U yana g‘ujanak bo‘lgancha og‘riqning zo‘riga chidolmay ingradi. Eshikning haliyam tashqarisidan tambalanganini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ldi. Asabiy tishlarini g‘ijirlatdi: “Bu safar aniq o‘lib qolaman, qayerdan bo‘lsayam anavidan topmasam, ahvolim chatoq” deb o‘yladi. Hozir uning xayolida o‘sha zahri qotildan boshqa narsa yo‘q edi…
Javharbek oilada yakka-yu yolg‘iz o‘g‘il bo‘lib, o‘ziga to‘q xonadonda o‘sdi. Otasi shaharma shahar yurib biznes qilar, onasi esa hech qayerda ishlamas, uyda o‘tirib erining topganini latta-putta, taqinchoqqa sarflab, go‘yo hayot faqat boylik bilan qiziqdek, o‘zini xursand qilib yashardi. Ularning birdan-bir ovunchoqlari mana shu yakka-yu yolg‘iz o‘g‘illari edi. Shuning uchun erka o‘g‘ilning aytgani-aytgan, degani-degan bo‘lib, sirtdan qaraganda Javharbek uchun hamma narsasi muhayyo, hech narsadan kam-ko‘sti yo‘q, bolaligi osuda o‘tayotgan eng baxtli bolalardan biri edi. Ammo, Javharbek yoshligidan hech narsaga zoriqmay o‘sgan bo‘lsa-da, ko‘ngli doim kemtik edi. Chunki otasini haftada, gohida oyda bir ko‘rar, hech ota-onasining bir oila bo‘lib jamuljam dasturxon boshida o‘tirganini eslolmasdi. Unga gohida otasining boshqa oilasi bordek tuyulardi. Javharbekning boshqa tengdoshlari qatori otasi bilan qayerlargadir borgisi, dildan gaplashgisi kelar, lekin otasi o‘g‘liga bo‘lgan mehrini faqat pul bilan isbotlardi…
Ko‘ngil kemtikligini pul bilan to‘ldirib bo‘lmas ekan. Javharbek yaxshi kiyingani, doimo cho‘ntagida puli bo‘lgani uchun unga do‘st bo‘lishni istaydiganlar juda ko‘p edi. Ayni balog‘at yoshiga yetganda u o‘ziga ana shunday ko‘nglini ochsa bo‘ladigan “do‘stlar” topdi. Uning osuda, tinch hayoti ana shu do‘stlari orqali sarguzashtlarga boy bo‘ldi.
“Nega hammasi shunday bo‘ldi?” o‘yladi u. Axir boshqa erka bolalardek “maktabda o‘qimayman”, deb xarxasha qilmagan. Hamma fanlardan a’lo baholarga o‘qirdi. Xulqi ham yaxshi edi. Maktabni bitirgach, dadasi aytgan oliygohga emas o‘zi xohlagan muhandislik sohasi bo‘yicha oliygohga o‘z bilimi bilan eng yuqori ball to‘plab, o‘qishga kirdi. Nafisa ismli sinfdoshini yaxshi ko‘rardi. Nafisa ham uni yoqtirardi. O‘sha “do‘stlar”ga yo‘liqqach esa uning fe’l-atvorida, ruhiyatida o‘zgarish paydo bo‘ldi. Otasiga nisbatan norozilik yanada kuchaydi. Serzarda bo‘lib qoldi. “Do‘stlari” aytganidek, otasining boshqa oilasi borligiga aniq ishondi. Bu fikr uni serzarda, jizzaki qilib qo‘ydi. Otasiga bo‘lgan alam va nafratini unutish uchun do‘stlariga qo‘shilib qoradoriga o‘rgandi. Bu paytga kelib onasi ham negadir o‘ychan, xomush yuradigan bo‘lib qoldi. Endi otasining topgan boyligi-yu sovg‘a salomlari onasini avvalgidek xursand qilmas, qandaydir sirni Javharbekdan yashirayotgani bilinib turardi. Nafisa esa… Yigitning giyohvand bo‘lib qolganini bilib qolgach, avvaliga karaxt bo‘lib qoldi. Nafisa muhabbatidan darrov kechib ketmadi, ammo yigitga shart qo‘ydi. “Agar o‘zingizni davolatmasangiz, men siz uchun yo‘qman”, dedi.
Javharbek davolanishga va’da berdi-yu, ammo ortga suraverib, igna olishgacha yetib bordi. Aslida o‘shanda bor irodasini ishga solib davolansa bo‘larkan. Endi esa tobora ortga qaytish qiyinlashib ketyapti… Uning hamma joyi qaqshab og‘riy boshladi. Qaniyda o‘sha savil qolgurdan ozgina bo‘lsa… U eshikni mushtladi. Har doimgiday javob bo‘lmadi. Mana, uch kundirki, u uy qamog‘ida. Otasi Rossiyadan qaytgach, tajribali shifokorlarga ko‘rsatib davolatmoqchi. “Hozir ozgina bo‘lsa edi, — o‘ylay boshladi u, —keyin, mayli, davolanishga roziman”.
“Oyi!”, dedi u bor ovozi bilan eshikni mushtlab. Eshik ortida xizmatkor paydo bo‘ldi. Qadam tovushlaridan oyisi emasligini payqagan yigit o‘shqirdi: “Sen emas, oyim kerak menga, bor chaqir, o‘g‘lingiz o‘layapti, de”. Qadam tovushlari uzoqlashdi. Birpasdan so‘ng Javharbekning oyisi eshik yoniga keldi.
— Oyi, meni eshitayapsizmi, — dedi yigit ovozi qaltirab.
— Bolam, eshitayapman. Qani dardingga davo topolsam, o‘g‘lim.
— Eshikni oching. Men bilan gaplashing, axir sizdan boshqa meni kim tushunadi, oyi…
Ona, onaizor-da, ko‘ngli bo‘shadi. Ko‘zi yoshga to‘ldi:
— Ochsam to‘polon qilmaysanmi, anavidan topib ber, deb.
— Yo‘q, va’da beraman, to‘polon qilmayman. Faqat siz bilan gaplashib o‘tirmoqchiman. Axir shunga haqqim bordir?!
Ona o‘g‘lining gapiga ishondi. Jigarporasi bilan chin dildan gaplashgisi keldi. Eshikni ochdi. O‘g‘li onasi kutganidek to‘polon qilmadi. Faqat yugurib tepa qavatga chiqib ketdi. Ignaga o‘tirgandan beri chekadigan nashaga hojat qolmagandi. Endi esa o‘shanga ham zor. Yaxshiyam yashirib qo‘ygani joyida turgan ekan, topib olib, chekdi. Xayriyat xumori sal bosilganday bo‘ldi. Onasi tepaga chiqqanda o‘g‘lining “sigaret” chekib o‘tirganini ko‘rib, ko‘ngli xotirjam tortdi. Oyoqlarini kergancha devorga suyanib o‘tirgan o‘g‘lining yoniga kelib boshini siladi:
— Juda qiynalib ketding. Davolansang hammasi boshqacha bo‘ladi. Hayotingni boshqatdan boshlaysan. Uylanasan. Nevaralarimni o‘zim ko‘tarib katta qilaman. Faqat sen yaxshi bo‘lib ketsang bo‘ldi. Sendan umidlarim katta.
