FIFA kunlari ortda qolib, yana milliy chempionat bahslariga e’tibor qaratish vaqti yetdi. Bugundan boshlab Superliganing 21-tur uchrashuvlari start oladi. Ammo bu safar tur doimgidek 8 emas, balki 7 juftlikdan iborat bo‘ladi. Sababi, Samarqandda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan “Dinamo” — “Andijon” o‘yini 15-noyabrga qoldirildi.
10-sentyabr
19:00. “Nasaf” — “Buxoro”
Qarshi shahridagi bahs turning ochilishiga aylanadi. Amaldagi chempion va hozirda yakka peshqadam bo‘lib turgan “Nasaf” pastki pog‘onada qolmaslik uchun kurashayotgan “Buxoro”ni qabul qiladi. Ikkala jamoa mutlaqo turlicha maqsad uchun maydonga tushayotgani bilan o‘yin qiziq kechishi kutilmoqda. Favorit sifatida “Nasaf” ko‘riladi, “Buxoro” esa qarshi hujum orqali imkoniyat izlaydi.
11-sentyabr
18:30. “Mash’al” — “Sho‘rtan”
Qo‘shni jamoalar to‘qnashuvi — haqiqiy voha derbisi. “Sho‘rtan” chempionatda so‘nggi o‘rinda ekan, har qanday ochko ular uchun katta ahamiyatga ega. “Mash’al” esa uy o‘yinlarini hozircha G‘uzorda, ya’ni raqibining stadionida o‘tkazmoqda. Shu bois g‘uzorliklar o‘z uyida “mehmon” sifatida maydonga chiqishadi.
12-sentyabr
18:30. “So‘g‘diyona” — OKMK
Jizzaxdagi bellashuv doimo murosasiz kechishi bilan mashhur. Ivan Boshkovich va Mirjalol Qosimov bir-birini yaxshi taniydigan murabbiylar. Ikkinchi davrada tarkibini kuchaytirgan “So‘g‘diyona” bu safar oldingi raqibini qiynashi mumkin.
19:30. “Navbahor” — “Surxon”
Namangandagi to‘qnashuvda Sergey Lushchan shogirdlari “Surxon”ni qabul qiladi. Har ikki jamoa ham g‘alaba izlaydi, ammo durang ehtimoli ham yuqori.
13-sentyabr
18:00. “Qo‘qon-1912” — “Qizilqum”
Qo‘qondagi bahsda mezbonlarga oson kechmasligi aniq. “Qizilqum” Akmal Rustamov qo‘l ostida so‘nggi 9 turda mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirmoqda: 6 durang va 3 g‘alaba. Ular FIFA kunlaridagi tanaffusdan qanday chiqqanini aynan shu uchrashuv ko‘rsatadi.
19:00. “Paxtakor” — “Neftchi”
Turning eng markaziy o‘yini poytaxtda o‘tadi. Azaliy raqiblar — “Paxtakor” va “Neftchi” to‘qnashuvi haqiqiy “o‘zbek klassikosi” sifatida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Har ikki klub chempionlik uchun kurashayotgan paytda, mag‘lubiyat ular uchun juda og‘ir bo‘ladi. Farg‘onadagi ilk o‘yinda “Paxtakor” 0:4 hisobida yirik g‘alabaga erishgani barchaning yodida.
14-sentyabr
18:00. “Bunyodkor” — “Xorazm”
Ilyos Zeytullayev jamoasi Hakim Fuzaylov boshqarayotgan “Xorazm”ni qabul qiladi. Mehmonlar yetakchilarga qarshi o‘zini yaxshi ko‘rsatib kelmoqda. Bu safar ham favoritga oson kechmasligi mumkin.
Shu tariqa, 21-turning asosiy e’tibori Toshkentdagi “Paxtakor” — “Neftchi” bahsiga qaratiladi. Boshqa uchrashuvlarda esa pastki va o‘rta pog‘onalar uchun jiddiy kurashlar davom etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!