Xolida qatnaydigan bozor shahardan unchalik uzoq bo‘lmasa-da, yetib olish juda mushkul ekan. ikkovlari to chegaradan o‘tib olgunlaricha, yarim tun bo‘ldi.
— Sira bo‘shasha ko‘rmang, — tayinladi Xolida Nasibaga. — Bo‘lmasa chuv tushirib ketishadi. Pishiq bo‘ling!
— Menam anoyimasman. — kuldi Nasiba sherigiga ko‘z qisib. — Haqqimni berib qo‘ymayman!
Nasiba ham Xolida kabi o‘zi bilan katta qop olgandi. Uni bolalar kiyimlari bilan to‘ldirdi. Lekin ancha og‘ir ekani unga biroz qiyinchilik tug‘dirar, inqillagancha qop orqalab borarkan, oldinda mol to‘la qopni shunchaki qo‘ltiqlab ketayotgan Xolidaga qarab bosh chayqab qo‘yardi.
— Ana endi eski kiyimlarni kiyib olish payti yetdi. — dedi Xolida eski, tashlandiq uy ro‘parasiga yetganlarida birdan to‘xtab.
— Voy, nega? — hayron bo‘lib so‘radi Nasiba.
— Hov anavi yerdagi anhorni ko‘ryapsizmi?
— H-ha.
— Agar hozir chegaraga kirib borsak, hayotda shuncha molminan o‘tkazishmaydi. O‘tkazgandayam, otning kallasiday pul so‘raydi. Ularga bersangiz, foyda nima bo‘ladi?.. Shuning uchun o‘sha anhorni kechib o‘tsak, uyog‘i katta yo‘l. O‘tkinchi mashinalarni to‘xtatib ketaveramiz. Tushundingizmi?
— Ha, tushundim.
— Ketdik unda. Ko‘tardik qopni!
Nasiba umri bino bo‘lib bu taxlit og‘ir ahvolga tushmagandi. Bunisi bozordagi soliqchi balosidan o‘n chandon mushkul ekan. Negaki, birinchidan, anhor ancha chuqur. Sharillab oqayotgan suv odamning naq ko‘ksigacha yetadi. Qolaversa, qopni suvga tekkizmay olib o‘tish lozim. Yo‘qsa, shuncha qilgan xarajatlari ko‘kka sovrilib ketaveradi…
Xayriyat, bu anhordan o‘tadigan faqat ular emas ekan. Uch-to‘rt nafar yigitlar Nasibaning qiyin ahvolda qolganini ko‘rib darrov yordamga kelishdi. Qopini narigi qirg‘oqqa o‘tkazib berishdi…
* * *
Shu ko‘yi kunlar ketidan kunlar o‘tib Nasiba yangi sherigi bilan uch-to‘rt marta chetga qatnab qo‘ydi. Bora-bora ancha dadillashdi. Anhordan o‘z kuchi bilan o‘ta oladigan ham bo‘ldi.
Biroq… Xolida negadir o‘zgarib qolgandek edi.
— Endi ikkiga bo‘linmasak bo‘lmaydi. — deb qoldi bir kuni Nasibaning mollari bitta qolmay sotilib ketganidan xabar topgach. — Mana, o‘rganib ham oldingiz. Qolaversa, molingiz bozorni egallab bo‘ldi. Endi bemalol o‘zingiz borib kelavering!..
Nasiba kutmagandi. Biroz o‘ng‘aysizlandi. Shu kungacha bozori chaqqon bo‘layotganini oshib-toshib Xolidaga gapirganlariga pushaymon yedi. To‘g‘ri-da, buni pul deb qo‘yibdi. Har qanday odam ham o‘zganing foydasiga ola qaraydi. Ming xokisorman deb o‘ylagani bilan, baribir bilibmi-bilmaymi, hasad o‘tida yona boshlaydi.
— Bo‘pti-da, Xolidaxon. — dedi hamon xijolatini yashirolmay. — Shuncha yordam berdingiz, nasib bo‘lsa, bir kun yaxshiligingizni qaytaraman.
— Qo‘ysangiz-chi, — kulib qo‘ydi Xolida. — Hammamizgayam Xudo bersin. Mabodo ko‘cha-ko‘yda ko‘rishib qolsak, teskari qarab ketmaysizmi ishqilib?
— Yo‘g‘-e, bu nima deganingiz? Sizni qiyomatli dugonam deganman.
— Bo‘pti, omadingizni bersin!..
Ikki sheriklar bir-birlarini quchib xayrlashishdi.
* * *
— Iye, Nasibaxon, keling! Qaysi shamollar uchirdi? — kunlarning birida Nasiba bozorchilarga olib kelgan mollarini tarqatib endigina uyga qaytmoqchi bo‘lib turgandi. Ro‘parasida paydo bo‘lgan soliqchilar boshlig‘ini ko‘rib birdan rangi o‘zgardi. O‘sha kundagi gaplari, yeb qo‘ygudek tikilganlari esiga tushib asabiylasha boshladi.
— Nima ishingiz bor? — qo‘qqisdan qilingan sovuq muomala boshliqning ham asabiga tegdi chog‘i, lablarini asabiy tishlab, uyoq-buyoqqa sekin qarab qo‘ydi.
— O‘, shunday go‘zal qiz sovuq gap qilsa sira yarashmas ekan.
— Buning sizga qizig‘i yo‘q. Muomalangizga yarasha.
— Shunaqami? Yaxshi… — Boshliq birpas o‘ylanib turgach, so‘zida davom etdi. — Bilib qo‘ying, xohlaysizmi-yo‘qmi, baribir biz bilan ro‘para kelasiz. Nima, bozorga mol tarqatib yurganingizni bilmaydi deb o‘ylaysizmi? Tag‘in… Xafa qilib qo‘ymaylik!..
— E, qo‘lingizdan kelganini qiling!..
— Xo‘p, qo‘limizdan kelganini qilamiz. Ammo qaysarligingiz sizga ancha qimmatga tushishi mumkin.
— Ko‘ramiz.
Nasiba ortiq bu odamning qarshisida turishni istamay, shartta orqasiga burildi-da, uyiga yo‘l oldi…
* * *
— Yo‘q, oyi, bunaqasi ketmaydi! — dedi Nasiba uyga kelib barchasini Nafosat ayaga to‘kib solgach. — Bu soliqchiga ko‘rsatib qo‘ymasam bo‘lmaydi shekilli.
— E, o‘shalarminan olishib nima qilasan? Teng kelib bo‘larmidi ularga. Undan ko‘ra, imi-jimida bilib ishingni qilib yuraver!..
— Oyi, qonuniy qilib do‘kon ochsam-chi?
— Voy, do‘konga hazilakam pul ketadimi. Qo‘y-e!
Nasiba kulib yubordi.
— Eh, oyi, soddasiz-da! Shuncha paytdan beri bekorga anhorma-anhor suv kechib yurganim yo‘q-ku!.. Xudoga shukr, ozmi-ko‘pmi to‘plaganim yo‘q emas, yetadi.
— O‘zing bilasan. — qo‘l siltadi Nafosat aya. — Men sening tinchligingni o‘ylayman. Ishqilib, yomonlarning nazaridan asrasin!.. Menga qara, anaviningni ko‘rmayapsanmi?
— Kimni? — Nasiba birdan hushyor tortdi.
— Furqatni aytaman-da!
— Uf-f, qo‘ying, eslatmang o‘shani! Yuzini teskari qilsin!.. Boshqa gapingiz yo‘qmi?..
— Ha endi… Bir so‘radim-qo‘ydim-da, bolam!..
— Undan ko‘ra, siz menga pullarni sanashda yordam bering!..
— Bo‘pti, opchiq o‘sha pullaringni!..
Nasiba kula-kula xonasiga chopqilladi…
* * *
Do‘kon ochish uchun avvalo hokimiyatdan ruxsatnoma olish lozim edi. Bu ishni Nasiba uch kun deganda hal qildi. To‘polon bilan bozorning bir chetiga shinamgina do‘kon ham qurdirib oldi… Ana endi soliqchilarga ro‘baro‘ bo‘lish qoldi. U sira tap tortmay boshliqning kabinetiga kirib keldi. Boshliq, albatta, qo‘lidagi maxsus ruxsatnomani ko‘rib hayratdan yoqa ushlashi aniq deb o‘ylagandi. Ammo u bu gal Nasibani negadir sovuq kutib oldi.
— Sizga ruxsatnomani kim berdi? — so‘radi u qog‘ozni mensimaygina ko‘zdan kechirarkan.
— O‘sha yerda yozib qo‘yibdi-ku kim berganini!
— Vey, singlim, yozaverishadi-da qog‘ozga xayolga kelgan gaplarni. Oldin bizminan maslahatlashishingiz kerak edi. Nima, bozordagi o‘sha siz qo‘qqaytirib qurib qo‘ygan do‘konning joyi bo‘sh edi deb o‘ylaysizmi?.. Iye, buni bir yil burun band qilib qo‘yishgan!..
Bu gapni eshitib Nasiba rostakamiga tutoqib ketdi. Axir, bu qanaqasi? Hokimiyatniyam tan olmaydimi bu soliqchilar?.. Joyni vakil kelib ko‘rsatib ketgan bo‘lsa…
— O‘zi… Maqsadingiz nima? — dedi u lablari titrab. — Namuncha menminan olishib qoldingiz? Pora kerak bo‘lsa, ochiq ayting, beray!
— Nima? — boshliqning rangi beixtiyor oqarinqirab o‘rnidan turib ketdi. — Siz hali menga pora taklif qilyapsizmi? Menga-ya?.. Boring!.. Kabinetni bo‘shatib qo‘ying!.. Aks holda… Melisa chaqirib adabingizni berdiraman!
— Shunaqami? — Nasiba ham bo‘sh keladigan emasdi. — Chaqiring o‘sha melisangizni!.. Meniyam siz haqingizda aytadigan ba’zi gaplarim yo‘q emas. Nega to‘xtab qoldingiz? Chaqirmaysizmi?..
— Nimani aytasan-a? Zo‘rladi deysanmi? Shu yerda-ya?.. E, isbot qilib bo‘psan!..
— Meni hali yaxshi bilmas ekansiz. Hozir tog‘amni aytib kelsam bormi, surobingizni to‘g‘rilab qo‘yadi. Men-chi, sizning oldingizga qonuniy qilib patent olishga kelganman. Pulini hamma qatori to‘layman. Qani, bermay ko‘ring-chi!..
— O, — kutilmaganda kulib yubordi boshliq. — Ja «shustriy» ekansiz-ku-a!?. Bahodir!..
Oradan bir-ikki daqiqa o‘tib-o‘tmay, ostonada uzun bo‘yli, yoshi o‘n sakkiz-o‘n to‘qqizlar atrofidagi yigitcha paydo bo‘ldi.
— Xomit aka, chaqirdingizmi?
Boshliq aftini bujmaytirib Nasibaga ishora qildi.
— Shu… Opangning ishini bitirib ber!..
— Xo‘p bo‘ladi!..
Nasiba boshliqqa yer ostidan ma’noli qarab qo‘ydi-da, yigitning ortidan ergashdi…
* * *
Oylar ketidan oylar o‘tib, Nasibaning ishlari tobora yurisha bordi. Endi u ilgarigi qimtinibgina yuradigan Nasiba emas. Shaharning turli burchaklarida qator-qator do‘konlarning egasi, bir necha o‘nlab banklar bilan hamkorlik qiluvchi, ikki yonida tansoqchi qo‘riqlab yuradigan jiddiy bir ayol edi…
— Telbaning ishini Xudo o‘nglabdi. — deya kulib qo‘yardi Nafisa aya hammollikni tashlab, jiyanining tansoqchilariga rahbar etib tayinlangan ukasi Normat polvonga qarab. — Qara, baxtini topmadi-da yolg‘iz qizim, deb o‘ksingandim. Endi kimsan Nasiba boyvuchchaning onasiga aylanib o‘tirsam-a!..
— Mashinani to‘xtat! — buyurdi Nasiba do‘konlaridan xabar olib yurgan kunlarning birida. — Hov anavi «Mersedes»ning ro‘parasida to‘xtat!..
