16:16 / 01.03.2019
7 135

«Kechirimli bo‘lishning xosiyati…»

«Kechirimli bo‘lishning xosiyati…»
Bir odamning o‘g‘illari hadeganda bir-birlarini arzimas xatoliklarda ayblab, haqoratlashdan, arazlashishdan, mushtlashishdan, nafratlanishdan tiyila olishmas ekan. Oxiri otasining toqati toq bo‘libdi-yu, ularni yoniga o‘tqazib, bir rivoyatni aytib beribdi.

— Rivoyat qilishlaricha, — debdi keksayib, munkayibgina qolgan ota ko‘zlari yoshlanib. — Hazrati payg‘ambarimiz Sallollohi alayhi Vasallam bir kuni o‘ziga yaqin insonlar bilan bozor kezishni ixtiyor etibdi. Bozordagi to‘kin-sochinlikni, tumonot odamlarni hayrat bilan tomosha qila boshlabdi. Shu payt kutilmaganda chamasi 10 yoshli bir o‘smir yugurib kelibdi-da, payg‘ambarning qo‘lidagi katmonni yulqib qochibdi. Shubhasiz, yonidagilar birpasda o‘smirni tutib kelib payg‘ambarning qarshisida tiz cho‘ktiribdi.

Bolakay azbaroyi qo‘rqib ketganidanmi, yum-yum yig‘lar, boshini egmoqdan beri edi. Payg‘ambarimiz bolaning qo‘lidagi katmonni olibdi-da, uni yelkasidan tutib ehtiyotkorlik bilan o‘rnidan turg‘azibdi. Keyin esa katmonni ochib ichidan bir nechta oltin tanga olib bolaning qo‘liga tutqazibdi. Shafqatsiz jazo olishdan qo‘rqib dag‘-dag‘ titrayotgan o‘g‘ri bola payg‘ambarning bu ishiga guvoh bo‘lgach, ko‘zlariga ishonmay, payg‘ambarimizga javdirabdi.

— Ketaver, — debdi payg‘ambar unga. — Ammo bundan keyin o‘g‘irlik qilmagin. To‘g‘ri yo‘ldan yurgin! Aks holda Ollohning g‘azabi keladi-ya!..
Oradan bir necha yil o‘tibdi. Yana payg‘ambar o‘sha bozorga yordamchilari bilan chiqib atrofni tomosha qilib yursa, qarshisida ancha ulg‘aygan, toza va bejirim kiyingan o‘smir hozir bo‘libdi.

— Hazratim, — debdi o‘smir yer chizib. — Men o‘sha bir necha yil oldin katmoningizni o‘g‘irlab qochgan bolaman. O‘shanda marhamatingizni ko‘rib lol bo‘ldim. Bu ishingizdan tegishli xulosa chiqardim. Bergan pulingizni pulga urishtirib, ahvolimni yaxshiladim. Bozordan savdo peshtaxtasini ham ijaraga oldim. Hozir savdo bilan shug‘ullanyapman. O‘g‘irlikni tashladim.

— Barakalla, — debdi payg‘ambar o‘smirning boshini silab. — Ko‘rdingmi, Ollohga shu amaling ma’qul kelibdi. Bizning maslahatimizni olganing uchun Yaratgan egam seni mukofotlabdi.

— Hazratim, — debdi o‘smir boshini ko‘tarib. — O‘shanda nega kechirdingiz? Axir, men o‘g‘irlik qildim. Podsholarning odamlari o‘g‘rini tutib olishsa, qo‘llarini kesguvchi edi. Siz bo‘lsangiz, meni kechiribgina qolmay, qo‘limga yana pul tutqazdingiz. Nega?

— Chunki, — debdi kulimsirab payg‘ambar. — Olloh ham kechirimli. Biz Ollohning qarshisida kim bo‘libmizki, bir-birimizni Yaratganchalik kechira olmasak, mehr-oqibat ko‘rsata olmasak?!.

— Bilasizmi, hazratim, — deya kissasidan bir xaltacha to‘la oltin tangalarni chiqarib payg‘ambarga uzatibdi o‘smir. — O‘shanda sizning marhamatingizdan to‘lqinlanib o‘zimga o‘zim «Xudo yetkazsa, pul topsam, hazratim bergan pullarni o‘n barobar qilib qaytaraman», deya so‘z bergandim. Mana, o‘sha so‘zlarimga sodiq qolib, bergan pulingizni o‘n barobar qilib olib keldim. O‘tinaman, qo‘limni qaytarmasangiz!

Payg‘ambarimiz o‘smirning ra’yini qaytarmay, qo‘lidan oltin tangalar to‘la xaltachani olibdi.
— Yana bir o‘tinchim bor, — debdi o‘smir. — Izn bersangiz, aytsam!

— Ayt, bo‘tam! Ne o‘tinching bor?
— Men o‘sha xunuk voqeadan keyin uzoq fikrladim. O‘yladim, atrofni kuzatdim va bir qarorga keldim. Men ham islomni qabul qilmoqchiman. Yordam bering, iltimos, hazratim!..

Payg‘ambarimiz o‘smirning so‘nggi iltimosini ham ado etib, Islomni qabul qilishida ko‘maklashibdi va ketar pallasi boyagi xaltacha to‘la oltinlarni uning qo‘liga tutqazibdi.

— Sen endi mo‘min musulmon bo‘lding, — debdi unga. — Mo‘min musulmon erkak xonadonidagi yaqinlarining barchasi uchun mas’ul. Ularni boqishi, kamlik ko‘rsatmay yashashi ham farz, ham qarz. Shunday ekan, sen bu oltinlarni olgin-da, uydagi ota-onang, aka-uka, opa-singillaringga shirinliklarmi, kiyimlarmi hadya et. Bu amaling ham Ollohga ma’qul tushadi inshoolloh!..

Mana, bolalarim, ko‘rdilaringmi, kechirimlilik, mehr-oqibat insonni ana shunday yaxshi kunlarga eltadi. Sizlar ham bundan buyon bir-birlaringizga nisbatan kechirimli va mehr-oqibatli bo‘ling! Omin!

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Kechirimli bo‘lishning xosiyati…»