— Yo‘-o‘-o‘q!!!
Bunday lahzalarda hatto mahluq qiyofasiga kirgan, iblis tovog‘idan ishtaha bilan osh oshagan vijdonsiz, qalbsiz, insofsiz va yuzsiz erkak ham o‘zligini unutishi, o‘z qolipidan chiqishi tayin. Men bu manzarani ko‘rgandan ko‘ra ko‘zlarim oqib tushishini ma’qul bilardim. Mayli, meni tepkilasinlar, olovda kuydirsinlar, jizg‘anagimni chiqarsinlar, suyaklarimni mayda-mayda qilib ko‘chaga irg‘itsinlar. Miq etmasdim. Ammo jigargo‘sham, ko‘zimning oqu qorasi, yolg‘izim, o‘zimning bu dunyoda qattiq ishonganim, umid yulduzim Sarvinoz shu taxlit yotishi, jirkanch ishga qo‘l urishi, yuzimga oyoq qo‘yishiga aslo toqat qila olmadim. O‘lganimga bir oy bo‘libdi, mayli, agar televizorda konsert tomosha qilsa, ko‘ngilxushlik qilib shampan sharobini to‘yguncha ichsa, xoxolab kulsa, mening o‘ligimni ham, tirigimni ham unutsa, chidardim, bu qadar g‘azablanmasdim. Kechagina mening har bir buyrug‘imni titroq aralash kutgan qo‘riqchim bilan…
— O‘ldiraman! Hammangni so‘yaman! Yakson qilaman!..
Men ayni pallada qay holatda ekanimni, ortimda qiliqlarimga, jazavaga tushib chopishlarimga bamaylaxotir qarab turgan barzangini ham deyarli unutgandim. Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmasdi. Quloqlarim hech bir tovushni eshitmasdi. Ikkalasini ham bo‘g‘izlash payida edim. Afsuski, ularni qo‘llarim tuta olmasdi. Qichqiriqlarim, so‘kinib baqirishlarim ikkovini ham bezovta qilmasdi. Hanuz bir-birining pinjiga kirgancha uxlashardi…
Men oxiri charchoq yengdimi, yo boshqa sababmi, hayqirib chopishdan to‘xtadim. Biroz tinchlangan ko‘yi barzangining qarshisiga qaytib tiz cho‘kdim.
— Iltimos, meni bu yerdan olib ket, — yalina boshladim unga javdirab. — Go‘rga tiq meni! Mayli, o‘sha Azroilingga ayt, suyaklarimni mayda-mayda qilib tashlasin! Itlarga bersin murdamni! Faqat olib ket! Chidolmayman! Ko‘rgim yo‘q ularni! Ko‘rishni istamayman!..
— Sen endi kimligingni anglab yetgandirsan? — so‘radi barzangi pinagini buzmay. — Yo haliyam osmon-u falakda uchib yuribsanmi?
— Istamayman uchishni, istamayman! Olib ketsang bas! Qayta-qayta ko‘m meni! Ilon-u chayonlarga yem bo‘lay, mayli! Bu kunlarni ko‘rgandan qiynog‘ingda azoblanganim yaxshi, eshityapsanmi?..
— Yo‘q, — dedi barzangi. — Sening qabrda qiladigan ishing yo‘q hozircha. Yaratgan egamning xohishini ado etishim shart.
— Yana nima qilmoqchisan? Shuncha ko‘rsatganlaring kammi?
— Namuncha chiranasan? Kimsan o‘zing? Qilg‘ilikni sen qilgansan, o‘shanda bir tuking seskanmagan. Bokira, farzand deb uyga olib kelgan qizning nomusini o‘g‘irlading, u sho‘rlik jonini Azroilga topshirdi. Birovlarni kamsitding, ustidan kulding! Iblisga do‘st tutinding. Ikkovlashib xudoning xohishiga qarshi istaganingcha ish qildilaring. Yana chiranganing nimasi? Sening dunyongdayam, bizdayam baribir qilgan ayblar ajrini to‘lash kerak bo‘ladi. Bu shart deb qo‘yilgan.
— Xo‘p, — dedim bo‘shashgancha o‘rniman turarkanman. — Sening ixtiyoringdaman. Bilganingni qil. Ammo… Menga qara, xo‘sh, endi qayerga olib borasan? Olib bormaysanmi? Nega turibmiz?
— Nima, yorug‘ dunyoga to‘ydingmi? Tug‘ilgan, voyaga yetgan dunyong endi joningga tegdimi? Tikilib, to‘yib olmaysanmi?
— Kerakmas! Men ketishni, uzoq-uzoqlarda bo‘lishni xohlayman!
— Mayli, yur, asosiysini ko‘rsatishim lozim senga. Bilib qo‘y, bu yorug‘ dunyoga endi qachon kelasan, qay ahvolda kelasan-u, qanday qiyofada chiqib ketasan, bunisi faqat xudoga ayon. Armon bo‘lib qolmasligi uchun yo‘l-yo‘lakay yorug‘ dunyoni tomosha qil! Men zo‘rlamayman! To‘yib ol!
* * *
Men uchun hozir mana shu uydan, karavotda achomlashib yotgan shaytonsifat qizim-u, qo‘riqchimdan uzoq bo‘lish muhimroq edi. Negadir barzangining aynib qolishidan cho‘chib xuddi askar kabi qaddimni g‘oz tutib javob qildim.
— Uqdim! Boshlayver!
Katta ko‘chaga chiqqanimizdan so‘ng barzangi ko‘kka boqib o‘zicha nimalardir deya shivirladi, kimlar bilandir g‘oyibona tillashdi. Men esa hayron bo‘lmadim. Aksincha unga shu tobda juda havasim keldi. Axir, u bo‘ydor, kuchli, mendan-da qudratliroq! Men yashay-yashay bir dunyo pul yig‘dim, to‘plagan pullarimning ko‘pligidan hisobini bilmay o‘tdim. Qo‘limni qayerga uzatsam yetkaza oldim. Manaman deganlar yalog‘imdan ovqat yeyishga-da tayyor turdi. Qayerga bormay, o‘zgalar qo‘llari ko‘ksida bosh egib qarshi olishlariga ko‘nikdim. Ammo men nohaq ekanman. Buni endi-endi anglay boshladim. Manavi barzangining puli ham, qo‘sha-qo‘sha mashina-yu, saroylar kabi qo‘sha-qo‘sha uylari yo‘q. Biroq mendan ham zo‘rroq, kuchliroq, obro‘liroq, qudratliroq ekaniga, mana, guvoh bo‘lib turibman. Xom sut emgan banda ekanimni endi-endi, uning qudratiga tan berganimdan keyingina anglab turibman…
— Qani, endi yurib ko‘r-chi, — xayolimni bo‘lib so‘z qotdi barzangi. — Yuraver, qo‘rqma!..
Men buyruqqa bo‘ysunib oldinga qadam tashladim. Oyoqlarim xuddi yelimga yopishgan kabi arang yerdan ko‘tarilib oldinga bosardi. Sal o‘tmay, vujudimda ham yelimlar zahrini tuya boshladim. Yelim tanamning har bir nuqtasiga yopishib, asabiylashishga, bezovtalanishga majbur etar, og‘riqdan dodlab yuboray derdim.
— Bu tag‘in nimasi? — qichqirdim beixtiyor. — Menda shuncha qasding bormi, noinsof? Bu qiynoqlaring nima uchun? Ay-yt!!!
— Sen navbatdagi manzilgacha shu ko‘yda yetasan, — dedi barzangi xandon otib kulib. — Buyruq shunday bo‘ldi. Qani, yur, oldinga bos! Olg‘a bos!..
* * *
Ilojim qancha? Dardim ichimda, hasratimni tinglaydigan zog‘ yo‘q edi. Baqir-chaqir qilganim bilan hech kim eshitmaydi, yordam qo‘lini cho‘za olmaydi. Shunday ekan, boshimga neki savdo tushsa, o‘zim chiranishga, ularni yengib o‘tishga mahkum edim…
Xuddi shu ahvolda qancha yo‘l bosdim, bilmayman. Barzangi har qadamda meni masxara qilar, bo‘shashdim deguncha zalvorli, beo‘xshov mushtlarini tugib menga po‘pisa qilardi. Men bu mushtlar ta’mini totib ko‘rganim bois darrov jim bo‘lar, qiynala-siqtala yelimlar iskanjasidan oyoqlarimni olib keyingisiga tashlar, a’zoyi badanimdagi og‘riqlarni tishni tishga bosish orqaligina yengishga tutinardim…
Nihoyat biz yorug‘ dunyoni ortda qoldirib, o‘sha zax hidi ufurgan, balchiqli so‘qmoqlardan iborat zulmat qa’riga kirdik. Yana picha yurganimizdan so‘ng ko‘z o‘ngimda kattakon aylana zohir bo‘ldi. Aylana mening uyimdan uch-to‘rt barobar kattaroq, ammo qip-qizil olov bilan qoplangandi.
«Meni do‘zaxga tashlarkan-da, it emgan, — ovoz chiqarishga qo‘rqib xayolan so‘kindim. — Sezgandim. Baribir do‘zaxga do‘mbira qilishini bilardim. Ha-a, Daminboy, mana endi kuningni ko‘rasan. Hovlingda ko‘rganlaring, yegan kaltaklaring, azoblar bir pul bo‘ladi buning yonida. Endi kuyasan, hech kim seni qutqarib olmaydi. Abadul-abad kuyasan!..»
Barzangi ikki qo‘lini oldinga cho‘zdi.
Men shuncha u bilan birga yurib qo‘llari borligini bilmagan ekanman.
Hayron bo‘lib o‘zimni ko‘zdan kechirdim. Menda qo‘l ham, oyoq ham, jussa ham yo‘q. Borlig‘im bo‘shliqdangina iborat edi. Lekin shu bo‘shliq yura olmoqda, gapira, mulohaza qila olyapti. Bunga qo‘l-oyoq qayerdan keldi? Odam emas-ku bachchag‘ar! Tavba qildim! Boqiy dunyo deganlarining sir-sinoatlari shunchalar ko‘pmi?..
Barzangi qo‘llarini oldinga cho‘zgan holda qaysidir tilda nimalardir deya hayqirdi. Shu zahoti olov pasaya-pasaya nari chekindi. Uning o‘rnida shunchaki bo‘shliq paydo bo‘ldi. Biroq u turib qolmadi. Uch-to‘rt kiprik qoqqanchalik vaqt o‘tib-o‘tmay, bo‘shliqning qoq o‘rtasida mening qadrdonlarim, shu qiynoqlar uchun tug‘ib qo‘yganlarim ota va onam cho‘k tushib o‘tirganlariga guvoh bo‘ldim…
* * *
Ilgari, tirik ekanimda ulardan xabar olish uchun mahalladagi eski uyimizga borganimda ham yuragim o‘zimga bo‘ysunmagan holda entikib qo‘yardi. Keyinchalik ota-onamni shohona hovliga ko‘chirib o‘tdim. Shunda ham ahyon-ahyonda birrov kirib o‘tardim-u, chiqib ketayotganimda ichimdagi qaysidir tomircha uzilgan kabi ko‘nglim og‘rib berardi. Shu holat to kechgacha tinchlik bermasdi. Hozir esa ota-onamni, olov iskanjasida kuyaverib kul bo‘layozgan, tanalari pes bo‘lib har bir oqargan dog‘ odamni seskantiradigan darajaga yetgan volida-yu, padarimni ko‘rgach, ruhiyatimda o‘zgarish sezmadim. Sovuqqon edim, sovuqqonligimcha qoldim. Ularga hissiz boqish bilangina cheklandim.
— Xo‘sh, ularni nega menga ro‘baro‘ qilding? — so‘radim barzangidan. — Muddaoing nima?
— Sen yaxshilab esla! — dedi barzangi. — Hayot paytingda shunday bir gunohga yo‘l qo‘ygansanki, bu gunohingni sira kechirib bo‘lmaydi.
Men eslashga harakat qildim. Astoydil bosh qotirdim. Baxtga qarshi arzirli voqea yodimga tushmadi.
— Bilmadim, — dedim bosh egib. — O‘zing eslataqol! Mening tafakkurim ham, xotiram ham o‘tmaslashib bo‘lgan!..
Barzangi ilkis men tomon o‘girildi-yu, chunonam mushtladiki, aslida mavhumlikdan iborat tanam ming bo‘lakka bo‘linib, chor atrofga sochilib ketdi.
O‘zim esa shu zahotiyoq karaxtlangan, go‘yo kesak tusiga kirgandim. Dunyoni ham, borlig‘imni ham anglamasdim. Shu ko‘yi barzangining oyoqlari ostida dumalab yotardim.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”