Irim-sirimlar, folchilar-u bashoratchilarga qattiq ishonuvchilar oramizda talaygina (ayniqsa, ayollar). Qattiq tushkunlik yoki qo‘rquv paydo bo‘ldi deguncha, ularni folbinlar qarshisida ko‘ramiz. Bunga e’tiroz bildirsangiz o‘zlarini «Folga ishonma, folsiz yurma», — degan ibora bilan oqlaydilar. Mulohazamiz davomida bu iboraning qanchalik haqiqatga yaqin yoki yiroqligiga o‘zingiz oydinlik kiritasiz.
Yon qo‘shnimiz Xurshida opa fol ochardi. Faqat payshanba kuni demasa, deyarli har kuni uyining oldi odamlar bilan gavjum. Biri qo‘y, ikkinchisi echki yetaklab kelgan bo‘lsa, yana boshqasi tovug‘ini quchganicha navbatini kutardi. Avvallari e’tibor qilmasdim. Lekin bora-bora nima uchun odamlar folga qattiq ruju qo‘yganligiga qiziqishim ortib bordi. Bir tomondan, «Axir bu narsaning dinimizda qoralanganini hamma biladi-ku, nega yana odamlar bundan qaytishmaydi?» — degan savol paydo bo‘lsa, boshqa tomondan, ular shuncha xarajat qilib nima yumushlar bilan kelganiga hayron bo‘lardim. Axiyri buni kelganlarning o‘zidan so‘rab, javob olishga qaror qildim.
Uyimizni bitta devor ajratib tursa ham ko‘chamiz boshqa-boshqa. Romchi opaning ko‘chasidagi uylarda ichimlik suvi chiqadi, bizda esa yo‘q. Shu bahona bilan qo‘shni hovliga yo‘l oldim va suvning jo‘mragini go‘yoki kam kelayotgan kabi jildiratib qo‘yib, kelganlarga razm soldim. E’tiborimni tortgani, nuroniy onaxon va uning yonidagi yoshgina chiroyli qiz bo‘ldi. Qo‘lida oq mato. Uzum yemoqchi bo‘lib asta ularning oldiga yaqinlashdim.
— Assalomu alaykum. Momo, uzum yeng.
G‘arq pishgan bir bosh uzumdan yuvib uzatdim.
— Va alaykum assalom. Rahmat, qizim, yemayman.
Keyingi gapimni anchagina shoshib gapiribman chamamda «Momo, nimaga oq mato olvolgansiz?» — degan savolimga qoshlarini chimirganicha «Baxt ochiriq qildirmoqchimiz», — deya ters qarab oldi.
— Kimni?
— Folchi ayolga kim bo‘lasiz?
Javob o‘rniga berilgan bu savoldan sal dovdirab qoldim-u, sezdirmaslikka urinib, «Singlisiman. Jiyanlarimga qarab turishga kelganman», — degandim, onaxonning chehrasi yorishdi. Oldida turgan ko‘hlikkina qizga ishora qilib, dildan gapira boshladi:
— Ha-a, qizim, biz ham tashvish bilan yuribmiz-da. Shu kichkina nabiramning hech baxti ochilmaydi-da. Opangizni «Yo‘l ochiriq», «Baxt ochiriq» qiladi, qilgani tezda amaliga tushadi», deb eshitgandim, nabiramni olib to‘g‘ri kelaverdim.
— Hmm, shunaqa deng. Nechinchi yil nabirangiz?
Momoning javobini eshitib, hayratim ikki karra oshdi. «Tavba, endigina 19 ga kirgan qiz bo‘lsa «baxti ochilmayapti», degani nimasi? Yoshlarni-ku yosh deysiz, ammo keksalar…»
Shunday qilib kelganlardan biri baxt ochirishga, boshqasi esa folchi opaga shogird tushgani (boshqachasiga «qo‘l olish» desa ham bo‘ladi), yana biri betob bo‘lib qolgani uchun kelgan ekan.
Hikoyaga uch yildan ortiqroq vaqt o‘tdi. Jamiyat, insonlar dunyoqarashi o‘zgardi. Davosiz bo‘lgan ko‘p kasalliklarning shifosi aniqlandi. Lekin folchi, bashoratchilarga ishonuvchilarning soni ortsa ormoqda-ki, kamaygani yo‘q. Og‘irroq xastalikka chalingan bormi, ishi yurishmay turganlarmi, hamma-hammasining xayoliga birinchi o‘rinda issiq-sovuq qiluvchi, folchi yoki bashoratchiga borish keladi.
Romchi qo‘shnimiz esa poytaxtga ko‘chib ketganiga ikki yil bo‘ldi. Boshqa qo‘shnimizning aytishiga qaraganda, u Toshkentdagi uyini ham folchilik qilib topgan daromadiga olgan ekan. Hozir esa avvalgidan ham mashhur bo‘lib ketganmish.
