15:07 / 27.10.2018
3 483

Mushtumzo‘rning muhabbati

Mushtumzo‘rning muhabbati
Sarvar kutubxonaga kirib kelganida To‘xtamurod ham, Lena ham shay, uni kutib turishgan ekan.

— Keldingmi, xayriyat! — dedi To‘xtamurod uni ko‘rishi bilan sergak tortib.

Hushyorlik Lenaga ham o‘tdi.

— Tayyormisan? — so‘radi so‘ng Sarvardan.

O‘rtaga jimlik cho‘kdi.

Sarvar «Tayyorman», deyish uchun ancha payt tayyorlanishiga to‘g‘ri keldi. Ungacha To‘xtamurod ham, Lena ham angrayib, savol nazari bilan boqishardi. To‘xtamurod og‘zi lang ochiq, Lena esa xuddi «Hammasi yaxshi bo‘ladi», deya o‘zini tinchlantirishga urinayotgandek chuqur-chuqur nafas olgancha Sarvarga tikilib turardi.

— Tayyorman! — dedi Sarvar, nihoyat, imtihon topshirgan talabadek xo‘rsinib.

Ana shundan so‘nggina do‘stlari yengil nafas olishdi. Lena javon ortidan yarim tik, yarim engashgan holda o‘quv zaliga mo‘raladi. Bir pas poylab turgach, yana qaddini ko‘tarib Sarvarga qaradi. Oyoq-qo‘li hayajondan quvvatsizlanayotgani uchunmi, javonga orqasi bilan suyanib turgan Sarvarni To‘xtamurod «qochib ketmasin», deya ushlab turganini ko‘rib, ko‘ngli joyiga tushdi va qayta o‘quv zaliga mo‘raladi.

Bir payt qarsak chalgancha sakrab yubordi:

— Bo‘ldi, turdi!..

— Sekin, hammani o‘zingga qaratma, — uni ushlab qoldi To‘xtamurod. — sezdirib qo‘yasan, bo‘lmasa…

Lena Sarvarning yelkasidan tutib, o‘quv zali tomon ishora qildi.

— Huv, ana… — dedi u Sarvarga tushuntirib. — Nazarimda kitob buyurtma qilib bo‘ldi. Shoshil, shoshil… Kutubxonachi kitobni topib kelgunigacha uni…

Lena gapini yakunlay olmadi. Joni hiqildog‘iga kelib bo‘lgan To‘xtamurod axiyri chidolmay Sarvarni o‘quv zali tomon itarib yubordi:

— Bo‘lsang-chi, endi, ey-y-y…

Boshqa chora yo‘q edi. Sarvar noiloj olg‘a yurdi. Ko‘ylagini epaqaga keltirgan bo‘ldi-da, boshini eggan ko‘yi kitob buyurtma qilish stoliga yaqinlashdi.

* * *

Lena garchi rus bo‘lsa-da, o‘zbek mumtoz adabiyotini o‘qishi va hatto «Layli va Majnun» syujetiga ishonishiga turtki bor. Sarvar hatto kursdoshi To‘xtamurod bilan avval boshidan shu xususda tortishib olgan. O‘shanda To‘xtamurod: «Layli va Majnun» shunchaki fantastika, real hayotda bunday bo‘lishi mumkinmi?» — deganida, Lena: «Sarvar!» — deb javob bergandi.

— Baribir, ishonmayman, — degandi To‘xtamurod ham bo‘sh kelmay. — Kimnidir jonu diling bilan sevasan, ammo o‘ziga aytolmaysan. Eng qizig‘i, husni jamolini ko‘rib, hushdan ketish ham mumkinmi?

— Sarvar! — deb javob bergan Lena tag‘in.

To‘xtamurod u desa ham, Lena «Sarvar», bu desa ham «Sarvar» deb javob beravergani uchun To‘xtamurod «Bor-ey», deya qo‘l siltab ketgandi.

O‘shanda Lena adashmagan ekan. Sarvar chindan Majnun edi. Zuhraning ishqida. Lena To‘xtamurodning «Shunaqasi bo‘lishi mumkinmi?» degan savoliga javobni Sarvardan topgan. Chindanam Sarvar Zuhrani shunday sevardiki, buni ta’riflashning imkoni yo‘q.

Dil izhori tugul, na yurak yutib nimadir ayta oladi va na yonida bir zum turishga o‘zida kuch bor. Yo shalviraydi qoladi, yo nafas olishi og‘irlashib, tomog‘i tiqiladi. Sarvar Zuhraning hatto soyasini bexosdan bosib qo‘ysa, ertalabgacha cho‘kkalab, uzr so‘rab chiqadi. Bir marta nigohlari to‘qnashsa, ikki kun qaltirab yuradi. Mabodo qo‘li tegib ketsa, bormi-i-i…

Bu muhabbatning ikki qirrasi bor. Birinchisi shuki, Zuhraning Sarvarda ko‘ngli borligini, faqat o‘zidan dil izhori kutib yashayotganini Sarvarning o‘zi bilmaydi. Ikkinchi jihati, Sarvar buni bilganida yo ishonmaydi, yo yuragi yorilib, o‘sha ondayoq…

Eng qiyini esa To‘xtamurod bilan Lenaga. Ularni topishtirish uchun tinimsiz tuzilgan rejalar, qilingan repetitsiyalarning hali birortasi amalga oshgani yo‘q, Sarvar doim oxirgi soniyalarda qovun tushirishdan boshqasini bilmaydi.

* * *

— Ichkarida ekan, ozgina kutasiz…

Boshi uzra chirsillayotgan chaqmoq momaqaldiroqqa aylandi. Sal bo‘lmasa o‘takasi yorilardi. Bir sapchib olganini hatto o‘zi ham sezdi Sarvar. Qo‘rqa-pisa ovoz kelgan tomonga qaradi.

«Zuhra?!»

Sarvarning «astma»si qaytaladi. Bo‘g‘zi quruqshab, nafas olishi me’yoridan chiqib ketdi.

— H-h.. ha… h-h-aligi… «O‘tkan kunlar»…

Zuhra xuddi o‘zini bilmaganga olib, ohista so‘radi:

— Qodiriyni yaxshi ko‘rasizmi?

— Yo‘q, men faqat… siz…

Sal bo‘lmasa «Sizni yaxshi ko‘raman» deb yuborardi Sarvar. Yashin tezligida anglab yetdi buni. «Qo‘rqqan xasga ham yopishadi», deganlaridek, birdan uyog‘ini ilib ketdi.

— Siz… ga tushuntirolmadim, demoqchiydim, — bir qadam ortga tisarilib, «qult» yutindi Sarvar. — Faqat o‘tgan kunlarni. Uni yaxshi ko‘raman. O‘ziyam boplab yozgan-da Navoiy.

— Navoiy? — hayratini yashirolmay qoldi Zuhra. — Alisher Navoiymi?

— Ha. Siz ham yaxshi ko‘rasizmi? Zo‘r yozuvchi.

— Ha. Zo‘r yozuvchi, ammo men shoir Qodiriyning «Xamsa» romanini o‘qigani keluvdim.

Zuhra kulib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib, yuzini burib oldi. Lablarini qimtidiki, kulib suyuklisining oriyatiga tegib qo‘ymaslik uchun. Sal o‘zini o‘nglab, so‘ng o‘girildi. Ammo…

Sarvar yonida yo‘q edi.

* * *

Sarvar hansirab nafas olar, nima gapligini tushuntirib berolmasdi. Lena ham, To‘xtamurod ham uning gapirishini poylab turishdi.

— Nima bo‘ldi? Nega zumda qaytding? — so‘radi To‘xtamurod asabiylashib.

— «Xamsa»… «Xamsa» romani haqida nimadir aytinglar. Nimanidir tushuntiringlar!

— «Xamsa»?!

— Ha, «Xamsa» romani haqida.

— «Xamsa» roman emas, — kalovlandi To‘xtamurod bir Lenaga, bir Sarvarga baqrayib. — «Xamsa» doston-ku.

— Yo‘q! — ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi Sarvarning. — U roman dedi-ku. Balki, sen boshqasini aytayotgandirsan?.. Shoir Qodiriy yozgan «Xamsa»ni aytdi u.

«Tap». Peshonasiga kaftini urdi To‘xtamurod…

«Qult». Yutindi Lena.

Ikkalasi ham bir-birining ko‘zlariga qaray olmay teskari o‘girilishdi. Sarvar «Xamsa» degan «roman» haqida so‘rab Lenaga javob ololmagach, To‘xtamurodga qaradi. Undan ham sado chiqmadi. Shundagina anglab yetdiki, qovun tushirgan. Boshini quyi soldi.

— Biron narsa desanglar-chi, axir… — dedi noumid shivirlab.

Lena achindi. To‘xtamurod ham «Agar hozir yana ko‘ngli sinsa, qayta olti oy ketadi o‘ziga kelishi uchun» deb o‘yladi. Ikkalasi ikki yelkasidan ushlab, dalda berishdi.

— Menga qara! — dedi Lena uning ko‘zlariga tik boqib. — Menga ishonasan-a?..

— Judayam.

— Unda bor. Istagan narsang haqida gapir. Bor!

Lenaning ko‘zlaridagi ishonch Sarvarga kuch berdi. To‘xtamurod soatini to‘g‘rilab, Lena yoqa tugmasini qadab qo‘ygach, shahdam qadamlar bilan ketdi.

— Ishqilib, o‘xshasinda… — dedi bir muddatdan so‘ng To‘xtamurod Lenaga.

Ammo o‘xshamadi. Sarvar qaytib keldi. Qovoq-tumshug‘i osilgan Sarvar xuddi ipi uzilib, varragi ko‘kka qarab ketgan bolakaydek xo‘rligi kelgancha shunchaki yonlaridan o‘tib ketdi.

To‘xtamurod «hay-hay»lashiga ham qaramay o‘tib ketgani uchun hech narsani tushunmay yelka qisdi.

Lena esa bildi: demak, Zuhra ketib qolgan…

* * *

— Eng qiziq joyiga kelgandi, — o‘pkalangan bo‘ldi Dilorom dugonasining bilagidan chimchilab. — Nega bunaqa qilaverasan, a?

— Nima qilishim kerak edi? — xomush tortdi Zuhra. — Anavi maxluq kelib qoldi-ku yana. Agar Sarvar yonimda o‘ralashib yurganini ko‘rsa, Murod uni urib pachoq qilib qo‘ymasin, deyman…

— Shu Murod ham juda jonga tegdi-da… — boshini sarak-sarak qildi Dilorom. — Suymaganga suykalishni qachon bas qiladi, bilmayman. Ammo, baribir, ayb o‘zingda. Senga necha marta aytdim, «Sashaning oldiga boraylik, oldiga boraylik», deb.

— Ey, Murod nima deganini bilasanmi? Shartta seni quchoqlab olaman, sal narida do‘stim suratga oladi, dedi. Keyin Internetga chiqib ketamiz, qarabsanki, faqat menga tegasan, dedi, maraz!

— Vot, muammo. — Dilorom birdan jonlandi. — Endi aniq Sashaga aytamiz. Murod quyushqondan chiqib ketdi.

— Yo‘q, aytma! Axir gap tarqab ketadi. Zuhraning bezori tanishlari bor ekan, deb…

— Menga qara, Sashaning razborchikligini biladi hamma, ammo xuliganligini emas. Chunki u bezori emas. Senga o‘xshagan qancha odamning hojatini chiqarib yuradi. Ta’ma ham qilmaydi, sha’ma ham. Eng muhimi, u hamisha adolat uchun mushtlashib yuradi. U haqiqatni yuzaga chiqarish uchun aralashadi. Uqdingmi?

— To‘g‘riku-ya, lekin…

— Lekin-pekini yo‘q. Men ortiq chidolmayman. Murod quyushqondan chiqib ketdi.

Dilorom dugonasining qarshiligiga ham qaramay, telefonidan raqam tera boshladi.

Aslida, Zuhraning hayiqishiga boshqa sabab ham bor edi. Chindan ham Sasha deganlari universitetga kelsa-yu, Zuhrani himoya qilgudek bo‘lsa, gap tovoqqa quyulgan suvdek bir lahzada yoyilib ketishi mumkin. Sababi, tevarak-atrofda dong‘i ketgan Sasha Zuhrani himoya qilib kimsan Murodning tanobini to‘g‘rilab ketadi-yu, keyin Zuhraga Sarvar yaqinlasha olarmidi? Qo‘rqqanidan Zuhra tugul, uning ismini ham tilga olmay qo‘ysa kerak. Mana, gap qayerda?

Ammo… shu bitta ammo ham borki, yurakka dalda, xayolga umid beradi. Ya’ni agar muhabbati haqiqiy bo‘lsa, unda Sarvar bilan muammo bo‘lmaydi. Kerak bo‘lsa, Sarvarning o‘zi Murod, Sasha singarilar bilan ham kurashadi Zuhrasi uchun. Zuhraginasi uchun…

Bo‘ldi, Zuhraning xayoli ko‘klarga ketdi. Endi unga borliq begona edi. Dilorom Sashani chaqiradimi, boshqani chaqiradimi unga endi, baribir. U Sarvari bilan ko‘kka parvoz qildi-yu ketdi.

* * *

Keyingi rejaga o‘tildi.

Sarvar do‘stlari bilan Zuhra avtobus kutadigan bekatga qarab ketishdi. Hali bekatga yetmaslaridan Sarvarning ko‘zi dugonasi bilan gaplashib turgan Zuhraga tushdi. Tushdi-yu, taqqa to‘xtadi. Lena bilan To‘xtamurod o‘zini nariroqqa olishdi. Shu payt Dilorom Sarvarni ko‘rib qoldi.

— Keldi… Seni ko‘rdi, faqat sezdirib qo‘yma! — dedi Dilorom ayyorona kulib. — Hozir men soyabonni olib ketaman. Qolgani taqdirdan…

— Iyy-y… shoshma!

Dilorom to‘xtamadi. Soyabonni olib, Zuhrani yolg‘iz qoldirgancha taksi ushlash uchun katta yo‘lga oshiqdi.

— Qoyil! — qiyqirib yuborishdi yo‘lning bu tomonidagilar. — Mana senga imkoniyat!

To‘xtamurod ko‘zlari Zuhraga tikilib, qotib turgan Sarvarni ruhlantirishga tushdi. Lena bir zumda soyabonni hozirlab, uning qo‘liga tutqazdi.

— Qani, olg‘a! — deya ular Sarvarni oldinroq itarib, o‘zlarini panaga olishmoqchi edi…

— To‘xta!

To‘xtamurod to‘xtadi.

— Nima?

— Lena, — Lenaga qaradi Sarvar soyabonga ishora qilib, — buni nima qilay?

To‘xtamurodning jahli chiqib ketdi.

— Birinchidan, Lenani to‘xtatmoqchi bo‘lsang «Stoy» degin deb necha marta aytganman senga. Yo mening ismimni to‘liq ayt! — Sarvarning boshiga mushtini niqtadi To‘xtamurod tishlarini g‘ichirlatib. — Ikkinchidan, soyabonni nima qiladi odam, ayniqsa, sevgan qizi yomg‘ir ostida turganida?

— Eh-ha, topdim, — Sarvar kutilmaganda jonlanib ketdiki, Kolumb ham Amerikani ilk bor ochganida bunchalik quvonmagan bo‘lsa kerak. U zudlik bilan yo‘lning narigi tomoniga oshiqdi.

— Ey, yo‘lingga qara! — deb qoldi To‘xtamurod va Lenaga o‘girildi. — Svetoforni tushunmaydimi bu?

— Unga hozir hamma chiroq yashil.

Afsuski, bu reja ham ish bermadi. Murod paydo bo‘ldi yana. Toqati toq bo‘lgan Zuhra Murodga bir o‘shqirib bergandi, bu gal negadir Murod ham qo‘rqib, juftakni rostladi. Ammo bu Sarvarga boshqacha ta’sir qildi. Xuddi hozir o‘ziga ham shunday muomala qilinadigandek his etdi va keskin burilib, duch kelgan birinchi avtobusga chiqib ketdi.

Lena bilan To‘xtamurod bir-biriga angraygancha qoldi. Murodni ko‘rib hayiqdi, deb o‘ylagan Zuhra esa ichida «obbo»lagancha qolaverdi. O‘sha oqshom To‘xtamurod ham, Lena bilan Zuhra ham uyiga ust-boshi jiqqa ho‘l ahvolda kirib kelishdi…

Sakkiz oydan beri davom etayotgan ikkilanish jonlariga tekkani bois To‘xtamurod bilan Lena Sarvarni bu gal qattiqroq jazolashdi.

— Ertagayoq dil izhori qilasan, bo‘lmasa, biz borib aytamiz, qanaqa qo‘rqoqligingni, — deyishdi.

