Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ bo‘lishiga yana bir karra amin bo‘ldim. Ohlarim xudoga yetdimi, yo tasodifmi, bilmadim, meni domida olib turgan botqoqlik daf’atan g‘oyib bo‘ldi. Men ko‘zlarimga ishonib-ishonmay, nuqul atrofga alanglar, kimnidir qidirardim. Ammo tevarakda o‘zimdan bo‘lak hech kim yo‘q edi.
— Bu mo‘’jiza, — deya hayqirdim bor ovozda azbaroyi yengil tortganimdan. — Men botqoqqa cho‘kmadim! Men omon qoldim!!!
Shu mahal qayerdandir barzangi qarshimda hozir bo‘ldi. Uning qay holatda, qay yo‘l bilan paydo bo‘lganini ilg‘amay ham qoldim. Umuman, buning menga qizig‘i ham yo‘q edi. Qizig‘i yo‘q edi-yu, lekin kelgusi hayotim, qismatim, kechmishlarim shu go‘rso‘xtaga bog‘liq ekanini ham sezib turardim. Shu sababli unga qo‘pollik qilishga, uni ranjitishga qo‘rqdim. Tag‘in bir baloga giriftor qilmasin deya majburan jilmaydim.
— Ha, xursandsan, tinchlikmi? — so‘radi barzangi. — Botqoqdan qutulganingga quvonyapsanmi?
— Albatta, — dedim yanada og‘zimning tanobi qochib. — Cho‘kib ketaman deb bo‘larim bo‘lgandi. Xayriyat, cho‘kmadim. Omon qoldim.
— Xo‘sh, endi nima qilmoqchisan? Rejalaring bormi, boyvachcha?
— Iye, qanaqa boyvachcha? — dedim beixtiyor qovog‘im uyilib. — Masxara qilyapsanmi?
— Nega endi? Biz farishtalar masxaralash neligini bilmaymiz. Sendan to‘g‘rilikcha so‘rayapman.
— Nega boyvachcha deyapsan unda?
— Buning sababini keyin bilib olasan…
Men shuncha paytdan beri o‘zga xilqatlarda yashab, ancha ko‘nikkandim. Zulmat, barzangining munosabati, iblis bilan muloqot… Ishqilib, bularning barchasi menga xuddi qadrdondek yaqin bo‘lib qolgandi. Garchi bir necha marotaba uyimga borgan bo‘lsam ham, xunuk manzaralarga guvoh bo‘lganim haqiqat bo‘lsa-da, ayni pallada shu dunyodan boshqasini tasavvur eta olmayotgandim. Asosiysi, qayg‘u yo‘q. Qiynashsa ham, ustingdan kulishsa ham baribir bu yerlar boshqacha edi. Tunu kun militsiya, soliqchi, prokurorlardan xavotirlanib, go‘yo igna ustida o‘tirgan kabi bezovtalanmaysan. Kechqurun boshimga ne tashvish tusharkan deb qayg‘u chekmaysan…
Shunday deyman-u, baribir o‘zimning uyim yaxshi edi. Pulim ko‘p, restoranlarda kechki ovqatni tanovul qilardim, istasam, qo‘riqchilarni almashtirardim. Xohlasam, jononlarning manaman deganini sotib olib aysh qilardim. Bilmadim… Endi… Hammayam bir kun shu dunyoga keladi-da baribir! Dunyo so‘raganlar ham shu dunyoda abadiy yashashmoqda. Men ularning oldida kim bo‘libman?!. Eh, qaniydi menga yana birta imkon berilsa! Xudo qanday shart qo‘ysayam mayliydi. O‘zimning dunyomga qaytarsa bo‘ldiydi. E, kim ham mening ohlarimga quloq tutib o‘tiradi. Ana, barzangi hozir-u nozir! Meni yana qayergadir olib borsa kerak. Hoynahoy sinovlari, qiynoqlari hali veri to‘xtamas…
— Nega turib qoldik? — so‘radim xayollarimni yig‘ib olib. — Ketdik! Qayerga boramiz endi?
— Seni bir joyga olib boraman, — dedi barzangi. — Ammo aytib qo‘yay, hovliqmaysan, iblisning yo‘rig‘iga tushmaysan. Men nima buyursam, shuni qilasan.
— Iblis sen bor joyga kela olmasligini allaqachon tushunib yetganman, — dedim kulib. — Buyruqni so‘zsiz bajarishimga esa shubha qilmasangam bo‘ladi. Ishonsang, senga o‘rganib ham qoldim. Faqat, iltimos, nima qilsang qil, koyiysanmi, haqoratlaysanmi, chidayman. Faqat musht tushirib qolma, jo‘ra! Sening mushtlaring adabimni berib qo‘yyapti har gal! Zil-zambilga o‘xshaydi mushtlaring!
— Xotiring jam bo‘lsin! — dedi barzangi. — Musht tushirmayman. Tushiradiganimni tushirib bo‘lganman. Qani, oldimga tush!
* * *
Barzangining bu gapidan so‘ng xotirim jam bo‘ldi. Ko‘nglim bir yaxshilikni sezgandek kayfim chog‘landi. Ortiq zulmat qa’rida azob chekmasligimni his etdim.
— Senga bir joyni ko‘rsataman hozir, — dedi barzangi yo‘l-yo‘lakay. — Ammo surishtirib asabimga tegma! Borganda ko‘raverasan.
— Jinni bo‘libmanmi asabingga tegib, — kuldim barzangiga qarab. — Mushtingni do‘laytirarsan darrov!
— Ancha aqling kiribdi. Ko‘rdingmi, bu xilqat manaman deganning aqlini kiritib qo‘yadi.
Men askar kabi barzangining oldiga tushgancha zulmat bo‘ylab ketib borardim. Xayolan iblisni ham yodga olardim. Negadir ko‘rinmaganidan hayron bo‘lardim.
— E, ovsarman-da o‘zim ham, — o‘yladim oxiri. — Barzangi iblisni keltirib qo‘yarkanmi?!. Bular ham bir-biriga kushanda-ku! Ishqilib, yorug‘ dunyoga o‘xshab bulardayam bir-birini ko‘rolmaslik balosi bor ekan-da! Qurib ketsin!
Qancha yo‘l bosdik, bilmayman. Juda olisda bir qatim nur ko‘zga tashlandi. Nurni ko‘riboq barzangi yurishdan to‘xtadi.
— Shu yerda tur, — buyurdi menga. — Ko‘rdingmi hov anavi nurni!
— Ko‘rdim, ko‘r emasman, — dedim negadir jahlim chiqib. — Qanday nur bu? Uyoqda nima bor o‘zi? Yorug‘ dunyomi? Meni o‘z dunyomga qaytarasanmi? Shunaqami? Qaytarasan-a?
— Adashding, — dedi barzangi ovozini hiyla pasaytirib. — Bu yorug‘ dunyomas. Yorug‘ dunyo ortda. U yerga zulmat orqali borilishini bilasan-ku! Bording-ku o‘zing!
— Unda nur qayerda? Nega meni bu yerga opkelding? Ko‘zimni kuydirishgami?
— Ko‘zing bo‘lsa kuyadi-da, — dedi barzangi battar jahli chiqib. — Hadeb ijikilayverishni bas qilsang-chi! Gapirishga qo‘yasanmi o‘zi, yo‘qmi?
— Bo‘pti, gapiraver! Ko‘rman, soqovman!
— Bu nur boqiy dunyoning o‘zginasi, — gap boshladi barzangi. — Biz turgan joy esa yerosti yo‘li. Shu yo‘l orqali marhumlar sen ko‘rib turgan joyga chiqib olishadi. Haqiqiy hayot o‘sha yerdan boshlanadi.
— Unda menam bora qolay o‘sha yoqqa! Nega turibmiz? Kimni kutyapmiz?
— Senga mumkin emas, — barzangi chuqur xo‘rsinib javob qildi. — Biz sen bilan ortga qaytishga majburmiz. Uyoqlarga bizni kiritishmaydi.
— Nega?
— Buni bilishing shart emas.
— U holda tag‘in zulmat, botqoqlikda qiynalib o‘larkanman-da! Shundaymi?
— Qiynalmaysan.
— Ha, alda! Aldayver! Seniyam ja yaxshi bilvoldim. Ilgari farishtalar aldamaydi deb xayol qilardim. Mana, aldayotganingga guvoh bo‘lib turibman.
— Haddingdan oshma! — daf’atan baqirib berdi barzangi. — Yo musht yeging kelyaptimi?
— Bo‘pti, gapiraver! Aytdim-qo‘ydim-da endi!
— Biz sen bilan birinchi amalni ado etishimiz lozim. Ollohdan shunday farmon kelgan. Shu amalni men bajartirishim kerak.
— Keyin-chi?
— Keyin hushingdan ayrilasan.
— Iye, nega? Tag‘in-a?
— Ishon, uyog‘ini senga oshkor qila olmayman. Haqqim yo‘q. Ollohning irodasi shunday…
Boya payqamadimmi, yo beparvolikka yo‘l qo‘ydimmi, vujudimda hech bir o‘zgarish sezmagandek edim. Hozir ikkinchi bor barzangi Olloh nomini tilga olgach, borlig‘imni yoqimli hislar chulg‘ab oldi, aslida mavhum tanam bilinar-bilinmas titray boshladi.
— Ana, dastlabki o‘zgarishni sezdim, — dedi barzangi menga qattiqroq tikilib. — Iymonga qayta boshlaganing titrashingdan sezildi. Bu yaxshilikka, boyvachcha, faqat yaxshilikka!
— To‘g‘ri, — dedim beixtiyor xomush tortib. — Shu birgina so‘z borlig‘imni titrashga majbur etdi. Ollohning huzuriga yaqin qoldimi? Yaqin orada ko‘ra olamanmi?
— Buyog‘i sen-u bizga noma’lum. Yaratgan egamning o‘zi hal etadi bunaqa ishlarni. Sendanam, mendanam so‘rab o‘tirmaydi.
— Tushundim.
— Amalni ado etishga tayyormisan?
— Tayyorman.
— Bilib qo‘y, bu amalni ado etganingdan keyin boya aytganimdek hushingdan ayrilasan. Uyog‘ini xudoning o‘zi biladi.
— Angladim.
— Unda mening ortimdan aytilgan so‘zni takrorlaysan.
— Xo‘p.
— Aytgancha, bu so‘z Ollohning kalomi. Esingdami, jon taslim qila boshlaganingda uni tilingga ko‘chira olmagansan? Sening o‘rningga boshqalar tilga olgan.
— Ha, esimda. Shuning dastidan dakkilar, haqoratlar eshitganim ham, oq qilinganim ham yodimda.
— Qani, takrorla! «La Ilaha Illallohu Muhammadur Rasululloh!..»
Men takrorladim. Barzangi Ollohning kalomini tilga olaverdi, men takrorlayverdim. Sal o‘tgach, ruhan yengillasha boshlaganimni payqadim. Mavhumlikka duchor etilgan tanam qizib, miyam tezroq va yanada tezroq ishlay boshlagandek tuyuldi. Keyin esa kutilmaganda ko‘z o‘ngim qorong‘ilashdi-yu, qandaydir jarlikka qulab borayotganimni his etdim. Oradan bir necha soniya o‘tib miyam ishlashdan, his etishdan to‘xtadi…
* * *
Ko‘zimni ochganimda…
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, kasalxona palatasida yotardim. Tepamda xotinim, qizim, yana boshqa yaqinlarim, vrachlar turganini ham aniq ko‘rdim. Xotinim nuqul yig‘lar, vrachlar bir-birlarini qo‘l siqib tabriklashardi.
— O‘ziga keldi, xayriyat! — deyishardi ular. — Okaxon o‘ziga keldi! Yorug‘ dunyoga qaytdi! Xudo qaytib berdi!..
Men shundan keyingina chuqur komada ekanimni bilgandek bo‘ldim. Miyam tiniqlashib, bir necha o‘n soniya ichida zulmatdagi hayotim, iblis, ota-onam, muallim va boshqa-boshqalarni yodga olishga ulgurdim.
Ochig‘i, qizimning yuz-ko‘zlariga boqib, juda xijolatda qoldim. Chunki yuzlari oydek, ko‘z qarashlari ilgarigidek ma’yus edi. Shunday qizimga bilib-bilmay zulmatdan chiqib tuhmat toshlarini otganim uchun o‘zimni xayolan koyib tashladim…
Men ortiq sukut saqlashni, tepamdagilarga soqov kabi tikilib yotishni sira xohlamayotgandim.
Beixtiyor Olloh yodimga tushdi-yu, tilga ko‘chirgan ilk jumlalar shu bo‘ldi:
— Azizalarim, menga… Joynamoz olib beringlar! Men ham… Namoz o‘qiyman!..
Bu so‘zlarni arang tilga ko‘chirgan bo‘lsam-da, xotinim ham, qizim ham quvonchdan yorilay deb meni mahkam quchoqlab olishdi.
Ha, men aslida o‘lmagan edim. Dafn etilmagandim. Barchasi koma holatida qolganimning kasri edi.
Men baxtiyor edim.
(Tamom)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”