14:59 / 14.10.2018
3 577

Chiroyli voqea

Chiroyli voqea
To‘qsoninchi yil kuzida sobiq Butunittifoq yosh ijodkorlarining kengashi o‘tkazildi. Ustoz adib Tohir Malik tavsiyasi bilan Sochida bo‘ladigan tadbirga meni jo‘natishdi. Ilgari e’tibor qilmas ekanman: o‘rislarda ham ilmoqli gap ko‘p bo‘larkan. Meni bir guruhga, qozoq Baurjan Japiqovni narigisiga, tojik Muhammadali Junaidovni yana boshqasiga kiritgan ma’raka rahbari kulimsirab: “Mana, O‘rta Osiyoni bo‘lib tashladik”, deb qo‘ydi.

Muhammadali: “Men A’zam bilan bir guruhga kiraman!” deb turib oldi. Baurjan ham uni quvvatladi. Biz birlashdik. Bizga boshqacha qaray boshlashdi.

Vologdadan Olga Smirnova degan shoira kelgan edi. O‘zbek qizlarga o‘xshaydi. Buning ustiga, shoir Nikolay Rubsovning hamyurti. Gaplashib qoldik.

— Mana, sen o‘zbeksan. Aroq ichmaysan, namoz o‘qirkansan, — dedi u. — Rubsov boshqacha. Butunlay. Uning she’rlarini o‘z tilingga o‘girishingga nima sabab bo‘ldi? (Gazeta-jurnallardagi tarjimalarimni ko‘rsatgan edim unga).

Rubsovning mashhur she’rida shunday satrlar bor:

“Ya umru v kreщenskiye morozы,
Ya umru kogda treщat beryozы.


Shuni men o‘zbekchaga:

“O‘laman men ayoz chirsillaganda
O‘laman qayinlar qirsillaganda”
, deb tarjima qilgan edim. O‘zbek va o‘ris tillarida shuni to‘liq o‘qib berdim. She’r

“O‘zim ham bilmayman bu qandayin sir —
Ishonmayman o‘lim mangu emasdir”
, satrlari bilan tugaydi.

— Shu ishonch bizni birlashtiradi, — dedim men. — Inson o‘lganidan keyin tirilishiga ishonmog‘i lozim. Imonning to‘lig‘i bo‘lmasa ham, bir parchasi bor ekan, shu topishtiradi bizni.

Mashg‘ulotlar boshlandi. Anton Petrashevskiy degan shoir yigit yaqinda uylangan bo‘lib, xotini bilan birga kelgan ekan. Yaxshi odamlar. Biroq xotini Anjelika o‘ta “zamonaviy” kiyingan. Yonida o‘tirish noqulay. Oqshomlari suhbat qiziydi. Dasturxonga “pashsha” tushishi bilan men turib ketaman. Buni Anton sezib yurarkan, bir kuni dengiz bo‘yida sayr qilayotganimizda sababini so‘rab qoldi. Baholi qudrat tushuntirdim.

— Menga qara, — dedi u, — demak, sen xotiningdan boshqa ayollar bilan “gaplashmasan”-a?

— Yo‘q, — dedim. Nikoh, zino, mahram-nomahram haqida dinimiz ahkomlarini bayon qildim.

— Men senga hayronman, — dedi Anton. — Olya bilan gaplashasan. Mening xotinimga qaramaysan ham. Faqat salomlashasan. Nima, u senga yoqmaydimi?

Hayron qoldim. Ularda bu narsa tabiiy hol ekanligini hazm qilolmasdim.

— Olya boshi ochiq yursa ham kiyimlariga chidasa bo‘ladi, — bo‘ladi deya o‘zimni oqlay ketdim men. — Sening xotining judayam erkin tutarkan o‘zini. Buning ustiga icharkan. Sigaret chekyapti. Xohlaganini gapiradi, bilganini qiladi. Bizda xotinlar erlarini “xo‘jayin” deb atashadi.

Keyin satri avrat, rashk, mehr, mas’ullik haqida so‘zladim. Antonga bular juda ma’qul tushdi. Shu payt yonimizdan Feliks Kuznetsov degan shoir o‘tib qoldida, Antonga so‘z qotdi:

— Nega bir o‘zingsan? Qani u yosh, chiroyli xotining?

— Dam olyati, kecha ko‘proq ichib qo‘yibdi, — deb javob berdi Anton.

Kuznetsov nariroq ketgach, hozirgi savol-javob bo‘yicha ham fikrimni bildirdim:

— Xotining qarimi, yoshmi, xunukmi, chiroylimi begona kishining ishi bo‘lmasligi kerak, sen esa bamaylixotir “Kecha ko‘proq ichib qo‘yibdi”, deyapsan. Mast qiladigan ichkilik ichish erkakka uyat-u, sen bo‘lsang ayoling haqida gapiryapsan.

Bir-ikki kun o‘tib Anjelika yonimga keldi.

— Sen mening tuppa-tuzuk erimni yo‘ldan uryapsan, — dedi u hazil aralash. — Har kuni qanday kiyinishdan bahslashamiz. Umuman ichkizmay qo‘ydi. Sigaretni og‘zimdan yulib olyapti. Sekin surishtirsam, bunaqa qiliqlarni sendan o‘rganayotgan ekan.

Men bundan buyog‘iga Antonni “yo‘ldan urmaslik”ka va’da berdim. Ammo u allaqachon o‘zgarib bo‘lgan edi. Vaqt topildi deguncha Qur’on o‘qitib, ma’nosini so‘rayveradi. Muhammadali ikkovimizning ishimiz shu bo‘lib qoldi. Bir kuni Baurjan ukrainalik ijodkorlar davrasida bo‘lib, rosa ichibdi. Ertalab nonushtaga kech keldi.

— Dobre rano, xoxol! — dedi Anton uni ko‘rib.

— Nimaga men bilan ukraincha so‘rashyapsan?

— Chunki sen xoxolsan, — deb javob qildi Anton. — Ana, kecha taqsir aytdi: “Kim o‘zini qaysi qavmga o‘xshatsa, u o‘shalardan bo‘ladi”. Qozoq ukrainlar bilan o‘tirib, ularning arog‘ini ichadi, ashulasini aytadi-da, qozoq bo‘lib qola oladimi? Yo‘q. Yoqimli ishtaha sobiq qozoq. Kiyevga salom ayt.

Baurjan tajang, ukrainlar xursand. Biz ham undan kuldik. Keyin ko‘plashib dengiz bo‘yiga ketdik. Olya Alisher Navoiy, Umar Hayyom ruboiylarini bilar, “ularning mayga muhabbati kuchli” bo‘lganini “isbotlab” bera olar ekan. Men ham she’riyatdagi ramzlarni izohladim. “Sen gumon qilgandin o‘zga jomu may mavjud erur” satri jonimga ora kirdi. Undan keyin esa ilohiy mo‘’jizalarni sanashga tushdik.

Bir zanjiya qiz ozod bo‘lganidan keyin imonga kelib, musulmonlar yonida qolgan ekan. Masjid yonida uning chodiri bo‘lib, ko‘pincha Oyisha onamizning (r.a.) yonlariga chiqib, suhbatlashib o‘tirarkan. “Taqinchoq voqeasi sodir bo‘lgan kun Rabbimizning ajoyibotlaridandir. U meni kufr olamidan qutqardi”, deb qo‘yarkan. Kunlarning birida Oyisha onamiz “Menga qara, sen nima uchun doim shu gapni takrorlayverasan?” debdilar. Shunda zanjiya qiz ushbu voqeani so‘zlab beribdi: “Bir kuni men qabiladagi yosh kelinchaklardan biri bilan o‘ynagani chiqdim. Uning qizil taqinchog‘i bor edi. O‘shani qo‘lidan yechib qo‘ygan ekan. Bir qush uni go‘sht deb o‘ylab, olib qochib ketdi. Rosa qidirib topisha olmadi. Keyin menga, sen olgansan, deb tuhmat qilishdi. Hammayog‘imni tintishdi. Allohga qasam ichib aytaman, men ularning yonida turgan payt boyagi qush kelib taqinchoqni oldimizga tashladi”.

Men bu hikoyani hayajon ichra ovozim titrab aytib berdim. Hammaga ta’sir qildi. Faqat Stefaniya Ukraines ismli juvon:

— Ataylab to‘qilganga o‘xshaydi, — dedi kulib. — Islomning afzalligini isbotlash uchun boshqa chiroyliroq voqeani ham olsa bo‘ladi-ku? Aqlga sig‘maydigan ish. Osmonda uchib yurgan o‘g‘ri qush yerdagi diniy masalalarga aralashib yursa... g‘alatiroq-da, — dedi.

Biz bir yoqda qolib, Anton u bilan tortishib ketdi va odatdagidek yengib chiqdi. Anjelika esa tinmay kulardi.

— Yangi musulmonning oldida Allohning mo‘’jizasini inkor etasanmi-ya? Endi bu qo‘ymaydi. Kechqurun namozdan keyin ham tushuntiradi. Meni “taqsir” deb chaqirishimni talab qilyapti...

Ko‘z ochib yumguncha bo‘lmay o‘n besh kun ham o‘tib ketdi. Bir-birimizga manzilu telefonlarimizni yozib berdik. Kimdir esdalik uchun suratga tushishni taklif qildi. Shu payt qiziq ish bo‘ldi. Anton bilan Baurjan yonma-yon turib qolishgan ekan. Bir payt qozog‘imiz unga qarab “Ke, men sening xotiningni quchib turay”, dedi. “Mayli”, dedi va u ikkovi joy almashishdi. Xudi shu payt Anton ikkovimizning ko‘zlarimiz to‘qnashdi. U Baurjanga qarab, Anjelikaning yelkasidan uning qo‘lini olib tashladi-da, “Xotinimni o‘zimga qo‘yib ber” dedi. Kulib yubordik. Shu lahzalar suratga muhrlandi.

Hamma tarqaldi. Aeroportga jo‘nadik.

Yo‘lda kimdir boshqotirma o‘ylab topdi:

— Yuz metr narida bir shisha aroq turibdi. Start chizig‘ida ichuvchi, chaqimchi, yengiltak qiz, sportchi va boshqalar turishibdi. Qani, aytinglar-chi, kim birinchi marraga yetib boradi?

So‘ng erinmay hammadan birma-bir so‘rab chiqdi. Mendan ham so‘ragan edi, sanalmagan “yengiltak qiz” qolgan ekan, shuni aytdim. Oxirida: “Ha-a, har kim o‘zi suygan tomon g‘olib chiqishini istaydi” deb xoxolab kulib yubordi. Antonning qovog‘i osilib ketdi. U poraxo‘rni aytgani uchun xijolat chekdi, deb o‘ylabman. Mashinadan tushgach:

— Taqsir, sen yomon ish qilding, — dedi u menga. — Uni aytmasliging kerak edi. Gapingni yozib o‘tirgan farishtalarni noqulay ahvolga tushirding.

Peshonamdan muzdek ter chiqib ketdi. Nima deyishimni bilmayman. Baxtimga birinchi bo‘lib men uchadigan edim. Xayrlashdik.

— Osmonga bog‘liq ishlarda Xudo musulmonlarga alohida e’tibor beradi, mana, bittasini bizdan ajratib olyapti, — dedi Anjelika.

Uning bu gapi eriga yoqib tushdi. Oddiy narsalardan ham ilohiylik izlay boshlagan edi Anton.

Ertasiga ishga chiqdim. Bir payt telefon jiringlab qoldi. Oldim, salomlashdik. Ukraindan so‘rashayotgan ekan.

— Allo, A’zam, senmisan? — degan hayajonli ovoz yangradi. — Men Stefaniyaman. Bir gap aytmoqchiman. Pitsundaga borgan kunimiz sohilda soatimni yo‘qotib qo‘ygan edim. Aeroportda turganimizda “Hammasi yaxshi bo‘ldiyu, tug‘ilgan kunimga erim sovg‘a qilgan soatni yo‘qotganim yomon bo‘ldi”, deb achindim. Shu payt Muhammadali sumkasini kovlashtirib, xuddi o‘sha soatni olsa bo‘ladimi? “Manovi emasmi? Kelgan kunimning ertasiga qirg‘oqdan topib oluvdim” deydi-ya. Qara, qanday ajoyib. Shunaqa sevindim-ki. Darrov seni esladik. Kechir, o‘shanda noto‘g‘ri gapirgan ekanman. Undan chiroyli voqeani topib bo‘lmaydi. Alloh aynan menga ko‘rsatganini qara. Xo‘p, xayr. Alloh senga yor bo‘lsin, taqsir.

Ko‘zimda yosh bilan go‘shakni ushlagancha tek turib qoldim.
A’zam O‘KTAM

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Chiroyli voqea