Sadiya kechasi bilan uxlolmay chiqdi. Yuragi chunonam siqilardiki, uning dardini faqat ayolgina tushuna olardi. Qayerdandir “tiq” etgan ovoz eshitildi va Sadiya o‘rnidan sapchib turdi. Shoshilib hovliga chiqdi. Hech kim yo‘q, “Shunday tuyildi, shekilli”, dedi pichirlab. Yana xonasiga qaytdi. O‘zini o‘ringa tashladi-yu, uvillagancha takror yig‘ladi. Ayol goh eriga, goh farzandsizlik dardiga kuyar, yetimligi sabab eri bilan ajrashib ham ketolmasdi. Boradigan joyi, boshini silab kutadigan ota-onasi yo‘qligi sabab ham Farruxning xiyonatiga chidashga majbur.
Tunni shu tariqa o‘tkazgani sababmi, tuzuk uxlamagani uchunmi, ertalab Sadiyaning yuziga qarab bo‘lmasdi. Ayol ba’zan kun bo‘yi dard chekib yotishni, hamma narsaga tupurib, faqat uxlashni istab qolardi. Go‘yo shunday qilsa, uni qiynayotgan og‘riqlar birozga unutiladigandek. Bu xuddi g‘amini unutish uchun qadahini mayga to‘ldirgan va uni sipqorib ichgan erkakning holati. Ammo shunisi farqliki, erkaklar ayollar kabi ta’sirchan emas va ular ayollarning holatiga hech qachon tushmaydi. Qayerdan ham tushishsin? Erkaklar jondan ortiq juftini kim bilandir bo‘lishishdek azobga duch kelishmaydi. “Hechqisi yo‘q, u ertaga keladi-ku”, dedi Sadiya va charchagani sabab uyquga ketdi.
* * *
Samiya Farruxni kuzatib qo‘ydi-yu, ichini it tirnay boshladi. Yana eski, aslida, hech qachon yo‘qolmagan dardi yodiga tushdi. O‘g‘lini bog‘chasiga tashlab keldi-da, biroz televizor ko‘rgan bo‘ldi. Toqati yetmay, televizorni o‘chirdi. Derazadan termilgancha ko‘chaga qaradi. Uning asablari zirqirar, qachongacha bunday hayotga dosh bera olishini o‘ylardi. Kun bo‘yi bir nuqtaga qaragancha o‘tirishga majoli yetmasligini tushunib, toza havoda biroz aylanib kelish uchun chiqdi.
Atrof nihoyatda chiroyli! Kecha yoqqan qor bir kun ham turmay asta-sekin erishni boshlagan. Samiya ko‘ksini to‘ldirib nafas olar, yuz yil zah va qorong‘u xonada qolib, endi yorug‘likka chiqqanday edi go‘yo. Yaxmalak yo‘lda sirpanib ketmaslik uchun bazo‘r qadam tashlagancha yolg‘iz sayr qila boshladi. Kattagina bog‘ni sevishganlar egallab olishgan. Xayollar og‘ushida qolgan Samiya ulardan uzoqlashgandi hamki, yana bir sevishgan juftlikka ko‘zi tushdi. Yoshgina ayol erining qo‘lidan tutgancha xandon otar, ko‘zlari kulardi uning. Samiya endi yurishni o‘rganayotgan go‘dak kabi tetapoya qilib qadam tashlayotgani uchun ayolning yonidagi erkakka uncha razm sololmadi.
Samiya taqqa to‘xtadi va ilkis boshini ko‘tardi. Quyoshdan himoyalanish uchun taqilgan qora ko‘zoynak, bostirib kiyilgan telpak va hatto mahkam o‘ralgan sharf ham uni tanishi uchun to‘sqinlik qilolmagandi. Bu o‘sha, Samiya bilan ham xuddi shu yo‘llarda sayr qilib yuradigan, besh yildan buyon birga yashab kelayotgan eri — Farrux! Samiyani dahshatli tuyg‘u qamrab oldi. U barcha haqiqatdan xabardor ekani rost, erining ayni damda kundoshi, ya’ni birinchi xotini bilan sayr qilayotgani ham ayon. Lekin ularni birga ko‘rish, tag‘in shu topda azob edi! Bundan tashqari, Samiya Farruxning yonidagi ayolga qarab allanechuk g‘alati bo‘lib ketgandi. Tushunarsiz hissiyot, rashkdan tashqari noma’lum qiynoq ezardi uni. Uning oyoqlari bir zum qotib qolganday bo‘ldi. U indamadi, jimgina turaverdi. Aslida, eng og‘iri ham shu. Baqirib atrofni boshingga ko‘tarsang, dodlab yig‘lasang, o‘zingga kelganday bo‘lasan. Lekin jim turish, bu dardni ichga yutish,
o‘zingni ichdan kemirish demak. Ular Samiyaning yoniga yetishiga bir necha qadam qolganida, Farrux ham boshini ko‘tardi va ayolni ko‘rdi. Uning kulib turgan yuzini birdan sarosima egallab olgan, ko‘z ishoralarida “O‘tinaman, indama!” deyotgandek yalinchoq ifoda bor edi. Samiya buni tushungandek, darhol ko‘zlarini olib qochib, yerga qaradi. U xuddi erini emas, eri uni tutib olgan aybdordek his qilardi o‘zini. Besh, to‘rt, uch, ikki qadam va ular Samiyaning yonidan o‘tib ketishdi. Ayol juftlikning ortidan qarasa, eri ham u tomon bosh burgan, achinishmi, hamdardlikmi, allaqanday ifoda ila kipriklarini tez-tez pirpiratardi. “Minnatdorman!” degan so‘zni o‘qish mumkin bu qarashlardan. Samiya qinidan chiqqudek urayotgan yuragini mahkam bosdi-da, yugurib ketdi, hech narsani o‘ylamay, sirpana-sirpana yugurib ketdi.
Farrux doimgiday juma kuni Samiyaning huzuriga keldi, bolasini o‘pib quchoqladi, keyin ular bilan birga ovqatlanishdi. Ammo ularning ikkisi ham bir-biriga o‘tgan kungi noqulay uchrashuv haqida gapirmadi.
* * *
Har seshanba, payshanba va shanba kunlari Sadiyaning bayrami. Chunki ayol bu kunda erini ko‘radi, sog‘inchli kunlari haftada uch marotaba bo‘lsa-da, to‘xtaydi. Farrux xotiniga doim “Boshqa kunlar kelmayotganimning sababini bilasan, shunday yashashga majburmiz. Axir uyga kelyapman-ku, bu ham senga ko‘rsatayotgan marhamatim emasmi?!” der va Sadiya tishini tishiga bosib, jilmayib qo‘yishdan u yog‘iga o‘tolmasdi. “Naqadar kulgili! Kulgili va nafatni qo‘zg‘atuvchi hol. Lekin nachora!” derdi Sadiya o‘ziga-o‘zi. Bugun ham yangi kiyimlarini kiyib, obdan tozalangan xonadagi stolni bezata boshladi. Tunov kungi chekkan sitamlarini ham unutib, qanday jilmayotganiga o‘zi ham hayron. Bir ko‘ngli “Arazlab ol” desa, bir ko‘ngli “O‘zingdan battar sovutma, kelmay qolsa, sog‘inchdan ado bo‘lasan-ku”, deydi.
— Qizim, seshanba kunini yaxshi ko‘raman-da, doim kulasiz, ochilib ketasiz, — dedi qaynonasi Sadiyaning yelkasiga qo‘lini qo‘yib.
— Ha, — deya oldi ayol zo‘rg‘a.
— Ishi shunday-da, nima ham qilardik.
Samiya yana indamadi. Ehtimol, uning o‘rnida boshqa ayol bo‘lganda “O‘g‘lingiz har haftaning to‘rt kunini tunab o‘tkazadigan qanday ish bor? U ikkinchi xotininikida-ku!” deya janjal ko‘tarardi. Lekin bu janjaldan ne naf? Axir mushtipar qaynonasi ham haqiqatdan xabardor, o‘g‘liga bu haqda ko‘p gapirgan. Uning qayta-qayta yuragini siqish, uydagi vaziyatni yana-da og‘irlashtirishning esa keragi yo‘q.
Ovqat mahaliga yaqin Farrux uyga kirib keldi. U ota-onasi bilan gaplashayotganida, kechki ovqat ustida o‘zini hech narsa bo‘lmaganday mutlaq tabiiy tutardi. Er-xotin yolg‘iz qolganida ham o‘zlarini hammasi joyidadek tutishardi. Ammo bugun Sadiya yorildi.
— Mendan nimani tushuntirib berishimni istayapsan o‘zi? Axir nomardlik qilib seni aldayotganim yo‘q-ku!
Sadiya yana ko‘zlariga yosh oldi. Farrux xotinining ko‘z yoshlarini ko‘rdi-yu, ko‘ngli yumshadi.
— Yig‘lama, axir men senga xushxabar aytmoqchiman. Necha yillardan buyon qidirib yurgan singlingni topgandekman. Aniq manzili va tasdiqlovchi hujjatlarni bir oydan so‘ng olasan.
— Nahotki?!
Sadiyaning kayfiyati ko‘tarildi. Hayajonga tushdi. Bolalar uyida yo‘qotib qo‘ygan singlisini topish Sadiya uchun haqiqiy baxt edi. U barcha niyatlarini singlisi bilan bog‘lagan, o‘ziga-o‘zi “Agar singlim topilsa, u uchun hamma narsaga tayyorman!” derdi.
* * *
Kunlar, oylar shu yo‘sinda o‘taverdi. Samiya har safar eri kelganida bir muddatga xursand bo‘lar, keyin esa takror g‘amga tushardi. “Ikkinchi xotin! Bu so‘zni eshitgan juda ko‘pchilikning nafrati qo‘zisa kerak. Ayniqsa, ayollarning. Ular bizni g‘urursiz, bechora, hattoki buzuqqa chiqarishadi. Axir men Farruxning birinchi muhabbati edim. Meni boshqasiga uzatishdi, u uylandi. So‘ng men erim bilan yasholmay ajrashdim. Farrux esa xotini bilan farzand ko‘rmadi va biz yana topishdik. Hozir birgamiz. Ammo bu birgalik…” — Samiya o‘ziga-o‘zi telbanamo ahvolda pichirlab uzoq gapirdi. Ayol so‘nggi paytlarda o‘zini qo‘lga ololmay qolgandi. Avvallari barchasiga ko‘z yumar, bunday hayot yo‘lini o‘zi tanlagani uchun ham miq etmasdi. Ammo endi… Endi uning farzandi bor. U bolasining chala yetimdek o‘sishini istamas, risoladagiday oilasi bo‘lishini xohlardi. Samiya shunday deya o‘zini oqlar, aslida esa ich-ichidan rashk sabab ezilardi.
— Siz, — dedi u kunlarning birida bazo‘r gap boshlab, — qachongacha shunday yurmoqchisiz?
— Ya’ni? — dedi Farrux gap nimada ekanini tushunganday qoshlarini chimirib.
— B-biz ikkimiz, siz bilan, b-biz…
— Samiya, — dedi Farrux o‘rnidan qo‘zg‘alib, rafiqasining qo‘lidan tutarkan, — nima demoqchiligingni bilaman, kel, shu haqda gaplashmaylik.
— Qayerdan bilasiz? Men…
— Sen biz doim birga bo‘lishimiz, xotinim bilan ajrashishim haqida gapirmoqchisan. Umuman olganda, bu gap-so‘zlar shunaqangi jonimga tegdiki!
Farrux chuqur xo‘rsinib, sochlarini barmoqlari orasidan o‘tkazgancha asabiylashardi. Qarshisida turgan ikkinchi rafiqasi g‘azabdan qizargan, erining gapi uning izzat-nafsiga tekkandi.
— Kechirasiz meni, — dedi Samiya kesatiqli tovushda titrab. — O‘rtada juda talash bo‘lib qiynalibsiz-ku, a? Juda ezilib qolibsiz-da!
— Menga qara, Samiya, jim, Xudo haqi! Bu gaplar hiqildog‘imga keldi!
— Bir kun kelasiz, uch kun yo‘q bo‘lasiz. Mudom “Telefoningiz jiringlamasmikin, xotinchangiz chaqirib qolmasmikin, bugun kelarmikinsiz?” deya yuragimni hovuchlab turaman. Bu nima ekanini bilasizmi, bir zumga atigi bir lahzaga o‘rnimda bo‘lsangiz…
— Men nima qilay, ayt? Bu yerda sen javraysan, u yerda u yig‘laydi. O‘zimni bo‘lib beraymi?!
Farrux azbaroyi tutaqqanidan tez-tez gapirar, yelkalarini siqqancha unga naqadar qiyinligini tushuntirishga urinardi. So‘ng jim bo‘ldi, yana xo‘rsindi va rafiqasining yelkasidan tutib, uni bag‘riga bosmoqchi bo‘ldi.
— Kel, urishmaylik…
— Tinch qo‘ying meni! — favqulodda qattiq baqirdi Samiya. — Esingizda bo‘lsin, farzandingizning onasi u emas, men. Eshityapsizmi, sizning yakka-yu yolg‘iz bolangiz mening ham bolam!
Samiya keyingi gaplarini qat’iyat bilan gapirdi. Ayol ko‘rsatkich barmog‘ini eri tomonga niqtab turar, g‘azabdan ko‘zlari yonardi. Farrux biroz jim turdi-da, rafiqasiga yaqinroq keldi va dona-dona gapira boshladi:
— Sening ham esingda tursin, Samiya, men kerak bo‘lsa, yana bir bor umuman begona ayoldan ham farzand ko‘ra olaman. Farzandsizlik bilan meni qo‘rqitishing nihoyatda kulgili gap, ishonaver.
Samiya lom-mim deyolmadi. U hozirgina eshitgan gapidan sarosimga tushgan, endilikda agar eri ketishni istasa, uni hatto o‘rtadagi bola bilan ham to‘xtatib qololmasligini tushungandi. Farrux esa boshini baland ko‘targancha xonadan chiqib ketdi. Shu ketishda to‘g‘ri birinchi rafiqasining yoniga shoshildi. Uni quchoq ochib kutadigan, janjallardan xoli yagona joy bu o‘z uyim degan qarorga kelgandir, ehtimol.
* * *
Sadiya erining do‘sti olib kelgan hujjatlarni qayta-qayta tekshirdi va baxtdan lov-lov yongancha qog‘ozda ko‘rsatilgan manzil tomon shoshildi. U yuragidagi hayajonni bosolmay titragancha, ko‘p qavatli uyning zinalaridan hansirab chiqa boshladi. So‘ng cheksiz sarxushlik ila eshik qo‘ng‘irog‘ini chaldi.
Eshikni ochgan yoshgina juvon Sadiyani tanigandek, oqarib ketgancha qotib qoldi. Sadiya endi gapirish uchun og‘iz
juftlagandi hamki, tanish ovozdan o‘zini yo‘qotay dedi.
— Kim ekan, Samiya?!
Ichkaridan chiqib kelgan Farrux qo‘lidagi mevani dovdiragancha yerga tushirib yubordi. Sadiya hammasini tushunib yetdi va xayolan bir narsani o‘yladi: “Gapim gap, singlim uchun hamma narsaga tayyorman!”
Mohigul DIYORXO‘JAYEVA
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin