Uyqusizlik bilan bog‘liq muammolar ko‘pchilikka tanish. Ba’zida soatlab to‘shakda o‘girilib yotgan holda uxlab bo‘lmaydi. Biroq nevrolog Jeyms Parker bu holatdan chiqish uchun kutilmagan, lekin juda samarali usulni tavsiya etmoqda, deb yozadi HuffPost.
Mutaxassisning aytishicha, asosiy shart — avvalo, to‘shakda o‘zingizni qulay his qilish. Shundan keyin qo‘llaringizni keng yoying va bir qo‘lingizni ko‘taring. Endi ikkinchi qo‘lingizning ko‘rsatkich barmog‘i bilan kaftingiz shaklini sekin va ehtiyotkorlik bilan chizing. Buni qo‘lning pastki qismi — barmoq tagidan boshlab, uchigacha harakatlanib amalga oshirish tavsiya etiladi.
Parker ta’kidlaydiki, bu texnikaning asosiy qismi nafas olish bilan bog‘liq. Ya’ni harakatlarning barchasi nafas ritmiga mos bo‘lishi kerak. “Barmoqni yuqoriga ko‘targanda — burningiz orqali nafas oling, pastga tushirganda esa og‘iz orqali chiqaring. Eng muhimi, bu jarayon chuqur va bir maromda kechishi lozim”, — deydi mutaxassis.
Bu noodatiy usul faqat uxlashni yengillashtiribgina qolmay, balki stress va tashvish darajasini ham pasaytiradi. Asosiysi — har bir harakatni his etish va diqqatni o‘z nafasingizga qaratish.
Parkerning ta’kidlashicha, agar inson ongli ravishda nafas olish va harakatga e’tibor bersa, miya “tinchlanish rejimi”ga o‘tadi va atigi bir necha daqiqada uxlab qolish osonlashadi.
Shunday ekan, kechqurun to‘shakda aylanib, uyquni kutgandan ko‘ra, qo‘l va nafas mashqini sinab ko‘rish arziydi. Ba’zan chuqur nafas va bir oz diqqat butun tunni tinchlikka aylantirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!