— Olti yil avval «Hordiq plyus» gazetasi tahririyatiga xat yozgandim. O‘shanda hayotim o‘nglanib ketishini juda istardim. Muxlislar bergan maslahatlar tufayli hayotimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ydim. To‘g‘risini aytganda, baxtimni topdim. Allohga shukr, peshonamga meni tushunadigan va qadrlaydigan inson bitilgan ekan. Hozir besh yoshli shiringina qizim bor. Shirintoyimga qarasam, meni shunday kunlarga yetkazganiga shukr qilaman. Uyimiz yo‘qligini aytmasa, biz nihoyatda baxtlimiz. Erim bilan bir-birimizni tushunamiz. U kishi nogironligimni umuman yuzimga solmaydi. Meni va qizimizni yeru ko‘kka ishonmaydi. Bu jihatdan ham baxti kulgan ayol ekanman, deyman o‘zimga-o‘zim.
Turmushga chiqqanimdan keyin otam Qibraydan uy olib berdi. Bir xonali bo‘lsa ham, boshpana edi. Bu uyda biz bir kun ham yashamaganmiz. Chunki xo‘jayinimning ishi shaharda edi. Qatnab ishlash og‘irlik qilardi. Shuning uchun biz shaharda ijarada yashadik. Chunki qaynonamning uyida ham odam ko‘p edi. U yerda tiqilib qolgan bo‘lardik, biroq ijarada turib ro‘zg‘or tebratish butkul og‘ir ekan. Xo‘jayinim bilan maslahatlashib, otam olib bergan uyni sotdik. Pulini olishimiz bilan kenja akamga qishlog‘imizdan birorta uy ko‘rishni so‘radim.
Akam qo‘limizdagi pulga qishlog‘imizda uy topilmasligini aytdi. Men ham ishondim. Qishloqqa borib, uy izlamadim. Akam uy topilguncha savdo qilish maqsadida pulning yarmini berib turishimni so‘radi. Men pulni berishga ikkilanganimda, onam telefon qilib: «Qizim, o‘sha uyni, aslida, akangning puliga olib berganmiz. Uni ranjitma, yozgacha berib tur. Bir yildan keyin qaytaradi. Agar akangga pul bermasang, seni oq qilaman!» dedi. Onam o‘rtaga tushgach, «Yo‘q» deyishga yuzim chidamadi. Kenja akamga pul berganimni eshitgan to‘ng‘ich akam ham qarz so‘radi. U birovdan mashina olayotgan ekan, qarzni tezda qaytarishga va’da berdi. Yana oraga sovuqchilik tushmasligi uchun rozi bo‘ldim.
Erim ham qarshilik bildirmadi. Biz besh yil ijarama-ijara yurib charchadik. Shu vaqt davomida sakkiz joyga ko‘chdik, lekin aslo halovat topmadik. Birovning uyi hech qachon o‘zingniki bo‘lmas ekan. Xullas, sarson-sargardonlikdan toliqdim va yordam so‘rab uydagilarimga telefon qildim. Akalarimdan pulni qaytarishni so‘radim. Kenja akam: «To‘xtab tur, senga uy olib beraman», deyishdan nariga o‘tmaydi. To‘ng‘ich akam esa: «Pulingni qaytarib berolmayman, singlim, biroq uyimning yarmini berishim mumkin. Menga uch yil ichida uch ming dollar to‘g‘rilab bersang bo‘ladi», dedi.
Akam kimdandir qarz bo‘lib, olgan mashinasini sotib qarzidan qutulgan ekan. Boshqa ilojimiz qolmaganidan keyin akamning taklifiga xo‘jayinim ham, men ham ko‘ndik va tezda ko‘ch-ko‘ronimizni yig‘ishtirib, akamnikiga jo‘nadik. Akamning roziligi bilan o‘rtadan devor olindi. Hamma narsamiz alohida bo‘ldi. Gaz bilan elektr energiyasidan tashqari. Qiynalib bo‘lsa-da, bir milliondan oshiq uyning to‘lovlarini to‘ladik. Biroq yetti oy ichida akamnikiga ko‘chib, katta xatoga yo‘l qo‘yganimizni tushundim.
Chunki akam bilan gaplashmaydigan darajada yuzko‘rmas bo‘lishimizga to‘g‘ri keldi. Qo‘ni-qo‘shnilarga, yaqinlarimizga: «Singlimning oilasiga yordam qildim. Kuyovim bilan singlimni o‘zimnikiga ko‘chirib olib keldim va sharoitlarini to‘g‘rilab berdim. Men bo‘lmasam, ko‘chada qolishardi», degan gaplardan xo‘jayinimning dili og‘risa-da, ko‘z yumdik. Nima eshitsak, eshitmaganga oldik, biroq akam bilan yonma-yon yashash kundan-kunga og‘irlashib bormoqda. Ko‘chib kelganimizdan buyon kunora pul so‘rab chiqadi. Yaxshi bo‘lib, pul beramiz, so‘raganimizda esa osmonni keltirib, yerga uradi. Urish-janjaldan to‘yib ketdim. Har ikki gapning birida uyidan joy berganini minnat qiladi.
Ota-onamga bu haqda gapirsam, ular o‘g‘lining yonini olib, o‘sha uyning pulini ular yig‘ib berishganini pesh qilaverishadi. Pul, aslida, akalarimniki ekan. Shunday kezlarda gap topolmay qolaman, alamim keladi, yig‘layman. Davlat menga ajratgan nafaqa puli qo‘limga kelib tegayotganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shu yillar mobaynida bu pulni o‘zlari olishgan. Men o‘sha pulni hech qachon so‘ramaganman. Uy olib berishgan bo‘lsa, uning pulini qaytib olishga haqim bor, deb o‘ylashadi.
