19:28 / 10.11.2018
25 623

Yashashdan maqsad...

Yashashdan maqsad...
Inson qaysi manzilga ketayotganini bilmasa,
uning yelkaniga hech bir shamol ham duch kelolmaydi. (SENEKA)


Bu dunyoda har bir kishining o‘z tabiati, dunyoqarashi, hayotga munosabati turlicha bo‘ladi. Insonning hayotda qanday yo‘ldan borishi faqat uning o‘ziga bog‘liq. Maqsad har xil, lekin: - Men bu dunyoga nega keldim, kim uchun va nima uchun yashayapman?, - deb o‘ziga o‘zi savol bergan kishining maqsadi boshqacha bo‘ladi. Oramizda shunday insonlar borki, ular hatto ertaga nima qilishini bilmaydi. Buguni-ku mayli, ertaga, indinga, bir oydan keyin, bir yildan so‘ng o‘zini qanday tasavvur qiladi...

- Ertaga nima bo‘lishini yaratgandan o‘zga hech kim bilmaydi demoqchimisiz? To‘g‘ri shunday! Ammo Yaratgan bizga: “Sendan harakat, mendan barakat” deb aytgani-chi? Biz bir ishni boshlashdan va oldimizga maqsad qo‘yishdan qo‘rqamiz. Buni tan olish kerak! Nima uchun bunday desak, bahonalar ham topiladi. Unday bo‘lsa buyuk olim-u mutafakkirlarimizchi? Ular qanday qilib muvaffaqiyatga erishishdi? Qanday qilib inson ongi, tafakkurining cho‘qqisiga chiqa olishdi. Kalendarni, telefonni, kompyuterni, yozuvni, kosmosni, xullas hayotimizda kerakli bo‘lgan qanchadan - qancha buyuk ixtirolar biz kabi insonlarning aql-tafakkuri orqali dunyoga kelmadi-mi?

Inson shunday bir mavjudotki, imkoniyat darajalarining chek-chegarasi yo‘q. Qanday qilib, - dersiz, hozirgi kunda biz uchayotgan odam haqida eshitib qolsak ham hech hayratlanmaymiz. - Ha, endi shunaqa moslama chiqibdida, deb qo‘ya qolamiz. Osmon-u falakda uchayotgan, suvning ustida yurayotgan va o‘ziga o‘xshagan odam robot yaratayotgan, eh-heye qanchadan qancha buyuk ishlarning barini inson bajara olayapti. Hayotimizdagi barcha qulayliklar robotlar, mashinalar, ovqat pishiradigan moslama, kir yuvadigan, quritib ilib hatto kiydirib qo‘yadigan mashinalar ham yo‘q emas.

Albatta bunday texnikalarning barini inson o‘z qo‘li bilan yaratmoqda. Ha, biz ham qobiliyatlimiz, bizning qo‘limizdan ham ko‘p narsalar kelishi mumkin. Bizning shu kabi buyuk kashfiyotlarni yaratib qo‘ygan insonlardan hecham kam joyimiz yo‘q. Biz ham ulardek ixtirolar qilib, yurtimiz kelajagiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkin. Lekin birinchi o‘rinda insonda maqsad bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Maqsad yo‘lida tinmay izlanish va tajriba orttirish insonni buyuklikka yetaklaydi. Axir aytishadiku “Insonda bir foiz qobiliyat va to‘qson to‘qqiz foiz mehnat muvaffaqiyatga yetaklaydi” deb.

Lekin hamma muvaffaqiyatlar zamirida o‘sha bir foiz qobiliyat yotadi. Ko‘pincha, biror ishni boshlashdan avval omadsizlikka uchrashdan qo‘rqamiz va uni iloji boricha ortga suramiz. Yo‘q, axir hayotimizga o‘zgartirishlar kiritish payti kelmadimikan! Ikkilanish va qo‘rqish doimo o‘zimizga dushman bo‘lib qolaveradi-ku. Qo‘rquvni va tinimsiz o‘ylanishlarni chetga surib, tavakkal qilishni ham o‘rganishimiz kerak emasmi?

Mashhur faylasuf Arastuning kitoblaridan birida: “Bir maqsad yo‘lidagi qo‘yilgan birinchi qadam deyarli uning yarmi bajarilganidan dalolat beradi” deb yozilgan edi. Maqsadsiz yashash - bu hayotdagi eng katta xatolardan biridir. Chunki inson bor - yo‘g‘i o‘rtacha 70-80 yil umr ko‘radi. Ushbu umrimizdan yarmi uxlash va yana ancha qismi bemaqsad o‘tib ketishi juda ham ayanchli holatdir. Barchamiz niyat bilan yashaymiz, shirin orzular qilamiz va hatto o‘ylaganlarimiz tushlarmizga ham kirib chiqadi. Orzu bilan yashash yaxshi, ammo uni ro‘yobga chiqarmasak ne foyda.

Orzu niyatlarimizni ro‘yobga chiqarish uchun biz avvalo o‘zimizga, aniqrog‘i, o‘sha niyatlarimiz amalga oshishiga ishonishimiz va maqsadlar yo‘lida barcha imkoniyatlardan foydalanib, harakat qilishimiz kerak. Maqsad qat’iy bo‘lsa, baribir bir kun orzuga yetishish mumkin. Lekin ba’zan ko‘p narsani xohlaymiz-u istaklarimizni ro‘yobga chiqarish uchun o‘zimiz ham shunga yarasha intilmaymiz. Bu irodasizlik va kuchsizlik alomati deb o‘ylayman. Haqiqiy kuch bilakda emas, irodada, ishonchda! Kuchli odamlar erinchoqlikni unutadi, o‘zini doimo nazorat qila oladi. Har kuni kechqurun, bugun men nimalarga ulgurdim, qaysi ishlarimni bajara oldim-u qaysilari chala qoldi, deb sarhisob qiladi. So‘ng ertangi kun uchun rejalar tuzadi. Bunday insonlarning avvalo yashashdan maqsadi aniq, ertangi kunidan umidi katta, bir oydan, bir yildan so‘ng nima ish qilishini biladi. Kuchli odam o‘zining kamchiligidan tonmaydi. Men nima uchun yashayapman, degan savolni o‘z-o‘ziga bera oladi va shu savolga doimo javob axtaradi. Yashashdan maqsadni aniq tasavvur qiladi. Hayotning mazmunini his etadi, kuchiga kuch qo‘shiladi! Keling biz ham eng avvalo o‘zimizga shu savolni berib, bir o‘ylab ko‘raylik:

-Yashashdan maqsadim nima?..
Maftuna MIRZAXO‘JAYeVA
Toshkent davlat milliy raqs va
xoreografiya oliy maktabi
“San’atshunoslik” yo‘nalishi talabasi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yashashdan maqsad...