
Ruhingiz tushkun, kayfiyatingiz rasvo. Hech o‘zingizga kelolmayapsiz. Xatolaringiz ko‘p, ba’zilaridan vijdoningiz qiynalyapti. Bu holatda uzoq qolib bo‘lmaydi.
Ko‘zlaringizni yuming, chuqur nafas oling. Xato qilish ayb emas, uni tushunmaslik, to‘g‘rilamaslik ayb.
Siz hozir, eng muhimi, xatongizni anglab yetdingiz. O‘ylab ko‘ring, hech qachon xato qilmay, tajriba to‘plab bo‘ladimi? Hayotiy tajriba tekinga berilmaydi, axir. Uning badali xatolardir. Agar bugun qoqilmaganingizda qilgan ishingiz noto‘g‘ri ekanini bilmas edingiz.
O‘tgan ishga kuyunish — vaqtni isrof qilish. Ko‘ngilsizlikni unuting, undan olgan sabog‘ingizni saqlab qo‘ying. Tasavvur qiling: xato qilib, tajriba sotib oldingiz. Axir ajdodlarimiz bejiz «mingta nasihatdan ko‘ra bitta musibat foydali» deyishmagan.
Ortiqcha siqilish muammolarni ko‘paytirishini bilasizmi? Sog‘lig‘ingiz, ishingiz, do‘stlaringiz bilan munosabatingiz, oilaviy muhit, farzandlar tarbiyasi foydasiz kuyunish evaziga izdan chiqishi hech gap emas. Haqiqiy fojia ana shunda paydo bo‘ladi. Unutmang, ertaning bugundan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishi hozirgi harakatingizga bog‘liq.
Dunyo psixologlarining quyidagi fikrlari sizni bir qadar o‘z-o‘zidan qoniqmaslik kayfiyatidan xalos qiladi:
- Hech qachon mukammal bo‘lishga intilmang!
- Kimgadir yaxshi ko‘rinishga o‘zingizni majbur qilmang.
- Sizga yoqmagan, yordam berishni istamagan kishilarga yaxshilik qilishday ish bilan o‘zingizni qiynamang.
- Muammolar atrofida ortiqcha siqilmang. Ayniqsa, orqaga qaytarishning imkoni bo‘lmagan xatolar uchun asabiylashmang.
- Xohishlaringiz uchun o‘zingizni ayblayvermang.
- Sizga yoqmayotgan munosabatlardan voz keching.
- Vaqtingiz va imkoniyatingizga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilmang.
- Kimningdir xatosi uchun o‘zingizni javobgar deb hisoblamang.
- Odam o‘zini yaxshi ko‘rishi, hurmat qilishi kerak. Xudbinlik va o‘zini yaxshi ko‘rish orasidagi farqni ajrata biling.
Hammaning istagan vaqtida yolg‘iz qolishga, mustaqil bo‘lishga, bergan narsalarini so‘rab olishga, xato qilishga va xatolari uchun javob berishga haqi bor.
Dilorom SA’DULLAYeVA,
psixolog
psixolog
Manba: od-press.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar