«Obshag»ga tegishli pullar oz emasdi. Ularni ishdan qaytgach, Jenyaning qo‘lidan sanab ishonchli joyga berkitguncha tun yarimlab qoldi.
Azbaroyi charchaganimdan karavotga yonboshlabman-u, ko‘zim ilinibdi. Kimningdir ohista shivirlashidan uyg‘onib ketdim va pardani nari surdim.
Tepamda Borya qimtingancha qarab turardi.
— Senga nima kerak? — so‘radim sovuqqonlik bilan.
— Bilasanmi, Murod… — tutilib gap boshladi Borya. — Onam pensiyasini o‘g‘irlatib qo‘yibdi. Yonimda bir tiyin ham pul yo‘q edi. Shunga…
— Chaynalmasdan tezroq gapirsang-chi! — dag‘dag‘a qildim unga.
— Yuz so‘m qarz berib tursang devdim.
— Qayerdan olaman shuncha pulni? Bilasan-ku, bu yerga yaqinda kelganman. Iloji yo‘q.
— Axir… «Obshag»ning puli senda-ku!.. Ertagayoq joyiga qo‘yaman.
— Nima?.. Aqling joyidami? Bu pullar birovlarnikiligini bilib turib so‘rayapsanmi?
— Ahvol jiddiy! — dedi sal qursa yig‘lagudek bo‘lib Borya. — Bir umr unutmasdim yaxshiligingni.
— Bo‘lmagan gapni gapirma! Berolmayman. Ana, boshqalardan so‘ra!..
— Ulardayam yo‘q ekan-da!
— Unda bilmadim. Bo‘ldi, gap tamom! Yotib uxla!..
Shunday dedim-u, pardani yopib devor tomon o‘girilib oldim.
* * *
Bugun Jenya bilan to kechgacha gaplashmabmiz. U o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Kun bo‘yi kimlargadir qo‘lma-qo‘l xat jo‘natish, tavsiyanoma yig‘ishdan bo‘shamadi.
Faqat shom mahali kameraga kirib kelganimizdan keyin yonimga o‘tirib yelkamga qoqqancha gap boshladi.
— Kechir, Murod, Tunda Boryadan men iltimos qilgandim qarz so‘rashini.
— Sen?.. Nega? Tinchlikmi? Tushunmadim…
— Aleksandr seni yana bir marta tekshirib ko‘rishimni aytgandi.
— Shunaqami? Xo‘sh, tekshiruvingdan o‘tdimmi ishqilib?
— O‘tgandayam a’lo darajada o‘tding. Barakalla! Endi bemalol yorug‘ yuz bilan elliginchi kameraga borsak bo‘ladi.
— Bugunmi? Men… Nima qilaman u yerda?
— Aleksandr ikkovlashib borishimizni tayinlabdi. Mana, xat oldim. Yarim soatlardan keyin boramiz.
— Borsak boraveramiz-da! — dedim xotirjam tortib. — Oxiri baxayr bo‘lsa bas!
— Zo‘r bo‘ladi! Mana ko‘rasan! «Toj» kiyib olay, sen ham shohona hayot kechirasan turmada.
— Aytganing kelsin!
* * *
Bu gal Aleksandr bizni negadir sovuq qarshi oldi. Har safargidek kirib borganimizda o‘rnidan qo‘zg‘alib ham qo‘ymadi. Qovog‘ini uygan holda qo‘li bilan yotgan yerida kursi tomon ishora qildi xolos.
— Xo‘sh, Jenya, ishlar qalay? — so‘radi hamrohimga alamli boqib.
— T-tavsiyanomalarni to‘plab qo‘ydim. — Jenya qo‘li ko‘ksida javob berdi.
— Tavsiyanoma degin?.. — Aleksandr istar-istamas o‘rnidan turib tepamizga keldi. — O‘sha tavsiyanomalaringni-chi, bir joyingga tiqib ol!
Jenya kutilmagan gapdan bir seskanib Aleksandrga qo‘rquv aralash tikilib qaradi.
— Tushunmadim, Sasha!.. — deya oldi zo‘rg‘a.
— Nimani tushunmaysan?.. Qarzing bor ekan-ku qartadan!.. Nima, meni aldamoqchi bo‘ldingmi? Bratvalar qarshisida yuzimni yerga qaratib maza qilmoqchimiding?..
— Qarz?.. Bo‘lishi mumkinmas!.. Hammasini hal qilib bo‘lganman!
— Yolg‘on gapirma! Ana, o‘ttizinchi kameradagi Mishadan ming so‘m qarzing bor ekan. Menga yetkazishdi.
— Misha?.. Yo‘q, ishonmayman… Men hech qachon qarzimni uzmasdan ketmaganman.
