07:30 / 25.06.2019
3 160

Murg‘ak qalbning jur’ati

Murg‘ak qalbning jur’ati
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Masjidul Haromda namoz o‘qib, sajdaga borganlarida quraysh mushriklaridan Uqba ibn Abu Mu’ayt yangi so‘yilgan tuyaning ichak-chavoqlarini u zotning boshlari aralash yelkalariga tashladi. Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning muborak boshlari ifloslanib boshlarini ko‘tara olmay qoldilar. Chunki boshlari axlat va qon bo‘lgan edi. U yerda holatni ko‘rib kuzatib turgan mushriklar bir-birlariga suyanib, qarab kulishar edi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Shunda hech kim biror yordam qilishga botina olmas edi. Oxiri bir odam borib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning kichkina qizlari Fotimani chaqirdi. Fotima tezda yetib kelib, axlatni u zotning ustilaridan olib tashladi. Juda yosh, biroq, jasoratli qizchaning jur’ati oldida mushriklarning dami chiqmay qoldi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namozini o‘qib bo‘lgach, qo‘llarini ko‘tarib: "Ey Alloh, Qurayshning bu odamlarini o‘zinggga topshirdim”, dedilar va yetti kishining nomini sanab o‘tdilar. Ularning orasida, Uqba ibn Abu Mu’iyt, Umayya ibn Xalaf va boshqalar ham bor edi. Bu holatni ko‘rgan mushriklarni yanada vahm bosdi, ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning duosidan qo‘rqib ketishgan edi.

Abdulloh ibn Mas’ud iroziyallohu anhu aytadi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoibad qilgan mushriklarning barchasi Badr jangida xor bo‘lib, qatl etilganini ko‘rdim”.

Bu kabi holatlardan murg‘ak Fotimaning kichik aqliga savol kelishi tabiiy edi: "Bu kishilar otamga nimaga aziyat bermoqda?" degan savollar uning murg‘ak qalbida alamli iz qoldirdi.

Onasi Xadicha uni ko‘tarib olib, boshqa qizlari bilan Shi’bi Abu Tolibning vodiysiga borganida, Fotimaning savollari yanada ko‘payib ketdi. Fotima atrofidagi odamlarga qaradi, ularning va otasining qavmi Banu Hoshim va Banu Abdul Muttalib edi. Fotima ular qamalda ekanliklari va biror kishining ularga ovqat sotishi yoki ulardan sotib olishi man qilinganini anglab yetgunicha ancha kunlar o‘tdi.

Atrofidagi odamlarni ochlik qamrab ola boshladi. Uni ham ochlik qiynay boshlagach, daraxt barglarini yeyishga majbur bo‘ldi. Bu holat 3 yil davom etdi. Agar ularga yashirincha ozuqa keltiruvchi sog‘in tuyalar bo‘lmaganida, ko‘pchilik ochlikdan o‘lib ketgan bo‘lardi. Fotima tog‘asi Hakim ibn Hizom ibn Huvaylid xalqqa taom yetkazib beruvchilardan ekanini o‘shanda bildi.

Fotimaning yoshi ulg‘ayib, sakkizga yaqinlashgach, jiddiy savollar bera boshladi. U otasining o‘z qavmiga samo va yerning Parvardigori yagona Allohga ibodat qilish va undan o‘zga turli sanamlarni tark etib, go‘zal xulq, yaxshi qo‘shnichilik, iffat, tahorat, omonatdorlikka da’vat qiluvchi pok bir din olib kelganini tushunib yetdi.

Uning xayolini: “Agar Otam ularni mana shu ezgu ishlar uchun da’vat qilayotgan bo‘lsa, nima uchun ular otamga aziyat berishadi?," degan savollar chulg‘ab oldi. Lekin Fotima savollariga javob ololmadi, u faqat otasi aytgan gaplarni tinglab, iymon keltirdi va umri bo‘yi u zotning barcha og‘riq va aziyatlariga sherik bo‘ldi...

Manbalar asosida Abduvohid O‘ROZOV tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Murg‘ak qalbning jur’ati