Biz ancha yo‘l bosdik. Navbatdagi botqoqlikka yetgach, qariya birdan to‘xtadi.
— Yo‘q, bu botqoqni aylanib o‘tishimiz kerak. — dedi u botqoqlik o‘rtasiga ishora qilib. — Mana shu yerda har yili uch-to‘rt kishi cho‘kib ketadi.
— Bilib turib oyoq bosishadimi? — qiziqsinib so‘radim men. — Ko‘rinib turibdi-ku hammasi!
— E, bahorda balchiq ustidan ko‘m-ko‘k maysalar o‘sib chiqadi. Qani, ostida chuqur botqoqlik borligini bir aniqlab ko‘r-chi!..
— To‘g‘ri aytasiz, — dedim Saveliy amakining so‘zini ma’qullab. — Bilmagan odamga qiyin-da! Masalan, men ham bilmasdim…
Qariya negadir birpas o‘ylanib qoldi. So‘ngra qovog‘ini uygan ko‘yi menga tik boqdi.
— Sen bola oltinni qachon berasan?
— Beraman-da! Namuncha qo‘rqasiz? — dedim negadir g‘ashim kelib. — Qochib ketayotganim yo‘q-ku!
— Yo‘q, ayolnikiga borgandan keyin oldi-berdi qilib o‘tirish ahmoqlikdan bo‘lak narsamas. Kel, hozir beraqol! Meniyam ko‘nglim tinchib seni uyoqda qoldirgandan keyin ishga kirishaman.
— Qo‘ymas ekansiz-da! — norozi ohangda g‘udrandim men. — Berardim. Qochib ketmasdim… Mayli, faqat kutib turing, men hozir kelaman!..
Qiyinchiliklar, ko‘rguliklar odamni baribir hushyor qilib qo‘yarkan.
Saveliy amakiga cho‘ntagimdagi oltinlarni ko‘z-ko‘z qilgim kelmadi.
Chakalaklar orasiga kirdim-da, oltinning bir qisminigina ajratib olib, qolganini qaytadan cho‘ntakka urdim.
— Aytaveradi-da!.. Shuning o‘zi bitta pasportga yetib ortadi. — o‘yladim o‘zimcha. — Hali hujjat bo‘ladimi-yo‘qmi, Xudo biladi. Ayol uyiga kiritmay, tag‘in ko‘chada qolsam-chi? Nima bo‘lgandayam yonimda picha oltinim bo‘lsa, ziyon qilmaydi…
Men xotirjam qiyofada qariyaning yoniga chiqib qo‘liga oltinni tutqazdim.
— Shu xolosmi? — yelka qisib so‘radi u. — Namuncha kam? Oltinim bor deb ko‘ksingga urganingga arzimaydi-ku!
— Bori-da! — dedim sovuqqonlik bilan. — Yo‘g‘ini qayerdan yo‘ndiraman?..
— Bo‘pti, nimayam derdim? Bori bo‘lsa bori-da!.. Shunisigayam shukr!.. Ana endi hujjatim tezlashadi deb hisoblayversang bo‘ladi. To‘g‘rimi?.. Xo‘p, qani, yigit, ketdik!..
* * *
Chamasi bir soatlar yo‘l bosgach, o‘rmonning qaysidir chetiga chiqib qoldik. Ro‘paramizda tashlandiq, eski uylar qatorlashib turardi.
— Buni xalqda «storojka»deyishadi. — Menga tushuntira boshladi qariya.
— Bu nima degani? Tushunmadim.
— Nimasini tushunmaysan? Ilgarilari qishloq odamlarga to‘la edi. Ammo hammalari shaharga ko‘chib ketib qolishgan. Hozir adashmasam, bu yerda sen tanishishing kerak bo‘lgan ayol-u, yana narigi chetda qandaydir piyonista erkak turishadi. Shunday joylarni «storojka» deyiladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, qadimiy qishloqlar xuddi kampirga o‘xshatiladi. Bu «starushka» so‘zidan olingan ekan.
— Qiziq, — dedim hayratim oshib. — Boshqa hech kim yo‘qmi bu qadimiy qishloqda? Qarang, juda go‘zal joylar ekan.
— Tirikchilikning mazasi bo‘lmagandan keyin kim ham qolardi bu yerda?.. Qolmaydi-da!..
— O‘zi… Siz aytgan ayolning ismi nima? Yoshi nechada? Bilishim kerak-ku!..
Qariya Sharikka bir nazar tashlab olgach, yelka qisdi.
— Ismi Mariya. Deyarli sen tengi. Bo‘ldimi?..
— Ana endi bilib oldim. — Men engashdim-da, itni erkalagan bo‘ldim. — Qani, boshlang unda!..
Saveliy amaki qishloq boshidagi uylardan biri tomon yurdi. Uy eshigi deyarli buzib tashlangan, hovlida o‘rta bo‘yli, malla sochlari chiroyli turmaklangan, bug‘doyrang ayol dorga kir yoyish bilan band edi.
Biz ketma-ket ichkariga qadam qo‘ydik.
Ayol qariyani ko‘rdi-yu, qo‘lidagi kirlarni tog‘oraga tashladi.
— Senlarga kim kerak?
Nigohlari sovuqqon, zaxil yuzli, to‘ladan kelgan bu ayolning bu muomalasini eshitib, hayron qolgandim. Saveliy amaki esa bu muomalaga javoban miyig‘ida kulib qo‘ydi-da, ayolga yaqin bordi.
— Haliyam dag‘alliging qolmabdi, Mariya! — dedi qariya. — Avval salomlashsang bo‘larmidi… Harqalay, mehmon olib keldim uyingga!
— Ko‘zim uchib turgani yo‘q mehmonga. — uy bekasi meni boshdan oyoq kuzatgan bo‘ldi va negadir birdan muloyimlashdi. — Kim o‘zi bu? Nega menikiga olib kelding?
— Ana endi o‘zingga kelding. — deya qariya menga yuzlandi. — Bu yigit juda ajoyib ekan. Adashib qolibdi o‘rmonda. Musofir. Boradigan joyi yo‘q. Qolaversa, sening boshingda bir erkak bo‘lsa, ziyon qilmas, deb o‘yladim.
— Qachondan beri menga mehribonlik qiladigan bo‘lib qolding, qariya? — deya qo‘l siltadi Mariya. — Uyimdan sumka to‘la aroqni o‘marib ketganing esingdan chiqdimi?
— Qo‘y endi mehmonning oldida odamni xijolat qilma! O‘tgan ishga salovat. Undan ko‘ra, ichkariga taklif qil. Mehmon juda charchadi yo‘l yuraverib!
— Bo‘pti, kira qolinglar! — Mariya sal yumshab bizni ichkariga taklif qildi.
Xona deyarli bo‘m-bo‘sh edi. Burchakka ikki kishilik karavot qo‘yilgan. Deraza qarshisiga yog‘ochdan yasalgan baland stol qo‘yilib, ustiga idish-tovoqlar taxlanibdi.
Ayol bizni ayvonga olib chiqdi. Biz yog‘och kursilarga o‘tirdik.
— Hech narsaga ovora bo‘lma! — dedi Saveliy amaki. — Senga asosiy gaplarni aytaman-u, ketaman.
— Nima gap? — Mariya ikki qo‘lini beliga tiragancha tepamizda qaddini g‘oz tutib turardi.
Saveliya amaki bir-ikki tomoq qirib olgan bo‘ldi-da, menga yer ostidan ko‘z tashladi.
— Bu yigitning bir xislati menga juda yoqib tushdi. — shoshilmasdan gap boshladi u. — Oltin topishga usta ekan. Sen buni uyingda olib qolaver. Hali kuningga yaraydi. Balki, boy ham qilib yuborar.
— Turmadan qochganmi? — kutilmaganda berilgan savolni eshitgan qariya og‘ir xo‘rsindi.
— Shunaqaroq. — dedi menga bilinar-bilinmas ko‘z qisib. — Lekin o‘zi yomon yigit emas. Mana ko‘rasan, uyaltirmaydi.
— Buni hali ko‘ramiz. — Mariya ro‘paradagi kursiga cho‘kib menga yuzlandi. — Xo‘sh, nega qamalgansan?
Men javob berishga shoshilmadim. Yelka qisib olgach, o‘zimni sal orqaga tashladim.
— Nega indamaysan? — so‘radi Mariya toqatsizlanib. — Qo‘rqma, men ham farishta emasman.
— Odam o‘ldirganman.
— Qancha?
— Hozircha ikkita.
— H, zo‘rsan-ku!.. Nega qochding?
— Qochdim-da!
— Mayli, buning ahamiyati yo‘q. Ammo aytib qo‘yay, yomon niyatda kelgan bo‘lsang, adabingni yeysan. Sherkelbatliginggayam qarab o‘tirmayman.
— Bu nima deganing? — o‘rnidan turib ketdi Saveliy amaki. — Aytdim-ku, zo‘r yigit deb!
— Xo‘p, sen ketaverishing mumkin. Negadir seni ko‘rsam, asabim buzilyapti…
— Xo‘p! Xo‘p dedim-ku!..
Qariya bu gapdan so‘ng kula-kula tashqariga yo‘naldi.
Ostonaga yetganda, birdan to‘xtab orqasiga o‘girildi.
— Yigit, men bilan yur! Gaplashadigan gap chiqib qoldi!
Men o‘rnimdan turib uy egasidan uzr so‘ragan bo‘ldim-da, Saveliy amakiga ergashdim.
* * *
Saveliy amaki yolg‘izoyoq so‘qmoqqa chiqib olib miltig‘ini qo‘ltiqlagancha jadal ketib borardi.
Hayratim oshib men ham Sharikni ergashtirgan ko‘yi ketidan boraverdim.
Qalin butazorlar orasiga kirib boraverishda it negadir g‘ingshiy boshladi. Men uni tinchlantirish ilinjida to‘xtab boshini bir-ikki siladim. Biroq u nuqul bezovtalanar, jadal ketib borayotgan qariya tomon tikilib, irillardi.
Bir mahal Saveliy amaki taqqa to‘xtadi va orqasiga o‘girildi-da, miltig‘ini bizga to‘g‘riladi.
— Otaxon, bu nima qilganingiz? — qariyaning kutilmagan harakatini ko‘rib qotib qolgandim.
Shu so‘zlarni zo‘rg‘a tilimga chiqara oldim. Mendan-da avvalroq xavfni sezib ulgurgan it esa hura boshladi.
— Tillalarning qolganiniyam chiqar! — buyurdi qariya baland ovozda. — Nega qaqqayib turibsan? Chiqar dedim! Aks holda itday o‘lib ketasan!
— T-tillalarni? Nega? — men ehtiyotkorlik bilan u tomon yura boshladim.
— To‘xta! Joyingdan jilma! — baqirdi qariya. — Tag‘in bir qadam tashlasang, otaman!
— Xo‘p, mana, to‘xtadim! — dedim o‘zimni bosishga urinib.
— Itingniyam mahkam ushla!
Men oldinga intila boshlagan itni mahkam quchib oldim.
— Qani, chiqar tillalarni!
— Qanaqa tilla? Otaxon, hazilni bas qilsangiz-chi! Yo meni tekshirib ko‘rmoqchimisiz?
— Vey, kelgindi, sening nimangni tekshiraman? Menga tilla kerak, tilla! Ber hammasini! Yosh joningga jabr qilma! Yoshsan, hali bunaqa tillalarning ko‘pini topasan.
— Shunaqami? Xo‘p, cho‘ntagimdan chiqarib olishga qo‘ying unda!
— Faqat tezroq bo‘l!
Tillalar ichki cho‘ntagimda edi. Engashib cho‘ntakka qo‘l solishga tutina boshladim.
Shunda yerda yotgan kattakon toshga ko‘zim tushib hushyor tortdim va itni panalab turib toshni qo‘limga oldim.
Hoynahoy, qariya payqamadi chog‘i, indamadi.
Men juda epchillik bilan o‘rnimdan turdim-da, toshni Saveliy amakiga qarata otdim.
Mo‘ljaldan adashmagandim. Tosh uning yelkasiga tegib yerga qulatdi.
Qariya yelkasini changallagancha bukchayib qoldi.
Fursatni qo‘ldan bermasligim shart edi.
Jonholatda o‘zimni qariyaning ustiga otdim va bir qo‘lim bilan bo‘ynidan mahkam bo‘g‘ib, ikkinchi qo‘limni miltiqqa uzatdim.
U taslim bo‘lishni istamas, harsillab meni itqitib tashlashga urinardi.
Yo‘q, taxminan bir yarim daqiqalar o‘tgach, qariya qo‘llarini ikki yoniga tashlab, jim bo‘ldi.
Oldiniga u hushdan ketdi deb o‘ylagan edim. Lekin yuz-ko‘zlari tobora ko‘karib borayotganini ko‘rdim-u, qo‘rqib ketdim.
— Nahotki o‘ldirib qo‘ygan bo‘lsam?
Shu xayol miyamga urilib, nima qilishni bilmay qotib qoldim. Aksiga olgandek, it ham beixtiyor uvillay boshladi.
Qalbimning bir chetida «O‘lmagandir, hushini yo‘qotgan bo‘lsa kerak», degan umid uchqunlab, qo‘l-oyoqlarim dag‘-dag‘ titragancha qariyaning tomirlarini ushlab ko‘rdim. Afsus… U allaqachon jon bergan edi.
O‘rnimdan sakrab turdim-u, xuddi meni kimdir ta’qib qilayotgandek telbalarcha Mariyanikiga chopdim.
— Men o‘ldirib qo‘ydim! Odam o‘ldirdim! — yo‘l-yo‘lakay miyamda faqat shu so‘zlargina aylanar, ortimdan chopib kelayotgan Sharikni ham his etmasdim.
— Mariya! Mariyaxon!.. — xonada oyoqlarini chalishtirgan ko‘yi sigaret chekayotgan uy bekasiga yig‘lagudek umidvor tikildim men. U ahvolimni ko‘rdi-yu, qo‘lidagi sigaretni kuldonga irg‘itib o‘rnidan turdi.
— Nima bo‘ldi? Nega it quvgan soqovday halloslab qolibsan? Tinchlikmi?
— Men… Uni o‘ldirib qo‘ydim! — shivirladim titrab.
— O‘ldirib qo‘ydim? Kimni?
— Q-qariyani. — dedim zo‘rg‘a.
— Voy, nega? Nimaga o‘ldirasan?
— U… Meni otib tashlamoqchiydi… Oltinlarimni tortib olmoqchi bo‘lgandi.
— E, shunaqami? O‘lsa o‘libdi-da!.. — Mariya meni koyib tashladi. — Shunga shuncha vahima qilyapsanmi? Yo ikkitasini tinchitganing yolg‘onmidi? Meni laqillatganmiding?
Bu savol meni hushyor torttirdi.
Endi o‘zimni bosib olmasam, xotirjam tortmasam bo‘lmasdi. Aks holda mana shu jizzaki ayol qarshisida bir tiyin bo‘laman.
— Kechir, sohibjamol! — dedim vujudimdagi titroqni majburan bosib. — Men… Biroz shoshdim shekilli… Hammasi yaxshi… Joyida…
— Menga qara, — dedi Mariya labini tishlab. — Tez murdani yo‘q qilish kerak. Bilib bo‘lmaydi. Bu yerlarga adashib kelib qoladiganlar ko‘p.
— Xo‘p, xo‘p! Lekin… Qanday qilib?..
— Yur, senga yordamlashaman. Faqat anavi yerdagi belkurakni olvol! Chuqur kovlaysan!
Mariya har ehtimolga qarshi Sharikni uy ichida qoldirishni buyurdi. It ham nimalar bo‘layotganini tushungan kabi ortiqcha tovushlarsiz ostonada bizni kuzatib qoldi.
Men Saveliy amakining murdasini o‘rmonning ancha ichkarisiga ko‘tarib bordim. So‘ngra Mariya ko‘rsatgan joyni chuqur qilib kovladim.
Qariyani ko‘mishdan oldin esa cho‘ntagidagi o‘zim bergan oltinni oldim. Yana katmonida bir dasta pul ham bor ekan. Pullarni Mariyaga tutqazdim.
Jasad chuqurga joylanib, ustidan tuproq tortilgach, yuzimga fotiha tortdim-u, g‘ussaga botgancha ayolning ketidan yurdim.
* * *
Mariyanikiga qaytgandan keyin ham tanamdagi titroqlar bosila qolmadi. Qancha sezdirmaslikka urinmay, baribir javdirashlarim, tez-tez bir nuqtaga termulgancha qolishlarim pand berib qo‘yaverdi.
— Sen turmada o‘tirib chiqqanga, qotilga o‘xshamaysan. — Mariya o‘rtaga dasturxon yozib, aroq, piyola va bir tovoqda sho‘r bodring qo‘ydi-da, ro‘paramga cho‘kib menga tik boqdi.
— Nega endi o‘xshamas ekanman? — dedim sir boy bergim kelmay. — O‘tiribman-ku jim!..
— Haqiqiy kallakesarlar-chi, qaltirab o‘tirishmaydi. Quy aroqdan!..
Shosha-pisha qadahlarni ichkilikka to‘ldirib, birini Mariyaga uzatdim.
— Kel, qariyani xotirlaylik! — dedi u uf tortib. — Yer borib yetkazmasin-u, biroq o‘lguday pastkash edi. Afsuski, o‘lganlarni yomonlab bo‘lmaydi. Nima bo‘lgandayam, joyi jannatda bo‘lsin! Oldik!..
Xayriyat, ikkinchi qadahdan so‘ng men ham dadillashdim. Endi titramas, aksincha, vujudim qizib, kayfim oshib borardi. Hatto, Mariyani maqtashga ulgurdim.
— Sen uncha-muncha erkakdan dadilroq, jasurroq ekansan. — dedim kayf ta’siridami, ayolning yarim ochiq oppoq siynalariga o‘g‘rincha ko‘z solib. — Qolaversa, sendan yaxshi xotin chiqishi mumkin.
— Haddingdan oshaverma. — deya boshini ters burdi Mariya. — Men bunaqangi yolg‘on xushomadlardan to‘ygan ayolman. Gapiradigan bo‘lsang, to‘g‘risini gapir!
— Men aldashga o‘rganmaganman. — norozi ohangda javob qaytardim unga. — Qaysi gapim yolg‘on-a?..
— Bilmayman. Negadir shilqim erkaklar menga yoqmaydi.
— Bilasanmi, Mariya, ayt, nega bir o‘zingsan? Nimaga shunday qishloqda hech kim yashamaydi? Nima bo‘lgan bu yerning odamlariga?
— Ha-a, — xo‘rsina-xo‘rsina gap boshladi Mariya. — Bir paytlar bu qishloq odamga to‘la edi. Aytishlaricha, so‘nggi paytlarda qishloqda hayot kechirish og‘irlashib qolibdi. Gaz yo‘q, chiroqning ham tayini bo‘lmaydi. Bir kun yonsa, uch kun yonmasligi mumkin. Nima qilsin odamlar? Qachongacha o‘rmonga kirib yemish qidiradi? Hammalari birin-sirin shaharga ko‘chib ketishibdi.
— Sen-chi? Qayerda eding?
— Menmi?.. — Mariya birpas jim qoldi. Nimalarnidir o‘ylagan, mulohaza qilgan kabi boshini sarak-sarak qildi. — Turmada edim.
— Turmada? Yo‘g‘-e! Bo‘lishi mumkinmas!
— Mumkin. Judayam mumkin-da!.. Vey, hali menga yetishingga-chi, ancha bor!..
Payqadim. Mariyaning kayfi oshdi. G‘o‘ldiray boshladi. Shunday bo‘lsa-da, jim o‘tirib uni tinglashda davom etdim.
— Men baravariga yettita marazning boshiga yetganman! — «ochila» borardi u. — O‘n yetti yil turmada o‘tirdim. Hozir o‘ttiz beshdaman, bildingmi? Umrimni xazon qilganlardan o‘ch olganman… Ammo afsuslanmayman. Chunki, to‘g‘ri ish tutdim o‘shanda. Mening o‘rnimda sen bo‘lsang ham shunday yo‘l tutarding.
— Seni kimlardir zo‘rlaganmidi?
— Zo‘rlagan… Zo‘rlaga-an… Yo‘q, uch erkak vahshiylik qilgan… Birgalashib nomusimni poymol qilishgan. Ha-a!.. Men ham qarab turmadim. Avvaliga chidadim… Chidashga majbur edim… Sal bo‘sh qo‘yishgandan so‘ng hammasini mast qilib bitta-bittadan daraxtga boyladim-da, bo‘g‘averdim… To o‘lmaguncha qo‘yib yubormadim… Ha, shu yo‘l bilan u marazlardan o‘ch oldim…
Mariyaning ko‘zlarida yosh qalqidi. Ochig‘i, shu lahzalarda Saveliy voqeasi butkul yodimdan ko‘tarilgan, qarshimda o‘tirib yig‘layotgan ayol siymosidagi qotilni yupatishga chora topa olmasdim.
— Bu dunyoda haqiqat yo‘q! — deya davom etdi Mariya yig‘i aralash. — O‘sha kunni eslasam, dahshatga tushaman. Odamlar razil ekan. Ularda rahm-shafqat yo‘q ekan. Turmadayam to‘rt marta qo‘lim qonga bo‘yaldi.
— U yerda nima sababdan odam o‘ldirding? — so‘radim men.
— E, nashaning orqasidan bo‘lgan… Qo‘y, yaramni yangilama! Yaxshisi, quy aroqni!
— Balki yetar! — dedim bir shishaga, bir Mariyaning ko‘zlariga boqib.
— Quy degandan keyin quy-da! Bu uyda men xo‘jayinman, bildingmi?!.
— «O‘lib ketmaysanmi, manjalaqi?» — so‘kindim ichimda. Va zarda bilan dasturxondagi qadahni oldim-u, atayin to‘ldirib qo‘liga tutqazdim.
— Qani, ich! Ichmaysanmi?.. baqirdim unga. — Nega qarab turibsan? Ich!
Ayol bunday muomalani kutmagandi. Javdirab ko‘zlarimga tikilib turdi-da, bo‘shashgancha qo‘lidagi qadahni dasturxon ustiga qo‘ydi.
— Kechir, mard inson! — dedi hazin tovushda. — Senga qattiq gapirib yubordim. Kechir! Bo‘ldi, ichmayman!.. Iltimos, meni karavotga yotqizib qo‘y! Kayfim oshib qoldi. Yotqizasanmi?
Men indamasdan o‘rnimdan turib Mariyani dast ko‘tardim-da, karavotga yotqizdim.
U boshi yostiqqa tekkani hamono xurrak ota boshladi.
(davomi bor)
Manba: hordiq.uz
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Virus UFC ni dunyoga tanitdi
Rossiya Ukrainaning qator mintaqalariga raketalar bilan hujum qildi
Britaniyada 3 ta harbiy baza uzra UUA parvozi qayd etildi
"Paxtakor"ning o‘yini mutaxassis nigohida: "Menimcha, g‘alaba uchun emas, bir ochkoni saqlab qolish uchun o‘ynadi"
Shavkat Mirziyoyev: «Barcha ijro organlarini Yangi Toshkentga ko‘chiramiz»
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Asir: Ukraina askarlari otishni internetdagi videolar yordamida o‘rganishadi