Inson salomatligida suvning ahamiyati beqiyos ekani ko‘p marta ta’kidlansa-da, yangi tadqiqot uning stressga javob berish jarayonida qay darajada hal qiluvchi o‘rin tutishini yana bir bor namoyon qildi. American Journal of Physiology-Endocrinology and Metabolism jurnalida e’lon qilingan ilmiy xulosalarga ko‘ra, kunlik suv iste’moli miqdori inson organizmida gormonal o‘zgarishlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Tajriba jarayonida 32 nafar ixtiyoriy ishtirokchilar ikki guruhga bo‘lindi. Birinchi guruh vakillari kuniga o‘rtacha 1,3 litr suv ichish bilan cheklanishdi, ikkinchi guruh esa 4 litrdan ortiq suyuqlik iste’mol qildi. Ikkala guruhga ham standart stress testlari qo‘llanilganda, kamroq suv ichgan ishtirokchilarda stress gormoni sifatida tanilgan kortizolning ko‘tarilishi ancha yuqori qayd etildi. Shu bilan birga, ko‘proq suv ichganlarda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada past bo‘lgan.
Olimlar bunday holatni suboptimal gidratsiya — ya’ni organizmning yetarli suv bilan ta’minlanmaganligi — endokrin tizimning reaksiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan izohlashmoqda. Ularga ko‘ra, suv tanqisligi ko‘pincha kam baholanadi, biroq u uzoq muddatli salomatlik xavflarini oshiruvchi omil sifatida katta ahamiyatga ega.
Tadqiqot mualliflari yetarlicha suv ichishning afzalliklarini alohida qayd etar ekan, bu holat nafaqat umumiy sog‘liqni, balki insonning psixofiziologik barqarorligini ham ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Ya’ni, oddiy suv tanqisligi ham stressga nisbatan javob reaksiyasini kuchaytiradi va insonni ortiqcha ruhiy bosim ostida qoldiradi.
Shu bois, mutaxassislar har kuni yetarli darajada suyuqlik qabul qilishni tavsiya etmoqda. Chunki suv ichish orqali nafaqat stressning ta’sirini yumshatish, balki umumiy hayotiy faoliyatni barqarorlashtirish mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!