Kameraga qaytgach, ancha mahalgacha o‘zimga kela olmadim. Qishlog‘imga bo‘lgan sog‘inch hissi ikki hissa ortib, qalbimni tilkalay boshladi.
Alamim kelib ammam olib kelgan sigaretdan chekdim. Biroz kayfiyatim ko‘tarilgandek bo‘ldi. Lekin baribir ammam ko‘z o‘ngimdan keta qolmasdi.
O‘zimni chalg‘itish uchun Sergey tomon ko‘z tashladim. U o‘zi uchun polga tashlangan meva-cheva (bunday aristonlarga nimadir tortiq qilinsa-da, polga tashlab qo‘yiladi) larni kosasiga solib boshini eggancha tanovul qilardi.
Unga achinib ketdim. Shunday norg‘ul yigit-a! Bir daqiqalik hirsga qul bo‘lib, endi itning kunini ko‘ryapti.
Anavi qariya-chi? O‘zining aytishicha, oltmish yil umrining yarmidan ko‘prog‘i qamoqda o‘tyapti ekan. Har gal o‘g‘irlik qilib qo‘lga tusharmish. Qiziq, nima zaril shu odamga? Keksayib qolgan bo‘lsa. Nahotki, ozodlikdagi hayotni, nafaqa gashtini sog‘inmasa?..
— Darvoqe, Arsendan xabar bormi? — so‘radim qariyadan yotgan yerimda. — O‘lmabdimi hali?..
— E, qayoqda? — qo‘l siltab qo‘ydi qariya. — Boya nazoratchidan so‘ragandim, qon quyib, o‘ziga keltirib olishibdi. Lokigin yaqin orada kameraga qaytmas ekan.
— Battar bo‘lsin! Sotqinning holi shu!..
Soatga qaradim. Tushlikka yaqinlashib qolibdi. Kameradagilarga uyg‘otib qo‘yishni tayinladim-da, karavotimga yonboshlab, pardani tortdim.
* * *
Har kuni kechki soat beshdan oshganda bizni turma hovlisiga sayr qilish uchun olib chiqishadi. Sayr qiladigan maydon unchalik katta emas. Tepasi temir panjaralar bilan mahkamlangan. Panjara ustida nazoratchi hamda soqchilar turishadi. Ular bizni yuqoridan turib kuzatishadi. Basharti kimlardir janjallashib qolsa, shu yerning o‘zidan navbatchilik qismiga sim qoqib yuborishadi.
Uyog‘i esa hammaga ma’lum. Janjal ko‘targan ham, jabrlanuvchi ham karserga tashlanadi.
Bugun ham hovliga chiqqach, yerda dumalab yotgan toshlarni ko‘tarib mashq qilgan bo‘ldim. Charchaganimdan so‘ng bir yuqoriga qarab olib, burchakda indamaygina sigaret tutatayotgan Gogining yoniga bordim. U men bilan quchoq ochib ko‘rishdi-da, qulog‘imga shivirladi:
— Bu kecha qattiq uxlab qolmagin!
— Nimaga? Tinchlikmi?
— Senga bir narsa ko‘rsataman.
— Shunga uxlab qolmasligim kerakmi? Hozir ko‘rsata qol!
— Jinnimisan? Men aytgan narsani faqat kechasi, guvohlarsiz ko‘rsa bo‘ladi.
— Nazoratchi biladimi?
— Biladi. Soat birlarga yaqin seni chaqiradi.
— Bo‘pti… Ko‘rishamiz.
* * *
Yarim tunda yaqin do‘stimdek bo‘lib qolgan nazoratchining ishorasi bilan tashqariga chiqdim. U meni so‘zsiz navbatchilik qismi tomon olib ketdi.
Ochig‘i, u taraflarga borish tugul, o‘ylashni ham istamasdim. Zaxil yuzli, har ikki gapning birida so‘kinib baqiraveradigan mayorni ko‘z oldimga keltirsam, yuragim alamga to‘lar, badanimda charm tayoqlar zarbini qaytadan his eta boshlardim.
Nazoratchi yo‘l-yo‘lakay Gogani ham chaqirib oldi.
— Hozir shunday narsani ko‘rasanki, — meni turtdi Goga. — Qotib qolishing tayin. Faqat ogohlantirib qo‘yay, janjal ko‘tarmaysan. Aks holda nazoratchi ishdan ketadi.
— Oldin ko‘raylik-chi o‘sha narsangni! — dedim asabiy ohangda. — Maqtaganing qotishga arziydimi-yo‘qmi o‘zi, o‘shanda bilamiz!..
Ilgari payqamagan ekanman. Turmaning yana bir sir-sinoatini qachonlardir o‘zim bir soniyaga o‘tqazilib, ismi-sharifim yozilgan taxtacha ortida suratim olingan kursi narirog‘idagi xonaga kirgach angladim. Bu xonada kichikroq televizor o‘rnatilgan bo‘lib, ekranda qaysidir joy ko‘rsatib qo‘yilgan edi.
— Hozir senga zo‘r joyni ko‘rsatib beraman! — dedi nazoratchi eshikni ichkaridan tambalarkan. — Faqat tezroq bo‘laylik! Xudo ko‘rsatmasin, mayormi, xodima qizimi kelib qolsa, adoyi tamom bo‘lamiz.
U shosha-pisha stol ustidagi tugmachalardan birini bosdi. Endi ekranda kattakon xona namoyon bo‘ldi…
Xona o‘rtasidagi stolda…
Turma boshlig‘i… Uning tizzasida esa…
Yelena erkalanib o‘tirardi.
Turma boshlig‘i uning oppoq siynasini ezg‘ilar, har ezg‘ilaganda Yelena nuqul qiqirlab kulib o‘zini orqaga tashlab olardi.
Bu manzarani ko‘rib avvaliga ko‘zlarimga ishonmadim. Bir necha marta ko‘zlarimni yumib ochdim. Boshimni silkib-silkib oldim.
Yo‘q, bu haqiqat edi. Men sevgan, ardoqlagan, chehrasini xayolan tasavvur etganda ruhlanib ketadigan ayol hamon begonaning bag‘rida o‘tirardi…
— Menda qasdlaring bormidi? — qarshimdagilarga o‘qraydim. — Nega indamaysanlar? Gapirlaring!
— O‘zingni bos! — birinchi bo‘lib tilga kirdi Goga. — Seni ogohlantirib qo‘ymoqchi bo‘ldik xolos. Bema’ni ayollarning ortidan chopib yurmagin dedik!..
— Ha, Murod, Goga to‘g‘ri aytyapti. — gapga aralashdi nazoratchi. — Sen tartibli aristonsan. Senga bunaqangi ishlar yarashmaydi. Hali jazoni o‘tab chiqsang, manaman degan qizlar orqangdan chopib yurishadi. Mana ko‘rasan!..
— Xo‘p, ketdik! — dedim nazoratchiga. — Meni kameraga olib bor!..
* * *
Aksiga olgandek, kameraga kirib kelganimda, nimaningdir sasigan hidi dimog‘imga gup etib urildi. Tutoqib ketdim. Og‘zimni kaftlarim bilan yopgancha Sergeyning tepasida paydo bo‘ldim.
— Vey, nima sasiyapti? — jimgina hojatxona yonida uxlayotgan Sergeyni tepib qichqirdim. — Tur o‘rningdan, xunasa! Nimaga kamerada tartib yo‘q?..
Sergey tepki zarbidan joni chiqqudek sakrab o‘rnidan turdi va bukchaygancha yer ostidan menga qo‘rquv aralash tikildi.
— Nega qaqqayib qolding?
— Anavi… Qariyaning… Qorni og‘rib… — zo‘rg‘a tutilib javob bera oldi Sergey. — Shunga…
Bu gapni eshitib qariya yotgan karavotga yaqin bordim. U allaqachon pastga tushib ulgurgan va aybdorona bosh egib jim turardi.
— Hech bo‘lmasa tamaki tutatib yubormabsan-da! — sal ovozimni pasaytirib qariyaga tanbeh bergan bo‘ldim. — Shunchalik sasitadimi odam?..
— Kechir, bolam, kechir! — qariya gunoh ish qilib qo‘ygan bola kabi arang gapira oldi. — Keksalik qursin, keksalik!
— Bo‘pti, yot hammang! Bo‘lar ish bo‘pti!
Askarlar kabi qaddini g‘oz tutib turgan aristonlarga bir-bir qarab olib karavotga o‘zimni tashladim va pardani tortdim.
* * *
Bugungi tong men uchun unutilmas desam xato bo‘lmaydi. Etapga ketishimni eshitib Yelena to‘g‘risidagi xayollarni ham unutgandek bo‘ldim. Kameradoshlar jemperimning chuvatilgan iplarini yelkamdan oshirib tashlashdi. Bu yo‘lim oydin bo‘lishiga bir tilak edi.
Hammalari bilan (Sergeydan tashqari) ko‘rishib chiqqach, nazoratchi meni so‘nggi bor mashinagacha kuzatib qo‘ydi.
Mashinada mendan bo‘lak yana to‘rt ariston o‘tirardi.
Eshik yopilgani hamono ulardan biri xaltasidan bir shisha aroq chiqardi va qayerdandir o‘g‘irlangan temir krujkaga quyib navbati bilan barchamizni siyladi.