Xullas, biz nihoyatda qiynalib ketdik. Erimning oldida ham yuzim shuvut bo‘ldi. Yana shu narsaga amin bo‘ldimki, men akamnikida uy-joy qilib yasholmas ekanman. «Bir qoringa siqqan qondoshlar nahot bir uyga sig‘maymiz?!» deb ko‘p o‘ylayman. Bundan ko‘nglim og‘riydi. Biz faqat shunday yashaymizmi yo hamma aka-uka, opa-singillarning turmush qurganidan keyin bir-biriga munosabati o‘zgararmikin? Hozir o‘sha uyni bekor sotdik, deb rosa afsuslanaman. Bugun mana shunday mojarolar qurshovidamiz. Bu ketishda o‘z oilamning inoqligiga ham putur yetishidan qo‘rqaman. Kreditga uy-joy olaylik, desak o‘n besh foizini oldindan to‘lash kerak. Aka-ukam bilan tortishib nimaga ham erishardim, deb ko‘nglim xijil. Nima qilishga hayronman? Maslahat bering…
Matluba YO‘LDOShEVA
— Mana shunday aka-uka, opa-singil o‘rtasidagi nizolar haqida o‘qiganimda bir rivoyat esimga tushadi…
Qadim zamonda Yoqutiston degan mamlakatda bir dengiz bo‘lgan ekan. Bu moviy dengizni ko‘rish uchun bir yigit kelib, uni uzoqdan tomosha qilib, keyin ortiga qaytib ketarkan. Kunlardan bir kuni dengizning narigi sohilida husnda tengi yo‘q sohibjamol parini uchratib qolibdi. Yigit bu pari qizni tomosha qilish uchun endi doim dengiz bo‘yiga keladigan bo‘libdi. Go‘zal pari ham suvdan chiqib, sohil bo‘yida biroz o‘tirib, yana suvga sho‘ng‘ib ketarkan.
Yigit unga yaxshilab razm solib, boshidan bel qismigacha ayol suvrati, belidan quyi qismi esa baliqligini bilib qolibdi. Shunda ham undan nigohini uzmay, uni tomosha qilishda davom etaveribdi.
Bora-bora yigit suv parisiga ko‘ngil qo‘yibdi. Qiz ham u bilan uzoq gaplashib ma’naviy ozuqa ola boshlabdi. Oshiq yigit unga sekin-asta quruqlikda yurishni o‘rgatibdi. Oradan bir yil o‘tgach, mo‘’jiza ro‘y berib, qizning oyoqlari paydo bo‘libdi. Shundan keyin pari qizning suvga sho‘ng‘ish odatlari yo‘qolibdi. Oshiq yigit qizning qo‘lini so‘rabdi. Ular turmush qurishibdi. Bir necha yillar o‘tgach, pari qiz farzandli bo‘libdi.
Buni qarangki, uning to‘ng‘ich farzandi kit-baliq edi. Er-xotin shunda ham Allohga shukrona qilib, farzandiga mehr qo‘ya boshlashibdi. Oradan kunlar o‘tibdi, kit ham ulg‘aya boshlabdi. U avval tog‘oraga, keyin hovuzga sig‘may qolibdi. Chorasiz qolgan oshiqlar uni dengizga qo‘yib yuborishga majbur bo‘lishibdi va undan tez-tez xabar olib turishibdi.
Oradan yana bir qancha yil o‘tgach, pari qiz yana farzandli bo‘libdi. Bu safargi farzandi — odam bolasi edi. Bundan xursand bo‘lgan pari qiz bu farzandiga alohida mehr-muhabbat ko‘rsatibdi. Asta-sekin kit farzandi ularning yodidan chiqib ketibdi va undan hech kim xabar olmay qo‘yibdi.
Yillar o‘tib, ikki sevishgan o‘zlaridan ko‘payib bir ovulni paydo qilishibdi. Tog‘dek zalvorli kunlar boshlanibdi. Ularning yurtiga qurg‘oqchilik kelibdi. Odamlar yeyishga hech narsa qolmaganidan keyin dengizdagi baliqlarni tuta boshlashibdi.
Dengizda bora-bora baliqlar ham qolmabdi. Pari qiz ham momoga aylangan bir paytda kenja o‘g‘li katta bir kitni ovlab ovuldagilarni mehmon qilibdi. Faqat pari momogina bu baliqni tanovul qilmabdi. Shunda kenja o‘g‘li: «Oyijon, necha kundan beri ochsiz, nega men olib kelgan xo‘rakni yeymadingiz?» — deganda, haligi ona o‘z farzandi yuziga bir shapaloq tortib debdi: «U akang — mening to‘ng‘ich farzandim edi. Men qanday qilib o‘z bolamga shafqatsizlik qilaman».
Ha, ayrim qondoshlarning orasi mana shunday olislab ketgan. Ular bir-birining tilini tushunmaydi. Ayrim ota-onalarga ham ba’zan hayron qolasan. Ular ham farzandini ajratib, mehr berishadi. Ularga farzandlaringizning o‘rtasida bemehrlik tufayli paydo bo‘layotgan nizolarga, aslida, o‘zingiz sababchisiz degimiz keladi. Axir yaxshisi ham, yomoni ham, sog‘i ham, bemori ham, qiz ham, o‘g‘il ham o‘z farzandingiz. Uni dunyoga keltirdingizmi, ertasi uchun birday qayg‘urishingiz kerak emasmi?
Shahnoza RAHMONOVA
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi