22:49 / 10.09.2018
5 775

Nomahram... (20-qism)

Nomahram... (20-qism)
Matnazar ertasi kuni toʻppa-toʻgʻri shahar bozoriga bordi. Lekin nima olib sotishni, ishni nimadan boshlashni bilmas, bir-birlarini turtib u yoqdan-bu yoqqa chopayotgan odamlarga qaragancha, hayron boʻlib turardi.

— Aka, kartoshka bor, kartoshka! — bir mahal katta aravani toʻldirib qop-qop kartoshka yuklab olgan oʻrta yashar, sochlari ustarada qirtishlab olingan erkak kelib Matnazarni turtdi. — Qarang, hozir daladan opkeldim buni! Oling, aka, pulingizga kuymaysiz!..

— Olsammikan? — oʻylab qoldi Matnazar goh kartoshkalarga, goh bozor ichkarisiga nazar tashlarkan. — Oqsoqolning oʻgʻliyam qaysidir bozorda kartoshka sotadi, deyishardi. Ana, uylarini dangʻillatib oldi. Demak, kartoshkadayam gap koʻp boʻlsa kerak-da!

— Xoʻp, qanchadan berasiz? — bir qarorga kelgandek, erkakka yuzlandi Matnazar.

— Koʻtara olasizmi?

— Ha, koʻtarasiga.

— Unda-chi… Men gʻirrom odammasman. Ishonmasangiz, ana, bozorni koʻring! Xullas, toʻrt yuzdan kilosiga beravering. Pulingiz oʻzingiz bilan ketadi. Foyda qilmasangiz, mana, men kafil!

Bu soʻzlarga Matnazar chippa-chin ishondi. Oʻylab oʻtirmay, ikki yuz ellik kilo kartoshkani tarozida torttirib oldi-yu, sotuvchining qoʻliga ukasi bergan yuz ming soʻmni sanab berdi…

Afsuski, aldashgan ekan. U ichkaridan amal-taqal joy topib kartoshkalarni joylagach, tutgan ishiga ming pushaymonlar yedi.

Bozorni avval oʻrganmasa qiyin-da! Kartoshkaning narxi ikki yuz ellik soʻmdan oshmas, uning qarshisiga kelib narx soʻragan odamlar burnini jiyirgancha nari ketishardi…

Matnazar kechgacha oʻtirib kartoshkalarni sotib olgan narxidayam sota olmadi…

Kechga boribgina, hamma bozorchilar narsalarini yigʻishtirib ketishga chogʻlangan mahal bir olibsotarga zoʻrgʻa bir yuz ellikdan kartoshkalarni oʻtkazdi…

Endi alamga botishdan, soʻkinib toʻpolon koʻtarishdan ne foyda? Baribir aldab ketgan odamni topa olmasdi. Choʻntagiga arzimagan pullarni joyladi-da, hech qachon bozorga yaqinlashmaslikka oʻzicha qasam ichib uyiga joʻnadi…

* * *

Matnazarning xayolida hammasi tugagandek edi. U faqat bir narsani oʻylab yashardi. Qarzni qaytarishiga bir kun qoldi. Bu tunni oʻtkazsa, erta tongda ukasi kirib keladi va pulini soʻraydi. Shubhasiz, Matnazar u pullarni qaytara olmaydi. Ana shunda Mardon yoniga oʻziga oʻxshagan ikki-uchtasini oladi-yu, uyni buzishga kirishadi. Onasi rahmatlidan qolgan yagona yodgorlik kunpayakun boʻlib ketadi.

Bunday ogʻir damlarda erkak kishi alamini ichkilikdan olmoqchi boʻladi. Matnazar ham choʻntagida qolgan bir-ikki ming soʻm pulga doʻkondan aroq sotib oldi-da, qorongʻilikda hovli oʻrtasidagi soʻriga chordona qurib oʻtirgan koʻyi ichkilikka mukka tushdi…

— Ona-a!.. — oradan bir soatlar oʻtib kayfi oshgan Matnazar ovozining boricha baqira boshladi. — Anovi kichkinangiz meni adoyi tamom qildi! Qarzga pul berdi menga! Ertaga kelib uyni buzib ketadi! Men yolgʻizlanib qoldim! Hech kimim qolmadi, ona! Qaddim bukildi! Mahalla-koʻy orasida bosh koʻtarib yurolmas boʻldim! Ertaga yana tilanchilikka chiqaman! Shundan boshqa choram yoʻq! Hech kim beri kel, demasa, nima qilay? Boshimni qay devorga uray?

Balki, qoʻshnilar uning ovozini eshitishgandir? Ammo hech kim bosh suqib bu hovliga kirmadi.

Matnazar ancha paytgacha oʻzi bilan oʻzi soʻzlashib soʻrida uyquga ketdi.

* * *

— Hoy aka, boshni koʻtaring! Nima balo, oʻlib-netib qolganmisiz? Tursangiz-chi!

Matnazar yotgan yerida bir-ikki qimirlab olgach, koʻzlarini ishqalab oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Tepasida Mardon turardi.

— Kel, uka, kel, oʻtir!.. — mulozamat qildi Matnazar shosha-pisha koʻrpachalarni joy-joyiga toʻshab. — Oʻtira qol!

— Oʻtirishga vaqt yoʻq, aka! — dedi Mardon qovogʻini uyib dangʻillama qilib qurilgan qator-qator uylarga zimdan nazar tashlarkan. — Qarzingizni uzarmikansiz, deb keldim! Tayyorlab qoʻygandirsiz?

Matnazar bu gapni ukasidan kutgan boʻlsa-da, negadir jahli chiqib ketdi.

— Sen munofiq ekansan! — dedi Mardonning koʻzlariga tik boqib. — Koʻzingga faqat pul koʻrinadigan boʻp qopti. Esingdami, seni mana shu uyda oʻz qoʻllarim bilan koʻtarib katta qilganman. Seni deb, jigarimni deb ne balolarga yoʻliqmadim. Eslaysanmi, oʻsha kunlarni?

Mardon chirt etib yerga tupurdi-da, qoʻllarini bigiz qilib akasini qayirib tashladi.

— Bas qiling, diydiyongizni! Katta qilgan boʻlsangiz, nima qilay? Oʻsha qarzdan kechasan, demoqchimisiz? Chuchvarani xom sanabsiz. Siz meni xonavayron qilib topgan-tutganimni anovi hamtovoqlaringizga tutqazdingiz. Xoʻsh, oʻshalar kelib sizga bir soʻm qarz berdimi? Berib boʻpti! Endi yaxshilikka yomonlik… Aybni menga toʻnkayapsiz.

— Sen biror marta kelib xabar oldingmi? It kunini koʻrib oʻtiribman-ku, shu yerda! Nahotki, yuraging shunchalar tosh boʻlsa-a?

— Gapni koʻpaytirmang! Erkak kishi degan biqinib olgancha ichavermaydi, birovdan qarz olvolib. Mundoq harakatini qiladi! Boʻpti, gapni kalta qilaylik-da, pullarni opchiqing! Men ketishim kerak. Ishim boshimdan oshib yotibdi.

— Pul yoʻq, — dedi Matnazar bosh egib. — Pullaring sovrilib ketdi.

— Shunaqami? Oʻzim sezgandim. Goʻl, anqovligingizni bilardim.

— Ogʻzingga qarab gapir! — kutilmaganda Mardonning yoqasidan oldi Matnazar. — Tilim bor, deb gapiraverarkansan-da! Kim senga huquq berdi meni haqorat qilishga?

Shunda Mardon sekin yoqasiga yopishgan qoʻllarni olib tashladi-da, yashin tezligida choʻntagidan toʻpponcha chiqarib, Matnazarning peshanasiga tiradi.

— Ie, sen kim boʻpsan-u, meni boʻgʻasan? Yo oʻlging kelyaptimi? Haddingdan oshaverma!

— Hali shunaqami? Bir qorindan talashib tushgan ukam meni oʻldirmoqchi boʻlsa… Dardimni kimga aytay? Kimga dod dey?

Matnazar yuragi toʻlib ketganidan teskari oʻgirilgan koʻyi koʻzlariga yosh oldi. — Nahotki, oʻz ukam menga qurol oʻqtalsa?

— Boʻpti, vahima qilavermang! — toʻpponchani qaytadan choʻntagiga joylab sovuq tirjaydi Mardon. — Bir qoʻrqitib qoʻyay, degandim. Yuragingiz ja baquvvat…

— Yuragim bilan ishing boʻlmasin! Xudo bor tepada. Nasib etsa, bir kun kelib mana shu yerda oyoqlarimga bosh urib kechirim soʻraysan. Yoʻq, seni qargʻamayman. Onamning ruhini chirqiratmayman. Xudoning oʻzi koʻrsatib qoʻyadi.

— E, namuncha valdiraysiz-a? Kimga zaril kepti, sizni oʻldirib? Maza toparmidi odam? Gap bunday, hozir bu yerga mardikor yigitlar kelishadi. Kelishganimizday uyning yarmini buzib ketaman. Xoʻsh, nima deysiz? Yo xafa boʻldingizmi?

— Oʻlibmanmi xafa boʻlib? — teskari qaragan holda javob qildi Matnazar. — Onamiz yashagan, oʻsha odamdan qolgan yagona yodgorligimiz edi. Na iloj? Buzsang buzaver! Lekin esingda boʻlsin, arvohlar chirqirasa yomon boʻladi. Keyin pushaymon boʻlib yurmagin!

