Foto: O‘zA
Tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodovning hikoyasiga asoslanib, O‘zA xabar qiladi.
1992 yilning yozida ilk marta Parijga xalqaro ilmiy konferensiyaga borganman. Samarqand tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan ushbu konferensiya YuNESKO qarorgohida bo‘lib o‘tgan edi.
Anjuman kunlari fransuz hamkorlarimizdan biri, professor Frans Grene «Parijda Temur va temuriylar tarixi hamda madaniyati bilan shug‘ullanuvchilar birlashmasi borligini eshitganmisiz?»— deb so‘rab qoldi.
– Yo‘q, — dedim.
– Agar xohlasangiz, men sizni assotsiatsiya rahbarlari bilan tanishtiraman, — dedi Frans.
– Yaxshi bo‘lardi.
Oradan bir kun o‘tgach, Frans bilan assotsiatsiyaning bosh kotibasi Frederik Bressand xonimning uyiga bordik. Bu yerda bizni bir necha kishi kutib turardi. Ular bilan tanishdik. Shu yerda birinchi marta Temuriylar assotsiatsiyasi prezidenti, professor Lyusen Keren bilan tanishdim. Professorning O‘zbekistonga va Amir Temurga chuqur, samimiy hurmati bor ekan. O‘sha kuni allamahalgacha suhbatlashdik, suhbat orasida professor Lyusen Keren mendan «Parijda yashagan temuriyzoda Islombek Xudoyorxon haqida eshitganmisiz»,— deb so‘radi. Men «yo‘q» javobini bergach, professor: «Ertaga sizni Islombek Xudoyorxon dafn qilingan qabristonga olib boramiz»,— dedi.
Ertasi Lyusen Keren, Frederik Bressand xonim bilan birga Parijdagi mashhur Per la Shez qabristoniga bordik. Bu katta va qadimiy qabristonda Fransiyaning mashhur insonlari abadiy uyquda yotishibdi. Qabristonga ziyoratga keluvchilar qiynalmasligi uchun kirish eshigi oldida qabrlarning joylashishi haqida ma’lumot berilgan. Ma’lumotnoma bilan tanishib, qabriston markazi tomon yurdik. Markazda balandligi taxminan uch metrlik devor bor edi. Biz devorning oldiga kelib, to‘xtadik. Devorda maxsus idishlarni o‘rnatish uchun to‘rtburchak kavakchalar yasalgan. Islombek Xudoyorxon va uning rafiqasi Aleksandra Xudoyorxonning xoklari devordagi kavaklarga o‘rnatilgan ekan. Kavaklar pastiga fransuz tilida «Islombek Xudoyorxon (1889-1983)» va «Aleksandra Xudoyorxon (1894-1972)» so‘zlari bitilgan. Devor yoniga tiz cho‘kib, ikki vatandoshimning ruhi poklariga bag‘ishlab, Qur’on tilovat qildim.
Foto: wikipedia
Keyingi uchrashuvimizda Lyusen Keren Islombek Xudoyorxon haqidagi xotiralarini so‘zlab berdi va Islombekning bir suratini, bir nechta xatlari nusxasini sovg‘a qildi.
– O‘zbekistonga borganingizda janob Islombek haqida maqolalar yozing. O‘zbek xalqi o‘zining bunday mashhur va fidoyi o‘g‘li haqida albatta bilishi kerak, – dedi u.
O‘zbekistonda Islombek Xudoyorxon haqidagi maqolalarim matbuot orqali e’lon qilingach, u kishining jiyanlari Temurbek Xudoyorxonov, Muzaffarxon Haydarov va taniqli olim, professor Sharif Yusupov bilan tanishib, suhbatlashdim. Islombek Xudoyorxon haqidagi ma’lumotlarim asta-sekin yig‘ilib, yirik bir maqolaga yetarli darajaga yetdi. Quyida o‘sha ma’lumotlarning ayrimlarini sizga ilinmoqchiman.
Parijda yashagan temuriyzoda Islombek Xudoyorxon Toshkent shahridagi Qashqar mahallasida, Qo‘qon xoni Xudoyorxonning ikkinchi o‘g‘li Muhammad Aminbekxon xonadonida tavallud topgan. Mustaqil Qo‘qon xonligi Rossiya imperiyasi tomonidan ag‘darilib, uning o‘rniga Turkiston general-gubernatorligiga qaram Farg‘ona viloyati tashkil etilganidan so‘ng Muhammad Aminbek 1876 yilda Qo‘qondan Toshkentga ko‘chib kelib, bu yerda hovli-joy sotib oladi.
Qo‘qon xonligi bilan Rossiya imperiyasi o‘rtasida imzolangan tinchlik shartnomasi bo‘lishiga qaramay, Oq podsho ma’muriyati turli nayrang va bahonalar bilan Qo‘qon xonligini yo‘q qilishga erishadi. Imperator Aleksandr II farmoniga ko‘ra, xonlik o‘rnida Rossiya imperiyasiga qaram Farg‘ona viloyati tuziladi.
Marhum professor Sharif Yusupovning aniqlashicha, Islombek dastlab yetti yil Orenburgda, keyin ikki yil Moskvada o‘qiydi. Rossiyada Oktyabr to‘ntarishi sodir bo‘lganida Islombek 28 yoshda edi. Xonning nabirasi, buning ustiga Oq podsho tizimidagi harbiy o‘quv yurtini tugatgan Islombek uchun Turkistonda qolish juda xavfli edi. Shu bois, u xorijga ketishga qaror qiladi. Islombekning qay tarzda Parijga borib, u yerdagi Afg‘oniston elchixonasida ish boshlagani to‘g‘risida aniq ma’lumot saqlanmagan. Sh.Yusupovning yozishicha, Islombek Afg‘oniston hukumati nomidan Fransiya va Shveysariyada elchixonalar tashkil etib, qariyb 50 yil davomida diplomatiya sohasida mehnat qilgan. Shuningdek, domla Islombekning Fransiyaga Moskva orqali chiqib ketganini ta’kidlaydi.
Islombek Fransiyadagi Afg‘oniston elchixonasida ishlagan paytida ko‘plab turkistonlik muhojirlarga amaliy yordam beradi.
Islombek Xudoyorxon XX asrning 50 yillarida fransuz olimi Lyusen Keren bilan tanishgach, ular o‘rtasida yaqin do‘stlik paydo bo‘ladi. Ayniqsa, Lyusen Kerenning Amir Temur va temuriylar tarixi bilan qiziqishi bu do‘stlikni yanada mustahkamlaydi.
Lyusen Kerenning aytishicha, u o‘tgan asrning 60 yillarida SSSRga ilmiy safar bilan keladi. Fransuz olimlari O‘zbekistondagi Mirzacho‘lni o‘zlashtirish tajribasi bilan qiziqadi. Lyusen Keren safarga jo‘nashidan oldin Islombek bilan uchrashadi. Islombek unga yangi fotoapparat va bir nechta plyonka berib, O‘zbekistondagi Amir Temur va temuriylar bilan bog‘liq barcha narsalarni rasmga olishni so‘raydi. O‘zbekistonga kelgan Lyusen Keren Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida bo‘lib, bu shaharlardagi yodgorliklarni suratga oladi. Parijga kelib barcha plyonkadagi kadrlarni qog‘ozga chiqarib, Islombekka beradi. Islombek har bir suratni diqqat bilan kuzatar ekan, Lyusen Kerenga qarab «Ko‘rdingizmi, mening ajdodlarim qanday buyuk sivilizatsiya yaratganlar. Afsuski, bularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish huquqidan mahrumman» deydi ko‘zlariga yosh olib.
Islombek Xudoyorxonning diplomatiya sohasidagi xizmatlari Fransiya, Shveysariya va Afg‘oniston hukumatlari tomonidan yuksak qadrlangan. U Fransiyaning yuksak mukofoti «Faxriy legion», Afg‘onistonning «Vafo nishoni» (Afg‘onistonda bunday ordenning birinchisi podsho Omonullaxonga, ikkinchisi Islombek Xudoyorxonga nasib etgan, xolos) ordenlariga, Shveysariyaning xorijliklarga beriladigan yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
1972 yilda Islombekning xotini Aleksandra xonim vafot etadi. Ularning farzandi yo‘q edi. Shu sababli Islombek yolg‘izlanib qoladi. U elchixonada ishlab yurganida bir necha yosh afg‘on yigitlariga otaliq qilib, ularni tarbiyalagan, Fransiyada o‘qitgan edi. Taxminlarga ko‘ra, Islombek janoblari Afg‘onistonning bo‘lajak podshohi Muhammad Zohirshohni Fransiyada tarbiya qilgan. U kishining yana bir tutingan o‘g‘li, doktor Akrom janoblari ham Islombekning tarbiyasini olib, mohir elchi bo‘lib yetishadi va uzoq yillar mobaynida Afg‘onistonning Fransiyadagi elchixonasini boshqaradi.
Parijga navbatdagi ilmiy safarim chog‘ida Islombek Xudoyorxon haqida biror-bir yangi ma’lumot olish maqsadida Frederik Bressand xonim bilan Afg‘oniston elchixonasiga bordik. Afsuski, elchixona yopiq ekan. Bu yerda birgina qorovul bo‘lib, u elchixona ancha vaqtdan buyon yopiq ekani, elchi doktor Akrom oilasi bilan Amerikaga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganini aytdi.
Yolg‘izlanib qolgan Islombek janoblari bir necha marta SSSR elchixonasiga murojaat qilib, o‘z Vatani – O‘zbekistonga borishga ruxsat berishlarini so‘raydi. Ammo har doimgidek rad javobini oladi. Ona yurtiga qaytishdan umidini uzgan Islombek Shveysariyaga borishga qaror qiladi. Bu yerda Montre shaharchasidagi Valmont qariyalar uyiga joylashib, to umrining oxirigacha, ya’ni 1983 yilgacha shu yerda yashaydi. Vasiyatiga binoan uning xokini Parijga keltirishib, xotinining yoniga, Per la Shez qabristoniga dafn etadilar.
Islombek Xudoyorxonning o‘limidan oldin do‘sti, professor Lyusen Kerenga yozgan maktubini o‘qir ekanman, unda Islombekning Vataniga, singillari va jiyanlariga bo‘lgan sog‘inchi, Vatanini bir bor ko‘rish nasib etmay musofirlikda jon berayotgani uchun o‘kinch hislari bayon etilganiga guvoh bo‘ldim. XX asr xalqaro diplomatiyasida yorqin iz qoldirgan, Sharq va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy va madaniy aloqalarga mustahkam ko‘prik qurgan ulug‘ vatandoshimiz Islombek Xudoyorxon bilan haqli ravishda faxrlanishimiz lozim. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi