21:11 / 24.03.2020
3 435

Ulug‘bek Jiyanov: «Kimlargadir virus sabab odamlarning vahimaga tushishi kerak bo‘lyapti...»

Ulug‘bek Jiyanov: «Kimlargadir virus sabab odamlarning vahimaga tushishi kerak bo‘lyapti...»
Foto: Ulug‘bek Jiyanovning shaxsiy arxivi
«Xorijdagi vatandoshlar» dasturining navbatdagi mehmoni Misr Arab Respublikasidagi Al-Azhar universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan hamyurtimiz Ulug‘bek Jiyanov bo‘ldi.
Suhbatdoshimiz 1984 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2005 yildan buyon «ehromlar yurti»da diniy bilimlarini oshirib keladi.

– Ulug‘bek aka, diniy sohada tahsilni aynan Misrda olishingizga nima sabab bo‘lgan?
– Bunga bir necha sabablar bor. Bular haqida batafsil to‘xtalaman. Oilamiz azaldan dindor oila bo‘lmagan bo‘lsa ham, barcha asl o‘zbek oilalari singari ota-onamning halol-xaromga, ijtimoiy odob-axloqni hurmat qilishga va qadryatlarga vafodorlikka o‘rgatishgani uchun diniy sohaga qiziqqanman, deb o‘ylayman.

Qolaversa, ona shahrim – Buxorodagi Mir Arab madrasasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Islom dunyosida o‘z o‘rniga ega mashhur dargoh bo‘lganidan ilhomlanib ham ushbu madrasaga kirib o‘qishni orzu qilganman.

Madrasaga kirganimdan keyin esa, tanlovim juda to‘g‘ri bo‘lganiga amin bo‘ldim. Chunki, ko‘p hollarda tashqaridan madrasa faqatgina diniy bilim o‘rgatadi, degan tushuncha mavjud. Aslida, u yerda diniy fanlar qatori zamonaviy fanlar ham teng olib boriladi.

Misrga kelishimga esa, madrasada o‘qib yurgan paytlarim, aniqrog‘i, 2005 yildagi voqea sabab bo‘lgan. O‘shanda, Islomiy bilim yurtlari uchun Misr Arab Respublikasidagi mashhur Al-Azhar Islom dorilfuni tomonidan imtiyozli o‘qish uchun kvota ajratildi. Buning ortidan, Diniy qo‘mita, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi boshchiligida mamlakatimizdagi har bir Islom bilim yurtlaridan salohiyatli o‘quvchilar tanlab olinib, Misrga jo‘natildi. Ular orasida men ham bor edim.

2005 – 2010 yillar Al-Azhar Islom universitetining Din asoslari fakulteti hadis sho‘’basida o‘qidim. 2010 yil dekabr oyida O‘zbekistonga qaytib, Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta-maxsus Islom bilim yurtida kutubxonachi, mudarris bo‘lib ishladim. 2017 yil yozda o‘z soham bo‘yicha magistraturani o‘qish uchun yana Qohiraga – Al-Azhar Islom universitetiga qaytib, hozirda o‘qishni davom ettiryapman.

– Siz istiqomat qilayotgan Qohira qanday shahar va misrliklar haqida nimalar deya olasiz?
– Qohira katta va gavjum shahar. Bilishimcha, 20 millionga yaqin odamlar yashaydi. Odamlar, mashinalar ko‘pligi va yog‘ingarchilik kamligi bois shahar havosi ko‘p ham havas qilarli emas. Lekin, bu yil yomg‘ir ko‘p yog‘di. Mana, hozir siz bilan muloqot qilib turgan paytimizda ham yomg‘ir yog‘moqda. Shu bilan birga, bu yerda avtomobil yo‘llarida tirbandliklar uchrab turadi. Tarixiy va ko‘rishga arzigulik yerlari ham yetarlicha.

Misrliklar haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, ular odatan xushmuomala, xushchaqchaq va qiziquvchan xalq. To‘g‘ri, poytaxtga o‘xshagan katta shaharlarda turli joylardan kelib qolgan odamlar borligi va chet elliklar ko‘pligi tufayli asl qadryatlar anchagina yo‘qolgan desam, bo‘ladi. Lekin, bu xalqning asl xarakteri o‘zimizga o‘xshagan mehmondo‘st, bolajon va bag‘rikenglik deb, ayta olaman.

– Sizningcha Misrning qanday ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda joriy etish mumkin?
– Misrdagi umumiy o‘rta ta’lim tizimida menga maqbul bo‘lgan tajribasi bor. Ya’ni, bu yerda maktabni bitirib, yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi tanlagan oliygohga kirib ketaveradi. Lekin bu tizimni o‘zimizda joriy qilish uchun, maktabdagi ta’lim sifatini yaxshilash kerak.

Keyin diniy ta’limda bizdagi o‘quv yurtlarining Al-Azhar universiteti bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirishini taklif sifatida aytgan bo‘lardim. Chunki, Al-Azhar universiteti qariyb ming yillik tarixga ega bo‘lib, diniy va zamonaviy ta’lim berib kelayotgan eng qadimiy bilim dargohi hisoblanadi. Qolaversa, ta’lim muassasamiz hozirgi globallashuv davrida, diniy sohani eng yaxshi va to‘g‘ri o‘rgatadigan, har qanday noto‘g‘ri fikrlarga qarshi tura oladigan mutaxassislarni yetishtirib beradigan kam sonli oliygoh sifatida e’tirof etib kelinadi.

Foto: Ulug‘bek Jiyanovning shaxsiy arxivi
– Misrliklar O‘zbekiston haqida bilishadimi?
– 2005 – 2010 yillar bakalavrda o‘qib yurgan kezlarim, mahalliy aholi bilan muloqotda O‘zbekistondan ekanligimni aytsam, ko‘pincha «Pakistan?» deya so‘rashardi. Ammo misrliklarga Buxoro yoki Samarqand kabi katta va tarixiy shaharlarimizni aytganimda darrov tanib, xursand bo‘lishardi.

O‘rtada, yetti yillik tanaffusdan keyin qaytib vaziyat o‘zgarganiga guvoh bo‘lyapman. Hozirgi kunda, sportchilarimiz tufayli vatanimiz nomini ancha yaxshi tanib qolishgan. Sababi, Misr xalqi ham sportga nihoyatda qiziqadi.

– Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan mashg‘ul bo‘lasiz?
– Ochig‘i, bo‘sh vaqtlarim deyarli bo‘lmaydi. Darslar va mashg‘ulotlardan bo‘shab vaqt topa olsam, bu yerdagi vatandoshlarimiz bilan suhbatlashib, ularga qo‘ldan kelgancha yordamlashishga, yangi kelgan hamyurtlarimizga moslashib ketishlarida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga harakat qilaman. Qolaversa, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsitsiyasining Misrdagi vakili sifatida ham bu yerda ta’lim olayotgan yoshlarimiz hayotiga e’tiborsiz bo‘lishga haqqim yo‘q, deb hisoblayman.

Foto: Ulug‘bek Jiyanovning shaxsiy arxivi
– Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
– Inson aqlini taniganidan boshlab kelajak xaritasini chiza boshlaydi. Ulg‘aygani sari esa, biror soha vakiliga aylanib, kelgusidagi rejalari ham o‘zgarib mukammallashaveradi. Shu asnoda, mening ham maqsad va rejalarim bisyor. Xususan, soham diniy bo‘lgani va bu soha hozirda dunyodagi eng nozik sohalardan biri ekanligini hisobga olib, muqaddas dinimizni to‘g‘ri tushunib, uning ilm-fanga, taraqqiyotga yetaklashi, ezgulikka chorlashini hamda eng muhimi, Vatanparvarlikka chaqirishini odamlarga o‘rgatishni niyat qilganman.

– So‘nggi savol. Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi ko‘pchilikda sarosima uyg‘otgan. Islomshunos mutaxassis sifatida mana shunday damlarda yurtdoshlarimizga qanday tavsiyalar bera olasiz?
– Ha, bundan hamma insonlar qatori men ham taassufdaman. Bu kasallikning kelib chiqishi haqidagi taxminlar yoki undan saqlanish chora-tadbirlari to‘g‘risida gapirmasam ham bo‘ladi. Chunki, bu haqda butun dunyo bo‘ylab juda ko‘p gapirildi va gapirmoqda.

Men aytmoqchi bo‘lganim, vahimaga, sarosimaga tushmasligimiz kerak. Xalqimiz azaldan mushohadali va ozodalikni yaxshi ko‘rib kelgan. Muqaddas Islom dinimiz ham, qadryatlarimiz ham poklikka chorlaydi. Davlatimiz barcha zarur choralarni ko‘rayotganiga ishonaman. Bizdan talab qilingani, hukumatimiz ko‘rsatmalari va musulmonchilikdagi poklikka amal qilib hayotimizni davom ettirish.

Ochig‘i, men koronavirus orqali, qaysidir doira vakillari odamlarni vahimaga solib, bundan nimalargadir erishishni istayotgani ham bor narsa deb bilyapman. Boisi, dastavval Xitoyda kasallik tarqalishi ortidan tarqatilgan, keyinchalik o‘z isbotini topmagan qo‘rqinchli videolar tasdiqlanmadi. Shularni tahlil qilib, kimlargadir virus sabab odamlarning vahimaga tushishi kerak bo‘lyapti degan xulosaga keldim.

Mana, men yashab kelayotgan Misr diyorida ham koronavirus aniqlandi. Bilishimcha, kasallanganlar soni 300 nafardan oshdi. Shunday bo‘lsada, misrliklar kundalik hayotini yashab, xotirjam yurishibdi. Vahima qilishib, do‘kon rastalarini bo‘shatishmayapti. Bozorlarda sotuvchilar ham narxlarni sun’iy ravishda oshirib olishayotgani yo‘q. Bir so‘z bilan, hammasi joyida.

Ishonamanki, Yaratganimizdan xolis niyat bilan mana shu sinovli kunlarimiz o‘tib ketishini so‘rasak, albatta amalga oshadi.
So‘zim oxirida, barcha yurtdoshlarimizga sog‘lik-salomatlik va yurtimiz tinchlik-xotirjamligini tilayman. Yaratgan hammamizni o‘z panohida asrasin.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ulug‘bek Jiyanov: «Kimlargadir virus sabab odamlarning vahimaga tushishi kerak bo‘lyapti...»