— Buyog‘ini endi o‘zing hal qil! Qachon orqangni yopsang, o‘shanda kiyasan «toj»ni!.. Bor, seni ko‘rsam asabim buzilyapti!..
Ikkovimiz ham Aleksandrning buyrug‘ini eshitganimiz hamono o‘q urgandek tashqariga otildik.
* * *
Jenya kameraga kiriboq nazoratchidan Misha bilan uchrashtirishini iltimos qildi. Albatta, iltimos quruqdan quruq bo‘lmaydi. Nazoratchi bitta o‘ntalikni qo‘liga olgach, ko‘z ochib yumguncha ikkalamizni sayr maydonchasiga olib chiqdi.
Misha deganlari baland bo‘yli, ko‘zi g‘ilayroq, kalbosh, yoshi qirqlarga borgan bir erkak edi. U Jenyani ko‘rishi bilan yonidagi sherigiga ko‘z qisib qo‘ydi-da, devorga suyanib oldi.
— Sendan qachon qarz bo‘lgandim qartada? — so‘radi Jenya dag‘dag‘ali ohangda. — Nega Sashaga yolg‘on gapirding?
— Kim yolg‘on gapiribdi? Menmi? — Misha labi uchib Jenyaga yaqin bordi. — Vey, qariya, esingni yig‘ib olgin-da endi! Ikki yil oldin yerto‘lada qarta tashlaganimiz yodingdan chiqdimi? O‘shanda to‘lashga hech vaqoing qolmay, oyog‘imni o‘pguday yalinganding!.. Xo‘sh, esladingmi?
Jenya bir muddat jim turib qoldi-da, bosh chayqab qo‘ydi.
— Ha, Misha, uzr! Tashvishlarminan bo‘lib butunlay unutib qo‘ygan ekanman… Ayb o‘zimda!
— Endi qachon uzasan qarzni?.. Yo kutib yuraveraymi?
— Yo‘q, — dedi Jenya. — Qarzni bugunoq uzaman. Tungi birlarda qo‘lingga tegadi o‘sha pullar.
— Ana endi o‘zingga kelding. Xo‘p, ketdim unda!
* * *
Kameraga qaytgandan so‘ng Jenya battar bezovtalana boshladi. Chamasi, buncha pul yonida yo‘q edi. O‘zicha nimalarnidir xomcho‘t qilib, hisoblagan bo‘ldi. So‘ngra sekin mening tepamga keldi.
— Murod, — shivirladi boshqa aristonlar tomon o‘g‘rincha ko‘z tashlab. — Menga yordaming kerak.
— Nima yordam? — garchi nimaligini sezib tursam-da, atayin so‘radim.
— Pul kerak ertagacha. «Obshag» pulidan berib turmasang bo‘lmaydi, og‘ayni.
— «Obshag» puliga tegmayman. — bosh chayqab ters o‘girildim. — Bilib turib so‘raganing nimasi?
— Qo‘y, qiyin holatda turganimda sen ham ezma! — Jenyaning ovozi bu gal titrab chiqdi. — Agar shu kecha muammoni hal qilmasam tamom bo‘laman. Iltimos, ertaga kechqurun joyiga qo‘yaman. Berib tursang-chi!
— Behuda ovora bo‘lyapsan. Baribir bu pul berilmaydi. Ana, pul kerak bo‘lsa, qimor uyushtir! Qimorda mendan o‘tadigani yo‘q deganding-ku!
— Shunaqami? — qo‘llarini musht qildi Jenya. — Sen meni qattiq ranjitding, Murod. Bor umidim sendan edi.
— Bu gaplarni qo‘y, Jenya! — dedim unga sovuq tikilib. — O‘zing oshni pishirdingmi, o‘zing yeyaver! Meni sherik qilishning sira keragi yo‘q.
— Yaxshilikni bilmas ekansan!
Jenya stolga alam bilan bir mushtladi-da, oyog‘i ostidagi kursini tepib yuborib karavoti tomon ketdi.
* * *
Qancha uxladim, bilmayman. Jenyaning ohista turtkisidan uyg‘onib ketdim.
— Yur, menga hamroh bo‘l hech qursa! — yalingannamo so‘z qotdi u. — Qimor o‘yini bo‘ladi. Yonimda tursang bo‘ldi.
— Qayerda? Yarim kechada-ya?
— Nima bo‘pti? Nazoratchining og‘zini yopib qo‘ydim. Hech kimga churq etmaydi.
— Kimminan o‘ynamoqchisan?
Jenya labini asabiy tishlab birpas jim qoldi-da, javob qildi:
— Mentlarminan.
— Nima? Esingni yeganmisan? Mayor sezib qolsa…
— Buyog‘idan ko‘ngling xotirjam bo‘lsin! Bilib qolgandayam seni sotish yo‘q.
— Nima, bir o‘zing qo‘rqyapsanmi?
— Gap qo‘rqishdamas. Bilasanmi… Mentlardan har baloni kutsa bo‘ladi. Basharti yutsam-u, pulni berishmasa, rasvo bo‘laman. Sen yonimda tursang, bunday qila olishmaydi. Har holda guvohdan cho‘chishadi.
— Mayli, chaqir nazoratchingni, ketdik!
Jenya bu gapimdan so‘ng yengil tortib kamera eshigi tomon pildiradi.
* * *
Bu taklifga nega rozilik bildirganimni o‘zim ham bilmasdim. Turmaning nim qorong‘i yo‘laklaridan yurib borib, yerto‘laga tusharkanmiz, beixtiyor yuragim g‘ash tortib, vujudim uvisha boshlaganini his etdim.
Axir, nima qilyapman o‘zi? Mentlar bilan qarta o‘ynashni kim qo‘yibdi bizlarga? Ularda na mehr, na shafqat bor. Yutib olgan taqdirimizda ham tan olisharmidi ular? Ketimizga ikki tepishadi-yu, haydab solishadi.
— Balki, fikringdan qaytarsan-a? — yonimda xotirjam ketib borayotgan Jenyaga yuzlanib so‘radim. — Bu juda qaltis ish. Hech kim sezmagan taqdirdayam, baribir, qaltis.
— Namuncha quyonyurak bo‘lmasang? — urishib berdi u. — Yeb qo‘yisharmidi bizlarni? O‘zlari taklif qilishdi-ku! Hali qarab turasan, bu yaramaslarni shunday boplab yutayki…
— O‘zing bilasan! — qo‘l siltagancha oldinga o‘tib oldim. — Pushaymon bo‘lib boshingni changallaganingda kech bo‘ladi.
— To‘xta! — dedi chang bosib yotgan eshikka yetganimizda nazoratchi. — Mana shu xonaga kirasanlar! Aytib qo‘yay, janjal-panjal qilib yurmalaring, naq karserda chiritaman-a!
Nazoratchi hali uzoq ketib ulgurmay eshik ochilib, ichkaridan uzun bo‘yli, ozg‘in yigit chiqib, bosh irg‘adi.
— Kiringlar, kutishyapti!
Ozg‘in yigit tashqarida qoldi, biz ichkariga kirdik. Xona tor edi. Ikki yonboshga karavot, o‘rtaga kichik bir stol qo‘yilibdi. Chapdagi karavotda ikki serjant, o‘ngda esa o‘rta bo‘yli, mushaklari turtib chiqqan, chayir bir leytenant o‘tirardi.
Bizni ko‘rishgach, ular bir-birlariga ma’noli qarab olishdi.
— Ha, qariya, — so‘radi leytenant o‘tirgan yerida, Keksayib qo‘rqoq bo‘lib qoldingmi, dum yetaklab kelibsan? Bunaqasiga kelishmagandik-ku!
— Bu ishonchli yigit, — dedi sherigim o‘tirishga shoshilmay serjantlarni bir-bir kuzatarkan. — O‘zing ham manavilarni nega ushlab o‘tiribsan?
— Bular manavimas, turma xodimlari, — tahdidli ohangda javob qildi leytenant. — Tilingga ko‘pam erk beraverma!
— Bu meni ishim, — dedi Jenya ham bo‘sh kelmay. — «Musor»lar bilan bir stol atrofida o‘tirishga rozi bo‘lganim uchun xursand bo‘lsang-chi!.. Bir umr bratvalar bilan qimor o‘ynaganingni hayajon bilan eslab yurasan.
— Bo‘pti, bas qil gap-so‘zni! — toqati toq bo‘ldi chog‘i leytenant bizni o‘tirishga chorladi. — Qani, o‘tirlaring! Faqat bilib qo‘y, yutqazsang, o‘n mingdan ziyod pul yutqizsang, menga qul bo‘lasan!..
— Tushunarli, — Jenya uning gapiga parvo ham qilmay qartalarni qo‘liga olib chiylay boshladi.
Umrimda bunchalik hayajonli o‘yinni ko‘rmaganim uchun butun diqqatimni jamlab, uning harakatlarini kuzatdim.
Xullas, qartalar suzildi. Leytenant stol ustiga bir dasta yuztalik pullarni tashlab, ustini yelim xalta bilan yopib qo‘ydi. Demak, yutgan odam shu pullarga egalik qiladi. Ammo Jenya yutqazib qo‘ysa-chi?.. Unda nima bo‘ladi? Nahotki bir umr leytenatga qul bo‘lib qolsa? Shularni xayolimdan kechirarkanman bir chetda o‘yinni kuzata boshladim.
Leytenant yosh bo‘lishiga qaramay qimorda ancha tajribaga ega ekan. Yarim soatcha vaqt o‘tmay Jenyaning bo‘yniga uncha-muncha pul ilib qo‘ydi. Ammo u bunga parvo qilmas, aftidan omad farishtasi o‘zi tomonda bo‘lishiga ishonchi komil edi. Leytenant bo‘lsa (uning ismi Dmitriy ekan), yutgan sayin kayfiyati ko‘tarilar, tinmay behayo latifalar aytib serjantlarni kuldirardi.
O‘yin shu tariqa ikki soatcha davom etdi. Keyin esa Jenyaning qo‘li baland kela boshladi va hash-pash deguncha Dimani anchaga tushirdi.
— Bunaqada ertalabgacha ham o‘yin tugamaydiganga o‘xshaydi, qariya, — deya so‘z boshladi bir mahal leytenant. — Kel, undan ko‘ra yaxshisi bor pulni o‘rtaga tikamiz, kimning omadi chopsa, pul o‘shaniki bo‘ladi.
— Roziman, — dedi Jenya raqibiga sinchkovlik bilan tikilarkan. — Taklifni sen kiritding, qartalarni ham o‘zing chiylab, o‘zing tarqat.
Bu gapdan keyin serjantlar ham hushyor tortib qolishdi. Leytenant shoshilmasdan qartani chiylab, avval Jenyaga, keyin o‘ziga tarqatdi. Jenya oldidagi uch dona qartani ko‘ksiga bosgancha bir-bir qarab chiqqach masxaralagan kabi baland ovozda kulib yubordi.
— Hamma pulni o‘rtaga qo‘yamiz, deganding. Buning ustiga puli yo‘q odam bilan qarzga o‘ynashga ham rozi bo‘lding. Men sening bu mardligingni hurmat qilaman. Lekin birovdan, ayniqsa mentdan qarz bo‘lishni yomon ko‘raman, o‘rtadan istaganingcha pul ol, men roziman, — dedi u maza qilib kulib bo‘lgach.
— Meni pontga olmasdan avval qartalaringni yana bir bor yaxshilib ko‘rib ol, qariya, keyin senda bunday imkoniyat bo‘lmaydi, — bo‘sh kelmadi leytenent ham.
— Shogirdlaring ham suvga tushgan mushukday shumshayib qolishdi, leytenant! Kel, yaxshisi, mening aytganimni qilaylik!
— Avval qo‘lingdagi qartalarni stolga qo‘y! — buyurdi leytenant yutqazganini bo‘yniga olgisi kelmay. — Nega jim bo‘p qolding? Qo‘ymaysanmi?
— Mana! — Jenya kula-kula qo‘lidagi uch dona «Tuz»ni stol ustiga tashladi. — Xo‘sh, bo‘ldimi?
Jenyaning chindan ham omadi chopib, qimorda kamdan-kam odamga nasib qiladigan yuqori ochko — 33 ni qo‘lga kiritgandi. Buni ko‘rib barcha, shu jumladan, kamina ham qotib qoldik. Leytenatning peshonasida lahzaning o‘zidayoq yirik-yirik ter tomchilari paydo bo‘ldi. Serjantlar esa stolga tushgan uchta tuzni ko‘rib, o‘rinlaridan turib ketishdi. Vaqtdan foydalangan Jenya endigina pullarga qo‘l cho‘zgandi serjantlardan biri uning bilagidan mahkam ushlab qoldi.
— Pullarni joyiga qo‘y! — baqirdi u og‘zidan tupuk sachratib. — Hali o‘yin tugamadi!
— G‘irromlik yaxshi emas! — bosh chayqadi Jenya. — Yutqazgandan keyin tan beringlar, xunasalar!
Uning bu gapi ikkinchi serjant bilan leytenantning g‘azabini toshirdi, shekilli, birin-ketin baqira ketishdi.
— Nima?.. Kimni haqorat qilding? Qani yana bir qaytar-chi?!
Vaziyat keskin tus olayotganini ko‘rib indamay o‘tira olmasdim. Dast o‘rnimdan turib Jenyaga qarab o‘dag‘aylayotgan serjantni yelkasidan changallab yuqori ko‘tardim-da, burchakka itqitib yubordim. Shu payt osmondan tushgandek yana ikki-uch ofitser xonaga bostirib kirdi va Jenya ikkimizni tappa yerga bosib charm tayoqlar bilan rosa do‘pposlashdi. Keyin qo‘llarimizga kishan solishdi.
— Bularni alohida-alohida karserga tashla! — buyurdi leytenant — Mayorga o‘zim javob beraman!
— Xo‘p bo‘ladi!..
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”