Negadir nashaning ta’sirdanmi yigitning miyasini tuman qoplagandek bo‘ldi. O‘zining tobora tubanlashib borayotganini, nashaga o‘rgangandan beri do‘zax azobiga duch bo‘lganini o‘yladi. U bunday kunlarni dushmaniga ham ravo ko‘rmasdi. Shunday paytlarda u bolaligidagi beg‘ubor lahzalarini sog‘inardi. Negadir doimo “qachonlardir qaytadan dunyoga kelsam, hech qachon bu xatoimni takrorlamasdim” degan umidli o‘y uni tark etmasdi. Onasining tizzalariga boshini qo‘ydi:
— Oyijon, esingizdami bolaligimda dadamni sog‘inib yig‘lagan paytlarim siz meni parkka olib borardingiz…
— Esimda, bir safar bir poy tuflingni yo‘qotib qo‘yganding. Dadangga yig‘lab aytganingda, uch jufti tufli olib kelib bergandi.
— Men o‘shanda tuflilarimning ko‘pligiga emas, dadamning kelganiga xursand bo‘lganman. Nafisani yaxshi ko‘rardim. U ham erga tegib ketdi.
— Daraxtni tepsang, qiz yog‘iladi. Senga atalgani ham bordir… Sen avval tuzalib ol. Ahvolingga qara, kimga o‘xshab qolding, — dedi onaizor o‘g‘lining ozib, soqollari o‘sib ketgan chehrasiga iztirob bilan qararkan. — Xuddi tarki dunyo qilgan odamga o‘xshaysan… Men endi ovqatga unnay. Senga o‘zim o‘z qo‘llarim bilan ovqat qilib beraman.
— E nima qilsangiz qilavering, menga baribir, — dedi Javharbek hafsalasizlik bilan qo‘lini silkib.
Yigitning miyasini katta bir qurt kemirayotgandek boshi g‘uvillay boshladi. Tushkunlikka tusha boshladi. Negadir unga hamma dushmandek ko‘rinib ketdi. Chekkan “sigaret”ining kayfi uncha uzoqqa bormadi. Yana boyagi og‘riq a’zoi-badanini qaqshatdi. Ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qoldi…
Otasi uning giyohvand ekanligini bilgandan beri pul bermay qo‘ygandi. Onasining puli turadigan xona ham qulf. U pastga tushdi. Oshxonada kuymalanayotgan onasining oldiga bordi. O‘g‘lining rangi oqarib, ko‘zlari bejo bo‘lganini ko‘rgan onasining yuragi shuvillab ketdi. “Yana lomkasi boshlandi, shekilli” o‘yladi u.
— Oyi, oyi-i-i, menga pul bering, — dedi u ingroq tovushda.
— Hozirgina binoyiday eding. Yana boshlandimi?
— Bu oxirgisi bo‘ladi… Davolangunimcha shu narsani iste’mol qilmasam o‘lii-i-i-b qolaman.
— Berolmayman o‘g‘lim, — dedi onasi iloji boricha vaziyatni yumshatishga urinib.
Shu tobda onasi uning ko‘ziga baloday ko‘rinib ketdi. Yaxshi ko‘rsa, bolasining shunday qiynalayotganini ko‘rib pulini ayaydimi? Bularning bari dushman.
— Sizlar menga dushmansiz, meni avvaldan yomon ko‘rgansizlar. Dadamga ham, sizga ham keragim yo‘q. Biron marta boshimni silab, erkalamagansizlar, men bilan dildan suhbatlashmagansizlar. Shuning uchun men darddoshni ko‘chadan izladim…
Onasi o‘g‘lini shashtidan qaytarish uchun yaqinlashgandi… u shartta onasini turtkilab yubordi, xalatini titkilab, kalitlarni olib qo‘ydi. Onaizor o‘g‘lining orqasidan qo‘l cho‘zgancha qolaverdi.
… Qo‘liga ikki dasta pulni olgancha ko‘chaga otildi. Eski tanishining uyiga yo‘l oldi. Darvozani joni boricha taqillatdi. Eshikni uyqusiraganidanmi, ko‘zlari qizarib ketgan bir erkak ochdi. Javharbekni ko‘rib ko‘zlari chaqnab ketdi.
— Aka, anavidan topib bermasangiz ahvolim chatoq, — dedi Javharbek hansirab.
