date

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro Tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro Tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi

Moskva shahrida buyuk yozuvchi va faylasuf Lev Tolstoy tavallud topgan kun munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda 2025 yilgi L.N. Tolstoy nomidagi ikkinchi xalqaro tinchlik mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur nufuzli mukofot sovrindorlari deb topildi.

Haqqoniy qarorni e’lon qilar ekan, hakamlar hay’ati raisi, Mariynskiy teatrining badiiy rahbari va bosh direktori, shuningdek Moskva katta teatrining rahbari Valeriy Gergiyev: “Bu qaror bir ovozdan qabul qilindi”, – deya ta’kidladi.

Tashkiliy qo‘mita izohicha, mazkur davlat rahbarlari Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lidagi shaxsiy tashabbuslari va amaliy sa’y-harakatlari uchun ushbu mukofotga munosib ko‘rildi. Xususan, 2025 yil 31 mart kuni O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasiga oid shartnoma imzolanib, ko‘p yillar davomida hal etilmagan masalaga huquqiy nuqta qo‘yildi.

Bu esa nafaqat umumiy chegaralarni aniq belgilab berishni ta’minladi, balki qo‘shni xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikni kuchaytirishda, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni kafolatlashda muhim qadam sifatida baholandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Xalqaro Tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi