
Xitoyda ijtimoiy tarmoqlar blogerlari uchun yangi qoidalar kuchga kirdi.
Yangi tartibga ko‘ra, tibbiyot, huquq, ta’lim va moliya kabi sohalarda kontent joylashtirmoqchi bo‘lgan bloger yoki inflyuenserlar avval maxsus malaka va ruxsatnomaga ega ekanliklarini tasdiqlashlari kerak.
Bu qonun Xitoy Kiberxavfsizlik boshqarmasi (CAC) tomonidan internetdagi yolg‘on va noto‘g‘ri ma’lumotlarga qarshi kurash doirasida joriy etildi. Maqsad — “ijtimoiy ta’siri yuqori sohalarda ishonchli axborot aylanishini ta’minlash”.
Yangi qoidalarga ko‘ra:
Douyin, Bilibili va Weibo kabi yirik platformalar endi blogerlarning ma’lumotlarini tasdiqlash, manbalarni ko‘rsatish va iqtiboslarni to‘g‘ri berish uchun mas’ul bo‘ladi;
ijodkorlar esa kontentda ma’lumot tadqiqotga tayanilganmi yoki sun’iy intellekt yordamida yaratilganmi — buni aniq ko‘rsatishi lozim;
oziq-ovqat, tibbiy qo‘shimchalar va xizmatlarga oid yashirin reklama qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, platformalar sog‘liq va moliyaviy xavfsizlikka ta’sir qiluvchi yolg‘on ma’lumotlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun nazoratni kuchaytiradi. Qoidalarni buzgan blogerlar va kompaniyalar jarimaga tortilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.