“Balo kelsa botmonlab keladi”, deganlaricha bor ekan. Hali bo‘y qizligidayoq prokurordan bu qadar sharmandali so‘zlarni eshitib, o‘zining naqadar ojiza ekanini his etib, boshi berk ko‘chaning dim havosidan nafas olishga-da ulgurgan Nafisa hali xayollarini yig‘ishtirib, o‘zini qo‘lga olib ulgurmay, xona eshigi bezovta taqilladi. U kutmagandi. Qo‘rquvdanmi, yo boshqa sababdanmi, sal qursa yuragi yorilib ketayozdi. Xuddi birovning uyiga o‘g‘irlikka kirgan-u, kutilmaganda uy egasi kelib qolib g‘aflatda qolgan o‘g‘ri kabi shosha-pisha kaftlariga ko‘z yoshlarini artdi-yu, bor ovozda qichqirdi.
— Kiring! Kim u?..
Eshik ohista ochilib, ostonada uzun bo‘yli, ingichka mo‘ylabi o‘ziga yarashib tushgan, xuddi ko‘chadagi modaparast yigitlar kabi jinsi shim, qora futbol maykasi kiygan, taxminan 25-27 yosh atrofidagi yigit hozir bo‘ldi.
Nafisa bu yigitni ilgari ko‘rmagani uchunmi, yo hali prokuror yetkazgan alamlar qahratoni nari chekinmagani sababmi, yigitga sovuq tikilib xuddi shunday sovuqqon ohangda so‘radi:
— Sizga nima kerak?
— Kirsam maylimi?
— Kirib bo‘ldingiz-ku! Tag‘in qayoqqa kirasiz?
— O‘tirsam maylimi?
Agar boshqa qiz bo‘lsa, bu yigitni ko‘rgandanoq hech bo‘lmaganda o‘rnidan qo‘zg‘alib iliq qarshi olardi. Ammo Nafisa unday qila olmadi. Dardi o‘ziga yetib turgandi. Uni ham navbatdagi yuzsiz, firibgar, zo‘ravonlardan biri hisoblab, nafrat aralash boqdi. Hozir uni yigitning qaddi-qomati, husni umuman qiziqtirmayotgandi…
Qo‘rqardi…
Chuv tushib qolishdan, bu yigit ham qandaydir bir yomonlik toshini mana-mana otadi-yu, toshning zahri ko‘ksini parcha-parcha qilishidan cho‘chirdi. Ha, agar shunday qilsa, hammasi tugaydi. Orzulari, armonlari, g‘am-anduhlar, hamma-hammasi o‘zi bilan arshi a’loga uchadi-yu- ketadi…
Shunday bo‘lsa-da, baribir o‘zini qo‘lga oldi. Harqalay, o‘g‘il bolalar bilan sportzalda uzoq vaqt birga mashg‘ulotlar o‘tagan. Ularning fe’l-atvori ozmi-ko‘pmi vujudiga singgan. Shu narsa Nafisaga picha dadillik berdi shekilli, qo‘li bilan kursiga ishora qildi.
— O‘tiring!
Yigit ko‘rsatilgan joyga o‘tirdi-da, shu bahonada xona shiftlari, devorlarini zimdan kuzatgan bo‘ldi.
— Qulog‘im sizda, — dedi Nafisa toqatsizlanib. — Iltimos, tezroq gapirsangiz! Ishlarim juda ko‘p.
— Tushunaman, — dedi yigit. — O‘zim ham sizga o‘xshagan tadbirkorman. Uch-to‘rtta do‘konim bor. Lekin siz kabi o‘zim o‘tirib ish yuritmayman. Ishonchli odamlarni qo‘yganman, o‘shalar ishlaydi.
— Juda xursandman, — yuzlariga sal rang yugurgandek yengil tortdi Nafisa. — Menda nima ishingiz boridi?
— Bilasizmi, hozir shu yaqin atrofdan o‘tib ketayotgandim. Tilash degan xodimingizni ko‘rib qoldim. Do‘konga kelib ketayotgan ekan. Shu odam bilan anchadan beri tanishman. Ajoyib inson.
— Xo‘sh, Tilash aka sizga nima dedi? Men… Tushuna olmadim muddaongizni!
— Ha-ya, — yigit kulimsiragan ko‘yi mushti bilan stol ustiga ohista urib olib davom etdi. — Mening ismim Farrux. Sizning ismingizni bilaman. Aytmasangizam bo‘ladi. Xullas, Tilash aka Azizov degan prokuror sizga zug‘um qilayotganini aytib qoldi. Shu rostmi?
Nafisa bu gapni eshitdi-yu, daf’atan sergak tortdi.
— Xo‘sh, rost bo‘lganda nimaydi? — so‘radi Farruxga beixtiyor ilgarigidan-da sovuqroq tikilib. — Prokuror qarindoshingizmi?
— Yo‘g‘-e, Nafisaxon, bu nima deganingiz, — kuldi Farrux. — Xudoga shukr, prokurordan qarindoshim yo‘q. Agar bo‘lgan taqdirdayam, yerning betida yashattirib qo‘ymasdim… Ko‘rishga ko‘zim yo‘q mentlarni…
— Kechirasiz-u, — dedi Nafisa chuqur xo‘rsinib. — Haliyam sizning asl niyatingizni anglay olmadim. Mendan nima istaysiz?
— Menmi? Men ham xuddi o‘sha Azizov degan prokurordan keragicha jabr ko‘rganman. Ko‘ryapman ham. Meniyam xuddi sizga o‘xshab qo‘rqitadi, ulush olib ketadi. Buyam mayliydi, har ikki-uch oyda oladigan ulushini oshirvoladi. Bermasam, hali SES, hali melisalarni yetaklab kelishni boshlaydi. Bilasiz, ular o‘pqonga o‘xshaydi. Qancha og‘ziga tiqmang, baribir nafsi to‘ymaydi. Shunga… Agar yo‘q demasangiz, birgalikda o‘sha marazga qarshi kurashsak devdim. Harqalay, ikki kishi baribir ikki kishi-da. Balki kelgusida yana kimlardir kelib qo‘shilar bizga. Axir… Qachongacha peshona terimiz evaziga topgan pulimizni ularminan bo‘lishamiz? Alam qiladi-da odamga! Yo sizga alam qilmaydimi?..
* * *
Bu gaplardan keyin Nafisa Farruxga qarab o‘zidan o‘zi xafa bo‘lib ketdi. Boshida unga yomon qaraganidan afsuslandi. Aslida bu yigit ham o‘zlaridan ekan-ku! Nimaga ayrimlarga o‘xshab darrov ilg‘ab ola bilmaydi odamlarning kimligini? Qachon do‘stni dushmandan bir qarashda ajrata oladigan bo‘ladi?..
U ancha vaqtdan beri ilk bor mayin jilmayish qilib, aybdorona bosh egdi. Nihoyat dardkash, do‘stlik qila oladigan odamni uchratganidan mamnun tortdi.
— Uzr, men boshida siz haqingizda yomon xayolga boribman, — dedi Farruxning ko‘zlariga tik boqishga jazm etolmay yer chizgan ko‘yi. — Buni tushunasiz deb o‘ylayman. Axir, og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi. Azizov yuragimni olib qo‘ydi shekilli. Uzr!
— Uzr so‘rashga sira hojat yo‘q, — yanada jonlanib qaddini bir bahya ko‘tardi Farrux. — Hoynahoy, katta pul so‘ragan bo‘lsa kerak-a?
— Nafsi nahang baliqnikidan ham och ekan, — dedi Nafisa jiddiy tortib. — Keling, o‘sha haqida gapirmaylik. Basharasini eslasam, asabiy buzilyapti.
— Unda savolimga javob bering. Javobsiz qoldirdingiz.
— Voy, qaysi savolingizga? Tushunmadim…
— Men sizga birgalikda Azizovga o‘xshaganlarga qarshi kurashishni taklif qiluvdim. Indamadingiz.
— Ha-ya, yodimdan ko‘tarilibdi, uzr! Umuman, taklifingiz yomon emas. Tadbirkorlar bir tan, bir jon bo‘lsa, unday nahang baliqlar hech narsa qila olmaydi.
— Ana endi o‘zingizga keldingiz. Xuddi shnday qilish kerak. Shunday yo‘l tutish kerakki, bizlardan bir tiyin olish tugul do‘konlarimizga yaqin kela olmasin. Bir kilometr naridan aylanib o‘tsin!
— Uyi kuysin undaylarning! — Nafisa ham darddosh topila qolganidan o‘zida yo‘q xursand bo‘lgandi. Shu bahonada prokurorning muhabbat izhorlarini, po‘pisalarini unutgan bo‘ldi. Unutmagan taqdirda ham Farrux kabi hamkorlar yonida bo‘lsa, nimadan qo‘rqsin? Ko‘pchilik bo‘lib aqlini kiritib qo‘ysa bo‘ladi olchoqlarning! — Agar birgalikda harakat qilsak, albatta yengamiz. Poraxo‘rlar kamaygan bo‘lardi. Ishlab-ishlab topganimizni ularga berib qo‘yishimiz alam qiladi baribir. Tekintomoqlarning tomog‘i teshilsin iloyim!..
— Ana, bir-birimizni tushundik, xayriyat!..
Farrux beixtiyor o‘rnidan qo‘zg‘alishga tutindi. Ammo nimadir yodiga tushgandek qaytadan kursiga cho‘kdi.
— U holda sizga yana bir taklifim bor, — dedi Nafisaga ma’noli boqib. — Faqat yo‘q demang! Xafa bo‘laman!
— Qanaqa taklif? — kulimsirab Farruxga boqdi Nafisa. — Qo‘limdan kelarmikan ishqilib?
— Albatta keladi, — dedi Farrux kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Tanishganimizni, birga ishlashga kelishganimizni nishonlasak deyman.
— Shartmi nishonlash? Axir ishlar…
— Ishingiz ko‘p, bilaman. Meniyam ishlarim siznikidan kam emas. Lekin o‘shalardan vaqtincha voz kechib sizning yoningizga keldim. Kechirasiz-u, shunday voqeani nishonlamaslik gunoh bo‘ladi. Qolaversa, yo‘l-yo‘lakay kelgusi rejalarni puxtalab olishimiz kerak. Tumtaraq harakatlar bilan dushmanni yengib bo‘lmaydi, axir. Reja puxta bo‘lsa, o‘q nishonga bexato tegadi.
— Juda gapga usta odam ekansiz, — kuldi Nafisa. — Shuncha gaplarni qayerda o‘rgana qolgansiz?
— Ko‘cha bolasiman-da menam! Har xil odam bilan gaplashamiz, ko‘ramiz, eshitamiz. Masalan, sizniyam kamgap, kamsuqum deyishsa ishonmasdim. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, jahlimni chiqarishsa chidab tura olmayman.
— Karate qip tashlagingiz keladi, topdimmi?
— Iye, — hayron bo‘lib ilkis boshini ko‘tardi Nafisa. — Sizga kim aytdi meni karatechi deb?
— Ha endi… Teshik quloq eshitadi-da! Shaharda ancha nomdor qizsiz, xonim! Ja kamtarlik qilavermang!
— Yaxshi, yaxshi, — deya Nafisa to‘zg‘iy boshlagan kokillarini to‘g‘rilagan bo‘ldi. — Xo‘sh, qayerda nishonlaymiz hamkorligimizni?
— Men restoran gaplashib qo‘yganman. O‘sha yoqqa bora qolamiz.
— Unda bir shartim bor.
— Ayting.
— Mening mashinamda boramiz o‘sha restoranga! Ma’qulmi?
— Ma’qul, — dedi Farrux dast o‘rnidan turib. — Haliyam sizning mashinangizda boramiz. Men taksida kelganman.
— Nima, mashinangiz yo‘qmi? Nega taksida yurasiz shunday tadbirkor odam?
— Mashinam bor, — dedi Farrux qansharini bir-ikki qashib olgan bo‘lib. — Remontdaydi. Hali opchiqmadim.
— Tushunarli. Unda ketdik, qiladigan ishlarim ham ko‘p hali!
— Ketdik!..
* * *
O‘ylab ko‘rsa, ancha vaqtlardan beri bu qadar yayrab o‘tirmagan ekan. Ayniqsa, onasining bevaqt o‘limidan so‘ng ko‘ngliga hatto birov bilan o‘tirib bir piyola choy ichish ham sig‘masdi. Yolg‘iz qolgisi kelaveradigan, yolg‘iz qolgach, onasini o‘ylayveradigan bo‘lib qolgandi. Bugungi o‘tirish Nafisani azaliy holatiga qaytargandek bo‘ldi. U yayrab, ochilib o‘tira oldi. Farruxning gapdonligi kayfiyatiga kayfiyat qo‘shdi. Uning bilimdonligini ko‘rib havasi keldi. Hatto, ko‘nglining allaqayerida «tanlagan turmush o‘rtog‘ing shu yigitga o‘xshagan bo‘lsa», degan xayol ham uchqunlab qo‘ydi. Biroq Farruxga sezdirmadi…
Nihoyat qosh qorayish pallasida restorandan chiqishdi. Nafisa Farruxni manziliga eltib qo‘ygach, kafega mo‘ralab o‘tishni mo‘ljallayotgandi. Biloldan xavotir ola boshlagandi. Lekin Farrux boshqa taklif kiritib qoldi.
