10-sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan Ukrainaga amalga oshirilgan ommaviy dron hujumlari natijasida Polsha hukumati “Rejadan tashqari harbiy harakatlar” sababli bir qator muhim aeroportlarni vaqtincha yopishga majbur bo‘ldi.
Aniqroq qilib aytganda, “Jeshuv-Yasenka”, “Lyublin” xalqaro aeroportlari hamda Varshavadagi ikkala aeroport majburiy ravishda harakat uchun yopildi. Bu haqda aviatsiya xodimlarining (NOTAM) tezkor va rasmiy xabarida ma’lum qilingan.
Polsha aviatsiya departamentining izoh berishicha, bu choralar “milliy xavfsizlikni ta’minlash va rejadan tashqari harbiy harakatlardan kelib chiqadigan ehtimoliy xatarlarni bartaraf etish” maqsadida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Polsha qurolli kuchlari tezkor qo‘mondonligi X ijtimoiy tarmog‘ida havo hududini mustahkam himoya qilish uchun barcha zarur tartib va qoidalar faollashtirilganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, xavoga nafaqat polshalik qiruvchi samolyotlar, balki NATOning boshqa a’zo mamlakatlariga tegishli harbiy samolyotlar ham ko‘tarilgan.
Bundan tashqari, quruqlikdagi mudofaa kuchlari ham yuqori tayyorgarlik holatiga keltirildi. Bu choralar Polsha hukumati tomonidan mamlakat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Qayd etish kerakki, “Jeshuv-Yasenka” aeroporti Ukrainaga G‘arb yordamini yetkazishda asosiy logistika markazi sifatida xizmat qiladi, shu bois uni vaqtincha yopish xalqaro hamkorlikda ham e’tiborga olinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!