslida yashamagan edi, shunchaki, mavjud bo‘lgan, hayot oqimida suzgandi, xolos. Asl baxt esa u kutgan qandaydir kunda emas, o‘sha kunga eltguvchi yo‘lning har bir qarichi va soniyasida edi.
Yaxshiyamki, bu bir ertak, xayol. Ertaklar esa doim yaxshilik bilan tugaydi. Olimjon bor vujudi bilan barchasi avvalgi holiga qaytishini so‘rab Yaratganga iltijo qiladi. Ko‘zlarini ochsa, u yana maktab o‘quvchisi, o‘sha-o‘sha Olimjon… Endi u baxtni kutmas, har narsadan ijobiy tomonni izlab, barchasini yaxshilikka yo‘yar, ko‘ringanga tabassum ulashib, hayotining har lahzasida iloji boricha ko‘proq savobli ish qilishga urinadigan umr sohibi edi.
Endigi hayoti haqiqatdan unga baxt keltirardi...
Nega shunday?
O‘ylab ko‘ring, bu hayotda baxtli yashash uchun insonga nima kerak? Chek-chegarasiz ehtiyojlarimiz o‘zimizni baxtsiz qilib qo‘ymayaptimikin? Har kuni qayerga shoshamiz? Hamma narsani tanqid qilamiz. Nega o‘z hayotimizni o‘zimiz murakkablashtiramiz? Nima uchun o‘zimizni, o‘y-xayol va fikrlarimizni taftish qilmaymiz? Qandaydir qog‘ozlarni insondan afzal ko‘rishimiz boisi nimada?
Inson o‘zini solishtirishi kerak bo‘lgan yagona kimsa — uning ichki «meni». Umr yo‘li o‘zi qisqa. Uning butun go‘zalliklaridan bahramand bo‘lib yashamoqlik uchun bir inson umri ozlik qiladi. Faqat baxtsizlargina o‘zgalarni baxtsiz qilishga intiladi, o‘zgalar baxtini ko‘ra olmaydi.
Agar har bir inson oldidagi hech bo‘lmaganda bir insonni baxtli qila olganida edi dunyo baxtiyor kishilarga to‘lib ketardi. Buning uchun har birimizning hisobimizda kuniga 24 soat muntazir. Uning har lahzasini bir-birimizni baxtiyor etishga sarflasak, o‘z nigohimiz bilan olamga, oz bo‘lsa-da, ezgulik nurlarini yog‘dira olsak, bundan ortiq baxt yo‘q, aslida.
Nargiza DAMINOVA
Manba: od-press.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»