date

Samarqandda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari rahbarlari majlisda qatnashmoqda

Samarqandda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari rahbarlari majlisda qatnashmoqda

2025-yilning 16-17-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi o‘z ishini boshladi. Bu yilgi tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etildi.

Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning majlis ishtirokchilariga tabrik so‘zi o‘qib eshittirildi.

Unda ta’kidlanganidek, mazkur Kengashning har yilgi majlislari terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlik qilish va tajriba almashish uchun mustahkam asos yaratdi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikka tahdid solayotgan bir qator omillarga alohida e’tibor qaratdi. Afg‘onistondagi beqaror vaziyat, xalqaro terrorchi guruhlar faoliyati, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik shular jumlasidan ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va sun’iy intellektdan g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Prezident global xavfsizlik masalasiga alohida to‘xtalar ekan, mintaqa atrofi va Yaqin Sharqda yuz berayotgan nizolar barchani chuqur tashvishga solayotgani, ular iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Ushbu omillar jahon bozorida nosog‘lom raqobatning kuchayishi, energiya manbalari narxining oshishiga olib kelmoqda. Shuningdek, energetika va transport sohalarida milliy va xalqaro loyihalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti shunday murakkab sharoitda MDHga a’zo davlatlar maxsus xizmatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy, energetika va kommunikatsiya tizimlarini barqaror rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ularning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini alohida ta’kidladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Samarqandda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari rahbarlari majlisda qatnashmoqda