13:53 / 23.10.2019
13 855

Ijobat bo‘ladigan duo qanday bo‘ladi?

Ijobat bo‘ladigan duo qanday bo‘ladi?
“Aslo yomon niyat qilmayman. Lekin istaganim hech qachon ro‘yobga chiqmaydi. Men ham istayman, atrofimdagilarning istagani bo‘ladi, mening istaganim bo‘lmaydi. Men ham faqat yaxshi niyat qilaman, yaxshi narsalarni o‘ylayman. Ko‘pdan beri so‘rayman, istayman, kutaman, lekin hech narsa o‘zgarmaydi! Endi istash, umid qilishning ma’nosi qolmadi. Duo qilganda ham ijobat bo‘lishiga ishonmayman. Chunki, ishonchim qolmadi. Hech narsa qilishni istamayman, baribir biror nimaga erisholmayman”…

Bu kabi savollarga ko‘p duch kelamiz. Umumiy javob qilishni ma’qul ko‘rdik.

Orzularingiz nima uchun ro‘yobga chiqmaganini haqida savolning javobi ichingizda. Maqsadga eltuvchi yo‘l (albatta, oqilona maqsad nazarda tutilyapti) chin ko‘ngildan duo qilib, maqsad uchun aql va azm bilan harakat qilishga bog‘liq.

Qachon insonning istagani amalga oshmaydi, qachonki, keragini bajarmasa, o‘z o‘rnida, aql, basirat, qat’iy harakat va duo bilan xayrli narsalarni so‘ray olmasa. Bularning barchasi ilm va farosatga taqaladi. Alloh ojiz qilib qo‘ygan mazlum boladek bo‘lmasak, yotgan joyimizda yig‘lash bilan hech narsa o‘zgarmaydi.

Atrofingizdagi istagan narsasiga erishayotganlar, agar imtihon sababli o‘tkinchi bir yutuq bo‘lmasa, mutlaqo o‘z harakati va ilmi bilan istaganlariga erishyapti. Bizdan talab etiladigani “Nega menda bo‘lmayapti?!” deb emas, “Men qayerda xato qilyapman” deya xatti-harakatlarimiz va duolarimizga diqqat qilishimizdir. Buning sababini Allohdan izlaganning ikki dunyosi zulmat bo‘ladi. Alloh insonga faqat harakatlariga yarasha olishini buyurgan. Mening hayotimda ham juda istasam-da, erisholmaganim bir dunyo orzularim bor.

Ishonchim komilki, sizning istaganingizdan ham ko‘p ular. Butun dunyoga xitob qilganim, lekin kuchim yetmagan, ojiz qolganim istaklar. Bo‘lmaydi, chunki harakatimda yetarli qobiliyatim yo‘q. Moddiy jihatdan imkoniyatim yo‘q, qalban ko‘rish farosatim, qat’iy harkatim, o‘zimni majburlashim yo‘q. Alloh sabablarga o‘z o‘rnida bosh urgan bandalariga munosibi bilan javob beradi. Shunday ekan, nega bu ishlar bo‘lmayapti, degan savollarga bosh qotirish bilan vaqtni yo‘qotmaslik kerak.

Inson avval erishganlariga qanoat qilib shukr va sabrni o‘rganishi kerak. Keyin bir necha qadam oldinga yurish uchun “Mening maqsadlarim nima? Bularni qanday aniqlashtiraman? Maqsadlarimga erishishning oqilona yo‘llari nima? Qilishim kerak bo‘lgan ishlarni bajarishdan qo‘rqsam ham, qo‘rquvimni qanday yengaman?” deya o‘ylamog‘i va shunga qarab harakat qilmog‘i lozim. Boshqalar haftada bir nechta kitob o‘qirkan, biz yilda bir-ikkita kitob o‘qishga erinishimiz, o‘qisak ham ishqiy sarguzashtlar tasvirlangan kitoblar bilan kifoyalanishimiz bugungi kundagi eng katta muammoimiz.

Hech kim o‘tirgan joyida istar-istamas harakat qilish bilan yaxshi natijaga erishishni umid qilmasin. Vaqtini behuda televizor tomoshasi bilan o‘tkazadigan, keragidan ortiq uyqu bilan ovunadigan odam “Nega men hech narsaga erishmayman” demasin. Bunday savolni berish uchun inson avvalo har bir soniyasidan oqilona va ehtiyotkorlik bilan foydalangan bo‘lishi kerak.
Doktor Muhammad Bozdog‘

Tarjimon: Umida Adizova

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ijobat bo‘ladigan duo qanday bo‘ladi?