date

Deputat Azizova: “Pedofillar umrboq qamoq bilan jazolanishi shart”

Deputat Azizova: “Pedofillar umrboq qamoq bilan jazolanishi shart”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Dilnoza Azizova bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo choralarini yanada qat’iylashtirishni taklif etdi.

Deputatning ta’kidlashicha, Namanganda sodir bo‘lgan oxirgi fojia — bu faqat bir pedofilning razolati emas, balki yillar davomida “axloq tuzatish ishlari” degan engil ifoda bilan bu jinoyatni oqlab kelgan tizimning yuzini ochib berdi.

“Bola taqdiri bilan o‘ynash mumkin emas. Bu faqat jinoyat emas — bu insoniyatga qarshi qo‘zg‘olon. Pedofillar jazoni ‘yaxshi xulq’ bahonasi bilan qisqartirib, ko‘chada erkin yurishi davlatning bolaga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatadi. Qonun qog‘ozda emas, hayotda ham qattiq bo‘lishi shart,” — deya yozadi Azizova.

Uning fikricha, bu kabi jinoyatchilar uchun kechirish yoki yengillik berilishi mumkin emas. 2024 yilda Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga jazoni yengilroq turiga almashtirish mumkin emas. Ammo Azizova buning o‘zi yetarli emasligini ta’kidladi.

“Bolalarni haqiqiy himoya qilish uchun jazo yanada qat’iy bo‘lishi lozim. Mening taklifim aniq — bolaga jinsiy zo‘ravonlik qilganlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini qonun darajasida belgilash vaqti keldi,” — dedi u.

Deputatning ta’kidlashicha, “Bola millatning kelajagi” degan so‘z faqat shior bo‘lib qolmasligi kerak. “Agar biz shunday razillarga nisbatan hamon yumshoq munosabatda bo‘lsak, bu — kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan yo‘q qilish degani,” — deb yozadi Azizova.

Bu bayonot jamiyatda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik deputatning tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, jinoyat qonunchiligini qayta ko‘rib chiqish va bolalar xavfsizligini ta’minlashni talab qilmoqda.

Shu tariqa, Dilnoza Azizovaning qat’iy pozitsiyasi faqat bir masala atrofida emas — u butun jamiyat ongini uyg‘otish, bolalar taqdiriga befarq bo‘lmaslikka chaqiriq sifatida yangradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Deputat Azizova: “Pedofillar umrboq qamoq bilan jazolanishi shart”