
Ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina terma jamoasi va Londonning “Chelsi” klubi futbolchisi Mixaylo Mudrik taksi haydovchisi bo‘lib ishlayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlar avvalo X (sobiq Twitter) platformasida paydo bo‘lib, futbolchi yangi kasb tanlagani aytildi.
Ushbu ma’lumotlarga hatto “Uber” ilovasida “Mixaylo” nomli haydovchi profili fotosi ham ilova qilingan bo‘lib, u Mudrikka juda o‘xshagan. Biroq bu rasmlarning haqiqiyligi isbotlangan emas. Ular sun’iy intellekt yordamida yaratilgan yoki montaj qilingan bo‘lishi mumkin.
Eng muhimi, Mudrik hozirda Buyuk Britaniyada haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan. U BMW M8 rusumidagi avtomobilida qoidalarni buzgani va 18 oyda 13 ta jarima olgani uchun 6 oyga haydovchilik huquqidan mahrum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, futbolchi doping testidan o‘ta olmagani uchun vaqtincha futboldan chetlatilgan. 24 yoshli vinger 2024 yil noyabridan buyon maydonga tushmagan. U 2023 yil “Shaxtyor” klubidan “Chelsi”ga 100 million yevroga transfer qilingan va shartnomasi 2031 yilgacha amal qiladi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.