— Bas qiling, safsatalaringizni! Men it azobida koʻcha kezgan paytlarimda oʻsha arvohlar kelib yordam berib qoʻymagan. Shunday ekan, bunaqa gaplaringiz sigʻmaydi…

Matnazar indamadi. Ukasi chiqib ketgandan soʻng birpas oʻylanib turdi. Nima qilishni bilmay boshi qotdi…

Oxiri uyning buzilishini koʻrib jim tura olmasligiga koʻzi yetib kiyimlarini kiydi-yu, koʻchaga qarab yoʻl oldi.

* * *

Gʻam, alam domiga tushib butkul choʻkib qolgan Matnazar ancha kunlardan beri koʻcha yuzini koʻrmagandi. Tushga qadar oʻtirdi hamki, sira koʻngli oʻrniga tushmadi. Aksiga olgandek, qorni tatalab borar, oʻtkinchilarning birortasi pul bera qolmasdi.

— “Oʻlim yaqin koʻrinadi, — koʻnglidan oʻtkazdi u tobora yaqinlashib kelayotgan «Neksiya” dan koʻz uzmay. — Toʻgʻri-da, tagʻin ikki-uch soat shu taxlit och oʻtirsam, bosh aylana boshlaydi. Ustma-ust sigaret tutatib yuborsam, hushimdan ketaman. Ana undan keyin yorugʻ dunyo bilan xayrlashaverish mumkin boʻladi. Axir, kim ham menday tashlandiq, nochor kimsani doʻxtirga eltib qoʻyardi?!»

Shu tobda haligi mashina uchib kelib, uning roʻparasida toʻxtadi. Matnazar yaxshilab nazar soldi. Negadir haydovchisi tanishdek tuyulardi…

Ha, adashmagan ekan. Mashinadan tushib oʻzi tomon kelayotgan yigit Sariboy edi.

— Ie, aka, bu yerda nima qilib oʻtiribsiz? — Sariboy quchoq ochib Matnazar bilan koʻrishgach, toʻngak ustiga oʻtirdi. — Buncha ozib ketibsiz? Tinchlikmi?

— Senday ukalarim boʻla turib xabar olmagandan keyin ozmay, semiraymi? — oʻpkalangan boʻldi Matnazar. — Birortang shu yoqda bir akamiz boʻlardi. Oʻlikmikan, tirikmikan, deyishga yaramaysan.

— Xudo asrasin, aka! Sovuq nafas qilmang! Ochigʻi, ishlar koʻpayib ketdi. Tan olaman. Sizdan allaqachon xabar olishim kerak edi. Uzr… Lekin aybimni yuvishga bahona bor, aka!

— Nima bahonang bor?

— Hozir toʻgʻri sizning uyingizga kelayotgandim.

— Yoʻgʻ-e, ja opqochasan-da, oʻzingam!

— Opqochish yoʻq, aka! Bek akam yubordilar.

— Bek akam?.. — Matnazarning birdan rangi oʻzgarib teskari oʻgirildi. — Nima ishi bor ekan yana?

— Sizga aytsam, u kishi allaqachon qilgan ishiga pushaymon boʻlgan. Ayniqsa, ukangiz sotqinlik qilganidan soʻng…

— Ukam nimaga sotqinlik qiladi? — Sariboyning soʻzini boʻldi Matnazar.

— Bir oydan beri dumini ushlatmaydi Mardon. Qochib yuribdi.

— Ha-a, ulush bermagan, degin! Toʻxta, sen qayerdasan oʻzi, hozir?

— Menmi? Bek akanikida ishlayapman.

— Xoʻsh, ukam sotgan boʻlsa, mening nima aloqam bor? Meni nega yoʻqlaydi, oʻsha Bek akang?

— Unisini bilmadim. Oʻzingiz tushunasiz-ku, Bek akam hamma gapni aytib oʻtirmaydi. Topib kelgin, gap bor, degandi, men kelaverdim…

— Yoʻq, men bormayman, — dedi Matnazar. — Borgulik boʻlganim yoʻq u yerga.

— Unaqa demang, aka! Yo menga ishonmaysizmi?

— Ishonganimda nima?

— Axir, sizni yomonlikka yetaklamaganman! Hammasi yaxshi boʻladi. Aka-ukachiligimiz hurmati, xoʻp, deya qoling, jon aka!

— Ja ustasan-da, odamni koʻndirishga! — kulimsiradi Matnazar. — Ilgariyam yalinaverib odamning holi joniga qoʻymasding.

— Odat-da, aka, odat!

— Boʻpti, avval biror oshxonaga olib kir meni! Oʻlguday ochman!

— Gap boʻlishi mumkinmas. Qani, mashinaga! Zap akamsiz-da!
(davomi bor)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (20-qism)