Mana, bugun ham mavzuga qaytadan yuz tutmoqdamiz. Din peshvolari va ruhshunoslarga hayotimizda uchragan voqealarimiz asosida savol berib, javobini siz bilan baham ko‘ramiz.
Bilamiz, folchilarning ish usuli ham turlicha bo‘ladi. Kimdir kaftingizga qarab, kimdir pulga, rasmga, doiraga, o‘zingizga qarab taqdiringizni ko‘rib beradi. Hozirgi texnologiyalar rivojlangan bir pallada esa na rasm va na kaftga ehtiyoj bor. Telefonda turib ismingiz va yoshingizni aytsangiz, bas. Bir maromida o‘tmish va kelajagingiz haqida hikoya qilishadi. «Ja-a-a olasan-da gapni, deysizmi?» Ishoning, «Vodiyda kuchli folbin bor, telefonda turib ham fol ochar ekan», deya eshitganmida men ham xuddi sizdek o‘ylaganman. «Tavba, qo‘l haqi olmasa ham kimga zarur ekan fol ochib?» deganimda «Nega endi qo‘l haqi olmas ekan? Telefoniga paynet qilasan, keyin fol ochadi», — degan javobni olganman.
MASOFADAN TURIB FOL OChISh
Folchi opaga qo‘ng‘iroq qildim. Salom-alikdan so‘ng «Sizning Toshkentda mijozlaringiz ko‘p ekan, menga maqtashdi. Folingiz to‘g‘ri chiqar ekan. Mengayam fol ochib qo‘ying. Biznes qilmoqchiman, hech omadim kulmayapti. Nima qilsam ishlarim yurishib ketarkan», — dedim.
Ammo folchi opa bu paytda fol ocholmas ekan. Soat 3 larda telefon qilishimni so‘radi.
— Xo‘p bo‘ladi. Ha-a, aytgandek, opa, telefoningizga paynet qilish kerakmikin?
— Ha-a, besh ming paynet qilasiz.
O‘sha kuni romchi opaning telefon raqamiga pul tashladim-u qo‘ng‘iroq qildim. Ismimni so‘radi, aytdim.
— Boshingiz og‘riydi. Kechalari qo‘rqib chiqasiz. Baxt yo‘lingiz ham, ish yo‘lingiz ham bog‘langan. Qandaydir yaqin qarindoshingizning qizi bilan aytishib qolgansiz, o‘sha qarindoshingiz boylov qilga sizga.
— Vo-o-o-y! Yo‘g‘e-ye-ye!? Opa haligi aytganim, biznesimni ko‘ring. Nima qilsam bo‘ladi? O‘zi shu biznesni tashlasammi-a?» — deya maslahat ohangida so‘rayman.
— Sizni qog‘ozli ish qiladi, deb ko‘rsatyapti menga. Ish izlayapsiz. Bu hafta emas, keyingi haftadan ishga joylashasiz.
— Tijoratim gullab ketarkan-da! — o‘zimcha xursand bo‘lib gapirdim.
— Yo‘q, tijorat ishi emas. Qanaqadir oq kiyim kiyib ishlaysiz. Shifoxonaga ishga kirarsiz, balki. Uzu-u-un zal ko‘rinyapti. Qog‘oz bilan ish qilasiz, lekin biznes emas.
— Atta-a-ang! Biznesim nima bo‘ladi endi?
— Aytyapman-ku, yo‘lingiz bog‘lanmasa unaqa bo‘lmaydi. Ana shuning uchun ochirish kerak boylovlarni. Istasangiz, o‘n bittalik o‘qishlarimiz bor, chirog‘i bilan. Isiriq, shakar qilib, rasmingizni yuborsangiz, o‘qib qo‘yamiz. Bunga hafsalasizman, desangiz, «imo»dan rasm tashlasangiz ham bo‘ladi. Keyin biznesda omadingiz chopib, baxtingiz ochilib ketadi. Bunaqa qilib yuraversangiz, qora-oq aralashib, hech bir harakatingiz udachniy bo‘lmaydi.
— Yaxshi bo‘lardi o‘qib qo‘ysangiz, faqat uzoqda yasharkansiz, Internetdan rasm yuborib qo‘yarman.
— Ha, mayli, unda shunaqa qiling.
Suhbatga yakun yasamoqchi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali «servis» necha pul turishini so‘radim.
— 150 ming.
(To‘lovlar klik orqali amalga oshiriladi)
Bashoratdagi deyarli barcha gaplar umumiy jumlalardan iborat. Qog‘oz bilan ishlashim nisbatan reallikka yaqin bo‘lishi mumkin, lekin deyarli barcha ishda qog‘oz-qalam kerak-ku, to‘g‘rimi? Folning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini ham bir chetga qo‘yib turaylik. Eng yomoni nima bilsizmi? Eng yomoni romchining so‘zlarida qarindosh-urug‘chilik munosabatlariga putur yetkazuvchi jumlalarning borligi. Boashorat nafaqat sovuqchilik paydo bo‘lishiga, balki insonda gumon uyg‘otib muqaddas dinimizda taqiqlangan fol ochirishdek gunohning izidan gumon qilishdek ikkinchi gunohga olib keladi.
FOLDAN QAYTISh QAChON BOShLANADI?
Shu o‘rinda psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Lutfulla TURSUNOVni suhbatga chorlab, u kishiga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
— Folbinlarning yutug‘i nimada?
— Ularning birinchi yutug‘i, yoniga kelgan mijozni eshitib, unga nima kerak bo‘lsa o‘sha narsani maslahat beradi. Tabiiyki, bu maslahat muammoga duch kelgan odamga yoqadi. Ikkinchidan, folbin va bashoratchilar odamlarni kelajakka ishontira oladi. Uchinchidan, ular nimagadir yo‘nalish beradi. O‘sha yo‘nalishga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan predmet yoki shaxsni ayta boshlaydi. To‘rtinchidan, ular insonning ishonchiga kirib oladi va ulardan informatsiyani qabul qilib, qayta ishlab, yana o‘ziga qaytaradi.
— Ko‘proq qaysi yoshdagi insonlar folga murojaat qilishadi?
— Folga asosan, ayollar ko‘proq murojaat qilishadi. 40-45 yosh oralig‘idagi ayollarimiz folga ishonish bo‘yicha yetakchi o‘rinda. 18 yoshgacha bo‘lgan qizlarimiz foldan qochishadi. 60 yoshdan o‘tgandan so‘ng foldan qaytish davri boshlanadi. Ko‘rib turganingizdek, 45-60 yosh orasida bu narsa kuchayadi.
— Folchi va bashoratchi o‘rtasida qanday farq bor?
— Folchi o‘tmishingizdan kelib chiqib, xayolan kelajak yaratib beradi va hozirgi vaqtingiz haqida gapiradi. Fol faqat Sharq mamlakatlarida ochiladi. Bashoratchi sizning orzularingiz yoki intilayotgan narsalaringizni bilib olib, o‘shani o‘zingizga qaytaradi. Ko‘pincha erkaklar o‘zlarini folchi deyishmaydi. Voqealarni oldindan ko‘ruvchi yoki bashoratchi deyishadi. Ba’zida folbinlarning aytgan gaplari to‘g‘ri bo‘lib chiqadi.
DINIY IZOH
Fol ochish ham, ularning gaplariga ishonish ham kufr. Bashoratlar orasida to‘g‘ri jumlalarning borligiga izoh Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlarida keltirib o‘tiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam: «Folbinlarning ba’zida haq gapni aytib qolishlarining sababi shuki, jin gaplarni o‘g‘rincha olib folbinlarning qulog‘iga quyadi. Fol unga yuzta yolg‘on qo‘shib gapiradi», deganlar.
FOLBINLARGA JAZO BORMI?
Albatta. Folchilarning yolg‘oniga uchib, moddiy zarar ko‘rganlar ham oramizda ko‘plab topiladi. Shunday emasmi?
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasida firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritganlik uchun jazo belgilanganini ta’kidlash zarur. Ya’ni bunday harakat uchun inson eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Bu kabi nayranglarga aldanib qolmasligimiz uchun avvalo, ogoh va hushyor bo‘lishimiz va o‘z o‘rnida huquqiy savodxonligimizni ham oshirib borishimiz zarur.
Maqolani bejizga qo‘shni folbindan boshlamadik. Xulosamizni ham shu bilan yakunlash niyatimiz bor. Fol ochish va folchilarga murojaat qilish og‘ir gunohligini inkor qiladigan odam oramizda topilmasligi turgan gap. Ha, bu narsa kichikligimizdan ongimizga singdirilib kelinadi. Ammo sust e’tiqodimiz gunohdan tiyilishimizni ta’minlay olmayapti.
Folbinning uyiga qo‘y yetaklab, tovuq ko‘tarib kelguncha, kasal odamlar shuncha pulni dori-darmon va shifokorlarga sarflasalar ham folbinlar qiladigan irim-sirimlarsiz davo topib ketadi. Bitta qo‘yning puliga farzandlaringiz uchun usti-bosh yoxud vitaminlarga boy oziq-ovqat xarid qilish imkoningiz bor. Vitamin va kaloriyalarga boy ovqat yesangiz, tabiiyki, kasal bo‘lmaysiz. Qo‘y ham oilangizga qoladi. Siz ham folbin ham gunohdan tiyilganingiz esa bebaho foydadir.
Baxt ochiriq qilishga yoshlarni yetaklab yurishning o‘rniga ularga Allohga chin dildan ixlos qilishni o‘rgatsak, izimizdan duolar qiladigan avlodlarni qoldirib ketgan bo‘lamiz. Bu foydagina emas, ikki dunyoga teng saodat beradi.
Vazira EGAMBERDIYeVA
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?