09:10 / 02.09.2019
2 886

Muammo yoshlardami yoki kattalarda?..

Muammo yoshlardami yoki kattalarda?..
Muammo yoshlardami yoki kattalarda?..
Universitetda o‘qiyman, yoshim yigirma birda.

Internet asrida ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni o‘qib turaman. Kattalar yoshlardan shikoyatda. “Yoshlar qayoqqa qarab ketyapti?” degan gaplar ko‘p uchrab turadi.
Yoshlar deganda universitet, kollej va maktablarda o‘qiydigan talaba, o‘quvchilar nazarda tutilsa kerak. Men o‘sha siz qayoqqa qarab ketayotganini bilishni istagan guruhning bir a’zosiman.

Aholimizni ikki guruh: yoshlar va kattalarga ajratar ekansiz, siz kattalarga savollarim bor.
Yoshlar qayoqqa qarab ketyapti, deyish o‘rniga kattalarning qayerda turgani bilan qiziqib ko‘rdingizmi?

Vatanning boshiga balo ochayotganlarning asosiysi yoshlarmi yoki kattalarmi?
Bu mamlakatda yuz minglarcha o‘quvchi testdan bir savol ko‘proq yecha olish uchun tirsak chiritarkan, kimlardir sinov savollarini bilan birga yoshlarning hayotini ham o‘g‘irladi va kelajagini chiritdi.

Universitetga kirishni “kimning puli ko‘p” kimoshdi savdosiga aylantirgan poraxo‘rlar qaysi kollej o‘quvchilari edi?..
Pora evaziga cho‘ntak qappaytirayotgan kollej o‘quvchilaridir balki ular?..

Bolaxonador qilib so‘kinayotgan, xodimlarini ariqqa tushirib, tosh ko‘tartirgan hokimlar nechanchi sinfda o‘qishardi?..
Millatning yuziga tik qarab yolg‘on gapirgan siyosatchilar qaysi universitetda tahsil oladi?..

San’atchiman, deya har turli axloqsizlikni qilayotganlar o‘smirlik davrini yashayaptimi?..
Askiyachimiz deya, zal to‘la konsert berib, beldan past hazilidan ko‘tarila olmaganlar qaysi sinfni bitirishyapti?..

Din odami bo‘la turib TVga chiqqib imonimni, qadriyatlarimni oyoqosti qilganlarning yoshi nechida?..
Kinolarda 7 yoshdan kattalar uchun olingan filmlarda bel ustiga chiqa olmaganlar nechanchi yilda tug‘ilgan?..

Bizga ta’lim berguvchi o‘qituvchilarni ko‘cha supurib, dala tozalashga, uy qurishga jo‘natgan biz o‘quvchilar emas!
“Siz bu o‘lkaning kelajagisiz!” degan balandparvoz gaplardan voz keching. Kelajagingiz oqim-oqim bo‘lib Rossiyaga qora ishchi bo‘lib ketyapti, qanchasi o‘sha yerda kimsasiz mozorlarda qolyapti. Jimsiz!

Siz BU O‘LKANING BUGUNISIZ! Siz yashayotgan kuningizni qutqarishga qurbingiz yetmaganda, ertani qutqarishni bizga topshirmoqchimisiz?
Kimning qo‘li kimning cho‘ntagida ekanligi noma’lum, axloqsiz munosabatlarga to‘la bo‘lgan seriallar bilan miyamizni to‘ldirib pul ishlayotgan ham Siz!

Dindan nafratlantiradigan, hijobli yo namozxonga terrorist deb qaraydigan ssenariylar yozdirayotgan ham Siz!
Oila kabi muqaddas bir maskanni faqat ayollar yelkasiga ortqilab qo‘yib, erlarini qora ishchi qilib chet elga ketishiga qarab turganlar kim?..

Biz o‘sha otasi Rossiyada, onasi Turkiyada qora mehnat qilayotganlarning farzandimiz. Bizni “Trimadol”, “Lirika” bilan to‘lgan ko‘chalar “tarbiya qilmoqda”.
Kecha klublarida to‘polon qilgan futbolchilarni boshga ko‘tarib, maktabda janjal qilgan o‘quvchilarni ro‘yxat (“uchyot”)ga qo‘yishning mantig‘i nima?..

Masjidga borishni taqiqlashni ilm o‘rgansin, deya oqlovlarga o‘rab, ota-onamiz, qadriyatlarimizga hurmat bilan qarashimizni kutishingiz hayratlanarli...
TV kanallari xiyonat tasvirlariga to‘la seriallar bilan to‘lib toshgan. Ma’rifat ko‘rsatuvlarida esa OILA MUQADDAS, deysiz.

Pul hirsidan yurtning daraxtlarini kesib, uni beton to‘la cho‘lga aylantirmoqdasizu, bizga kelajakni insho qilishni topshirmoqchimisiz?..
Chirqillab o‘z uyini himoya qila olmay ko‘chada qolayotgan oilalarning buzilgan uyi o‘rniga qurilgan “Sitilar”da ADOLATLI BUYuK KELAJAK qurishimizni kutayapsizmi?..

Ayol-qizlarni – biri ketsa, boshqasi olinadigan ashyodek – sarposiga ko‘ra baholangan buyumdek ko‘rib, ayol – muqaddas, ayol – mukarram deya uqtirmoqchimisiz?..
Yoshman, ammo sizga aytadigan bir gapim bor.

Biz yangi avlodmiz va oppoq qog‘ozmiz. Siz bu qog‘ozni nima bilan to‘ldiryapsiz? Ajdodlarimiz, o‘z dinimiz, tilimizni unuttirish bilanmi? Davring kelganda qandingni urib qol, degan aqida bilanmi?
Muammo kimda? Yoshlardami yoki kattalarda?

So‘nggi 20 yilda tariximizga, Buyuk o‘tmishimizga asoslangan biror bir o‘zbek filmi suratga olindimi? Buyuk o‘tmishimizni qayerdan o‘rganaylik?
Bizga ajdodlarimiz hayotidan bahs etgan nechta kitob yozildi va kitob rastalarida sotilmoqda?

Biz kimdan o‘rnak olaylik?
Tariximizni, tarixiy obidalarimizni talon-taroj qilib, do‘konga aylantirilganda, biz qayerga borib ktmishimizga sayr qilaylik?

Siz ota bobolaringiz omonatiga egalik qilganingizda, biz ertalarning omonatini qabul qilardik balki. Ammo bugun omonat oladigan holda emasmiz. Aybga buyurmang!
O‘tmishi unuttirilgan bir avlodga kelajakni vazifa qilib bera olmaysiz!

Bizdan, yoshlardan shikoyat qilmang.
“Bobur 12 yoshida podshoh bo‘lgan edi!” deysiz. Ha, men 12 emas, 21 yoshdaman. Ammo podshoh bo‘la olmayman. Chunki mening otam Umarshayx, bobom esa Buyuk Temur emas! Ha, men ularning avlodiman, ammo endi Amir Temurlar yo‘q. Movarounnahr ham bobom fath qilgan Buyuk Turon emas.

Hurmat bilan...
Madina Zarif

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Muammo yoshlardami yoki kattalarda?..