06:01 / 16.02.2018
5 418

O‘zni kechirmoq baxti...

O‘zni kechirmoq baxti...
Shunday xatolar bo‘ladiki, yillar o‘tsa-da, vijdon so‘rog‘i insonni tinch qo‘ymaydi. Goh uyqusi, goh tabassumini o‘g‘irlaydi.

Hayotining qaysidir pallasida qilgan xatosini kechira olmaydigan kishi o‘sha yukni o‘zi bilan ko‘tarib yuradi. Ruhiy holat tan sihatlik bilan bevosita bog‘liq ekanini hisobga olsak, inson ruhiyatidagi bu o‘zgarishlar uning salomatligiga ham ta’sir etmay qolmaydi.

Aslida har bir insonning hayotiy haqiqati bo‘ladi. U o‘z dunyosidan kelib chiqib, atrofdagilarga va o‘ziga baho beradi. Shu sabab soddaligi, go‘lligi, ojizligi oqibatida xato qilgani yoki baxtsiz bo‘lib qolganini anglaganida, eng muhim tirgak — o‘ziga va haqligiga bo‘lgan ishonch yemiriladi.

— Odamlarning o‘zini tushunishi, xatolarini tahlil qila olishi — xatti-harakatlarini nazorat qilish imkonini ta’minlaydi, — deydi psixologiya fanlari nomzodi Nigora ShOMURODOVA. — Ammo inson doimiy o‘zini so‘roq qilishi, ko‘ngli to‘lmasligi va aybdorlik hissi bilan yashashi bora-bora uni asabiy, tajang, jizzaki, yig‘loqi qilib qo‘yadi. Bu holat uzoq davom etsa, asab tizimi muvozanati buzilishi va ayrim ruhiy xastaliklarga olib kelishi mumkin.

Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, odamlar aksar hollarda shaxsiy hayoti, oila a’zolariga bog‘liq muammolarda o‘zini kechira olmaydi. Ish yoki o‘quv faoliyatiga oid damlarda bu kamroq uchraydi. Ya’ni nafaqat xatoning katta-kichikligi, balki odamlarning ko‘ngilga yaqinlik darajasi ham ahamiyatga ega bo‘larkan.

O‘ziga berilgan baho
Inson o‘ziga tasalli bera olish va aksincha aybdorman, degan fikrni shuuriga singdirishi o‘zini kechira olish yoki olmaslik tafovutini keltirib chiqaradi.

"Bajaraman" deya olg‘a intiluvchi odamlar vaziyat qurboniga aylanmaydi. Biroq arzimagan xato uchun o‘zini tergaydigan, kamsitadigan, imkoniyatlarini to‘la chamalay olmaydiganlarning o‘ziga beradigan bahosi past bo‘ladi. Har qanday ishning oxirida hikmat bor, E’tibor qiling: o‘ziga yuqori baho beradiganlar har qanday hodisada, avvalo, birovlarni aybdor biladi va o‘ziga gard yuqtirmaslikka tirishadi. O‘ziga real baho beradiganlargina vaziyatni to‘g‘ri tahlil qilib, xatolaridan xulosa chiqaradi va olg‘a yurishda davom etadi.

Tanholik psixologiyasi
O‘zini kechira olmaslik, ko‘pincha, tanholik, odamovilikka olib keladi. Mening aybim ko‘p, boshqalar bilan teng muloqotda bo‘lishga arzimayman, degan o‘y do‘stlar davrasidan, jamiyatdan uzilib qolishga olib keladi. Qolaversa, tushkunlik, depressiya, asabiylik shaxsiy hayot va kasbiy faoliyatdagi omadsizliklarga duchor qiladi. Odam ertangi kunga va o‘ziga ishonib yashamas ekan, fikr tobeligiga tushib qoladi.

Kechirim

O‘zni kechirish — birovga nisbatan kechirimli bo‘lishdan qiyin. Idishga zilol suv solishni niyat qilar ekansiz, avvalo, uni eski ichimlik qoldiqlaridan tozalash kerak. Inson qalbi ham shunday: o‘tmish xotiralari, aybdorlik hissidan xoli bo‘lmas ekan, olg‘a qadam bosolmaydi.

O‘zingizga xat yozing
Qo‘lingizda (kompyuterda emas) tuyg‘ularingiz, sizni qiynayotgan narsalar haqida yozing. Qayta va qayta, to o‘zingizda yengillik his etmaguningizcha yozavering. Qabulimga yordam so‘rab kelganlar orasida 20 martagacha xat yozganlar bor.

O‘zingiz bilan gaplashing
Vijdon so‘rog‘i boshlangan har vaqt ichingizdagi tanqidchi va senzorga qarshi chiqib, quyidagi gaplarni takrorlang: «Men o‘sha vaziyatda bundan boshqacha yo‘l tutolmasdim. O‘shanda eng to‘g‘ri ishni qilganman, hech narsada aybdor emasman. O‘tgan xatolar menga dars bo‘ldi, ulg‘aytirdi».

Ruhiy yengillik va... davom eting
«Men o‘zimni kechirdim. Qanday bo‘lsam, shundayligimcha o‘zimni qabul qildim. O‘zimni va atrofdagilarni yaxshi ko‘raman».

Qabulimga kelgan ayrim bemorlar mazkur jumlalarni avval pichirlab, keyin baqirib aytganlarini, 10-20-50 martalab qaytargach, o‘tmish xotiralari hamda ichki nafrat hissidan forig‘ bo‘lganlarini ko‘rganman.

Yutuqlar ro‘yxati va tosh
Yaxshi fazilatlaringiz, yutuqlaringizni qog‘ozga tushiring, qayta-qayta o‘qing va yillar davomida bu ro‘yxatni davom ettirishga harakat qiling. Kamchilik va nuqsonlaringiz, xatolaringiz, qalbingizda tugun bo‘lib yotgan gaplarni esa toshga aytib, suvga uloqtiring.
Shohsanam NIYoZOVA

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘zni kechirmoq baxti...