Xayriyat, ular menga yana mehr ko‘rsatishdi. Bobom va farishtam jinlarga qachonlardir Germaniyadan Rossiyaga xayriya yordami jo‘natganimni, birovlarga mehr ko‘rsata olishimni isbotlashdi. Bundan tashqari, xolam bilan bog‘liq palto voqeasini ham eslatib o‘tishdi.
Ha, bu juda qiziq kechgandi. Xolam partiya a’zosi edi. Ancha yillardan beri aynan mendek partiyani yomon ko‘radigan jiyani bilan gaplashishni istamagani tufayli biznikiga kelmay qo‘ygandi. Albatta, oyim unikiga tez-tez borib turar, og‘irini yengil qilishga urinardi. Nihoyat men chet elga ko‘chib ketadigan bo‘lib qoldim. Xolam buni eshitib Pulkovo aeroportiga yetib keldi. Maqsadi aniq edi. Meni bu qilayotgan ishim uchun qarg‘ash, shu yo‘l bilan alamidan chiqish. U meni kuzatishga chiqqanlar oldiga turib oldi-da, onamdan o‘ziga qo‘shilib qarg‘ashini talab qila boshladi. Xolam shu qadar qattiq baqirib qarg‘adiki, yuragi xuruj qilib qoldi. Tezda vrachlar yetib kelib qon bosimini o‘lchashga tushishdi. Ukol qilishdi. U oradan biroz o‘tgach, o‘ziga keldi-yu, o‘rnidan turib ketishga chog‘landi. Men shosha-pisha uning drapdan tikilgan paltosini qo‘limga olib kiydirib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Ammo… Negadir xolamga rahmim keldi.
* * *
Paltosi anchagina eskirib ketgandi. Nima qilsam bo‘ladi? Xolam shu eski paltoda uyiga ketadimi endi?.. Egnimdagi manavi shubamni kiydirib yuborsam-chi? Ko‘narmikan? Vaqt oz qolyapti…
— Xolajon, meni kechiring! — dedim oxiri o‘zimda kuch topib. — Men hammasini tushunib yetdim. Albatta o‘zgaraman. Siz xohlagandek odam bo‘laman. Men hech qayerga ketmayman. Keling, manavi shubani kiyib oling! Biz Georgiy bilan chiptani topshirib kelaylik, siz onam bilan birga uyga ketavering! Kelganimdan so‘ng paltolarimizni almashtirib olaveramiz. Agar istasangiz, albatta…
Hayratda qolgan xolam birdan yumshab, mening shubamni egniga ildi. Shundan so‘ng onam uni taksiga o‘tqazib uyga olib ketdi. Biz bo‘lsak, Georgiy bilan bojxona ko‘rigidan o‘tishga oshiqdik. Ha, men xolamni aldagandim. Lekin boshqa ilojim ham yo‘q edi… Eh, Vena aeroportida eski paltoda ko‘rgan jurnalistlar, boshqa shaxslarning hayron bo‘lganliklarini bir ko‘rsangiz edi… Yo‘q, men afsuslanmadim. Negaki, hamon xolajonim mening shubamda sovuq yemasdan ko‘chalarda bemalol sayr qila oladi.
* * *
Farishtam kutilmaganda qayerdandir xolamning o‘sha eski paltosini topdi-da, boshimga yopib xayrsizlik saltanatidan meni olib chiqib ketdi. Chiqqanimizdan so‘ng, albatta, palto o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ldi.
— Nahotki, hammasi tugagan bo‘lsa? — so‘radim men jinlardan uzoqlashib ketganimizdan so‘ng bobomga umidvor tikilib. — Bobojon! Farishtam! Aytinglar, hammasi tugadimi?
Ular meni tinchlantirgan bo‘lishdi. Ammo men bilan negadir gaplashib o‘tirishni istashmadi.
Saltanat kezishlarimiz davomida bobom qarib ketdi. Endi u ellik-ellik besh yoshlar oralig‘idagi qariya ko‘rinishiga kirib qolgandi. Hatto, ajoyib, kelishgan va navqiron farishtamning ham yuzlarida charchoq alomatlari sezilib turardi. Men hammasini fikrlab, mulohaza qilib ko‘rishim lozim edi. Afsuski, bunga o‘zimda kuch topa olmasdim.
* * *
Biz ancha joygacha jimgina uchib bordik. Keyinchalik bizni o‘rab turgan sahro birdan o‘zgacha tusga kira boshladi. Avvaliga osmonni oltinrang tuman qopladi. Bobom va farishtamning rangsizlangan kiyimlari asta-sekin oppoq tusga kirdi. Yuz tuzilishlari ham o‘zgardi. Bobom yoshardi, farishtam yuzlaridagi charchoq belgilari yo‘qolib, yana ilgarigi navqironligiga qaytdi. Oldinda qandaydir ulkan va yorqin tepalik ko‘rindi. U bir qaraganda tog‘ni, bir qarasang, bulutni ham eslatib yuborardi.
— Xudoyimning saltanati yaqinlashmoqda! — tantanavor ohangda dedi farishtam
— Xudoga shukr! — mamnun oh tortdi bobom.
Bobomning bu so‘zlariga ulkan saltanat aks sado berdi.
— «Xudoga shukr!.. Xudoga shukr!..
So‘ngra oldinda bulutlar orasidan ko‘plab oltinrang bulutlar ajralib chiqib, har biri zarrin quyosh nurlariga aylanib butun tevarakni yoritib yubordi. Bu go‘zallik shu qadar ajoyib va sehrli ediki, ko‘zlaring chaqnamasdan ilojing yo‘q.
— Xudoyim, qanday go‘zal! — qichqirib yubordim men…
— Ha, bu Xudoyimning husni! — dedi bobom. — Ugina dunyoni qutqaradi!.. — Xayriyat, biz yetib keldik. Uyga qaytish qanday yaxshi-ya!..
— Ha, yaxshi, — bosh irg‘adi farishtam. — Xudoyimga hamdu sanolar bo‘lsin!..
Bobom va farishtam tiz cho‘kib ibodat qila boshlashdi. Men bo‘lsam, uyga qaytish degan tushunchaning o‘zimga taalluqli joyi yo‘qligini his etganim sababmi, ularning yonida jimgina turar, atrofni tomosha qilishga tushib ketgandim. Bu orada bulut tarqab, oldimizda oltin kabi sap-sariq yo‘l paydo bo‘ldi. Oltinrang qum ustida oyoq yalang turish yoqimli edi. Qum tovonlarimga biroz botishi xuddi kasallikdan davolash uchun ishlatiladigan tibbiy elektr tokini eslatardi.
* * *
Sap-sariq qumlardan tuzilgan yo‘l yam-yashil daraxtzor tomon olib borardi. Yo‘q, bu o‘rmon emas, istirohat bog‘i edi. Men bunday manzarani faqat ertaklardagina o‘qiganman. Shuning uchun bo‘lsa kerak u yoqqa xuddi vodiyliklar toqqa talpinganlaridek juda-juda borgim kelar, biroq bobom va farishtamning ibodat qilib bo‘lishlarini kutishim lozim edi.
Nihoyat ular ibodat qilishdan to‘xtab o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi.
— Ketadigan vaqtimiz bo‘ldi! — dedi farishtam.
Men sabsizlik bilan so‘radim:
— Qayerga boramiz?
— Xudoyimga ta’zim qilishga.
— Xudoyim shu yoqda yashaydimi? — bog‘ tomonga ishora qilib so‘radim.
— Judayam ahmoqsan. — meni urishib berdi farishtam. — U hamma joyda mavjud. Qullikdan ozod bo‘lgan har bir ruh uning huzuriga borishi shart. Xudoyim ularni ko‘rgach, o‘z qarorini chiqaradi. Xo‘sh, tayyormisan?
— Albatta!
Biz oltinrang yo‘l bo‘ylab keta boshladik. Bu yo‘ldan yurish juda oson va yoqimli edi. Men o‘simliklar hamda rang-barang gullar iforiga to‘la havodan to‘yib-to‘yib nafas olar, benihoya shod edim. Biz ko‘z ochib yumguncha bog‘ning ilk daraxtlaridan biri ro‘parasiga yetib oldik. Men tirikligimda hech qachon bunday daraxtlarni uchratmaganman. Qadlari tik, barglarining yorqinligi ko‘zni qamashtiradi. Oldinma-ketin katta qayin daraxtini aylanib o‘tdik. Yo‘q, Yerdagi qayinlar buning qarshisida o‘ta ojiz va ko‘rimsiz holga kelib qolishi aniq. Bularning go‘zalligini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi.
Bir mahal yuqoridan kaftimning yarmicha keladigan barg uchib tushib qo‘limga yopishdi. Bargning ikki tarafi ham yupqa olmos kukunlariga ko‘milgan. Men bargni hidlab ko‘rdim. Ajoyib hid! Xushbo‘y va mast qilgudek!..
— Ha, haqiqiy qayin hidi xuddi shunday bo‘lishi kerak! — dedi bobom mening hayratimni payqab.
— Bobojon, — so‘radim undan. — Nega Yerdagi qayinlar shunday ifordan mahrum?
— Odamlarning sonsiz gunohlari tufayli shunday ko‘yga tushishgan.
— Q-qanaqasiga?
— Judayam oddiy. Barcha yovuzliklar odam orqali yerga o‘tib daraxtlarni go‘zallikdan, mana shunday fayzdan mahrum etgan.
— Balki radiatsiya tufaylidir?
— Shunday desayam bo‘ladi.
* * *
Men qayin bargini kaftimga olib pufladim. U qaytadan daraxt shoxlari orasidan joy oldi.
Biz oldinga intildik va tez orada boyagi daraxtlarga liq to‘la bog‘ ichkarisiga kirib bordik. Bu daraxtlarning birontasi na kasallangan, na biror novdasi singan. Barchalari yam-yashil, navqiron va go‘zal. O‘zlaridan dimog‘ni qitiqlab, ko‘ngilga huzur bag‘ishlovchi islarni taratishmoqda. Ba’zilari gullay boshlagan, ayrimlari esa mevaga liq to‘lgan.
Biz yurib borayotgan yo‘l asta-sekin keng alleyaga aylandi. So‘ngra daraxtlar orasidagi zarrin nurlar ko‘paygandan ko‘payib, yana boshqa yo‘l va so‘qmoqlarga ko‘zim tushdi. Bu yo‘l, so‘qmoqlar bo‘ylab o‘zim kabi odamlar farishtalari hamrohligida faqat oldinga talpinishardi. Uzoqdan daraxt o‘tqazayotgan odamlarga ko‘zim tushdi.
Biz tekis yo‘nilgan oq ko‘prik o‘tgan anhorga yetib bordik. Menga bu ko‘prik fil suyagidan yasalgandek tuyuldi. To‘xtab ko‘prik tutqichiga suyangan ko‘yi pastga qaradim. Jimgina oqayotgan suvda oq, pushti va moviy rang gullar oqar, ular orasida… Yo‘q, oltin emas, oddiy oltinrang baliqlar suzib yurishar, har bir baliq qimmatbaho toshlarni eslatib yuborardi. O‘zimga qolsa, bu yerda uzoq vaqt qolib ketishim mumkin edi. Ammo farishtam yelkamdan turtib, yo‘lda davom etishga undadi.
Yura-yura, Rim fontanlariga o‘xshash pushti marvariddan bunyod etilgan favvoralarga yaqinlashdik. Ularning yon-atrofiga yog‘och o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Albatta, o‘tkinchilar o‘tirib istirohat qilishlari uchun bo‘lsa kerak. Favvoraning yuqoridan turli holatga kirib pastga oqib tushayotgan zilol suvlariga to‘yib boqqim kelardi-yu, afsuski to‘xtashga ruxsat berishmadi.
— Mana sizga haqiqiy jannat! — dedim yo‘l-yo‘lakay bobomga hayratimni yashira olmay.
— Yo‘q, bolajonim, — javob qildi bobom. — Bu jannat emas. Jannatning eng ko‘rimsiz hududlaridan biri xolos. Jannat hali juda olisda. Ungacha yetib borish har kimga ham nasib etavermaydi.
— Unday bo‘lsa, menga boshqacha jannatning keragi yo‘q. Mana shunisiyam bo‘laveradi! — dedim qaysarlik bilan.
* * *
Bobom va farishtam hayron bo‘lib baravariga menga yuzlanishdi.
— Nima, yana noto‘g‘ri gapirib qo‘ydimmi? — so‘radim yuragim g‘ashlanib.
— Shunday desayam bo‘ladi. — javob qildi bobom. — Bu sening qo‘lingda emas. Qayerda bo‘lishingni faqat Yaratgan hal etadi. Bo‘lar-bo‘lmasga aljirayverishing yaxshi emas.
Ha, bobomga qarshi gapirish befoyda edi. Indamay itoat bilan ularga ergashdim…
* * *
Oldinda bundan-da go‘zalroq manzara namoyon bo‘ldi. Tuvaklarda ajoyib, ko‘zni qamashtiruvchi rang-barang gullarki, ba’zilarini tirik ekanimda o‘zim ham uyda o‘stirganimni esladim. Faqat ularning yerdagidan farqli jihatlari bor edi. Masalan, ularning balandligi mening bo‘yim bilan barobar, gullari naq shampan vinosi quyiladigan idishdek keladi. Gullar orasidan go‘yoki pushtirang yog‘du taralardi.
Daraxtlarda esa bulbullar bir-birlariga navbat bermay kuylashadi. Goho shundoq yonimdan kapalaklar uchib o‘tishardi. Men azbaroyi hayratlanganimdan gullarga tikilib turib qolar, bobom va farishtam nuqul qo‘limdan tortib oldinga undashardi.
Yo‘l o‘ngga burilib, yanada kengaydi. Biz boshqalarga yetib oldik. Ularning farishtalari ham menikiga o‘xshab o‘rta bo‘yli, yuz tuzilishlari turlicha bo‘lsa-da, barchalarining nigohlaridan nur yog‘ilardi. Ko‘pchilik odamlarni farishtalari xuddi bolasini bog‘chaga olib ketayotgandek qo‘llaridan tutib borishardi. Ba’zilari uch kishi bo‘lib qadam tashlashar, ayrim odamlarni butun boshli guruh kuzatib borar, ularning ham tanalari bobomniki kabi nurga to‘liq ediki, ruhoniy ekanliklarini ilg‘ab olish qiyin emasdi.
Odamlar orasida qariyalar, bolalar, o‘rta yasharlar mavjud edi. Yuz-ko‘zlaridan turli xalq vakillariga oidliklari ko‘rinib turardi. Lekin jussalari go‘yo fototasmadan qirqib olingan quruq suratni yodga solardi. Ularga razm solib turib o‘zimni ko‘zdan kechirdim. Yo‘q, mening ham ulardan afzal jihatim yo‘q ekan. Aksincha, men kulrang, kir-chir chinni idishga o‘xshab ketarkanman. Egnimda hamon kasalxona choyshabi va tumordan bo‘lak hech vaqo yo‘q. To‘g‘ri, kiyim bu yerlarda asosiy rol o‘ynamaydi. Masalan, ba’zilar yalang‘och ketib borishyapti. Shunga qaramay, hech kim ularga e’tibor berayotgani yo‘q…
— Bobo! — dedim sekin. — Nega ruhlar turlicha? Ba’zilari ko‘proq, ayrimlari kamroq nur taratishyapti-ya?
— Axir, odamlar har xil! — tushuntirgan bo‘ldi bobom. — Masalan, bizda judayam ko‘rimsiz ruh… — bobom shu gapni aytib beixtiyor kulib yubordi…
* * *
Qarang, bobomning kulganini shu paytgacha ko‘rmagandim. Xuddi ichida bir necha yuzlab chiroqlar yoqilib ketgandek atrof yorishib ketdi… Yuzlariga yaxshisi qaramagan ma’qul. Yog‘dudan ko‘z qamashib ko‘r bo‘lib qolish hech gap emasdi.
Bobomning hazilidan ruhlanib ketdimmi, o‘zim ham hazillashgim keldi.
— Bobo, uydan chiqishdan avval yuzingizga parda tortib olsangiz bo‘larkan! — dedim kulib. — Sizga tikilgan odam ko‘r bo‘lib qolishi mumkin.
Shu ondayoq farishtam bo‘ynim aralash musht tushirib qolsa bo‘ladimi…
Kuchli og‘riqdan qum ustiga o‘tirib qoldim va yig‘lamsirab bobom ikkovlariga savol nazari bilan boqdim.
Farishtam norozi bosh chayqab yonimga o‘tirdi.
— Kechir meni! — dedi u. — Men o‘zimni tutib tura olmadim. Bu mushtni aslida tirik ekaningda, nomaqbul ishlarni qilib yurgan kezlaringda tushirishim lozim edi. Unda senga rahm qilibman men ahmoq. Shuning uchun ham shu kunni qirq yil kutdim. Mana, nihoyat niyatimga erishdim. Seni kaltakladim. Qani, qo‘lingni ber, o‘rningdan turaqol!..
Men kulimsirab sekin farishtamga qo‘limni uzatdim. Bobom aytgan gaplarimdan mamnun ekanmi, farishtamning bag‘ridan tortib olib mahkam quchoqladi.
Farishtam esa so‘zlashda davom etdi:
— Fikr doirang torligi, Anna, o‘zingni halok etadi! Axir, bobongning miyasida shunday yog‘dular borki, biz farishtalar ham unga havas qilamiz! Ularni biz ilohiy deya hisoblaymiz. Sen bo‘lsang, hazillashib o‘tiribsan.
— Hazillashsam nimasi yomon?
— Xudodan qo‘rqish kerak! Bu nomussizlikdan ham yomon!
— Agar o‘zlaring aytganlaringdek, Xudo rahmdil bo‘lsa, undan qo‘rqishning nima zarurati bor?
— Baribir qo‘rqish lozim. Sevishni bilgan qo‘rqishniyam bilishi shart. Xudoyim rahmdil, lekin shu bilan birga adolatli yo‘l tutadi.
* * *
Dunyo bir simfoniya. Uni Xudo yaratgan. Bir marta shu kuyni chalasan-u, umring tugaganini bilmay qolasan. Agar noto‘g‘ri chalsang, kuylasang, tamom, Xudoning marhamatidan mahrum bo‘lasan.
Men jim turib farishtamning so‘zlarini tinglar, ba’zan men tomon boqib kulib qo‘yishlarini ko‘rib yuragim g‘ash tortardi.
— «Ha, farishtam mening ustimdan kulyapti chog‘i…
— Xavotir olma! — ichimdagini payqagandek tinchlantira boshladi farishtam. — Men sening ustingdan kulayotganim yo‘q. Biz farishtalar umuman kulmaymiz. Kulish odamlarga qo‘rquvdan o‘zlarini asrashlari uchun ato etilgan.
— Siz qanday qilib mening xayollarimni ilg‘ab olyapsiz? — so‘radim undan.
— Ko‘pam ahmoqlik qilaverma! — dedi farishtam. — Xayolingni ilg‘ashning sira hojati yo‘q. Hammasi yuzlaringga yozib qo‘yilgan. Lekin behuda qo‘rqyapsan. Agar Xudoga ta’zim bajo qilishni istamayotgan bo‘lsang, Yerga qaytaverishing mumkin. Shunday ruhlar borki, bu kunni ming yillab kutishadi. Sizlar ularni arvoh deb ataysiz. Afsuski, ular ham sen kabi ahmoqlik qilib qo‘yishgan-u, Xudo keyin buyoqlarga kelishlariga izn bermagan.
Eh, farishtam meni qo‘rquv emas, boyagi bog‘, u yerdagi go‘zallik ortga tortayotganini bilsaydi… Bir-birlariga navbat bermay kuylayotgan bulbullar, alvon-alvon gullar, ajoyib tabiat… Nima qilay? Shartta ortga qaytaymi? Xudoyimga ta’zim bajo aylashdan bosh tortaymi? Yo‘q! Bunday qilishga haqqim yo‘q!..
Men farishtam va bobom qatorida qadamimni tezlatdim…
* * *
Yana bir burilishdan so‘ng qarshimizda shu qadar keng yo‘l zohir bo‘ldiki, farishtalar yetaklagan odamlar ko‘pligidan chetlarini ko‘rib bo‘lmasdi.
— Qara, Anna, — dedi farishtam. — Bu odamlar sen bilan bir kunda olamdan o‘tishgan.
— Ular ham ortda qolgan saltanatlardan eson-omon o‘tib olishganmi?
— Xudoga ta’zim qilishga uning borligiga ishonganlarning barchasi boradi. Saltanatlarda ushlanib qolganlar esa keyinroq borishadi. Ularni ilohlar va ruhoniylar duo qilib olib chiqishadi.
— Demak, bularning orasida birontayam Xudoga ishonmaydiganlari yo‘q demoqchimisiz?
— Ha.
— Men-chi?
— Sen Xudoga ishonmaydiganlardan emasding. Faqat ahmoq eding, xolos.
— Ha, men ham o‘rmonda o‘smaganman. Hatto, Bibliyani o‘qiganman bir paytlar!
Shunda bobom beixtiyor meni mahkam quchib o‘ziga yaqinroq tortdi.
— Menga quloq sol! — dedi bobom. — Hozir qalbingda sodir bo‘layotgan turli tushunmovchiliklar Yaratganning huzuriga borishdan oldingi gunohkor ruh bilan bo‘ladigan oddiy hodisa xolos. Buning sira yomon joyi yo‘q. Faqat miyangdan bo‘lmag‘ur xayollarni, qo‘rquvni chiqarib tashla. Oldinga boq!
Men bobom ko‘rsatgan tarafga qaradim. Biz ketib borayotgan yo‘l ulkan tog‘ga tutashib ketarkan. Tog‘ ortini oppoq bulutlar qoplagan. Tog‘ cho‘qqisiga keng, oq zinapoya orqali odamlar farishtalar hamrohligida chiqib borishyapti.
— Biz Yaratganning huzuriga ketyapmiz, — davom etdi bobom. — U seni borligingcha ko‘radi. Qalbingga, xayollaringga bahosini beradi. Har bir yashagan kuningni mulohazadan o‘tkazib, Qiyomatgacha bo‘lgan taqdiringni belgilaydi. Hushyor bo‘l va qalbingga kuch yig‘! Agar qo‘lingdan kelsa, ibodat qil! Biz farishtang bilan seni duo qilamiz. Xalal berma!
— Xo‘p, bobojon, harakat qilaman!
* * *
Men haqiqatan miyamdan ortiqcha xayollarga joy bermaslikka intilib, bilganimcha Xudoyimga nola qilishga tutindim:
— Yaratgan egam! Mening uzrimni qabul et! Tavba qildim! Men… Ochig‘i, Sendan nega qo‘rqishim sababini bilmayman va qo‘rqayotganim yo‘q. O‘tinaman, menga mana shu ajoyib jannatingdan joy ber! O‘zim bilan o‘zim yolg‘iz qolishimga imkon ber!..
Hayron qoldim. Biz toqqa yaqin borganimizda uning olislardan ko‘ringan ajoyibligi butkul yo‘qolgandi. Agar keng zinalarni hisobga olmasa, tog‘ qip-yalang‘och, xarsang toshlardangina iborat edi. Toshlar orasida mayda-mayda gullar bo‘y ko‘rsatib turardi. Zinalar ham toshlardan yasalgan bo‘lib, odamlar unga yaqin kelishlari hamono tiz cho‘kib toshlarni o‘pa boshlashardi. Ba’zilari shu ko‘yi zinalardan yuqoriga ko‘tarilishardi.
Bobom va farishtam sariq rangli katta xarsang tosh ro‘parasida to‘xtab tiz cho‘kishdi. Menga ham shunday yo‘l tutishni buyurishdi.
— Bu Golgofa! — dedi bobom.
Yanada hayratim oshdi. Axir, Golgofa Iyerusalimda joylashgan edi-ku!..
Men indamay bu qaynoq toshni o‘pdim. Shundan so‘ng biz keng zinalardan yuqoriga ko‘tarila boshladik…
* * *
Biz yuqorilaganimiz sayin havo isib borar, nafas olish juda qiyin kechardi. Tepadan esa qarasangiz ko‘zni qamashtirib yuborgudek darajada yorqin nur taralardi. Men bu nurga qaray olmay, boshimni egib olishga majbur bo‘ldim.
Bir amallab zinapoyaning ilk maydonchasigacha yetib oldik. Bizdan bo‘lak odamlar ham shu yerga yetganda astoydil yonboshlab hordiq chiqarishayotgan edi.
— Charchadingmi, bolam? — so‘radi bobom.
— Judayam issiq, — dedim hamon boshimni ko‘tarishga qo‘rqib. — Anavi nur ko‘z ochishga qo‘ymayapti. Maylimi, picha o‘tirib dam olsam?
* * *
Biroz nafas rostlaganimdan so‘ng o‘rnimdan turib yurishga tayyor ekanimni bildirdim. Ammo zinadan endigina bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilgan edimki, beixtiyor boshim aylanib to‘xtab qoldim.
— Buyog‘iga yura olmaysanmi? — xavotir aralash so‘radi farishtam.
— Yura olmaydiganga o‘xshayman. O‘zimni yomon his etyapman.
Bobom meni darrov bag‘riga olib boshimni oppoq libosining yengi bilan yopdi. Shundan so‘ng biroz yengillashgandek, yo‘lda davom etdim. Shu ko‘yi ikkinchi maydonchagacha yetib oldik.
— Nima qilsalaring qilaveringlar, ortiq yura olmayman! — dedim yurishdan to‘xtab. — Kuchim qolmadi.
— Biz duo qilishdan boshqasini bajara olmaymiz. — dedi farishtam.
Ular yonimga turib olishdi-da, ko‘zlarni qamashtiruvchi oppoq bulutlarga tikilib olgancha meni duo qila ketishdi. Lekin baribir yengil tortmadim. Bobom va farishtam duo qilishda davom etaverishdi:
— Ey, Yaratgan egam, adashgan ruhingni o‘zing panohingga ol! Gunohlaridan o‘t!..
Ularga boshqa farishtalar ham jo‘r bo‘lishdi. Men duolar ostida uchinchi maydonchagacha yetdim. Qarangki, u yerda ham men kabi o‘zini yomon his eta boshlagan ruhlar talaygina ekan…
(davomi bor)
Yuliya VOZNESENSKAYa
Yuliya VOZNESENSKAYa
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?