— Agar yo‘q demasangiz, sizni ota-onam bilan tanishtirsam, — dedi u mashinaga chiqib o‘tirganlaridan keyin. — Har holda kimlar bilan birga ishlayotganimni ko‘rishsin-da! Nima deysiz?
— Voy, bugungina tanishdik xolos-ku, — dedi Nafisa xijolat tortib. — Qanday bo‘larkin?
— Qandday bo‘ladi, — dedi Farrux. — Mana ko‘rasiz, ota-onam ajoyib odamlar. Albatta sizni yoqtirib qolishadi.
— Mayli, unda ko‘rsating yo‘lni, — dedi kulimsirab Nafisa. — Faqat ko‘p o‘tirmayman. Ishlarim bor.
— Gap bo‘lishi mumkinmas! To‘g‘riga yuravering! Uyog‘iniyam o‘zim ko‘rsatib ketaman!
* * *
Farrux yashaydigan hovli haqiqatan hashamatli va fayzli tuyuldi. Nafisa ayollarga xos sinchkovlik bilan darrov bu hovlini o‘ziniki bilan solishtirishga ham ulgurdi. Yo‘q, baribir bu hovli yaxshidek tuyulaverdi. Qiyshiq qurilsa ham qo‘shnining uyi yaxshi ko‘rinaverarkan shekilli-da. Hovliga qarab uning havasi qo‘zg‘aldi. Yaqin orada shunday hovli sotib olishni ko‘ngliga tugdi.
Biroq Nafisani hayron qoldirib, bu uyda qo‘riqchi, xizmatchilar ko‘rinmadi. Hammayoq suv quygandek jimjit. Zog‘ uchmasdi.
— Nimaga xizmatchi, qo‘riqchilar yo‘q uyingizda? — so‘radi ichkariga kirayotib. — Shunday katta hovlini qanday yolg‘iz qoldirib ketasiz?
— Xizmatchilarga to‘laydigan pulniyam biznesga tirkaganman, — dedi kulib Farrux. — Qolaversa, uy yolg‘iz emas, ota-onam bor…
Ichkariga oldinma-ketin kirib borishdi. Lekin ota-onasi ko‘rina qolmadi.
«Ikkinchi qavatda bo‘lsa kerak-da ular» deb o‘yladi-yu, Farruxga ergashib yuqoriga ko‘tarildi. Ammo u yerda ham hech kim yo‘q edi.
Shu narsa Nafisani hushyor torttira boshladi.
— Qani ota-onangiz? — so‘radi kattakon zalga kirishgach. — Yo meni aldadingizmi?..
Mana shu savoldan so‘ng Farrux birdan jiddiylashdi. Qovoq uygan ko‘yi Nafisaga boshdan oyoq razm solib turdi-da, masxaraomuz tirjayish qildi.
— Tuya hammomni orzu qilibdi-da, — dedi hanuz tusini o‘zgartirmay. — Men Farruxmas, Tilavoldiman. Eshitgandirsan shunday odamni? Kallakesar, killer Tilavoldiman. Azizovning tug‘ishgan jiyani bo‘laman.
— Nima?..
Nafisa avvaliga ishonqiramadi. Bu Farruxning navbatdagi hazili bo‘lsa kerak deb o‘yladi. Baxtga qarshi qarshisidagi kelishgan, basavlat bu yigitning tusi o‘zgara qolmadi. Agar hazillashsa, buni ko‘z qarashlaridan ham ilg‘ab olsa bo‘lardi.
— Men tushuna olmadim, — dedi Nafisa bir qadam ortga tislanib. — Qanaqa kallakesar? Qanaqa killer?
Yigit javob berish o‘rniga unga juda yaqin kelib qulog‘iga shivirladi.
— Joning meni qo‘limda hozir. Karatechilik qilib meni sindiraman deb o‘ylama. Buni xayolinggayam keltira ko‘rma! Qani, o‘zimga kel-chi! Oh, tog‘am maqtaganicha borakansan! Juda shiringa o‘xshaysan! Hozir o‘zim…
Nafisa yigitning bu nomaqbul qilig‘idan achchiqlanib uni o‘zidan nari surdi-da, yana bir qadam ortga tislanib, qo‘llarini himoyaga uzatdi. — Yaqinlashsang, mendan xafa bo‘lib yurma! Suyaklaringni ko‘chadan terib olishadi!
— Qani, ur, — dedi Tilavoldi. — Nega qarab turibsan? Ur dedim! Javob qaytarishga qurbim yetadi, opoq qiz!..
Nafisa tushundi. Yana aldanibdi. Tag‘in uni sindirishga urinishibdi. Shu maqsadda manavi yuzsizni yollashgan ko‘rinadi. Nima qilsin? O‘zini himoya qilishi kerak-ku baribir! Qachongacha andisha qiladi? Qachongacha kechiradi?..
U to o‘zini yig‘ishtirib, bir qarorga kelguncha Tilavoldi qo‘liga uzun pichoq olishga ulgurgandi. U pichoq o‘qtalgancha Nafisaga tashlandi. Lekin ulgurmadi. Nafisa tavakkal unga oyoq zarbalarini yo‘lladi. Shu qadar ustalik bilan yo‘lladiki, pichoq bir tarafga, Tilavoldi ikkinchi tarafga uchib ketdi.
Ehtiyot shart o‘rnidan turishga chog‘langan Tilavoldini yana bir-ikki marta tepdi.
Qimirlamay qolganiga amin bo‘lgachgina ortga qaytdi…
* * *
Nafisa alam va afsus-nadomatlar bag‘rini kemirgan ko‘yi qanday mashinasiga o‘tirganini, qanday motorga o‘t qo‘yib gazni bosganini-da idrok etmadi. Rulni boshqarib borardi-yu, go‘yo rulda o‘zi emas, qandaydir robot o‘tirgandek edi. Nuqul qarg‘anardi. Xayolan Tilavoldini la’natlardi. Tug‘ilganlariga ming afsuslar chekardi. Dunyoni ko‘rib turgan ko‘zlarini o‘yib olgisi kelardi…
Bilmaydi. Qaysidir joyga yetgandi. Kutilmaganda katta serqatnov yo‘lga yelkasiga ryukzak ilingan bir yigit chiqib keldi. Bu ham yetmagandek, quloqlariga naushnik taqib olibdi.
Nafisa jonholatda signal chaldi. Ammo yigitning parvoyiga ham kelmadi.
Katta tezikda kelayotgan mashina tomon qarab ham qo‘ymadi.
Nafisa bor kuchi bilan tormozni bosdi. Afsuski, ulgurmadi…
To mashina to‘xtaguncha yigitni turtib ketishga ulgurdi.
U chamasi o‘n metrlar nariga uchib borib chalqancha quladi. Nafisa esa nima qilishni bilmasdi. Shosha-pisha pastga tushdi-da, yigitning tepasiga borib tomirini ushlab ko‘rdi. Keyin nafas olishini tekshirdi.
Xayriyat, yigit tirik ekan. Yuzlari shilinibdi.
Hushidan ketibdi.
Nafisa uning qulog‘idagi naushniklarni sug‘urib oldi-da, yugurib borib mashinadan suv to‘la baklashkani oldi vaortga qaytib yigitning yuzlariga sepdi.
U birpas ingranib olgach, ko‘zlarini ochdi.
— O‘zingiz mustaqil tura olasizmi? — so‘radi Nafisa yig‘lamsirab. — Gapirsangiz-chi! Tura qolsangiz-chi odamni qo‘rqitmay!..
— H-hozir… — dedi yigit zo‘rg‘a o‘rnidan qo‘zg‘alarkan. — S-siz… Xavotir olmang, opa… Men…
— Qani, yelkamdan mahkam ushlab oling! Ana shunday-y!.. Hozir yaqin orada kasalxonaga bo‘lsa oboraman! Yura qoling!..
Nafisa bir amallab yigitni mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tqazdi-da, o‘zi rulga o‘tirib, gazni bosdi.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”