Shu kunlarda yuragi juda g‘ash bo‘lib yurgandi…
Furqatning firmasi (Aytishlaricha, unga otasi alohida firma ochib bergan ekan) chet eldan keltirib sotiladigan televizorlarning katta bir partiyasiga buyurtma bergan-u, mol taxt qilib qo‘yilganda sotib olishdan bosh tortgan…
Albatta, ish yurituvchilar oladiganini olishdi.
Lekin Nasibaning o‘zi u bilan yuzma-yuz kelishni istamay yurgandi… Bugun…
“Hozir yaramasni boplayman. — xayolidan o‘tkazdi u mashinaga yaqin borarkan. — Atayin shunday qilgan bu iflos. Sindirmoqchi bo‘lgan meni. Shu yo‘l bilan yalintirmoqchi bo‘lgan… Niyatingga yetib bo‘psan!..”
Furqat bamaylaxotir mashina eshigini ochgancha sigaret tutatib o‘tirardi. Nasibaga ko‘zi tushdi-yu… Avvaliga rangi o‘zgarib shosha-pisha o‘rnidan turdi va sigaretini bir chetga uloqtirdi. Chamasi, qo‘lga tushganini ko‘ngli sezdi…
Biroq bir zumda o‘zini qo‘lga olib yasama jilmayish qilib Nasibaga peshvoz chiqdi…
— Yo‘g‘-e, — dedi sobiq sevgilisiga boshdan-oyoq razm solib. — Nahotki, bu o‘sha Nasiba?.. To‘g‘risi, uchrashib qolaman deb o‘ylamagandim…
— Iflos! — uning pichinglariga e’tibor bermay so‘z boshladi Nasiba. — Pastkash!..
— V-vey, og‘zingizga qarab gapiring, xonim! — to‘satdan jiddiy tortdi Furqat. — Kim bo‘psiz meni haqorat qiladigan?..
Shu asnoda Nasibaning yonidagi tansoqchilarga qarab qo‘yishni ham unutmadi.
— Meni sindirmoqchi bo‘ldingmi hali? — davom etdi Nasiba. — Shu yo‘l bilan tag‘in o‘zingga og‘dirmoqchi bo‘ldingmi?
— To‘xta, sen nima haqida gapiryapsan o‘zi? Nima qipman men?
— Bilib turib bilmaslikka olasan-a?.. Qanday pastkash odamsan-a!.. Nega bir dunyo molga buyurtma berib qochib ketding?..
— Ha-a, gap buyoqda degin?.. Ha… Endi… Keltirgan mollaring birinchidan, sifatsiz ekan. Ikkinchidan… Biz senminan qonuniy hujjat imzolagan emasmiz.
— Nima?.. Manavi qog‘ozlar seningcha hujjat emasmi?.. Manavilar-a?..
Nasiba portfelidan bir dasta shartnoma qog‘ozlarini chiqardi-da, Furqatning basharasiga otdi.
U qarshi hech narsa qila olmasdi. Chunki, bilardi. Mabodo ortiqcha harakat qilsa, tansoqchilar tanobini tortib qo‘yishadi. Shu sababli rangi bo‘zargancha, yerga uchib tushgan qog‘ozlarni o‘zi terib oldi.
— Xo‘sh, nima bo‘pti? Ha, endi… Biznesda nimalar bo‘lmaydi?!. Harqalay, raqobatchi ekanmiz. Bir hazillashsak, hazillashibmiz-da!.. Shungayam shuncha vahimami?..
— Endi o‘zingdan ko‘r! Sudga beraman seni. Menga ham moddiy, ham ma’naviy zarar yetkazganing uchun javob berasan.
— E, qo‘lingdan kelganini qil! — dedi Furqat qo‘l siltab. — Osmon qo‘lingda bo‘lsa tashlab yubor! Jonimni olmaysan-ku!..
Ayol ekan-da, Nasiba bu uchrashuv tufayli juda-juda o‘ksindi. Uyigacha bazo‘r chidadi…
Yotog‘iga kirib eshikni ichidan tambalagach, dodlab yig‘lagancha o‘zini karavotga otdi…
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”