
«El-Klasiko»da «Barselona»ga qarshi kechgan dramatik bellashuv nafaqat natijasi, balki Vinisius Juniorning maydonni tark etish chog‘idagi keskin harakatlari bilan ham yodda qoldi.
72-daqiqada braziliyalik vinger Xabi Alonso tomonidan almashtirilgandan keyin, o‘ziga xos g‘azab bilan: “Men ketaman, yaxshisi ketaman!” — deb javob bergani kameralar orqali aniq eshitildi. Bu voqea “Real” rahbariyatini noqulay holatga solib, uning kelajagi haqida yangi mish-mishlarni avj oldirdi, deb yozadi “TeamTalk” va “The Athletic”.
Manbalarning ma’lum qilishicha, Vinisius jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonso bilan munosabatlaridan qoniqmagan. U joriy mavsumda yetarlicha o‘yin amaliyoti olmayotganidan va o‘ziga bo‘lgan ishonch yetishmayotganidan norozi. “Real Madrid” unga yiliga 20 million yevro maosh taklif etgan bo‘lsa-da, futbolchi 30 million talab qilgani aytilmoqda.
Shu orada “Liverpul” Vinisius vaziyatini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Angliya klubi uni Muhammad Salohning o‘rnini bosuvchi asosiy hujumchi sifatida ko‘rib chiqmoqda. Agar kelishuv amalga oshsa, braziliyalik futbolchi Arne Slot qo‘l ostidagi yangi hujum tizimiga katta sur’at va texnika olib kirishi kutilmoqda.
Qirollik klubi uchun esa bu vaziyat jiddiy sinov bo‘lmoqda. Kilian Mbappening kelishi bilan jamoadagi raqobat tobora kuchaydi. Hozirda Vinisius asosiy tarkibdagi o‘rnini saqlab qolish uchun ham, yangi shartnomada o‘zi istagan maoshni qo‘lga kiritish uchun ham kurashmoqda.
Agar “Real” futbolchining talablarini qondirmasa, u 2026-yil yozida Madridni tark etishi ehtimoldan xoli emas. Bu esa klub uchun nafaqat maydondagi, balki marketing nuqtayi nazaridan ham yo‘qotish bo‘ladi.
Futbol ekspertlari ta’kidlaganidek, Vinisiusning kelajagi endi uning o‘z qarorlariga bog‘liq — u “Real” tarixidagi navbatdagi afsona bo‘ladimi yoki Angliyada yangi sahifa ochadimi, buni vaqt ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!