— Biz ozodmiz! — baqirardi bizni aroq bilan siylagan, elliklar atrofidagi ariston. — Endi o‘zimizga xon, o‘zimizga bekmiz!..
To‘g‘ri, uning o‘zini ozod deya atashga haqqi bor edi. Negaki, uni nazorat kuchaytirilgan turmaga emas, umumiy koloniyaga olib ketishadi. Faqat mengina turmada qolaman. Shunday ekan, ozodman deyishga balki ertadir?.. Basharti, qochish nasib etsa, rejalarimni amalga oshirishga imkon tug‘ilsa, ozodlik havosidan nafas olishim mumkin… Ungacha…
Baribir ko‘nglimni cho‘ktirmadim. Bilaman, haqiqiy turmada hayot baribir boshqacha kechadi. U yerda jinoyatingga ko‘proq qarashadi. Shunga ko‘ra hurmatga, o‘z o‘rningga ega bo‘lasan…
Xullas, haqiqiy turmaga yetguncha qo‘shiq aytdik, ko‘nglimizni xushladik…
* * *
Deyarli kun bo‘yi umrim mashinada o‘tdi. Bu orada qolgan to‘rt aristonni qayerlardadir qoldirishdi. Ichkarida faqat mengina qolgandim…
Zerikibmi, ko‘zim ilinibdi. Mashinaning silkinib to‘xtaganidan uyg‘onib ketdim. Shu orada eshik ham ochildi.
— Qani, tush pastga! — buyurdi meni olib kelgan leytenant. — Yetib kelding uyingga, kallakesar!..
Yangi turmaning ko‘rinishi narigisidan deyarli farq qilmasdi. Faqat uyoqda mashina bir darvozadan o‘tib ikkinchisi ro‘parasida to‘xtasa, bu yerda ikkita darvozadan o‘tarkan.
Meni kutilganidek, it yetaklagan askarlar va turma nazoratchisi, yana qandaydir baland bo‘yli kapitan qo‘llarida charm tayoqlarini o‘ynatgan holda «qarshi» olishdi.
Qoidaga ko‘ra ikki qo‘limni orqaga qilib, gavdamni eggancha ichkariga qarab chopishim lozim edi. Biroq negadir bu ishni mendan talab qilishmadi.
— Qani, yur! — sal dag‘dag‘ali ohangda buyurdi kapitan.
Yurdim. Bu yerda ham barmoq izlarimni olishdi, suratga tushirishdi. Hamma amallar ado etilgach, kameraga olib kirishdi.
Kamera keng va ancha shinam edi. Kirganimdanoq bir chetda o‘tirib astoydil qartabozlik qilayotgan aristonlar dast o‘rinlaridan turishdi.
Faqat soqollarigacha oq tushgan, sochi qirib tashlangan, yoshi taxminan ellik beshlarga borgani qimirlamay o‘tirgancha meni boshdan oyoq kuzata boshladi.
— Shumikan hurmati balandi? — xayolimdan o‘tkazdim aristonlar bilan birma-bir ko‘rishish asnosida. — Ismini Jenya degandi Goga. Nima qilay? Borib ko‘rishishim lozimdir hoynahoy!.. harqalay, hurmatli ariston-ku!..
Shoshilmasdan borib unga salom berdim.
— Kimsan? — so‘radi u qo‘limdan Goganing xatini olib ko‘z yugurtirarkan.
— Murodman!..
Jenya masxaraomuz tirjaydi.
— Sendan turmadagi ismingni so‘rayapman!
— Kallakesarman.
— O‘, zo‘rsan-ku!
U o‘rnidan qo‘zg‘alib menga juda-juda yaqin kelib ko‘zlarimga sovuq tikildi.
— Nechtasini tinchitgansan?
— Yettitasini.
— Menga uchta deyishdi-ku!
— To‘rttasini bo‘ynimga qo‘ya olishmadi.
— Shunaqami? Yaxshi… Bilib qo‘y, Goganing xatini o‘qidim. Lekin birgina xat seni hurmatga loyiq deb tan olishim uchun kamlik qiladi. Avval paxanga, keyin ozodlikdagi bratvalarga maktub yozib aniqlashim kerak. Agar ular seni tan olishsa, omading kelgani. Tan olishmasa, ilojim yo‘q… Boshqalar qatori yashayverishingga to‘g‘ri keladi… hozircha hov anavi ikkinchi qavatdagi karavotga joylashasan.
Tortishib o‘tirmadim. Indamasdan borib qo‘limdagi ko‘rpa-yostiqni ko‘rsatilgan karavotga tashladim.
(davomi bor)
Manba: "Hordiq"
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”