Ayriliq dardi yomon bo‘larkan. U bandasini kecha-yu, kunduz tark etmaydi. Hatto, uxlagan paytida ham miyasiga o‘rlab, turli balolar, ko‘ngilsiz vaziyatlar, armon va alam toshlarini irg‘itaveradi.
Nafisa ham yetti uxlab tushida ko‘rmagan tashvishni yelkasiga ildi. Onasidan ayrilishni sira tasavvuriga sig‘dira olmasdi. Boshiga tushgandan keyin ham hanuz bu ayriliqni tushida ko‘rayotgan kabi karaxtlanaverdi. O‘yladi, odamlarga boqdi. Bu ko‘rgilikni tushga yo‘ygisi kelaverdi. Afsuski, haqiqatdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Nasibadek metin iroda sohibasining o‘limi haq bo‘lib chiqaverdi.
Oxiri asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, taqdirga tan bera boshladi. Imkoni boricha o‘zini yolg‘iz his etmaslikka urindi. O‘pkasi to‘lib kelgan kezlarda orqa-ketiga qaramay, qabristonga chopdi. Tanish qabr tepasida soatlab o‘tirishni, to‘lib ketganda aytib-aytib yig‘lashni odat qildi. Shugina Nafisaga tasalli bergandek bo‘ldi. Qabristondan chiqqach, o‘zini hiyla yengil his eta oldi va yana ishga sho‘ng‘idi. Shu taxlit kunlar, soatlar, daqiqalar, soniyalar o‘taverdi.
Mana, qadrdoni, volidasining olamdan o‘tganiga ellik besh kun to‘libdi. Har kungidek erta tongda uyqudan uyg‘ondi-yu, Munisa degan xizmatchi ayol tayyorlab qo‘ygan kofedan bir-ikki ho‘pladi. Taom yeyishga ishtahasi yo‘l bermadi. Har doimgidek bo‘g‘ziga nimadir tiqilgan-u, bir tishlam non ham o‘tmaydigandek bo‘laverdi.
Munisaga qilinajak ishlarni tayinlagach, yo‘lga chiqib, odatiga ko‘ra rulni qabriston tarafga burdi. Ammo bugun uzoq o‘tirib qolmasligi zarur edi. Do‘konlarda, tungi klubda ishlar qalashib ketgan, bu ishlarni xizmatchilar yolg‘iz uddalay olishmaydi.
Nafisa birrovga kirib chiqishni xayol qilib mashinasini doimiy joyga to‘xtatdi-da, pastga tushib tanish qabr tomon yo‘l oldi.
* * *
… Hali qabrgacha yetib bormagandi. Kutilmagan manzaraga ko‘zi tushdi-yu, taqqa to‘xtadi.
Onasining qabri tepasida qandaydir erkak orqa o‘girgancha o‘tirar, boshi egik holda sukut saqlardi.
Nafisa hayron bo‘ldi-yu, yana uch-to‘rt qadam oldinga yurdi. Shundagina erkakning kimligini ilg‘adi.
U Bilol edi.
Qabr tepasida o‘tirgancha faqat sukut saqlardi…
Nafisa xayollari to‘zg‘ib ketgandek karaxtlandi. Yurishni ham, turaverishni ham bila olmay boshi qotdi.
Shu tobda Bilol unga xuddi farishtadek tuyulib ketdi. Otasi ekanini bilsa-da, shu kunga qadar uni ayblar, ahyon-ahyonda Bilol ko‘z o‘ngida gavdalandi deguncha nafrati ham qo‘zg‘alib qo‘yardi. Ammo baribir unga rahmi kelaverardi. Qalbining tub-tubida bir uchqun zohir edi. Uchqun hadeganda ko‘ksini kuydirib, o‘zini tanimas, bilmas padari tomon talpinishga undab turardi.
Hozir esa…
Hozir Bilolning tutayotgan ishidan juda-juda ta’sirlanib ketdi. Onasi rahmatli aytmoqchi turfa xil nayranglari ham, Furqat degan ukasi ikkovi ko‘rsatgan qora kunlar ham yodidan chiqqandek tuyuldi.
Shunday hislar og‘ushida asta qabrga yaqin bordi. Bilol esa o‘rnidan qo‘zg‘ala qolmadi.
Nafisa hech narsaga tushunmay, uning old tarafiga o‘tdi…
O‘tdi-yu, shuncha dardiga yana bir og‘ir dard qo‘shilgandek bo‘ldi.
Bilol ikki qo‘li bilan Nasibaning portretini tutgan ko‘yi ko‘ksiga bosib olgan. O‘zi esa yum-yum yig‘lardi…
Qabristonda kimdir yig‘lasa, yonidagilar dahshatga tushmaydi. Odamlar shunga odatlanishgan. Agar uyda kimdir xuddi shunday yig‘lasa, darddoshlar albatta unga jo‘r bo‘lishadi. Hovli qiyomatga aylanadi. Yig‘layverishadi, bir-birlarini quchgancha faryod chekaverishadi.
Nafisa ham qo‘yib berishsa, o‘zini otasining bag‘riga otayozdi. Ammo unday qila olmadi. Jur’ati yetmadi. Qolaversa, bolalik alamlari ham yo‘l beray demadi.
— Nega yig‘layapsiz? — Nafisa oxiri bardoshi yetmay, otasiga yuzlanib so‘z qotdi. — Erkak kishi ham yig‘laydimi? Yig‘lamang! Men yig‘layapman-ku, yetar shuyam!..
Bilol uni ko‘rgach, dast o‘rnidan turib ketgandi. Qo‘llaridagi suratni esa xuddi birov tortib oladigandek ko‘ksiga yanada mahkamroq bosib olgandi…
Hozir-hozir Nafisaning savoliga, gaplariga javob qaytarishi lozim edi. Javob qaytarishi shart edi. Shunday qildi ham. Javob berdi. Faqat…
Bu manzara Nafisa uchun kutilmagan, ikki hissa kuchliroq, og‘riqliroq zarba bo‘ldi.
U kar-soqovlar tilida nimalardir degan kabi barmoqlari yordamida Nafisaga nimalarnidir uqtirgan bo‘lar, uqtirgani sayin ko‘zlaridan yanada ko‘proq yosh quyilardi.
— Bu… Nimasi tag‘in? — Nafisa otasining kar-soqovligiga guvoh bo‘lgandayoq ado bo‘layozgandi. — Kim… Axir… Siz unday emasdingiz-ku! Q-qachon?.. Nimaga?..
U qalbida berkinib olgan dardlarini to‘kib solishga urinar, ammo tiliga to‘mtoq jumlalargina ko‘chardi. Go‘yoki tili ham, ongi ham o‘ziga bo‘ysunmasdi. Shu taxlit Bilolga alamli boqqancha turaverdi. Otasi esa ancha vaqtgacha unga o‘z tilida gapiraverdi. Oxiri toliqdi chog‘i, gapirishdan tiyilib, chuqur xo‘rsindi-yu, Nasibaning qabri tepasida tiz cho‘kdi.
Uning har bir harakati Nafisaning bekitiq alamlarini qayta-qayta qo‘zg‘ar, endi tovush chiqarib, piqillagancha yig‘lashga tushgandi…
Bilol tiz cho‘kkan ko‘yi bir muddat boshini eggan holda sukut saqlagach, daf’atan qaddini rostladi-da, ikki qo‘lini fotihaga ochdi. Shu bahonada nimalardir deya g‘o‘ldiradi. Chamasi duo qildi. Duo yakun topgach, yuzlariga fotiha tortdi va shoshilmasdan o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, Nafisaga ma’yus tikilib qoldi. Nigohlari dardlidan dardli edi. Nafisa bu nigohlarni o‘qiy olgandi…
O‘qiy olmasa yaxshiydi. Ularda Bilolning armonlaridan tortib alam va nadomatgacha balqib turardi.
— Yo‘q, bunaqasi ketmaydi, — dedi Nafisa ketishga chog‘lanib. — Yuring, manzilingizga eltib qo‘yaman! Yuring!..
Bilol tushundi. So‘z qaytarishni o‘ziga ep ko‘rmadimi, sal chehrasi ochilgan bo‘ldi-yu, Nafisaga ergashdi.
* * *
Nafisa yuragi qonga to‘lganidanmi, kafega qanday yetib kelganini ham payqamabdi.
Keldi-yu, Bilolni ergashtirgancha ichkariga kirdi. Bilardi, bu odam nonushta qilmagan. Qaydanam nonushta qilsin. Ko‘rajak kunlarini onasi rahmatli ipidan ignasigacha aytib bergan. Ammo qachon bu odam kar-soqovga aylana qoldi? Bu haqda Nasiba lom-mim demagandi. Yo u ham bilmaganmikan? Qayoqdan ham bilsin?!. Qancha yil o‘tib ketgan oradan. Gaplashmagan, ko‘rishmagan. Demak, bilmagan. Lekin ne sabab bo‘lib shu ko‘yga tushdi bu odam?..
Savollar ko‘p edi. Yechimini topish uchun esa vaqt kerak. Hozir bunday tashvishlarga o‘rin bera olmaydi. Ishlarini bitirmasa, olg‘a yurmasa, kun ko‘rish, qarshisida hozir bo‘lajak tashvishlar, muammolar, balki ko‘rgiliklarga qarshi kurashga otlanmasa bo‘lmasdi.
Tilashga Biloldan xabar olishni tayinladi-yu, do‘konlarni aylanish uchun jo‘nab ketdi. Chiqib ketayotib ham bir necha marta o‘sha ustun ortidagi stol tomon ko‘z tashladi. Har gal Bilol ikki qo‘lini baland ko‘tarib duo qilayotganiga guvoh bo‘ldi. Guvoh bo‘lib jimgina keta qolsa koshkiydi. Bu manzarani har ko‘rganda, yuragining allaqayeri uzilib ketayotgandek azoblanaverdi… O‘rtanaverdi… To‘lg‘onaverdi…
Kelib to‘xtagani kattakon supermarket edi. Do‘konlari orasida shunisi katta va tashvishi ham o‘ziga yarasha. Millionlab so‘m mablag‘ aylanadi. Sal sergak turmasa, chuv tushishi, millionlab so‘m puldan ayrilib qolishi hech gap emas.
Boshqaruvchisi yuvoshdan kelgan, har gapini salmoq bilan gapirishga odatlangan Mo‘min aka degan odam. Nafisa bu odamga o‘ziga ishongandek ishonsa-da, baribir ehtiyot shart har gal hamma narsani ipidan ignasigacha surishtiradi. Mo‘min aka ham erinmaydi. Har bir bo‘lib o‘tgan ishni, sarflangan pullarni, kirim-chiqimni alohida daftarga yozib qo‘yadi. Nafisa so‘ragan zahoti o‘sha daftarini ko‘targancha xonaga kiradi-yu, yana erinmasdan birma-bir hisob beradi. Topshiriqlar olsa, yana shu daftarning boshqa bir sahifasiga yozib qo‘yadi.
Lekin bu safar qo‘lida daftari ko‘rinmadi. Nafisa sezgan bo‘lsa-da, e’tibor berib, surishtirib o‘tirishni istamadi. Hali bu yerdan chiqib tag‘in o‘nlab «tochka»larga borishi kerak. Soatlab o‘tirishga vaqti ham yo‘q…
Bu ham yetmagan kabi har kelganda jilmayib turadigan Mo‘min aka bugun g‘amgin tusda edi.
— Nima bo‘ldi sizga, Mo‘min aka?
Aslida bu haqda ham surishtirib o‘tirgisi yo‘q edi. Negadir do‘kon ichkarisiga qadam qo‘ydi deguncha yuragi g‘ash tortib, surishtirishga majbur bo‘ldi.
— Siz mendan nimanidir yashiryapsizmi? Gapirsangiz-chi! Nima muammo?
Mo‘min aka atrofga alang-jalang qarab oldi-da, Nafisaga tegishli xona tomon ishora qildi.
— Anavi… Azizov boridi-ku, — dedi asta shivirlab. — Prokuror-chi! O‘sha yana paydo bo‘ldi. Yaramas xuddi o‘z uyiga kirganday xonangizga kirib o‘tirib olgan. Hali choy, hali kofe, hali kabob buyuraverib charchatdi.
— Voy, nima ishi borakan tag‘in marazning? — deya asabiy lab tishladi Nafisa. — Gum bo‘p ketuvdi-ku oting o‘chkur!
— Juda «sur», uyatsiz odamakan o‘ziyam, — dedi Mo‘min aka. — Odamda sal uyat, andisha, madaniyat bo‘lsa-da, singlim! Bu yerdagilar o‘ynab o‘tirgani yo‘q-ku! To‘g‘rimi?
— Ha, mayli, qanday kelgan bo‘lsa shunday ketadi, — dedi Nafisa xonasi tomon yurishga chog‘lanarkan. — Siz menga kechagiminan bugun shu vaqtgacha bo‘lgan tushumni, xarajatlar ro‘yxatini tayyorlab opkirarsiz keyinroq. Keyin nima opkelish kerak, shularniyam hisoblab chiqing!
— Xo‘p bo‘ladi, Nafisaxon! — qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ma’yus jilmaydi Mo‘min aka. — Iloyim Nasibaxonni Olloh rahmatiga olsin! U kishining ruhlari hammamizni qo‘llab tursin! Judayam ajoyib ayol edilar-da, ming afsus! Shunday yaxshi odamlar nega erta olamdan o‘tisharkin-a, Nafisaxon? Ularning o‘rniga anavi go‘rso‘xta prokurorga o‘xshaganlar o‘lsa bo‘lmaydimi? Turgan bitgani zarar-ku bu isqirtlarning!
— Xudoyam zarari ko‘pligi uchun huzuriga chaqirmasa kerak-da, — dedi Nafisa. — Xudoniyam bezor qiladi bunaqa yuzsizlar! Mayli, kiray-chi hazrati oliylarining yoniga! Tag‘in oborib qamab qo‘ymasin!..
* * *
Mo‘min aka aytganicha bor ekan. Prokuror stol ustiga dasturxon yozdirib, ustini noz-ne’matga to‘ldirib olibdi. Nafisa kirib kelgani hamono xijolatga tushdimi, yo yo‘liga mulozamat uchunmi, dast o‘rnidan turib o‘zini nari oldi.
— Iye, Nafisaxon, keldingizmi? — muloyimlashgan ko‘yi hol so‘ragan bo‘ldi. — Marosimlarni yaxshi o‘tkazib oldingizmi? Nasibaxonning joyi jannatda bo‘lsin!..
— Omin!
Nafisa qovog‘ini uygancha stolning dasturxondan xoli bir chetiga sumkachasini qo‘yib qaytadan Azizovga yuzlandi.
— Keling, xush kepsiz! — dedi baribir alamini sir tuta olmay kesatiq aralash. — Yana nima ayb ish qipmiz? Tinchlikmi, amaki?
— Nafisaxon, keling, shu… Aybdan gap ochmaylik, — yaltoqlangan ohangda so‘z qotdi prokuror. — Men sizning oldingizga yaxshi niyatda kelganman. Agar… Manavilar yoqmagan bo‘lsa, uzr so‘rayman. Ochig‘i, uyda nonushta qilishga ulgurmovdim. Shunga… Haddim sig‘ib buyurtirovdim-da!
— Biz ostonamizni hatlab ichkariga kirgan mehmonlarni sira ranjitmaymiz, — dedi Nafisa. — Sirayam xijolat tortmang. Undan ko‘ra maqsadingizni ayting, qo‘ldan kelsa albatta ado qilamiz!
— Rahmat-e, Nafisaxon, — deya kaftlarini bir-biriga ishqalab qo‘ydi prokuror. — Sizdanam yorug‘lik chiqarkan-ku!
— Xo‘sh, qanday yaxshi niyatda kelgandingiz? Tezroq gaplashsak yaxshi bo‘lardi. Ishlarim judayam ko‘p!
— Oldin manavi omonatingizni olib qo‘ying! — Azizov qo‘yin cho‘ntagidan konvert chiqardi-da, shosha-pisha stol ustiga qo‘ydi. — Men sizdan pul olmayman. Fleshkangizam ichida turibdi. Qo‘limniyam tekkizganim yo‘q.
— Yo‘q, nega? — deya konvertga ko‘z tashlab qo‘ydi Nafisa. — Oling! Ko‘ngildan chiqarib berganman bu pullarni! Halolingiz bo‘lsin!
— Unday deb odamni xijolatga qo‘yavermang, Nafisaxon! Harqalay, siz bilan biz endi bir-birimizga begona emasmiz!
— Kimmiz unda? Ota-bola tutindikmi?
— Nafisaxo-on, — deya bosh qashib olib ortga tislandi prokuror. — Ja yerga urmang-da endi odamni! Yoshim endi qirqdan sal o‘tdi xolos-ku! Hech bo‘lmasa aka-singil deng, yarashadi!
— Mayli, buning ahamiyati yo‘q, — gapni kalta qilishga urindi Nafisa. — Nima ishingiz boridi menda? Iltimos, meni to‘g‘ri tushuning! Ishlarim judayam ko‘p!
— Aytaveraymi? Xafa bo‘lmaysizmi ishqilib?
— Har holda meni xafa qiladigan gap aytmassiz!?.
— Unda aytaman…
Prokuror xuddi katta majlisda nutq so‘zlashga shaylangan notiq kabi avval qaddini obdon rostlab oldi-da, ikki qadam oldinga yurib, ohista bosh egdi va so‘z boshladi.
— Men… Sizni sevib qoldim, Nafisaxon!
— Nima? Nima dedingiz?
— Sizni yoqtirib qoldim. Iltimos, menga turmushga chiqing! Necha vaqtlardan beri yolg‘iz edim. Ayolim xiyonat qilgandan keyin hammasidan sovigandim. Ayollarga ishonmay qo‘ygandim. Sizni ko‘rdim-u, qayta dunyoga kelganday bo‘ldim. O‘tirsam ham, tursam ham sizni o‘ylaydigan bo‘p qoldim. Har kuni tushimga kirasiz. Qiynalib ketdim, Nafisaxon! Iltimos, meni rad qilmang! O‘lay agar, sizni boshimda ko‘tarib yuraman! Pichog‘ingiz moy ustida bo‘ladi, ha!..
Nafisa bunday gaplarni prokurordan eshitishni sira kutmagandi. To‘g‘ri, u ham yolg‘iz qolgan paytlarida, yuragi tushkunlik domida qolgan lahzalarda qo‘llab-quvvatlaydigan, erkalab ovutadigan, ko‘nglini ko‘taradigan bir inson yonida bo‘lishini juda-juda xohlay boshlardi. Hatto, orzu qilardi. Lekin onasidan ham yoshi ulug‘, buning ustiga kimsan prokurorning muhabbat izhoriga berilishi goh kulgisini qistatib, goh jahdini qo‘zg‘ay boshlagandi. U nima deyishni-da bilmay karaxtlanib qoldi. Urishib tashlay desa, bu yuzsiz darrov to‘nini teskari kiyadi. Tirnoq orasidan kir qidira boshlaydi. Yaxshi gapirsa, buni rizolik alomatiga yo‘yadi-yu, haddini unutadi. Xo‘sh, nima desin? Bunday vaziyatda tartibli, hayotning achchiq-chuchugini totib ko‘rgan odamlar qanday yo‘l tutadilar? Nima qilsa, bu odam uni tinch qo‘yadi?..
Nafisa o‘yga tolgandi…
Bilmagan ekan. Ko‘ngli shu qadar nozik ekanki, shu tobda unga-da bo‘yin egmay, og‘rib berdi. Qalbining allaqayerida yashirinib yotgan tuyg‘ular qo‘zg‘olon qilib, prokurorni haydab solishga unday boshladi. Qalbi bu odamni sira-sira ko‘rmas bo‘ldi. Qaysarlarcha tipirchilab, nafrat va alamlarga keng yo‘l ochib qo‘ydi…
Xayriyat, yaxshiki tafakkur bor. Ugina og‘ir vaziyatda Nafisaning yoniga kirdi. Qanday javob qilishni, vaziyatdan silliqchasiga chiqib ketishni uqtira boshladi.
— Men… Sizni tushuna olmadim, — dedi nihoyat Nafisa o‘zini sal qo‘lga olib. — Qanaqangi muhabbat haqida gapiryapsiz? Hali bunaqangi narsalarga ishim tushib ko‘rmagan. Kechirasiz-u, men siz o‘ylaganchalik yengiltak qiz emasman. Tartibli, or-nomusli xonadonda katta bo‘lganman. Qolaversa, Normat tog‘am eshitsa bormi, sizni juda qattiq xafa qiladi-da lekin!..
— Men ham sizni tushunaman, — dedi bo‘sh kelmay prokuror. — Hozir javobini aytasiz, ertagayoq to‘y qilamiz deyotganim yo‘q. O‘ylab ko‘ring, tanangizga kengashing. Bir to‘xtamga kelsangiz, aytarsiz javobingizni. Ammo aytib qo‘yay, mendan osonlikcha qutula olmaysiz. Yerga kirsangiz, qulog‘ingizdan, osmonga chiqsangiz, oyog‘ingizdan tortib olaman. Ha, men shunaqangi bir so‘zli, cho‘rtkesar odamman.
— Ha, ko‘rdim qanaqa odamligingizni! — dedi Nafisa battar jahdi qo‘zg‘alib. — Oyim o‘lmay turib ne kunlarni boshimga solmadingiz.
— U ishlarni unuting! Buyog‘iga hammasi yaxshi bo‘ladi. Aytdim-ku, menga turmushga chiqsangiz, pichog‘ingiz moy ustida bo‘ladi, Nafisaxon! Shaharning eng oldi ayoli bo‘lib yurasiz. Millionlab pul kelib tushadi har kuni qo‘lingizga! O‘ylab ko‘ring! Yaxshilab o‘ylang! Men kutishdan charchamayman! Kerak bo‘lsa, bir umr kutib yashayman!.. Xo‘p, xayr unda! Qo‘ng‘irog‘ingizni kutaman! Yo‘q, uch-to‘rt kundan keyin kirib o‘zim xabarlashaman. Iltimos, ra’yimni qaytarmang! Yaxshi qoling!
Shunday dedi-yu, prokuror o‘q urgan kabi xonadan chiqib ketdi.
Nafisa esa azbaroyi alam qilganidanmi, xo‘rligi kelganidanmi, eshik tashqaridan sharaqlab yopilgan zahoti ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”