Mardon koʻz ochib yumguncha Bek akaning hovlisiga yetib keldi. Darvozaga yaqinlasharkan, aʼzoyi badani titrar, koʻzlaridan goʻyoki oʻt chaqnardi.
— Senga kim kerak? — garchi tanishsa-da, vajohatini koʻrgan soqchilar Mardonning yoʻlini toʻsishdi.
— Kim kerakligini bilasanlar-ku! — dedi Mardon ularga. — Qoch, yoʻlimni toʻsma!
— Mumkin emas. Bek aka tayinlaganlar.
— Qochasanmi-yoʻqmi? — Mardon oʻylab oʻtirmay choʻntagidan toʻpponcha chiqarib soqchilarga oʻqtaldi. — Qoch, hozir itday oʻlib ketasan!
— Buni qara, — ulardan biri sherigiga qarab kulib yubordi. — Hurmatini bilmaslik shu-da! Bizni oʻldirarmish…
Toʻpponcha tutgan qoʻllaridagi titroq bosilib ulgurmay, soqchilar baravariga Mardonga tashlanishdi va qurolini tortib olib, bir chetga uloqtirishgach, qoʻllarini qayirib ichkariga sudrashdi.
Shu tobda Bek aka endigina egniga kostyumini ilib hovliga chiqqandi. Mardonni olib kirishganiga koʻzi tushib hushyor tortdi.
— Nima ayb qildi, bu yigitcha? — soʻradi u soqchilardan.
— Bilmadik. Ammo bizni otib tashlamoqchi boʻldi, — kulib javob qildi soqchi yigitlardan biri. — Zoʻrgʻa saqlab qoldik jonimizni, Bek aka.
— Shunaqami? Namuncha bu aka-uka odam oʻldirishni yaxshi koʻrishmasa-a? Hoy, tirrancha, mening yigitlarim senga nima yomonlik qildi? Akalaring-ku! Kelib-kelib shularga qoʻl koʻtarasanmi?
Mardon bir siltanib soqchilarning qoʻlidan chiqdi-da, u yoq-bu yogʻini toʻgʻrilagan boʻlib Bek akaga yuzlandi.
— Pullarimni qaytarib bering!
— Nima? Qaysi pullaringni?
— Akamning sandigʻidan olgan pullarni aytyapman.
— Biz akangdan pul olmadik.
— Kap-katta odam yolgʻon gapirishga uyalmaysizlarmi? Akamni oʻlasi qilib kaltaklab pullarni opchiqib ketishibdi-ku odamlaringiz!
— Xoʻsh, nima boʻpti? Akang gunoh qilib qoʻydi. Shuning evaziga jazoladik, xolos.
— Jazolasangiz uning oʻzini jazolayvering! Mening pullarimni qaytaring!
— Tirrancha, sen koʻp haddingdan oshaverma! — Bek aka Mardonga yaqin kelib iyagidan koʻtardi. — Men bunaqangi mayda-chuyda ishlar bilan shugʻullanmayman, bildingmi? Jahlim chiqmasidan tuyogʻingni shiqillatgin-da, ishingni davom ettir! Erta-indin ulush opkelishing bor. Harakatingni qil!
— Ulush? Qanaqa ulush? Oldin odamlaringiz opchiqib ketgan oltmish ming dollarni choʻzib qoʻying!
Bek aka ortiq hech nima demadi. Yigitlardan biriga koʻzi bilan ishora qildi-yu, indamay mashinasi tomon yoʻl oldi. Yigitlar esa Mardonni tepkilay-tepkilay tashqariga uloqtirishdi…
* * *
— Xoʻsh, ishlar qalay? — Bek aka oʻzi qurdirgan choyxonaga kelib oʻtirishgach, choyxonachi keltirgan aroqni Husan akaning qoʻliga tutqazib soʻradi. — Manovini ochgin-da, gapir!
— Ishlarim yomon emas, — dedi Husan aka hovlidagi favvoraga oʻychan boqib. — Lekin sening ishlaring pachavaga oʻxshab turibdi.
— Nega endi mening ishlarim pachava boʻlishi kerak?
— Senga bir gapni aytmoqchi boʻlib yurgandim-u, negadir tilim bormayotgandi.
— Ayt, bilasan-ku, baribir aytmasingga qoʻymayman!
— Qizing anovi Xushvaqt bilan qochib ketibdi.
— Nima? — beixtiyor oʻrnidan turib ketdi Bek aka. — Kim… kim aytdi buni senga?
— Koʻrganlar bor. Oʻsha… Sen borib kelgan kuning Xushvaqt qizingnikida ekan.
— Buni bilardim.
— Chiqib ketganingdan soʻng oradan oʻn daqiqayam oʻtmay ikkovi joʻnavoribdi.
— Qayerga?
— Yigitlarimiz aniqlashdi. Hozir ular vodiyda emish! Shohimardonda maza qilib…
— Oʻchir ovozingni! Shu bugunoq men ikkoviniyam koʻrishim kerak.
— Xushvaqtniyam-a?
Bek aka bir muddat oʻylanib turgach, xontaxtaga mushtladi.
— Xushvaqtni koʻrishga koʻzim yoʻq.
— Tushunarli. Marjonani-chi?
— Uni uyga olib kelinglar! Kvartirasini muhrlab tashla! Padariga laʼnat! Shu qizni sira yoʻlga sololmadim-sololmadim-da!
— Men senga aytganman, — Bek akaning yelkasiga qoʻl tashladi Husan aka. — Ona kerak qizingga!
— Toʻtiga oʻxshab bir gapni takrorlayvermasang-chi, senam! Onani boshimga uramanmi? Marjonani uyga opkelinglar, vassalom! U bilan oʻzim gaplashaman!
— Xoʻp, endi aroqni quysam boʻlar?
— Aroq qoldiriladi. Ketdik! Hoziroq kirishmasang kech boʻladi!
Husan aka itoatkorona oʻrnidan turib choyxonachiga nimalarnidir uqtirgan boʻldi-da, Bek akaning ortidan mashina tomon yoʻl oldi.
* * *
Mardon Bek akaning xonadonidan sharmandalarcha haydalgach, mashinasini uchirgancha uyi tomon ketib borardi. Qishloqqa kiraverishda — katta yoʻl boʻyidagi sadaqayragʻoch ostida mungʻayibgina oʻtirgan Matnazarga koʻzi tushib keskin tormoz berdi.
Matnazar koʻylagining tugmalarini yechib olgan, qoʻlidagi dastroʻmolcha bilan qur-qur koʻz yoshlarini artib-artib olardi.
Mardon mashinadan tushib kelib, sekin uning yoniga choʻkdi.
— Ha, uka, qayerdan kelyapsan? — eshitilar-eshitilmas soʻradi Matnazar uzoq-uzoqlardan koʻz uzmay. — Ishlaring qalay?
— Qalay boʻlardi? Pullarni koʻkka sovurib boʻlibsiz-ku! Shundan ekan, yaxshi boʻlarmidi ish?
— Men nima qila olardim? Ular koʻpchilik boʻlsa, bas kelolmadim. Tepaverib oʻlasi qilib tashlashdi, yaramaslar.
— Oʻsha kuni kamroq ichish kerak edi. Aroqning kasofatiga qoldingiz. Meniyam rasvo qildingiz.
— Endi nima qilmoqchisan?
— Nima qilardim? Boshqatdan pul yigʻaman…
— Uka, — Matnazar boshini koʻtarib Mardonga umidvor termildi. — Jon uka, yoningda puling boʻlsa, besh-oʻn soʻm tashlab ket! Nongayam pulim yoʻq, ishonsang!
Mardon lablarini asabiy tishlab, choʻntagiga qoʻl soldi.
— Kechagina yurgandingiz boyvachcha boʻlib, — dedi u bitta mingtalikni Matnazarga zarda aralash uzatarkan. — Endi esa… oʻtiribsiz tilanchilik qilib.
— Nima? — Matnazar yalt etib ukasiga boqdi. — Tilanchilik? Sendan pul soʻraganim tilanchilikmi? Mayli, ma, ol pulingni! Oʻlib qolmasman ochimdan! Ol dedim!
— Olsam olaverman, — pulni qaytadan choʻntagiga soldi Mardon. — Oʻzingiz qay ahvolda oʻtiribsiz-u, tagʻin gap koʻtarolmaysiz. Sal pastroq tushing-da endi!
Matnazar indamadi. Mardon mashinasiga oʻtirib joʻnab ketgachgina sekin oʻrnidan qoʻzgʻaldi-yu, nimadir esiga tushgandek qaytadan joyiga oʻtirdi.
— Xoʻp, tilanchilik boʻlsa, tilanchilik-da!
* * *
Kechagina dunyoni soʻragudek boʻlib yurgan devday erkakning boshi egilsa, qiyomat qoyim boʻladi.
Katta yoʻl boʻyida oʻtkinchi mashinalarga umidvor boqqancha mungʻayib oʻtirgan Matnazarni koʻrganlarning koʻpchiligi toʻxtab himmatiga yarasha pul tashlab oʻtar, tanigan-bilganlar bosh chayqab uni koʻrsatkich barmogʻi bilan koʻrsatardi…
— Senga yarashmaydi bu ish, — kunlarning birida mahalla oqsoqoli Haydar aka oʻtib ketayotib atayin Matnazarning yonida toʻxtadi-da, u oʻtirgan toʻngakning bir chetiga choʻkdi. — Kuching boʻlsa bor, ish yuritishni bilasan. Koʻrmagan kuning qolmadi. Tilanchilikka balo bormi?
— Xoʻsh, nima qilay? — dedi Matnazar qovogʻini uyib. — Tugʻishgan ukamdan pul soʻragandim, tilanchi, deb aytdi meni. Alam qilarkan. Mana senga dedim-u, rostakamiga tilanchilik qila boshladim.
— Yoʻq, bu ishing boʻlmabdi. Ukang hali yosh. Nimani koʻrib qoʻyibdi? Yaxshisi, oldiga borgin-da, picha pul soʻra. Ana undan keyin bozorga oʻtib ul-bul sotsang ham tirikchiliging oʻtaveradi. Xudo bersa, balki yana boyib ketarsan.
— Yana oʻshaning oldiga boramanmi? Berib boʻpti.
— Beradi. Men oʻrtaga tushaman, uka! Tur, hozir borgin! Sendan oldinroq borib shipshitib qoʻyaman. Mening gapimni qaytarmaydi… Agar meni hurmat qilsang, yoʻq dema!
Matnazar aslida hech qayoqqa bormoqchi emasdi. Oqsoqolning soʻnggi gapi taʼsir qildimi, istamaygina oʻrnidan qoʻzgʻalib qishloq tomon yurdi…
* * *
Toʻydan soʻng Matnazar ukasining yangi hovlisiga kelmagandi. Kelin boʻlmish Oynisa serzardagina ekan. Yo qaynisining ogʻir ahvolda qolib qarz soʻragani uchunmi, ishqilib, oldiga dasturxon ham yozmadi. Mardon ham eʼtibor qilmagan koʻyi Matnazarni sovuq qarshi olib, soʻrining bir chetidan joy koʻrsatdi.
— Uka, menga yuz ming soʻm berib turmasang boʻlmaydi, — ohista gap boshladi Matnazar yerdan boshini koʻtarmay. — Tirikchilik qilishim kerak. Oʻlmasam qaytararman qarzimni.
— Bu gaplar oʻtmaydi, — dedi Mardon. — Qarz soʻrashning, berishning oʻz yoʻli bor.
— Qanaqa yoʻl ekan? — hayron boʻlib ukasiga tikilib qaradi Matnazar.
— Shuncha vaqt pulning ichida yurib bilmasmidingiz?
— Yoʻq. Men birovga qarz bersam, hech qanday yoʻl-poʻl qidirib oʻtirmasdim.
— U zamonlar oʻtib ketdi, aka! Hozir boshqa davr.
— Boʻpti, ayt oʻsha yoʻlingni!
Mardon xotini kuymalanib yurgan oʻchoq tarafga bir koʻz tashlab oldi-da, davom etdi:
— Mayli, yuz mingni beraman. Ammo bir shart bilan. Ikki oydan keyin bir yuz yigirma ming qilib qaytarasiz.
— B-boʻpti… — kutilmagan shartni eshitgan Matnazar nafasini ichiga yutdi.
— Agar aytilgan kuni pul kelib mening qoʻlimga tushmasa, kechirasiz-u… Pul ota-bolani ajratgan ekan… Hovlining yarmini buzib kelishga majbur boʻlaman… Toʻgʻrisi, bunday qilmoqchimasdim. Siz majbur qildingiz. Xonumonimni anovi ifloslarga tutqazib yuborib meni qattiq ranjitdingiz.
— Bilaman… Mayli, sen shunday qarorga kelibsanki, men roziman!
— Mana bu boshqa gap…
Mardon akasi soʻragan pullarni uning qoʻliga tutqazarkan, xayrlashish mavridi kelganiga ishora qilib sekin oʻrnidan turdi…
Oʻchoqda kelin tovuq shoʻrva pishirayotgandi. Matnazar qorni ochligidan oʻchoq tomon bir-ikki qarab qoʻydi-yu, biroq uy egalari indamagani sababli pul oʻralgan xaltachani qoʻltigʻiga qisgancha tashqariga chiqib ketdi.
(davomi bor)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi