Jazoir terma jamoasi JCH-2026 final bosqichiga yo‘llanmani muddatidan avval qo‘lga kiritdi. Vladimir Petkovich bosh jamoa saralashning G guruhi 9-turida Somalida mehmon bo‘lib, Muhammad Amuraning dubli va Riyod Mahrezning zarbasi evaziga yirik hisobda g‘alaba qozondi.
Bu natija evaziga "Fenneklar" so‘nggi tur oldidan 2-o‘rindagi Ugandadan 4 ochkoga ortda qoldi va mundialga yo‘l oldi. Xulosa aniq: guruhda bir tur qolganidayoq asosiy vazifa bajarildi.
Petkovich shogirdlari eng muhim "detal" - barqarorlikni namoyish etdilar: himoyada ishonchli o‘yin, hujumda esa tezkor o‘tishlar va individual mahorat. Amuraning o‘tkir harakatlari raqibini titratgan bo‘lsa, Mahrezning tajribasi hal qiluvchi nuqtani qo‘ydi.
Shu tariqa Jazoir JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan 20-terma jamoaga aylandi. Bungacha AQSH, Kanada, Meksika, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Eron, Argentina, O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Iordaniya, Avstraliya, Braziliya, Ekvador, Urugvay, Kolumbiya, Paragvay, Marokash, Tunis va Misr ham yo‘llanma qo‘lga kiritgan edi.
Endi so‘nggi turda asosiy tarkibni saqlab qolish, zaxiradagilarga amaliyot berish va final bosqichiga tayyorgarlikni mukammal holatga keltirish birinchi planga chiqadi.
Muxlislar uchun esa xulosa bitta: "Fenneklar" qaytib keldi - endi katta sahnadagi janglarga tayyor bo‘ling!
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!