Ko‘pchilik yillar davomida ingliz tilini o‘rgansa-da, so‘zlashishda qiynalish holatiga duch keladi. “Tushunaman, lekin gapira olmayman” degan vaziyat deyarli hammaga tanish. Ba’zan muammo bilim yetishmasligida emas, balki o‘rganish jarayonidagi odatlarda bo‘ladi. Quyida tilni rivojlantirishga to‘sqinlik qiladigan besh zararli odat haqida so‘z boradi.
1. Faqat passiv tarzda o‘rganish
Faqat serial ko‘rish yoki kitob o‘qish bilan til rivojlanmaydi. Bilim faol holatga o‘tmasa, u faqat xotirada qoladi. Haydovchilik qoidalarini o‘qib, hech qachon mashinani boshqarmagan kabi.
Yechim: ingliz tilida audio yozing, qisqa matnlar tuzing, videolarni o‘z so‘zlaringiz bilan qayta gapiring.
2. Xatodan qo‘rqib gapirmaslik
Ko‘pchilik xato qilishdan qo‘rqadi va sukut saqlaydi. Lekin gapirmasang, nutq rivojlanmaydi.
Yechim: xatolarni tabiiy deb qabul qiling, internet orqali muloqot qiling, Shadowing usuli bilan filmlar dialogini takrorlang.
3. Muntazamlik yo‘qligi
Oraliq bilan o‘qish bilimni mustahkamlamaydi. Bir necha kunlik tanaffus har gal “qaytadan boshlash”ni talab qiladi.
Yechim: har kuni kamida 15 daqiqa shug‘ullaning, intervalli takrorlash usulidan foydalaning.
4. Ko‘p manbalarga chalg‘ish
Bir vaqtda o‘nlab ilovalar va darsliklar bilan ishlash foydasiz. E’tibor bir nuqtada jamlanmasa, natija bo‘lmaydi.
Yechim: bitta asosiy resursni tanlang, boshqalarni faqat yordamchi sifatida qo‘llang.
5. Zaif tomonlarni chetlab o‘tish
Faqat yengil mavzular bilan ishlash sizni o‘rta darajada ushlab turadi. Qiyin grammatika yoki talaffuzni chetlab o‘tsangiz, to‘siq saqlanaveradi.
Yechim: testlar orqali zaif tomonlarni aniqlang, aynan o‘sha sohalar ustida ishlang.
Ingliz tilini samarali o‘rganish uchun faol gapirish, muntazam mashq qilish va xatolardan qo‘rqmaslik — eng muhim omillardir. Eng asosiysi — barqarorlik va sabr.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!