Sarvar Zuhraga atab eng chiroyli, jimjimador, ta’sirchan so‘zlardan yurakni chertuvchi gaplar tuzib, ertalabgacha yodlab chiqdi.

* * *

— Dilorom? — dedi dars tugab tashqariga chiqishganidan so‘ng Zuhra dugonasiga mahzun termilib.

— Nima deysan?

— U bilan gaplashaylik.

— Kima bilan?

— Sasha bilan…

— Rostdanmi? — hayratini yashirolmadi dugonasi. Aslida, shusiz ham kecha o‘zi qaror qilib bo‘lgandi Dilorom. Amakivachchasiga qo‘ng‘iroq qilib, «Anavi do‘sting Sashaga ayt, bizga yordam bersin», degandi. Amakivachchasi ham rozi bo‘lgan, «Ertaga boradi», degandi. Ammo hozir Zuhraning o‘zi u bilan ko‘rishishni istayotganidan yuragiga vahima oraladi.

— To‘g‘risini ayt, Murod yana biror qaltis qiliq qilib…

— Yo‘q, gap unda emas!..

— Unda nimada?

— Bilasanmi, bugun oshxonada Sarvar rosa harakat qildi menga dil izhori qilish uchun.

— Nima qilibdi? Sakkiz oydan beri universitetimizga qatnaydi-ku sen uchun. Endi g‘alati tuyulib qoldimi?

— U men bilan yonma-yon o‘tirishga kuch topdi.

— Xo‘sh-xo‘sh? — qiziqib qoldi Dilorom.

— Hatto men nima buyurtirgan bo‘lsam, u ham shunday qildi. Bilasanmi, likopchada bitta emas, ikkita achchiq qalampir bor edi. Menga mahliyoligidan nima qilayotganini bilmasdi. Har ikkala qalampirni chaynab o‘tirib, yeb qo‘ydi.

— Sezmadiyammi?

— Sezmadi, — Zuhra birdan to‘xtab, dugonasining yelkasidan tutdi. Shundagina Dilorom uning ko‘zlari yiltillab turganini ko‘rdi. — O‘zing ayt, Dilorom, bundan ham kuchliroq muhabbat bo‘ladimi?

Diloromga boshqa izohning hojati qolmagandi. Shundoq universitetning darvozasi ortiga boqdi. O‘rtoqlari bilan tamaki tutatib turgan Murodni ko‘rib, nafratlanib ketdi.

«Sarvar bilan Zuhraning o‘rtasida turgan sen to‘nkani bugunoq olib tashlayman», deya qat’iy qarorga keldi. Shartta amakivachchasiga qo‘ng‘iroq qildi. «Sashanig bugun ishlari ko‘p, shoshilmay tursalaring-chi», deb qancha aytmasin, qo‘yarda- qo‘ymay raqamini oldi. Qo‘ng‘iroq qildi. «Do‘stingizning siglisiman, dugonamga bittasi shilqimlik qilyapti», deya rosa iltimos qilgandi, Sasha ham rozi bo‘ldi.

— O‘n besh daqiqada yetib boraman. Izlab qolmay, yo‘lakda turinglar, qora «Lasetti»da bo‘laman, — deya mashinasining raqamini ham aytib, aloqani uzdi Sasha.

* * *

— Sizni oxirgi marta ogohlantiraman, — dedi Zuhra do‘stlari oldida o‘zini ko‘rsatib, uning yo‘lini to‘sayotgan Murodga.

— Nima qilaman, dedingiz, mademuazel?

— O‘n besh daqiqadan so‘ng aytaman nima qilmoqchiligimni.

— Yo‘g‘e! — qulochlarini keng yoyib, hiringladi Murod. — O‘n besh daqiqadan so‘ng nima bo‘ladi, dil izhori qilasizmi yo bir yo‘la nikoh o‘qitamizmi?

Bu gal Murodning kalakasiga o‘rtoqlari ham qo‘shildi. Dilorom chidolmadi. Bir qadam oldinga yurib:

— Xuddi shunday, — dedi va so‘ng dona-dona qilib qo‘shib qo‘ydi. — Nikoh o‘qiydigan mullamizni ham tanisangiz kerak. Uni hamma «Sasha razborchik» deydi. Mabodo eshitmaganmisiz?

Eshitgan ekan Murod. Buni qizlar uning rangi duv oqarib ketganidan fahmlashdi. Hatto Murod garchi ishonqiramagan bo‘lsa ham duduqlanib qoldi.

— K-kim? S-sasha? Ey, kim bo‘libdi u? Kelsin-chi, bir bo‘yini ko‘rib qo‘yaylik, — dedi arang va do‘stlariga ham ma’qulmi, degandek bir qaradi. Ammo do‘stlari ham suvga tushgan mushukdek bo‘lib qolganini ko‘rib, tiliga boshqa so‘z kelmadi.

— Ana, keldi, shekilli… — dedi Dilorom narigi yoqqa ishora qilib.

Hamma o‘sha tomonga qaradi. Chindan ham boya telefonda aytilgan raqamli, qora «Lasetti» kelib, yo‘lning u chetida to‘xtadi va mashinadan bir yigit tushdi.

Zuhra Sasha deganlari mashinadan tushib ko‘zidan ko‘zoynagini olgani zahoti tanidi…

— Yo‘q! Bo‘lishi mumkin emas!

— Nahotki?

Sakkiz oy deganda bitta qizga dilini ocholmay yurgan yigit ko‘chada nonni katta tishlab yurgan, qo‘polroq aytganda «razborchik» deganlari bo‘lsa…

Balki, anglashilmovchilik bo‘lgandir.

Haliyam o‘ziga kelolmayotgan Zuhra og‘zini lang ochgancha dugonasiga qaradi, ammo angrayib turgan Diloromdan ham uning savollariga javob topish amrimahol edi.

Qancha vaqt shunday turishgani o‘zlari ham chamalay olishmadi. Shunda Dilorom Zuhraga «Sen kutib tur-chi», deya Sarvar tomonga qarab ketdi.

— Assalomu alaykum! — yetiboq salom berdi u.

— Va alaykum. — Sarvar savol nazari bilan tikildi. — Sizmi To‘lqinning singlisi?

— Ha. Siz Sashamisiz?

— Xuddi shunday, — boshini silkitdi Sarvar so‘ng tishlarini g‘ichirlatdi. — Qani o‘sha buzoqchalar?

— Ana ular, huv ana…

Dilorom gapini tugatolmadi. Murod ham, do‘stlari ham u yerda yo‘q edi.

— Voy, tavba, — yoqasini ushladi Dilorom va bidirlay ketdi. — Hozirgina shu yerda edi. Beshta edi. Qoyil lekin, hammasi qochib ketibdi. Ishoning, rost aytyapman, o‘sha bolaning ismi Murod. Yonida…

Dilorom yana allanimalar dedi. Ammo Sarvarning quloqlariga birorta gap kirgani yo‘q. Shunda Dilorom Sarvar tikilib qolgan tomonga qaradi-yu, hammasini tushundi. Sarvar bilan Zuhraning nigohlari tillashib, ko‘zlari sirlashib boshlagandi.

* * *

Qo‘ng‘iroq chalindi. Zuhra buyumlarini apil-tapil yig‘ishtirib, ko‘chaga shoshildi.

— Hoy, meni kutmaysanmi? — deganicha qolaverdi Dilorom.

Zuhra darvozadan chiqqani hamonoq guldasta ushlab olgan Sarvarni ko‘rdi.

— Haligi… kuzatib qo‘ysam… maylimi?

— Mayli…

Ular bir muddat bir-biriga tikilib qolishdi. Dastlab Zuhra hushiga keldi. Boshini egib olgancha sekin odimladi. Sarvar ham unga ergashdi. Biroz yurishgandan so‘ng Zuhra, baribir, yigitdan sado chiqmasligini anglab, sekin so‘radi:

— Gullar chiroyli ekan-a?

— Ha, chiroyli, — deb yubordi Sarvar mavzu topilganiga xursand bo‘lib. — Ayniqsa, atirgullarga qarang, xuddi baxmaldek tovlanadi…

Sarvar birdan tilini tishlab qoldi. Ming bir istihola-yu xijolatpazlik bilan Zuhraga qaradi.

— Uzr, mana, oling!

— Rahmat, — dedi Zuhra.

— A?!

Sarvar qo‘liga Zuhraning qo‘li tekkani zahoti baqirib yuborgani bois, Zuhra ham sapchib tushdi va shu asnoda u guldastani ushlab qololmadi…
Vahob RAHIM

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mushtumzo‘rning muhabbati