— O‘shanga loyiq puling bormi ishqilib? Anavu kungidek qarzga beradi, deb o‘ylasang, xato qilasan, — dedi u ishshayib.
— Yo‘q qarzgamas, mana qarzimni ham uzaman, faqat tezroq bering, — dedi u bir dasta pulni tutqazib.
…Javhar yo‘lakda behol o‘tirgan onasiga ham qaramay, o‘z xonasiga yugurdi. Eshikni ichidan mahkamlab oldi.
— Yana shu zormandani topib keldingmi?! — dedi onasi uning eshigini mushtlarkan yig‘lagudek bo‘lib.
— Oyi, keting bu yerdan, — dedi o‘g‘il zarda bilan, — keting hech kimdan hech narsa olganim yo‘q, meni tinch qo‘ying! Men dam olmoqchiman, keting!
Onaizor noiloj eshik oldidan uzoqlashdi.
Yigit fursatdan foydalanib yashirgan joyidan shprislarini oldi. Har doimgiday o‘ziga ukol urdi. Boshini devorga tiragancha bir zum tek qotdi. Keyin hamma narsani unutdi…
Qancha yotganini bilmaydi. Uyqudan uyg‘onganida negadir boshi og‘irlashgandek, lanj bo‘lib turdi. Quyosh ufqqa yonboshlayotgan mahal bo‘lgani uchun xona ichi qorong‘ilashgan edi. U o‘rnidan turib o‘tirdi. Yana hamma joyi qaqshab og‘riy boshladi. Shunda qoradorining kuchi avvalgidek uzoqqa bormayotganini, uni iste’mol qilish vaqti tobora qisqarib borayotganini, oldingidek lazzat ololmayotganini his qildi.
“Ertaga, ertaga dadam kelsin, borib davolanaman. Keyin hamma-hammasi boshqacha bo‘ladi. O‘qishimni davom ettiraman, uylanaman, mashina olaman — odamlarga o‘xshab yashayman. Lekin hozir… hozir anavi zormandadan oxirgi marta ukol qilmasam bo‘lmaydi”.
U yana shprisni qo‘liga oldi. Ta’siri anchagacha yetishi uchun bu gal u dorini shprisga har doimgidan ko‘proq tortdi. Keyin ko‘zlarini yumgancha bilagiga ninani tiqdi. U yana osmonu falakda ucha boshladi… Bir zumga, bir zumginaga bolaligiga qaytgandek bo‘ldi. Ko‘z oldida mittigina, oq kuchukcha bilan varrak uchirib chopqillab yurgan do‘mboqqina bolakay — o‘zi gavdalandi. Negadir osmon juda yorug‘ edi. Faqat bolalikdagina ana shunday yorug‘likni his qilishi mumkin edi. U bir zumgina o‘sha yorug‘likni his qildi. Keyin osmon toraya boshladi. Osmondagi varragi chirpirak bo‘lib shiddat bilan yerga tusha boshladi. Go‘yoki Javharbek osmonu falakdan qulab tushayotgandek bo‘ldi. “Oyi!” degan ovozini o‘zi ham eshitmadi. Nafasi qisib hech qayerga sig‘may ketayotgandek bo‘ldi. Yoqalarini yirtib tortdi. Jon talvasasida o‘zini har yoqqa otdi. Ongi shuurida bir lahzagina “Hammasi tamom, nahotki hammasi tamom bo‘lgan bo‘lsa?”, degan o‘y o‘tdi. Keyin… keyin hech narsani anglolmay qoldi.
Tunda kelgan otasi onasi bilan eshikni buzib kirishganda o‘g‘illarining o‘lib yotganining ustidan chiqishdi. Farzandining ochiq qolgan ko‘zlarida cheksiz mung va iztirobni ko‘rgan ota, ilk bor o‘g‘lining boshini ko‘ksiga olib, sochlarini siladi, bo‘g‘ziga tiqilib kelgan faryodni to‘xtata olmadi…
Barno SULTONOVA
Manba: tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?